Home / MAQOLALAR / HOLIMGA VOY BOʻLMASIN, DЕSANGIZ…(Abu Hafs Nasafiyning “At-Taysir fit tafsir” asari asosida tayyorlandi).

HOLIMGA VOY BOʻLMASIN, DЕSANGIZ…(Abu Hafs Nasafiyning “At-Taysir fit tafsir” asari asosida tayyorlandi).

Alloh taolo Qurʼoni karimning bir yuz toʻrtinchi surasida  bandalarni pushaymonlikka yetaklovchi yana bir necha illatdan ogohlantiradi. Humaza oʻzganing ortidan imo-ishora bilan gʻiybat qiluvchi shaxsdir. Surada mol-davlat toʻplashga mukkasidan ketgan, har narsada boylikka suyanuvchi, oʻzidan boshqani nazari ilmay ustidan kuluvchi shaxslar qoralanib, ularning oqibati achinarli ekani uqtiriladi.

Humaza surasi Makkada nozil boʻlgan. U toʻqqiz oyat, oʻttiz uch kalima va bir yuz oʻttiz harfdan iborat.

Maʼlumki, bandaga berilgan eng ulugʻ neʼmatlardan biri til boʻlib, u haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “(U) insonni yaratdi. Unga bayonni (nutqni) taʼlim berdi[1]. Darhaqiqat, til bizni yaxshilikka yetaklaydigan, solih amallar qilishimizda koʻmakchi boʻladigan vositadir. Uni inson yaxshilikka ham, yomonlikka ham ishlatishi mumkin. Kim Allohning zikri, savobli amallar uchun ishlatsa, Yaratganning roziligini topadi. Aksincha, uni har xil igʻvo, gʻiybat, yolgʻon, dilozor soʻzlar, birovlarni masxara qilish kabi munkar ishlarda vositachi qilsa, Haq taoloning qattiq azobiga giriftor boʻladi.  

Gʻiybatning harom ekaniga Qurʼon oyatlari va hadisi shariflarda koʻplab dalillar bor. Jumladan, Alloh taolo Humaza surasining birinchi oyatida bunday marhamat qiladi:  

﴿وَيْلٌ لِكُلِّ هُمَزَةٍ لُمَزَةٍ

 (Kishilar ortidan) gʻiybat qiluvchi, (oldida) masxara qiluvchi har bir kimsaning holiga voy!”[2].

Ushbu oyatda Haq taolo insonni halokatga eltuvchi eng yomon sifatlardan boʻlgan gʻiybat, oʻzgalarni masxara qilish kabi illatlardan qaytarmoqda.

وَللُّمَزَةُ [val-lumaza] deb biror kishini qoʻl bilan koʻrsatib tahqirlaydigan, ustidan kuladigan odamga aytiladi.

Ibn Abbos: “Oyatdagi اَلْهُمَزَةُ” [al-humaza] – mazax qiluvchi, وَللُّمَزَةُ [val-lumaza] – birovni qoralab gapiruvchi”, degan.

Kalbiyning aytishicha; “اَلْهُمَزَةُ” [al-humaza] – kishilar ortidan til bilan gʻiybat qiluvchi, وَللُّمَزَةُ [val-lumaza] – birovni nazar bilan ishora qilib masxaralovchidir”, degan.

Qatoda: “اَلْهُمَزَةُ” [al-humaza] – insonlarni gʻiybat qilib, goʻshtini yeydigan kishi, “وَللُّمَزَةُ” [val-lumaza] – birovlarni masxara qilib, ortidan laʼnatlaydigan kishi”, degan.

Alloh taolo oyatning davomida undaylarni doʻzax bilan ogohlantirib, bunday marhamat qiladi:

 ﴿كَلَّا لَيُنْبَذَنَّ فِي الْحُطَمَةِ

Yoʻq! Qasamki, albatta, u “Hutama”ga tashlanur!”[3].

Hutama jahannam ismlaridan birining nomidir. Bunday nomlanishining sababi unga tushgan har bir inson parcha-parcha qilinib, maydalab yuboriladi. Kalbiyning fikricha: “اَلْحُطَمَةِ” [al-hutama] doʻzaxning oltinchi eshigidir”.

Abu Javzodan rivoyat qilinadi:

“Ibn Abbosdan: “وَيْلٌ لِكُلِّ هُمَزَةٍ لُمَزَةٍ” Alloh vayl (doʻzax) bilan tahdid qilgan kishilar kimlar?”, deb soʻradim. “Ular gap tashuvchilar, chaqimchilik qilib yuruvchilar, ikki birodar oʻrtasiga rahna soluvchilar, pokiza kishilarni fahshda ayblaydiganlar”, dedi.

Demak, yuqoridagi oyat va hadislardan bunday xulosa kelib chiqadi: Inson hech bir kishini gʻiybat qilmasligi, uni oldida har xil soʻzlar bilan haqorat, masxara qilmasligi mahbub amallar ekan. Aks holda, oxiratda xoliga voy boʻlar ekan.

Shuning uchun har qanday vaziyat va sharoitda, odamlar orasida, oilada, ishda, jamoat joylarda tilga eʼtibor berish, faqat xayrli soʻzlarni aytish kerak boʻladi. Insonlar doim bir-biriga xush muomalada, yaxshi gumonda boʻlsa, jamiyat farovon va hayot yanada goʻzal boʻladi.

[1] Rahmon surasi, 3-4 oyatlar.
[2] Humaza surasi, 1-oyat.
[3] Humaza surasi, 4-oyat.
Mashrab XIDIROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …