Home / MAQOLA / U ARSH UZRA “MUSTAVIY” BOʻLMISH RAHMONDIR

U ARSH UZRA “MUSTAVIY” BOʻLMISH RAHMONDIR

Ahli sunna val jamoa ulamolari, ulugʻ tilshunoslarning ayrimlari, masalan, Subkiy, Ibn Hojib va boshqalar (U) Arsh uzra “mustaviy” boʻlmish Rahmondir” (Toho surasi, 5-) oyatidagi “istava” lafzi “Arshni egalladi va uni oʻz oʻrnida saqladi” maʼnosida kelgan, deydi. Alloh taolo Oʻzining qudrati bilan maxluqotlarining eng kattasi boʻlmish Arshni pastga tushib ketib, Yerni bosib qolishdan himoya qilib turadi. Buyuk hofiz Abu Bakr ibn Arabiy Molikiy taʼkidlaganidek, oʻn besh xil maʼnoda keladigan “istava” lafzining eng ustuvor maʼnosi “boʻysundirmoq”dir. 

Arshni farishtalar koʻtarib turadi. Alloh taolo esa koʻtarib turiladigan narsa boʻlishdan pok va oliydir. Shuningdek, oʻtirish, makon va tomonlarning biriga oʻrnashish yoki singib ketishdan pokdir. U Zot makonlar va tomonlardan avval ham mavjud boʻlgan, U har bir narsaning Yaratuvchisidir.

Imom Shofeiy roziyallohu anhu: “Alloh Arshning ustiga oʻtiruvchidir, deb eʼtiqod qilgan kishi kofir boʻladi”, degan. Bu gapni undan shofeiylik mazhabining obroʻ-eʼtiborli imomlaridan biri Qozi Husayn naql qilgan. Ibn Muallim Qurashiy uni “Najmul muhtadiy va rajmul moʻtadiy” asarida keltirgan. Demak, Alloh taoloning “oʻtirish”, “oʻrnashish”, “tik turish”, “harakatlanish”, “harakatsizlik” kabi sifatlari bor, deb eʼtiqod qilgan kishi Uni maxluqotlariga oʻxshatgan boʻladi. Oʻxshatuvchi kishining musulmonligi durust boʻlmaydi, unga iqtido qilib namoz oʻqish ham toʻgʻri emas, garchi shahodat kalimalarini ming martalab aytsa ham. Qachonki, bu notoʻgʻri eʼtiqodidan voz kechsa va shahodat kalimalarini qaytadan aytib tavba qilsa, bundan mustasnodir.

Ahli sunna val jamoa aqidasi shuki, Alloh taolo biror narsaga va biror narsa Unga oʻxshamaydi. Alloh taolo Arsh ustida oʻtiruvchidir, degan kishi Uni oʻtiriladigan joyga muhtoj qilib qoʻyadi. U Zotni biror narsaga biror jihatdan muhtojga yoki Arsh singari Oʻzi yaratgan narsalardan biri sababli sharaflanuvchiga chiqargan kishi islomdan bexabar kimsadir.

Molikiylik mazhabining obroʻ-eʼtiborli ulamolaridan biri, buyuk imom Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh ibn Yunus Tamimiy (vaf. 451/1059) “Al-Jomeʼ li masoilil mudavvana” asarida quyidagilarni yozadi: “Suhnun dedi: “Menga Imom Molikning shogirdlaridan biri bunday xabar berdi: u Imom Molikning huzurida oʻtirganida, bir odam kelib: “Ey Abu Abdulloh, bir masala bor”, dedi. U indamadi. Haligi odam yana: “Bir masala bor”, dedi. U yana indamadi. Haligi odam yana oʻsha gapni aytdi. Shunda Imom Molik javob bermoqchi boʻlgandek boshini koʻtarib, unga qaradi. Haligi odam unga: (U) Arsh uzra “mustaviy” boʻlmish Rahmondir”. Uning “istivo”si qanday boʻlgan?” dedi. Shunda Imom Molik bir muddat boshini egib turdi. Soʻng uni koʻtarib: “Sen aniq narsa haqida soʻrading va aqlning kuchi yetmaydigan narsa haqida gapirding. Menimcha, sen yomon odamsan. Uni chiqarib yuboring”, dedi”.

Yuqoridagi asarning yettinchi – tavhid, ism va sifatlar hamda boshqa eʼtiqodiy masalalar haqidagi bobi, “istivo” haqidagi boʻlimida bunday yozilgan: “Qozi roziyallohu anhu: “U Zot azza va jallaning Oʻzi: (U) Arsh uzra “mustaviy” boʻlmish Rahmondir”, deb aytganidek, Arshi uzra “mustaviy”dir. Uning “istivo”si unga tegib turish, qandaydir koʻrinish, tutashib yoki yonma-yon turishni anglatmaydi”, degan”.

Imom Abu Muzaffar Isfaroiniy rahimahulloh (vaf. 471/1078) “At-Tabsir fid din” asarida bunday degan: “U Zotga nisbatan “qanday?”, “qancha?” va “qayerda?” kabi savollarni ishlatish joiz emas. Chunki hech bir oʻxshashi yoʻq Zot haqida “U qanday?” deb aytilmaydi. Hech qanday adadi yoʻq Zot haqida “U qancha?” deb aytilmaydi. Ibtidosi yoʻq Zot haqida “U nimadan paydo boʻlgan?” deb aytilmaydi. Makoni yoʻq Zot haqida “U qayerda?” deb aytilmaydi.

Darhaqiqat, Alloh taoloning Kitobidan Uning yagonaligi, hech narsaga oʻxshamasligi, makoni va tomoni, ibtidosi va intihosi yoʻqligiga ishora qiladigan oyatlarni aytib oʻtdik.

Bu borada moʻminlar amiri Ali roziyallohu anhudan ham juda qoniqarli xabar naql qilingan. “Alloh qayerda?” deyilganida, u: “Qayerni qayer qilib (yaʼni makonni) yaratgan Zot haqida “U qayerda?” deyilmaydi”, dedi. Unga: “Alloh qanday zot?” deyilganida, u: “Qandayni qanday qilib (yaʼni holat, koʻrinish, shakl-shamoyilni) yaratgan Zot haqida “U qanday?” deyilmaydi”, dedi. Bundan ayon boʻladiki, “koʻrinishsiz, shakl-shamoyilsiz” degan soʻzdan murod jismlarga tegishli sifatlardan oʻtirish, oʻrnashish, harakatlanish, aʼzolari boʻlishi va shu kabilarning U Zotda ham mavjudligini inkor etishdir. Ular Uning Arshga “mustaviy” boʻlishi, Arshga kelishidan bizga nomaʼlum, ammo Allohga maʼlum qandaydir koʻrinishni nazarda tutmagan. Aksincha, har qanday koʻrinish, shakl-shamoyilni Undan butunlay inkor etishni iroda qilgan”.

Alloma va faqih Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulloh Taroblusiy rahimahulloh (vaf. 1101/1689) “Shukrul minna fi nasris sunna” asarining muqaddimasida ahli sunnani bayon qilayotib, uni “Bu eng yaxshi ulamolarning soʻzlaridan saralab olingan aqidadir”, degan jumlalar bilan boshlagan. Unda Alloh taoloning pokligi haqida quyidagi fikrlarni keltirgan: “Uni miqdor chegaralab turmas, tomonlar oʻrab turmas, makonlar qamrab turmas, na Yer va na osmonlar ichiga olib turmas. U makon qamrab olishidan oliydir. Zamon chegaralab turishidan buyukdir. Aksincha, U makon va zamon yaratilishidan oldin ham bor boʻlgan”.

Taroblusiy rahimahulloh yuqoridagi qarashlarni keltirganidan soʻng: “Ana shularning hammasini oʻzida jamlagan kishi zalolat va bidʼat ahliga qarshi chiqib, ahli haq va sunnadan boʻladi”, deb taʼkidlagan.

Qozi Abu Bakr Muhammad ibn Hasan Murodiy Hazramiy Qayruvoniy rahimahulloh (vaf. 489/1095): “Bilgilki, U Zot haqida “qanday?” deb soʻralmaydi, chunki Uning oʻxshashi yoʻqdir. “Nima?” deb ham soʻralmaydi, chunki Uning jinsi yoʻqdir. “Qachon?” deb soʻralmaydi, chunki Uning zamoni yoʻqdir. “Qayerda?” deb soʻralmaydi, chunki Uning makoni yoʻqdir”, degan.

Shayx Abu Zayd Abdurahmon ibn Ahmad Vugʻlasiy rahimahulloh (vaf. 768/1366) Alloh taoloning pokligi haqida bunday yozadi: “U jism ham, javhar ham, araz ham emasdir. U tarkiblardan, chegaralardan, oʻlchovlardan, makon tutuvchilarning sifatlari va keyin paydo boʻlganlarning xususiyatlaridan pokdir. U mavjudotlarning, ularda joriy boʻladigan oʻzgarish va almashuvlarning Yaratuvchisidir. U birdir, sherigi yoʻqdir. “U Zotga oʻxshash biror narsa yoʻqdir”” (Shoʻro surasi, 11-oyat).

Imom Abu Mansur Moturidiy rahimahulloh “Taʼvilotul Qurʼon” asarida bunday yozadi: “Bu borada bizdagi asos shuki, Alloh azza va jalla: “U Zotga oʻxshash hech narsa yoʻqdir” deb, Oʻzining maxluqotlariga oʻxshash boʻlishini inkor etgan. U feʼli va sifatlarida oʻxshashlardan oliy ekanini yuqorida aytib oʻtgan edik. Shunday ekan, (U) Arsh uzra “mustaviy” boʻlmish Rahmondir” oyati haqida Qurʼonda kelganidek eʼtiqod qilish lozim. Unga nisbat berilgan ishlarda maxluqotlarga oʻxshash boʻlishi mumkinligi rad qilinadi. Alloh haqida U zoti va feʼlida (maxluqotlardan iborat) oʻxshashliklardan pokdir, deb eʼtiqod qilish lozim ekan, Unga nisbat berilgan narsadan borliqdagi boshqaga nisbat berilgan maʼno tushunilishi mumkin emas”.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, ahli sunna val jamoaning ikki aqidaviy mazhabi boʻlmish ashʼariylar va moturidiylar “istivo” masalasida bir xil qarashni ilgari surgan. Yaʼni “istivo” Qurʼoni karimda kelgani aniq, uning qandayligi faqat Allohga maʼlumdir. Bu masalada “U Zotga oʻxshash hech narsa yoʻqdir” oyati asosida ish yuritish eng toʻgʻri yoʻldir. 

Alouddin NЕMATOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …