Home / MAQOLA / DINDA CHUQUR KЕTISHNING JAMIYAT XAVFSIZLIGI VA BARQARORLIGIGA SALBIY TAʼSIRI (2-qism)

DINDA CHUQUR KЕTISHNING JAMIYAT XAVFSIZLIGI VA BARQARORLIGIGA SALBIY TAʼSIRI (2-qism)

Gʻuluv – dinda chuqur ketish, amallarni bajarish­da haddidan oshish, asl eʼtiqodiy manbalarni notoʻgʻri talqin etishga olib keluvchi omillardan biri boʻlib, uning oqibatida aqidaparastlik paydo boʻladi. Shuningdek, Alloh taoloning barcha ism-sifatlarining azaliy va abadiy deb eʼtiqod qilmaslik, bandalarning amallarini taqdir qilinib, bandaning oʻz amali uchun mukofotlanishi yoki jazolanishi kabi aqidaviy masalalardagi ixtiloflar ham bu illatning asosiy omili hisoblanadi. Jamiyat va islom dini uchun zararli illat boʻlgan aqidaparastlikning kelib chiqishining asosiy sabablaridan biri dinda gʻuluvga ketishdir. Chunki aksar holda gʻuluvning paydo boʻlish sababi bir insonning yoki guruhning shaxsiy manfaatlari bilan bogʻliq boʻladi va natijada sof boʻlmagan, gʻayri islomiy aqidalar vujudga keladi. Bunday eʼtiqod “aqidaparastlik”, sohibi esa “aqidaparast” deb nomlanadi. Bundan tashqari gʻuluvning eng katta ofati dinda chuqur ketgan kishini boshqalarga ularning amallarini kam sanab mensimaslik nazari bilan qarash, oʻzini boshqalardan ustun qoʻyishidir. Shu sababli dinda chuqur ketgan har qanday kishi alaloqibat hidoyatdan adashib zalolatga yuz tutadi.

Shariat moʻtadillik ustiga qurilgan boʻlib, dinga chuqur berilishga doimo qarshi boʻlgan. Muqaddas dinimizning asl manbalari boʻlgan Qurʼoni karim oyatlari va hadisi sharifda bu bidʼat qattiq qoralangan. Chunki, bu illat turli zamonlar­da turli nomlar ostida dinimizga tasvirlab berib boʻlmas darajada zarar yetkazib, bu hol hozirda ham har xil jarangdor nomlar va shiorlar ostida davom etmoqda.

Dinda chuqur ketish mutaassiblik va aqidaparastlikka olib boradi. Bu tushunchaning maʼnosi kishining biror qoidani mahkam ushlab olishi va undan oʻnga ham, soʻlga ham ogʻmayman deb qaysarlik qilishi, olam va undagi tartiblar oʻzgarib ketsa ham oʻsha aqidani mahkam ushlab qolishga intiluvchi kayfiyatni aks ettiradi. Bunday kayfiyatdagi kishilarni boshqarish oson. Ana shunday odamlardan yovuz niyatli kimsalar oʻz maqsadlarini amalga oshirishda keng foydalanadi.

Dinda chuqur ketish (gʻuluv) va mutaassiblik har bir sohada, masalan ilmiy, ijtimoiy, aqidaviy sohalarda doim uchraydigan holat boʻlib, din va jamiyatning rivojlanishiga toʻsqinlik qiluvchi illatlardan biridir. Shuningdek, bu illatlar aqidaviy va fiqhiy sohalarda namoyon boʻlib, har xil ixtiloflar manbai sifatida islom dinining turli ijtimoiy va siyosiy oqimlarga boʻlinib ketishining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Dindagi gʻuluv va mutaassiblikning paydo boʻlishini asosiy sabablaridan biri – Qurʼon, hadis va shariatning asl mohiyatini chuqur anglab yeta bilmaslikdir. Buning oqibatida inson shariatdagi tutgan yoʻlini mutlaqo toʻgʻri deb eʼtiqod qiladi va unda boshqalarni ham shunga majburlash istagi paydo boʻladi.

Jumladan, oʻzining amallari sababli magʻrurlanish holatlari ham kuzatilib, hatto atrofdagi musulmonlardan oʻzini ustun qoʻyish darajasiga yetib boradi. Tarixda bunday eʼtiqoddagi kishilar­dan ayrimlari islom dinida peshvo sanalgan ulamolar nomiga turli nojoiz soʻzlarni aytishgacha borgan. Bunday nomaqbul ishlar yangi paydo boʻlgan turli xil oqimlarning xatti harakatlari hozir ham mavjud. Shubhasiz, bunday eʼtiqod jamiyatda turli koʻngilsizliklarning kelib chiqishiga sababchi boʻladi va sohibini oxirat xorligi tomon yetaklaydi.

Aynan mana shunday illat sababli bugungi kunda koʻplab jamiyatlar ijtimoiy va iqtisodiy qoloqlik, aqidaviy parokandalik, diniy murosasizlik va terror kabi musibatlardan azob chekayotganligi hech kimga sir emas.

Xoʻsh, dinda chuqur ketish nima? Dinimizning mazkur illatga munosabati qanday?

Aslida Qurʼoni karim va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida dinda chuqur ketish qattiq qoralangan. Shariatimizning asosi hisoblangan Qurʼoni karimda ham dinda chuqur ketmaslik va uning oqibatlari haqida koʻplab irshodlar keltirilgan.

قُلۡ يَٰٓأَهۡلَ ٱلۡكِتَٰبِ لَا تَغۡلُواْ فِي دِينِكُمۡ غَيۡرَ ٱلۡحَقِّ وَلَا تَتَّبِعُوٓاْ أَهۡوَآءَ قَوۡمٍ قَدۡ ضَلُّواْ مِن قَبۡلُ وَأَضَلُّواْ كَثِيرا وَضَلُّواْ عَن سَوَآءِ ٱلسَّبِيلِ

 “Ayting: “Ey ahli kitob, diningizda chuqur ketib notoʻgʻri tomonga tajovuz qilmang va (islom kelishidan) ilgari yoʻldan ozgan va koʻplarni yoʻldan ozdirgan hamda toʻgʻri yoʻldan chiqib ketgan qavmning nafsi havolariga ergashmang!”[1].

Aslida, bu oyat ahli kitobga xitob boʻlsa-da, uning zamirida musulmonlar ham ularga oʻxshab dinda gʻuluv ketib halokatga uchramasliklari uchun bu yoʻldan saqlanishga qatʼiy koʻrsatma bor.

Shuningdek, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadislarda ummatni qatʼiy ogohlantirib, dinda chuqur ketgan mutaassib kimsalarning oqibati doʻzax ekani aytiladi, bu yoʻldan qaytishga chaqiriladi:

عن عائشة قال : دخل رسول الله صلى الله عليه و سلم المسجد فإذا أصوات كدوي النحل قراءة القرآن فقال : “إن الاسلام يشيع ثم تكون له فترة فمن كانت فترته إلى غلو وبدعة فأولئك أهل النار”.

Oisha binti Abu Bakr roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Janob Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bir kuni masjidga kirganlarida odamlar xuddi asalari gʻoʻngillaganidek, Qurʼon qiroati bilan mashgʻul edi. U zot Albatta, islom kuchga toʻlib, kengayib boraveradi, soʻng bir muddat boʻshashib kuchsizlanadi. Kimga dindagi mana shu boʻshashishlik dinda chuqur ketish va bidʼat tomonga (burilishga sabab) boʻlsa, ular doʻzax ahlidan hisoblanadi”, dedilar[2].

Dinda chuqur ketish oqibatida paydo boʻladigan mutaassiblik va aqidaparastlik illatlari jamiyat taraqqiyotiga zid keluvchi buzgʻunchi gʻoyalarning jamiyatga kirib kelishi uchun yoʻl ochib beradigan asosiy vositalardan biri hisoblanadi. Quyida bu illatning turlari va zararlari haqida ham maʼlumot beramiz.

 (Davomi bor)

[1] Moida surasi, 77-oyat.
[2] Abu Qosim Sulaymon ibn Ahmad Tabaroniy. Muʼjamul kabir. – Mosul: Maktabatul ulum val hikam, 1983. 10-jild. – B. 318. 10776-hadis.
Nodir QOBILOV,
 Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ALLOH ZAMON VA MAKONDAN OLIYDIR

Mushabbiha va karromiylar: “Alloh taolo Arsh ustini makon tutgan. U boshqa jismlarga oʻxshamagan bir jismdir. …