Home / HADIS / INSON BЕHUDA NARSALARNI TARK ETISHI DININING GOʻZALLIGIDANDIR

INSON BЕHUDA NARSALARNI TARK ETISHI DININING GOʻZALLIGIDANDIR

Bir hadis sharhi

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislari hayotning barcha jabhalarini qamrab oladi. Inson oʻziga toʻgʻri kelmaydigan, yarashmaydigan, foyda bermaydigan narsalarni tark etishi uning dini goʻzalligining alomati ekanligi haqidagi hadislar shular jumlasidandir. Ulamolar shunday hadisi shariflardan birini qanday sharhlagani va unda bayon etilgan odob-axloqqa oid masalalarni koʻrib chiqsak.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Inson behuda narsalarni tark etishi islomining goʻzalligidandir”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).  

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu hadisi sharifda bizga dinning komilligi, islomning goʻzalligi va amalning toʻgʻriligiga olib boradigan yoʻllardan birini bayon qilib berganlar. Demak, inson dunyo va oxiratiga foyda bermaydigan narsalarni tark etishi islomining goʻzalligidan sanalar ekan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu soʻzlari ummatni oʻziga foyda beradigan va Parvardigoriga yaqinlashtiradigan narsalar bilan mashgʻul boʻlishga chorlaydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Oʻzingga foyda beradigan narsaga intilgin”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam odamlarni vaqtni yaxshiliklar bilan oʻtkazishga chaqirganlar. Islom bizga bu dunyo oxiratning ekinzori, umr juda qisqa ekanini koʻp bayon etadi. U daraxtning tezda ketib qoladigan soyasiga oʻxshaydi. Shuning uchun oqil inson vaqtini gʻanimat biladi.

Kishi oʻziga foyda keltiradigan narsalar bilan mashgʻul boʻlishi kerak. Nafsingizni riyozat bilan mashgʻul qilmasangiz, u sizni bemaʼni ishlar bilan ovora qilib qoʻyadi. Kim boshqalarning nomaʼqul oʻylari bilan mashgʻul boʻlsa, oʻzini unutib qoʻyadi va vaqtini zoye ketkazadi.  Bunga riyokorlik, gʻiybat, hasad, chaqimchilik, xoʻjakoʻrsinga harakat qilish, manmanlik, mol-dunyoga ruju qoʻyish, aysh-ishratga berilish kabi ishlar kiradi. Aksincha, inson oʻziga kerakli narsalar bilan mashgʻul boʻlsa, vaqtini tejaydi va yaxshiliklarni koʻpaytiradi.

Bu hadisdagi tark etish juda koʻp narsani qamrab oladi, albatta. Shulardan biri ortiqcha nazardir. Chunki dunyo matohiga mehr qoʻyish qalbni fasod qiladi va fikrni chalgʻitadi.  

Yana biri ortiqcha soʻz va behuda gaplar boʻlib, bu odamlarning qalbiga aziyat yetkazishi mumkin. Boshqa bir rivoyatda kelgan hadis buni tasdiqlaydi: “Albatta, inson oʻziga toʻgʻri kelmaydigan narsalarda soʻzini kamaytirishi islomining goʻzalligidandir” (Imom Ahmad rivoyati).

Darhaqiqat, Alloh taolo moʻmin bandalarini “Ular  behuda (soʻz  va  ishlar)dan  yuz  oʻgiruvchidirlar” (Muʼminun surasi, 3-oyat), degan soʻzi bilan maqtagan. Kim tilini behuda narsalardan saqlasa, Alloh suymaydigan va rozi boʻlmaydigan ishlarni sodir etishdan omonda boʻladi. Masalan, tilini gʻiybat va chaqimchilikdan saqlaydi. Shuning uchun ham koʻp joylarda sukut saqlash targʻib etilgan. Faqat yaxshilikka buyuradigan va yomonlikdan qaytaradigan oʻrinlarda jim turilmaydi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam oʻzlariga yarashmaydigan ishlarni tark qiluvchi edilar. Shu bilan birga, nasihat qiluvchi, yaxshilikka buyuruvchi, yomonlikdan qaytaruvchi va Alloh buyurgan ishlarni bekamu koʻst bajaruvchi edilar. Barchamiz shunga intilib yashashimiz kerak.     

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

SHUKRONALIK – INSON KAMOLOTINING ASOSI

Insonning kamolga yetishida barcha ijobiy fazilatlarning oʻziga xos oʻrni bor. Ammo ular ichida shukronalikning oʻrni …