Home / ALLOMALAR / ALI SHOH BUXORIYNI TANIYSIZMI?!

ALI SHOH BUXORIYNI TANIYSIZMI?!

Ali Shoh Buxoriy — Elxoniylar (XIII-XIV asrlarda Erondagi moʻgʻul hukmdorlari unvoni boʻlib, Sulton Mahmud Gʻozon (Qozon) Xulaku Eron va Iroqda asos solgan Xulagiylar (Elxoniylar) davlati[1]) hukmronligi davrida yashagan astronom. U 1226 yil Buxoroda ziyoli, tujjor oilada tugʻilgan. Toʻliq ismi— Ali Shoh Muhammad ibn Qosim Buxoriy. Oʻzi “Alouddin” yoki “Aʼloul Munajjimin” nomlari bilan mashhur boʻlgan. Otasi Muhammad Qosim Samarqandda tijorat bilan shugʻullangan.

Ali Shoh Buxoriy hayoti va Elxoniylarning Buxoroni istilo qilishi haqidagi qimmatli maʼlumotlar “Ashjor va asmor” asarida keltirilgan. Olim dastlab Buxorodagi madrasada saboq olgan. Keyinchalik falakiyot ilmini oʻrganish maqsadida Nishopur, Hamadon, Bagʻdod shaharlariga safar qilgan va ilm majlislarida qatnashgan. 1261 yili oʻttiz olti yoshida Buxoroga qaytib kelgan.

1273 yili Elxoniy Abgʻo (Abaqoxon) ibn Xulaku ibn Toluy ibn Chingizxon Buxoroga bostirib kirib, uni vayronaga aylantirgan. Shunda alloma yana ona shahrini tark etishga majbur boʻlgan. Oʻn  besh yil davomida Tus, Nishopur, Bagʻdod shaharlarida sargardon boʻlgan, lekin shu asnoda olimlardan astronomiya fanini ham oʻrgangan. U vatan sogʻinchidan mahzun boʻlib, Buxoroga oʻt qoʻygan Abaqoxonning zulmi, ilm dargohidan quvilgan olimlar qismatiga atab qasidalar yozgan. Alloma bir necha bor haj safariga borish maqsadida yoʻlga chiqqan, ammo vaqtini koʻzi qiymay, ilm bilan shugʻullanishni afzal topib, niyatini amalga oshirmagan. Nihoyat 1291 yili Bagʻdodda yashagan paytida haj qilib, Buxoroga qaytgan.

Allomaning vafot etgan sanasi aniq emas. “Ashjor va asmor” asarini yozgan payti u yetmish besh yoshda ekanligini aytib oʻtgan.

Ali Shoh Buxoriy sermahsul ijod qilgan olim boʻlib, falakiyot ilmidan tashqari musiqa, sheʼriyat bilan ham shugʻullangan. Sheʼriy devon tuzgan, lekin u bizning davrgacha yetib kelmagan. Faqat astronomiyaga oid fors tilidagi uch asari saqlanib qolgan.

Ulardan biri — “Ashjor va asmor” astronomiya va tarixga oid boʻlib, 1278 yili yozilgan. Uni vazir Shamsiddin Muhammad ibn Sayfiddin Ahmad Shoh ibn Badriddin Muborak Shohga bagʻishlagan. 1903 yili Laknav shahrida “Samari shajarai nujum” nomi bilan nashr qilingan. Asarning qoʻlyozma nusxalari Sulaymoniya kutubxonasi Asad Afandi, Aya Sofiya, Nur Usmoniya fondlari va Boyazid Davlat kutubxonasida saqlanmoqda. “Ahkomul avom” asari 1291 yili yozilgan boʻlib, Sulaymoniya kutubxonasi Asad Afandi, Nur Usmoniya fondlarida uning qoʻlyozma nusxalari mavjud. Shuningdek, tugatilmay qolgan “Umdatul Elxoniya” (Ziji Shohiy) asari bor. Uni Nosiruddin Tusiy oxiriga yetkazib quygan. Asarning qoʻlyozma nusxalari Fransiya, AQSH, Britaniya muzeyi kutubxonalarida saqlanmoqda.

[1] https://azon.uz/content/views/ilk-musulmon-mugul-honi-kim-bulgan
Iroda DAURBЕKOVA, Dildora HALIMOVA,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari.
Turkiya Diyonat vaqfi “Islom ensiklopediyasi”dagi
maʼlumotlar asosida tayyorlandi.

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …