Home / MAQOLALAR / OLIMGA OGOHNOMA

OLIMGA OGOHNOMA

Alisher Navoiy maʼnaviy merosida ilgari surilgan komil inson konsepsiyasida ilmu maʼrifat, taʼlim-tarbiya masalalari targʻibi ustuvor ahamiyat kasb etadi. Mutafakkir jamiyat taraqqiyotida mazkur sohalar rivoji muhim oʻrin  tutishini yaxshi anglagan va asarlarida bunga koʻp bora toʻxtalgan.

Jumladan, “Saodatmand agar olim boʻlsa, nodonlar soʻzi anga mujibi ibrat va eʼtibor; besaodat johil boʻlsa, olim soʻzidin anga or. Va filhaqiqat, johilliqdin besaodatliqroq ne bor?!”[1] deb, olimlik va johillik kabi murakkab, oʻzaro qarama-qarshi tushunchalar mohiyatini sodda koʻrinishlarda ifodalab, saodatmand olim hatto nodon kishining soʻzlaridan ibrat olib, hech boʻlmaganda uni takrorlamaslikka harakat qilmogʻi kerakligini eslatib, sinergetikaning murakkablikdagi oddiylik tamoyilini namoyon etadi.

Mutafakkir olimlarga ogohnoma sifatida “Olimki, johilni muqobalagʻa kelturub, ilzom qilmogʻi havas boʻlgʻay, aning oʻziga ushbu ihonat-oʻq bas boʻlgʻay. Olim kerakki, oʻz ilmining poya va miqdorin asragʻay, gavharni imtihon uchun toshqa urmagʻay”[2] deb yozadi. Yaʼni, olim kishi johilni roʻparasiga oʻtqizib olib, mulzam qilishni istasa, bu ish olimning oʻz-oʻzini tahqirlashidir. Olim kishi oʻz ilmining daraja va miqdorini bilib, hurmatini saqlashi lozim. Gavharni tekshirish uchun uni toshga urmaslik kerak, deb taʼkidlab, oʻz mavqeiga munosib ish tutishi kerakligini uqtiradi:

Johil agar uldurur, olim budur,
Olim emas, oʻziga zolim budur.
Ilmni kim vositai joh etar,
Oʻziniyu xalqni gumroh etar[3].

Olimlikni amal va martaba deb bilib, uni boylik orttirish vositasiga aylantirganlar asli johil kishilar ekanini aytib, ular oxir-oqibat oʻzi va xalqini gumroh qiladi, deb johil olimning tartibsizlik omili ekanidan ogohlantiradi. Mutafakkirning ushbu qaydlari bugungi jamiyatga daxldorligi bilan ahamiyatlidir.

XIX asrda yashagan rus olimi N.Mikluxo-Maklay, “Taassufki, “olim” deb ataluvchilarning anchagina qismi fanga oʻzlarini kundalik xarju tamaddi bilan taʼmin etishga majbur boʻlgan sogʻin sigirdek qaraydilarki, bu olimni kosibga, hattoki qallobga aylantiradi”,[4] deb yozadi. Demak, Navoiy nochiziqli tafakkur sohibi sifatida oʻz davrida jamiyat uchun xos boʻlgan mazkur ijtimoiy illatning xavfli jihatlaridan insonlarni ogoh etib, “kelajakning bugunga taʼsiri” sinergetik  tamoyilini aks ettiradi.

Alisher Navoiy nazdida mazkur salbiy holatning ijtimoiy xavfli jihati shundaki, ushbu toifaga mansub olimlar ilmsizligi tufayli oʻzlari kabi johillarning koʻpayishiga sababchi boʻladi. Chunki, odam zoti bilib-bilmay toʻgʻri yoʻldan ogʻishga moyil. Undaylar orasida esa, boshqalarni ham oʻz tomoniga yetaklovchilar chiqib, bus-butun jamiyatlarni zalolatga boshlaydi. Shunda Alloh taolo ana shu qavmning oʻzidan qalbi toza, niyati toʻgʻri, tiliga yolgʻon olmagan, eng munosibini tanlab, vakil qiladi. Xususan, Muhammad alayhissalom shunday zotlardan boʻlgan[5].

Hadisda “Olimlar paygʻambarlarning vorisi” ekanligi taʼkidlanadi (Imom Buxoriy rivoyati). Shu bois mutafakkir olimlar zimmasiga maʼrifatparvarlik missiyasini yuklaydi.

Demak, Alisher Navoiy ham ezgu gʻoyalarga toʻla asarlari, saxovatli ijtimoiy-siyosiy faoliyati hamda ibratli hayot tarzi bilan insoniyatni toʻgʻri yoʻlga, maʼnaviy yuksaklikka daʼvat etib kelgan buyuk attraktordir[6].

Ilm oʻqub, qilmagʻon amali maqbul,
Dona sochib, koʻtarmadi mahsul[7].

Mutafakkir ilm oʻrganmoq boylik orttirish uchun emasligini, saxovatsiz boy bamisoli yomgʻirsiz bulutga oʻxshagani kabi ilmiga amal qilmagan olim ustiga kitob ortilgan hayvonga oʻxshashini[8] keskin tarzda taʼkidlaydi.

Navoiy insonni takomilga chaqiruvchi shariat asoslarini badiiy uslub va oʻtkir til bilan nochiziqli yondashuv vositasida ifodalab, ulardan kuchli sinergetik tartibot tushunchalarini yasaydi. Amal qilinmagan ilmning befoydaligini, ilm albatta insonning oʻziga va boshqalarga manfaatli boʻlishi kerakligini uqtiradi:

IlmNavoiy, sanga maqsud bil,
Emdiki ilm oʻldi, amal aylagil[9].

Mutafakkir ilm olish, oʻqish va oʻrganishning oʻz-oʻzini rivojlantirish omili ekanini qayd etib, koʻp muqobilli sinergetik tafakkur vositasida ilm olishning oddiy va ishonchli yoʻli – bu bilish uchun intilish, soʻrash, oʻqish, izlanish, kuzatish ekanini nazarda tutadi. Chunki kishi oʻzi bilmagan narsa, hodisa va jarayonlar haqidagi savollarga javob qidirib topish orqali bilimini oshirib boradi. Orlanib yoki bilmasligini oshkor etishdan iymanib soʻramaslik johillik alomati boʻlib, bu oʻziga zulm qilish ekanligidan ogoh etadi:

Ilmdin oriy – ulusning johili xudkomasi,
Oʻrganurga jiddu jahd etgan – jahon allomasi[10].

Alisher Navoiy bilish va oʻrganishning uzluksiz davom etadigan zahmatli jarayon ekanini taʼkidlab, oʻrganishga jahd qilgan kishining jahon allomasi boʻlib yetishishini qatʼiy ishonch bilan eʼtirof etadi. Zero, ilm olish, ilm oʻqitish va ilmiga amal qilish kishini maʼnaviy yuksaklikka, ikki dunyo saodatiga musharraf qiladi.

[1] Navoiy A. Mahbubul qulub. MAT: 20 tomlik. 14 t. –T.: Fan, 1998.  –B.70-71.
[2] Navoiy A. Mahbubul qulub. MAT: 20 tomlik. 14 t. –T.: Fan, 1998. –B. 111.
[3] Navoiy A. Xamsa: Hayratul abror. MAT: 20 tomlik. 7 t. –T.: Fan, 1991. –B. 234.
[4] Tafakkur gulshani. Vatandosh hamda xorijiy allomalarning aforizmlari va hikmatli soʻzlari (V.Voronsov kompozitsiyasi: Sh.Abdurazzoqova tarjimasi. –T.: Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1989. –B. 248.
[5] Saʼdullayev E. Sabr va taqvo – ikki dunyo saodati [Elektron resurs] //
https://www.bukhari.uz/?p=17876 (Murojaat sanasi: 22.02.2022)–B. 8-9.
[6] Bozorov D. Sinergetik paradigma. – T.: Tafakkur, 2010. – B. 20.
[7] Navoiy A. Mahbubul qulub. MAT: 20 tomlik. 14 t. –T.: Fan, 1998.  –B 109.
[8] Navoiy A. Mahbubul qulub. MAT: 20 tomlik. 14 t. –T.: Fan, 1998. –B.89-90.
[9] Navoiy A. Xamsa: Hayratul abror. MAT: 20 tomlik. 7 t. –T.: Fan, 1991. –B. 237.
[10] Navoiy A. Mahbubul qulub. MAT: 20 tomlik. 14 t. –T.: Fan, 1998.  –B 115.
Baxtiyor TURSUNOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” …