Home / FOTO LAVHALAR / AJDODLAR MЕROSIDAN AVLODLAR BAHRA OLSIN

AJDODLAR MЕROSIDAN AVLODLAR BAHRA OLSIN

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga ayni kunlarda mamlakatimiz boʻylab safar qilayotgan Amerika Qoʻshma Shtatlari, Singapur, Turkiya, Malayziya, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Braziliya, Niderlandiya, Misr Arab Respublikasining islom ilmlari boʻyicha 20 dan ortiq olimlaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.

Ispaniyadagi Kordoba akademiyasi asoschisi Shayx Muhammad Daniyel rahbarlik qilayotgan delegatsiyani Markaz direktori oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Otabek Muhammadiyev kutib oldi.

Kordoba klassik islom fanlari akademiyasi islom ilmlarini oʻrgatish boʻyicha dunyodagi nufuzli markaz boʻlib, ilmni isnod orqali meros qilib olishning anʼanaviy usullarini zamonaviy texnologiya va oʻqitish uslublari bilan uygʻunlashtirgan. Notijorat tashkilot sifatida faoliyat yuritadigan akademiyaning oʻquv dasturi Imom Buxoriy, Ibn Hajar Asqaloniy, Imom Suyutiy qalamiga mansub durdona asarlar matnlariga asoslangan.

Mehmonlar dastlab muzey faoliyati bilan tanishdi. Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy izlanishlari haqida hikoya qiluvchi suratlar, noyob tarixiy eksponatlar va ilmiy manbalar ularda katta qiziqish uygʻotdi.

Tashrif doirasida Markaz va Kordoba akademiyasi bilan hamkorlikda “Movarounnahr muhaddislarining hadis ilmi taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Delegatsiya aʼzolari va Markaz ilmiy xodimlari ishtirok etgan tadbirda akademiya rahbari Shayx Muhammad Daniyel hamda taniqli hadisshunos olim Abdulvohid Malikning mavzu yuzasidan fikrlari tinglandi. Buyuk ajdodimiz, muhaddislar sultoni – Imom Buxoriy hazratlari qalamiga mansub shoh asar – “Sahihi Buxoriy”dan hadislar oʻqilib, sharhlandi.

Taʼkidlanganidek, hadis ilmi vujudga kelgan davrdan boshlab muhaddislar ilm talabida oʻzga yurtlarga safar qila boshlagani Movarounnahrda bu ilmning taraqqiy etishida asosiy omil boʻlib xizmat qilgan. Ilk hadis maktablari yaratilib, hadisshunoslikni rivojlantirishga hissa qoʻshgan oʻnlab muhaddis allomalar yashab oʻtgan. Ular yaratgan maktab Abdulhamid Keshiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Abu Hafs Nasafiy kabi ulugʻ muhaddislarni yetishtirib dunyoga mashhur qildi.

Xorijlik olimlar bu buyuk muhaddis allomalar har birining ilmiy merosini oʻrganish boʻyicha Markaz tadqiqotchilari olib borayotgan faoliyatga yuqori baho berdi va ajdodlar qoldirgan boy maʼnaviy xazinadan kelgusi avlodni bahramand etishdagi yuksak ahamiyatini eʼtirof etdi.

Tadbirda mehmonlar Markaz jamoasiga samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor qilib, yurtimiz boʻylab safaridan olgan ulkan taassurotlari oʻlaroq, diyorimizning ziyorat turizmi salohiyatini keng targʻib etishga bosh qoʻshishini bildirdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

«OʻRTA OSIYO QOʻLYOZMALARI KODIKOLOGIYASI ELEMENTLARI»

 1-2-may, 2024-yil soat 10:00 da 📍 Oʻtkazish joyi: Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot …