Home / MAQOLALAR / USTOZNING SHOGIRDIGA DЕGANLARI

USTOZNING SHOGIRDIGA DЕGANLARI

Uchinchi dars. Alloh taolo va Rasulining haqlari.

Ey oʻgʻlim! Alloh taolo seni yaratdi, paydo qildi. Oʻzining zohiriy va botiniy[1] neʼmatlarini senga mukammal qilib berdi. Avvalida sen onang qornida nutfa eding. Unda sen Rabbingning hifzida boʻlib, Uning rahmati ila tugʻilding va komil insonga aylanding. U senga soʻzlovchi til, koʻruvchi koʻz, eshituvchi quloq, foyda va zararni tushunadigan aql berdi.

 ﴿وَاللَّهُ أَخْرَجَكُمْ مِنْ بُطُونِ أُمَّهَاتِكُمْ لَا تَعْلَمُونَ شَيْئًا وَجَعَلَ لَكُمُ السَّمْعَ وَالْأَبْصَارَ وَالْأَفْئِدَةَ لَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ﴾  

“Alloh sizlarni onalaringiz qorinlaridan biror narsani bilmaydigan holingizda chiqardi va shukr qilishingiz uchun sizlarga quloq, koʻzlar va qalblarni berdi”[2]. Oʻz fazli va ehsoni bilan bu neʼmatlarni bergan Zot sendan gʻazablangudek boʻlsa, ularni qaytarib tortib olishga qodir emasmi?!

Ey oʻgʻlim! Zimmangdagi ilk vazifang Xoliqingni komil sifatlari bilan tanishing, Uning buyruqlariga boʻyinsunib, qaytariqlarini unutmasdan, itoatli boʻlishda kuchli intilishingdir. Sen uchun oʻzing tanlaganing emas balki Alloh taolo ixtiyor etgan ish yaxshi ekaniga qatʼiy ishonishing lozim. Behuda ishlar yoki qaysidir insonning itoatida boʻlish seni Rabbingga ibodat va itoat qilishdan toʻsib qoʻymasin.

Ey oʻgʻlim! Alloh taolo bandalariga mehribonlik qilib rasullarni yubordi. Ular insonlarga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatuvchi hamda diniy va dunyoviy ishlarni toʻgʻirlashda yoʻlboshchi edilar. Ularning eng oxirgisi Muhammad ibn Abdulloh ibn Abdulmuttalib sollallohu alayhi va sallamdir. Seni yaratgan Alloh taologa itoat qilish bilan birga, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ham itoat qilishing farz boʻladi.

 ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ وَأُولِي الْأَمْرِ مِنْكُمْ﴾ 

“Ey, imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Paygʻambarga va oʻzlaringizdan (boʻlmish) boshliqlarga itoat etingiz!”[3].

 ﴿وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ يُدْخِلْهُ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ وَمَنْ يَتَوَلَّ يُعَذِّبْهُ عَذَابًا أَلِيمًا﴾

“Kimki Alloh va uning paygʻambariga itoat etsa, (U) uni ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bogʻlarga kiritur. Kimki yuz oʻgirib ketsa, uni alamli azob bilan azoblagay”[4].

Ey oʻgʻlim! Rasululloh sollallohu alayhi va sallam behuda soʻz soʻzlamas, har bir buyruq va qaytariqlari ilohiy vahiyga suyangan edi. U kishiga itoat qilish Alloh taologa itoat qilish demak.

﴿قُلْ إِنْ كُنْتُمْ تُحِبُّونَ اللَّهَ فَاتَّبِعُونِي يُحْبِبْكُمُ اللَّهُ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ وَاللَّهُ غَفُورٌ رَحِيمٌ﴾

“Ayting (ey Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni magʻfirat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir”[5].

Ey oʻgʻlim! Bandaning imoni to Alloh va Uning Rasuli unga boshqasidan koʻra mahbubroq boʻlmasa komil boʻlmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Hech biringiz, men unga otasidan ham, farzandidan ham, barcha insonlardan ham mahbubroq boʻlmagunimcha komil moʻmin boʻlolmaydi” [6], dedilar.

[1] Koʻzga koʻrinadigan va koʻrinmaydigan neʼmatlar
[2] Nahl surasi, 78-oyat.
[3] Niso surasi, 59-oyat
[4] Fath surasi, 17-oyat
[5] Oli imron surasi, 31-oyat
[6] Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyat qilgan.
Husan MIRZOAHMADOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” …