Home / MAQOLALAR / USTOZNING SHOGIRDIGA DЕGANLARI

USTOZNING SHOGIRDIGA DЕGANLARI

Toʻrtinchi dars. Ota-onaning haqlari

Ey oʻgʻlim! Qanchalik ota-onang xizmatida boʻlib mashaqqat cheksang-da, ularning senda haqlari juda koʻpligini doim yodingda tut.

﴿فَلَا تَقُلْ لَهُمَا أُفٍّ وَلَا تَنْهَرْهُمَا وَقُلْ لَهُمَا قَوْلًا كَرِيمًا﴾ ﴿وَاخْفِضْ لَهُمَا جَنَاحَ الذُّلِّ مِنَ الرَّحْمَةِ وَقُلْ رَبِّ ارْحَمْهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرًا﴾

(Ey inson!) Agar ularning biri yoki ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf!..” dema va ularni jerkima! Ularga, mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut va (duoda) ayt: “Ey Rabbim! Meni (ular) goʻdaklik chogʻimda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!”[1]

Ey oʻgʻlim! Goʻdaklik chogʻingni tasavvur qilib koʻr. Ota-onang senga mehr-shafqat koʻrsatdi. Ular kechayu kunduz sogʻligʻing, yemoq-ichmogʻing uchun qaygʻurib, doim eʼtiborda tutdi. Shunday qilib, ulgʻayguningcha seni tarbiya qilishda ular qanchalik sabr-bardoshli boʻlganini yaxshi bilib olgin.

Ey oʻgʻlim! Alloh taolo senga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatgan ushbu damlarda otangning soyasida yuribsan. Zero u kuchi yetgunicha sening taʼminotingni berib turibdi, bisotidagi biron narsani sendan qizgʻangani yoʻq. Ota-onang boʻlmaganida sen bu yerda, yaʼni talabalar orasida boʻlmasding.

Ey oʻgʻlim! Har bir inson qadri baland, obroʻli, Allohning va odamlarning oldida suyukli boʻlishni xush koʻradi. Maqomi barchadan yuksak boʻlishini orzu qiladi. Faqat otagina, oʻzidan koʻra farzandining oʻrni balandroq, yuksakroq va obroʻli boʻlishini xohlaydi. Modomiki shunday ekan, oʻzidan seni oldinga qoʻyadigan va senga koʻproq narsa tilaydigan kishiga muomalang qanday boʻlishi kerak?!

Ey oʻgʻlim! Ota-onangga achchiq qilishdan oʻta ehtiyot boʻl. Zero, Allohning gʻazabi ota-onaning gʻazabidandir. Alloh kimga gʻazab qilsa, oʻsha banda dunyo va oxiratda ziyon koʻribdi.

Ey oʻgʻlim! Ota-onangga itoat qil. Biron ishda ularga qarshi borma. Faqat Rabbingning maʼsiyatidagina ularga itoat qilish yoʻq. Chunki hadisda: “Xoliqqa maʼsiyat qilishda maxluqqa itoat qilish yoʻq”[2], deyilgan. Alloh taolo:

﴿وَوَصَّيْنَا الْإِنْسَانَ بِوَالِدَيْهِ حَمَلَتْهُ أُمُّهُ وَهْنًا عَلَى وَهْنٍ وَفِصَالُهُ فِي عَامَيْنِ أَنِ اشْكُرْ لِي وَلِوَالِدَيْكَ إِلَيَّ الْمَصِيرُ﴾﴿وَإِنْ جَاهَدَاكَ عَلى أَنْ تُشْرِكَ بِي مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ فَلَا تُطِعْهُمَا وَصَاحِبْهُمَا فِي الدُّنْيَا مَعْرُوفًا وَاتَّبِعْ سَبِيلَ مَنْ أَنَابَ إِلَيَّ ثُمَّ إِلَيَّ مَرْجِعُكُمْ فَأُنَبِّئُكُمْ بِمَا كُنْتُمْ تَعْمَلُونَ﴾

“Biz insonga ota-onasini (rozi  qilishni) buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) koʻtarib yurdi. Uni (koʻkrakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (bitar)(Biz insonga  buyurdikki) Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Qaytish Mening huzurimgadir. Agar ular seni oʻzing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zoʻrlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir boʻlsalar-da,) dunyoda yaxshi muomalada boʻlgin va oʻzing Menga tavba qilgan kishilarning yoʻliga ergashgin! Soʻngra (yaʼni, qiyomat kunida) qaytish Mening huzurimgadir, bas, sizlarga (oʻshanda) qilib oʻtgan amallaringizning xabarini berurman”[3], degan.

 Ey oʻgʻlim! Seni hammadan yaxshi koʻruvchi inson­­ – bu sening tarbiyang bilan yoshligingdan shugʻullangan otangdir. U seni oʻqitish uchun toʻgʻri yoʻlga soldi. Natijada sen manfaatli ilmlar tolibiga aylanding. Uning nasihatlarini jon qulogʻing bilan tingla! U sen uchun foydali va zararli narsalarni sendan koʻra yaxshiroq bilguvchiroqdir. Allohning Oʻzi seni toʻgʻri va manfaatli yoʻlga boshlasin!

[1] Isro surasi, 33-oyat.
[2] Imom Ahmad rivoyati
[3] Luqmon surasi, 14-15-oyatlar.
Husan MIRZOAHMADOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …