Home / HADIS / SILAI RAHM VA YAXSHILIK

SILAI RAHM VA YAXSHILIK

Bir hadis sharhi

Silai rahm va yaxshilik islomning goʻzal axloqlaridan boʻlib, uni odamlar qalbiga singdirgan va shu xislat ustida tarbiyalab kelgan. Bu munosabat va ezgulik faqat musulmonlar bilan chegaralanib qolmay, gʻayri musulmonni ham, ayniqsa, qarindoshlik aloqasi borlarni ham qamrab olgan.

عَنْ أَسْمَاءَ بِنْتِ أَبِي بَكْرٍ رضى الله عنهما قَالَتْ قَدِمَتْ عَلَىَّ أُمِّي وَهْىَ مُشْرِكَةٌ، فِي عَهْدِ رَسُولِ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم، فَاسْتَفْتَيْتُ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم قُلْتُ ‏‏إِنَّ أُمِّي قَدِمَتْ‏‏ وَهْىَ رَاغِبَةٌ، أَفَأَصِلُ أُمِّي قَالَ ‏ “‏ نَعَمْ صِلِي أُمَّكِ ‏”‏‏.‏

Asmo bint Abu Bakr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

“Huzurimga onam keldi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida mushrika edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan fatvo soʻrab: “Huzurimga onam ragʻbat qilib kelibdi. Onamga silai rahm qilaveraymi?” dedim. U zot: “Ha, onangga silai rahm qil”, dedilar” (Buxoriy rivoyati).

Bu hadisi sharifda Asmo bint Abu Bakr roziyallohu anhumo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida mushrika boʻlgan onasi Qutayla bint Abduluzzoning oʻz huzuriga kelganini aytmoqda. Imom Buxoriy va Muslimning boshqa rivoyatida “Quraysh Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan ahdlashgan muddat ichida onam mushrika holida otasi bilan birga oldimga keldi”, deb kelgan. Bu bilan Asmo bint Abu Bakr roziyallohu anho Hudaybiya sulhi va Makkaning fathi orasida kelganini nazarda tutgan.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bu ayolni johiliyat davrida taloq qilgan. Qutayla keyinroq musulmon boʻlgan.

Asmo Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhuning ayoli boʻlgan. Asmo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga onasining yaxshilik qilgani, yaqinlik va mehribonlikni xohlab kelganini maʼlum qilib, kufrda boʻlishiga qaramasdan unga silai rahm qilsam boʻladimi, deb soʻragan. Chunki onasi Asmoga hadya berishni boshlagan va undan mukofot xohlagan. Yoki qizi Asmodan biror narsa olishni istagan, yoxud islomni qabul qilmagan boʻlsa-da, unga qiziqish bildirib kelgan. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ha, onangga silai rahm qil”, deganlar.

Imom Buxoriyning boshqa bir rivoyatida: “Ibn Uyayna aytadi: “Alloh taolo u haqda:

﴿لَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُمْ مِنْ دِيَارِكُمْ أَنْ تَبَرُّوهُمْ وَتُقْسِطُوا إِلَيْهِمْ﴾

“Din toʻgʻrisida sizlar bilan urushmagan va sizlarni oʻz yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli boʻlishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas” (Mumtahana surasi, 8-oyat)ni nozil qildi”, deb kelgan.

Demak, eʼtiqodiga qarshilik qilmagan gʻayri dinlarga yaxshilik va adolatli boʻlish dinimizning hukmi ekan.

Hadisi sharifdan olinadigan foydalar:

– Musulmonning moʻmin boʻlmagan yaqin qarindoshlariga infoq-ehson qilishi joizligi;

– Gʻayri muslim boʻlgan yaqinlariga qarindoshlik huquqi sababli silai rahmning joizligi;

– Din koʻrsatmalariga amal qilish.

Dinimizda ota-onaga ularning eʼtiqodi qanaqa boʻlishidan qatʼiy nazar yaxshi muomalada boʻlishga buyurilgan. Shuning uchun ham islom tinchlik va bagʻrikenglik dinidir.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” …