Home / MAQOLALAR / ISTITOAT NIMA? (Abul Barakot Nasafiyning “Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

ISTITOAT NIMA? (Abul Barakot Nasafiyning “Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

Kalom ahli nazdida bandalarga nisbat berilganda istitoat, toqat, quvvat va qudrat soʻzlari bir-biriga yaqin maʼnolarda qoʻllanadi.

Istitoat ikki xil boʻladi:

Birinchisi: Ish-harakatdan oldingi istitoat. Bu muayyan ishni amalga oshirish uchun kerak boʻladigan sabab va vositalarning mavjudligidir. Ulamolar ushbu istitoatni ish-harakatdan oldin boʻlishiga ittifoq qilgan. Sharʼiy hukmlar, amr va nahiylar hamda ularni tark qilganlik uchun beriladigan jazolar mana shu istitoatga bogʻliq.

Quyidagi oyatlarda buning misollarini koʻrish mumkin:

﴿وَلِلَّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلً﴾

“Yoʻlga qodir boʻlgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish bordir”[1]. Oyatda hajga borish uchun yetarli oziq-ovqat va ulovga ega boʻlgan sogʻlom kishiga haj farz boʻlishi bayon qilinmoqda.

﴿فَمَنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَإِطْعَامُ سِتِّينَ مِسْكِينًا﴾

 

“Bas, kim (ikki oy roʻza tutishga) qodir boʻlmasa, (zimmasida) oltmishta miskinga taom berish bordir”[2]Oyatda ikki oy ketma-ket roʻza tutishga imkoniyati yoʻq kishi oltmishta miskinga taom berishi joizligi aytilmoqda.

﴿لَوِ اسْتَطَعْنَا لَخَرَجْنَا مَعَكُمْ﴾

“Qodir boʻlganimizda, sizlar bilan birga (jangga) chiqar edik”[3]. Oyatda munofiqlarning “Bizda qurol-aslaha va sovutlar kabi jang vositalari boʻlganida, sizlar bilan jangga chiqar edik”, degani zikr qilinmoqda.

Yuqoridagi oyatlarda istitoat soʻzi imkoniyat, vosita va sabablarning mavjud boʻlishi maʼnosida ishlatilgan.

Ikkinchisi: Ish-harakat bilan birga boʻladigan istitoat. Bu muayyan ish-harakatlarni amalga oshirib, oʻz zimmasidagi vojibni ado etish imkoniyatiga ega boʻlishdir. Mana shu haqiqiy qodirlikdir.

Quyidagi oyatda bunga misol kelgan:

﴿مَا كَانُوا يَسْتَطِيعُونَ السَّمْعَ﴾  

“Ular (haq gapni) eshitishga qodir boʻlmas edilar”[4].

Oyatda sabab va vositalar haqida emas, balki haqiqiy qudrat toʻgʻrisida soʻz bormoqda. Chunki kofirlarda sabab va vositlar (yaʼni, eshitish vositasi boʻlmish quloqlar) bor edi. Kofirlar sabab va vositalar salomat boʻla turib, haqiqiy qudratni zoye qilgani uchun ayblangan. Chunki inson ixtiyorida boʻlmagan sabab-vositalarning yoʻqligi uchun emas, balki amr qilingan ishning ziddi bilan mashgʻul boʻlib, haqiqiy qudratni zoye qilgani uchun ayblanadi. Yaʼni, kofirlarga imon buyurilgan edi. Ammo ular oʻz qudratini buning ziddi boʻlgan kufr bilan mashgʻul qilib, haqiqiy qudratni zoye qilgani uchun ayblandi.

Ushbu muxtasar maqolada ahli sunna val jamoa olimlari nazdida istitoat ikki turli ekani qisqacha bayon etildi. Bandaning aʼzolari sogʻlom va vositalari mavjud boʻlishi birinchi istitoat turiga kiradi. U imkoniyat maʼnosida boʻlib, muayyan ishdan oldin boʻlishi shart qilinadi. Yaʼni aʼzolari sogʻlom boʻlgan va zarur vositalarga ega boʻlgan kishi muayyan ishni bajarishga imkoniyatli boʻladi, ammo haqiqiy qodir hisoblanmaydi. Qachonki oʻsha ishni amalga oshirsagina haqiqiy maʼnoda qodir sanaladi. Mana shu ikkinchi istitoatdir.  U muayyan ish bilan bir vaqtda boʻladi. Yaʼni banda biror ishni iroda qilsa, Alloh taolo unga oʻsha ishni amalga oshirish uchun qudrat yaratadi. U oʻsha qudrat bilan oʻzi iroda qilgan ishni bajara oladi. Demak istitoatning birinchi turi imkoniyat, ikkinchisi haqiqiy qodir boʻlishni anglatadi.

[1] Oli Imron surasi, 97-oyat.
[2] Mujodala surasi, 97-oyat.
[3] Tavba surasi, 42-oyat.
[4] Hud surasi, 20-oyat.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” …