Home / MAQOLALAR / SULOSIYOTI DORIMIY

SULOSIYOTI DORIMIY

Bugungi kunda islom tarixi va hadisshunoslikka qiziqish tobora ortmoqda. Bunda keyingi yillarda islom ilmlarining oltin davrida yashab ijod qilgan allomalar merosini oʻrganishga keng yoʻl ochilgani muhim omil boʻlmoqda.  

Islom dini taʼlimotini oʻrganish, sunnat va hadisni toʻplashda Movarounnahrda yashab ijod etgan yetuk muhaddis, tafsir, hadis kabi fanlar asoschilaridan biri Imom Dorimiy alohida oʻrin tutadi. Uning shoh asari boʻlmish “Sunan” nafaqat nodir meros, balki “Kutubi tisʼa”, yaʼni “Toʻqqiz kitob” deb ataluvchi eng ishonchli hadislar toʻplamidan biri sifatida gʻoyat qadrlidir.

Imom Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdulloh Abu Muhammad Tamimiy Dorimiy Samarqandiy 181/797 yili Samarqandda tavallud topgan. Muhaddisning bobosi Bani Tamim qabilasi mavlosi va Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning kotiblaridan biri boʻlgan Dorim ibn Molik ibn Hanzala ibn Zayd Manot ibn Tamimga bogʻlangani uchun allomaga Dorimiy nisbasi berilgan.

“Ciyar aʼlomin nubalo”, “Tabaqotul huffoz” va “Aʼlom” asarlarida Imom Dorimiy Movarounnahrning eng yirik muhaddislaridan biri sifatida eʼtirof etilgan.

Hofizul hadis Abu Quraysh rahmatullohi alayhi muhaddis haqida bunday deydi: “Men Muhammad ibn Bashshorning: “Dunyoda toʻrtta buyuk hofiz (juda koʻp hadis yod olgan muhaddislar) bor. Birinchisi – Abu Zurʼa, ikkinchisi – nishopurlik Imom Muslim, uchinchisi – samarqandlik Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy, toʻrtinchisi – buxorolik Imom Muhammad ibn Ismoil Buxoriy”, deganini eshitganman”.

Muhammad ibn Ibrohim Sheroziy aytadi: “Ibn Abdurahmon Dorimiy aql-idrokda, dinu diyonatda yetuk kishi edi. U zotning hadis va turli darslarni yodlashdagi quvvayi hofizasi, halimligi, komil moʻminga xos ibodati, zohidligi va hadis ilmi sohibiga xos ziyrak-bilimdonligi zarbulmasal qilingandir”. Yana shu roviy: “Imom Dorimiyning hadis, tafsir, fiqhga oid va boshqa ilmiy ishlari Samarqandda paytlaridayoq maʼlum va mashhur edi. Soʻng Xurosonda, undan keyin Shom, Iroq, Makkai mukarrama, Madinai munavvara va Misrdagi ulamolar huzurlarida boʻlib, hadis, tafsir va fiqh ilmlarini oʻrgangan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislariga qoʻshilgan yolgʻonlardan qoʻriqlovchilar qatorida boʻlib, buyuk muhaddis, komil mufassir va faqih olim edi”, deb aytadi.

Bandorning zikr qilishicha: “Dunyoning hofizlari toʻrt kishi: Muhammad ibn Ismoil Buxoriy, Muslim ibn Hajjoj Naysoburiy, Abu Zurʼa Roziy va Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy Samarqandiydir”.

Imom Dorimiy hayoti davomida bir necha asarlar yozgan boʻlib, ilmiy-maʼnaviy merosini “Musnad”, “Tafsir”, “Jomiʼ”, “Sulosiyot fil hadis”, “Kitob sunna fil hadis” va “Kitob savmul mustahazot val mutaxayyirot” kabi asarlari tashkil qiladi. Allomaning eng mashhur asari “Musnad” (lugʻaviy maʼnosi – “Tayanch” yoki “Sanadli hadislar toʻplami”) boʻlib, “Sunani Dorimiy” nomi bilan mashhur.

Imom Dorimiy 255/869 yili 75 yoshida vafot etgan.

Buyuk ajdodimizning maʼnaviy merosini ommabop, xalqchil tarzda yetkazish maqsadida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari tomonidan “Sunani Dorimiy” asari asosida “Sunani Dorimiy”dagi durdona hadislar” nomli risola tayyorlandi. Unda yuzdan ortiq nodir hadislar jamlangan.

Imom Dorimiyning eng mashhur kitoblaridan biri “Sunani Dorimiy” boʻlib, uni Dorimiy asarlarining durdonasi, javohiri, deb atashadi. “Sunani Dorimiy” olti sahihning biri deb ham yuritiladi[1].

Abul Fazl Muhammad ibn Tohir Maqdisiy (448/1056-508/1114) “Atroful kutubis sitta” nomli kitobida Imom ibn Mojaning “Sunan”idagi hadislar besh “Sahih”dagilardan 1339 taga ziyodaligini hisobga olib, Imom ibn Mojani oltinchi oʻringa qoʻygan. Keyingi baʼzi ulamolar ham shunga ergashgan. Lekin Shayx Salohiddin Aʼloiy: “Imom Dorimiyning “Musnad”ini Ibn Moja “Sunani” oʻrniga qoʻyilsa, eng maʼqul ish boʻlur edi”, aytadi. Shayx Abulhaq Dehlaviy (1551-1642) shu fikrni hujjat bilan isbotlab: “Baʼzi ulamolar fikr yuritib, Imom Dorimiyning “Sunani” oltinchi sahih kitob boʻlishi afzalroqdir. Chunki bundagi rivoyatlar sanadida zaif kishilar ozligi, inkor qilingan soʻzlar kamyobligi, sanadlarning yuqoriligi va hatto sulosiy (sanadi uch roviyli) hadislari Imom Buxoriyning “Sahih”idagilardan koʻproq ekanini aytishadi”, deb taʼkidlaydi.

Imom Dorimiyning “Musnadi” musulmon kishining shaxsiy va ijtimoiy hayotida uchraydigan deyarli barcha holat (masala)larni oʻz ichiga olgan keng qamrovli asardir. Kitob fiqhiy boblarga boʻlib yozilgani, turli (marfuʼ, mavquf, maqtuʼ) hadislar mavjudligini eʼtiborga olib, uni “Sunan” deb atash tarafdori boʻlgan ulamolar koʻpchilikni tashkil etadi. Shunday boʻlsa-da, asarga berilgan barcha nomlar haqli ravishda uning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib qoʻyilganini taʼkidlash kerak.

Imom Dorimiyning “Sunan”ida Qurʼoni karimning 51 surasidagi baʼzi oyatlar hadislar orqali sharhlangani allomaning yetuk mufassir ham boʻlganidan dalolat beradi.

“Sunani Dorimiy” ikki jilddan iborat boʻlib, birinchisida arablarning islomdan avvalgi baʼzi odatlari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlari, hadislarning yozilish davri va ilm fazilati haqida soʻz yuritilgan muqaddima, keyin ibodat, tahorat, namoz, zakot kitoblari keltirilgan. Ikkinchi jildi roʻza, ibodat, qurbonlik, ov, yeguliklar, ichimliklar, tushlar, nikoh, taloq, jazolar, vaʼdalar va qasamlar, xun, jihod, savdo, izn soʻrash, nozik masalalar, meros huquqi, vasiyatlar, Qurʼon fazilatlari haqidagi kitoblarga boʻlingan.

Imom Dorimiyning “Sunani” boblariga nom berish, bahs-munozarali hadislar boʻyicha izoh yozish va oʻz fikrlarini qayd etish usuli, shuningdek, boshqa sahih toʻplamlarda uchramaydigan hadislar rivoyat qilingani, roviylar silsilasining qisqaligi bilan alohida ajralib turadi. Yana bir eʼtiborga molik jihati, unda oʻn beshga yaqin sulosiy hadis mavjudligidir.

“Sunani Dorimiy” asari 3558 hadisni oʻz ichiga olgan boʻlib, jami 23 kitob, 1374 bobdan[2] tashkil topgan. Shundan oʻn beshtasining roviylar silsilasi uch sanadlidir. Uch roviy qatnashgan hadislar “sulosiyot” deb ataladi.

“Sulosiyoti Dorimiy”ning qoʻlyozma nusxalari:

  • Madina shahridagi Orif Hikmat kutubxona fondida 44 raqam ostida saqlanadi. Oʻlchami 14×23 sm boʻlib, 62 sahifadan iborat. Bu nusxaga Imom Buxoriy (22 ta), Imom Termiziy (1 ta), Abdulhamid Keshiy (51 ta), Imom Ibn Moja (5 ta) va Imom Dorimiyning (15 ta) sulosiyotlari kiritilgan.

Keyingi davrda allomaning “Sunan”ida keltirilgan uch sanadli hadislar alohida olinib, Buxoriy, Termiziy, Keshiy, Ibn Moja, Tabaroniy kabi muhaddislarning “Sulosiyot”lari bilan birga Afif Muhammad ibn Nuriddin Iyjiy tomonidan toʻplangan. Ushbu qoʻlyozma asosida 1405/1985 yil 1 ramazon / 20 mayda Ali Rizo Abdulloh va Ahmad Barza tomonidan tahqiq qilingan[3].

  • Yaman kutubxonasida 1251 raqam ostida saqlanayotgan “Majmua” tarkibiga Imom Dorimiy (4b-6b varaqlar, 14 ta[4]), Imom Buxoriy (12a-15b varaqlar, 22 ta), Abd ibn Humayd Keshiy (16a-23b varaqlar, 51 ta), Ahmad ibn Hanbal (24a-52a varaqlar, 214 ta) sulosiyotlari kiritilgan. “Majmua” 52 varaq boʻlib, har bir sahifasi 19 satrdan iborat. Matnda muallif nomlari, “axbarano”, “haddasano” kabi soʻzlar qizil siyohda berilgan. Koʻchirilgan yili va xattoti koʻrsatilmagan.
  • Zohiriya kutubxonasida 3787 raqam ostida saqlanayotgan “Majmua” tarkibiga Imom Dorimiy (20b-27a varaq) “Sulosiyoti” ham kiritilgan.
  • Turkiyaning Nuri Usmoniya kutubxonasida 750 raqam ostida saqlanayotgan “Majmua” tarkibiga Imom Buxoriy (1b-7a varaqlar, 22 ta), Imom Termiziy (7a-8b varaqlar, 1 ta), Imom Dorimiy (8b-11a varaqlar, 15 ta), Imom ibn Moja (11b-12b varaqlar, 5 ta), Abd ibn Humayd Keshiy (16a-23b varaqlar, 51 ta) sulosiyotlari kiritilgan. Shuningdek, “Shamoili nabaviya (Imom Termiziy)”, “Arbaʼin hadis Imom Navaviy”, “Shamoili nabaviya (Nuri Iyjiy)”, “Mavludi sharif” asarlari ham oʻrin olgan.

“Majmua” 220 varaqdan iborat boʻlib, har bir sahifasi 15 satrdan iborat. Matnda qora siyohdan tashqari, tillo rang ham ishlatilgan. Qoʻlyozmaning boshi va baʼzi sarvaraqlari chiroyli naqshlar bilan bezatilgan. Xattoti va koʻchirilgan yili nomaʼlum. Qoʻlyozmaning boshida 1099/1688 yil sanasi koʻrsatilgan boʻlsa-da, bu aynan ana oʻsha yili koʻchirilgan degan xulosani bermaydi.

Imom Dorimiyning “Sulosiyot” hadislaridan 7 tasi – Yazid ibn Horundan rivoyat qilingan. Shundan Yazid ibn Horun → Humayd → Anas ibn Molikdan 6 ta, Yazid ibn Horun → Osimdan → Abdulloh ibn Sarjisdan 1 ta hadis keltirilgan.

Abu Osimdan 4 ta hadis rivoyat qilingan. Shundan Abu Osim → Yazid ibn Abu Ubayd → Salama ibn Akvaʼdan 1 ta, Abu Osim, Muammal va Abu Nuʼaym → Ayman ibn Nobil →Qudoma ibn Abdulloh ibn Ammor Kilobiydan 1 ta, Abu Osim → Usmon ibn Saʼd → Anas ibn Molikdan 1 ta, Abu Osim → Abdulloh ibn Ubayd → Anasdan 1 ta hadis;

Jaʼfar ibn Avndan 2 ta hadis rivoyat qilingan. Shundan Jaʼfar ibn Avn → Yahyo ibn Said → Anasdan 1 ta; Jaʼfar ibn Avn → Ismoil ibn Abu Xolid → Ibn Abu Avfodan 1 ta;

Abu Nuʼaym → Musʼab ibn Sulaym → Anas ibn Molikdan 1 ta;

Abu Mugʻiyra → Safvon → Ayfaʼ ibn Abdulkaloiydan 1 ta hadis sanadlari bilan rivoyat qilingan.

 Kelgusida “Sulosiyoti Dorimiy” asarini tarjima qilishda asarning yuqorida keltirilgan uchta qoʻlyozma nusxasi va tahqiqlardan foydalanilsa maqsadga muvofiq boʻladi.

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot. 1-juzʼ. –T.: Sharq, 2008.
[2] Imom Dorimiy. Sunani Dorimiy. // Tahqiqchilar: Favoz Ahmad Zumariy va Xolid Sabʼa Aʼlamiy. II jild. – Karachi: Orombogʻ qadimiy kutubxonasi, 1407/1987.
[3] Tahqiqchilar Orif Hikmat kutubxona fondida 311 raqamda saqlanayotgan qoʻlyozmadagi (oʻlchami 13×18 sm dan iborat, Abulqosim Sulaymon ibn Ahmad) Tabaroniy (3 ta) sulosiyotini ham kiritgan.
[4] Shu qoʻlyozmada Imom Dorimiyga tegishli 19 ta sulosiyot keltirilgan. Ammo 14 ta hadis Imom Dorimiyga va 5 ta hadis Imom Mojaga tegishlidir.
Mehrojiddin AMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori PhD

Check Also

OʻSMIR XULQ-ATVORI VA UNING IJTIMOIY-MAʼNAVIY HAYOT BILAN BOGʻLIQ DETERMINANTLARINI OʻRGANISH

Oʻsmir xulq atvori tushunchasini tahlil etish, uning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlarini  oʻrganish muhim masala hisoblanadi. Xulq-atvor, yaʼni …