Home / Imom Buxoriy hadislari / ZAIF VA MISKINLAR MARTABASI

ZAIF VA MISKINLAR MARTABASI

Har bir inson oʻz hayoti davomida zaif va kuchli, sogʻlom va bemor, boy va kambagʻal, yoshlik va keksalik singari holatlarni boshdan oʻtkazadi. Ammo inson bularning birortasida doimiy emas. Bu Alloh taoloning oliy hikmati boʻlib, hayotda har bir holat oʻz ziddi bilan aks etadi. Musulmon kishi ana shu ilohiy muvozanatni saqlagan holda umr kechirishi maqsadga muvofiqdir. Shunday ekan, Islom dini insonga neʼmat berilsa, shukr qilishga, zaiflik yetganda sabrli boʻlishga undaydi. Musulmon kishi bu voqelikni yaxshi anglay bilishi kerak. Yaʼni kuchli zaifga kibr qilmasligi, sogʻlom bemorning koʻnglini ogʻritmasligi, boy kambagʻalga magʻrurlanmasligi, yoshlar keksalarni  hurmat qilishi lozim. Hamma vaqt kamtarlik savob olish va goʻzal insoniy fazilatlarni egallashga sabab boʻladi. Hatto kamtar inson har qanday holatda ham sinovga duchor boʻlgan kishining oʻrniga oʻzini qoʻyib koʻra oladi.

Alloh taolo aytadi: “Siz oʻzingizni erta-yu kech Parvardigorlarining “yuzi”ni istab, U zotga duo-iltijo qiladigan zotlar bilan birga tuting! Koʻzlaringiz hayoti dunyo ziynatlarini koʻzlab, ulardan oʻtib (oʻzga ahli dunyolarga boqmasin)!”[1].

Oyatda oʻzi kambagʻal, zaif boʻlsa-da, yaxshilik yoʻlida yuradigan  insonlar bilan birga boʻlishni, mol-dunyo ziynatlariga berilib, Allohni esdan chiqargan kimsalardan yiroqda boʻlish nazarda tutilmoqda.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham nochor-zaif insonlarga jannatni bashorat berib, ular Allohga yaqin zotlar ekanini taʼkidlaganlar. Shuningdek, jannat zaif insonlarning oʻrni boʻlsa, doʻzax esa qoʻpol va kibrli odamlarning oʻrni ekanligi haqida xabar berganlar.

Horisa ibn Vahb Xuzoʼiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Sizlarga ahli jannat kimlar ekanligini aytaymi? Ular har bir zaif va odamlar nazariga ilmaydigan bechorahol kishilardir. Agar bu zaif kishi Allohni oʻrtaga qoʻyib qasam ichsa, qasamining ustidan chiqadi. Ogoh boʻlinglar! Sizlarga ahli doʻzax kimlar ekanini aytaymi? Ular qoʻpol, dagʻal, gerdayib yuruvchi mutakabbirlardir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, jamiyatdagi shukr qiluvchi zaif va bechorahol kishi baʼzi noshukr insonlar nazdida qadri baland boʻlmagan shaxs sifatida koʻrinsa-da, ammo Allohning huzurida ulugʻ sanalar ekan. Shuning uchun ularga past nazar bilan qaragan mutakabbir shaxslar oxiratda qattiq pushaymon boʻladi.  

Sahl ibn Saʼd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan bir kishi oʻtib qoldi. Huzurlarida ham bir kishi oʻtirgan edi. “U haqda fikring qanday?”, dedilar. U: “Bu kishi odamlarning ulugʻlaridan. Allohga qasamki, u sovchi qoʻysa, qiz berishga, shafoatchilik qilsa, shafoati qabul boʻlishiga loyiq odam”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sukut qildilar. Keyin yana bir kishi oʻtdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana unga: “U haqda fikring qanday?”, dedilar. U: “Ey Allohning Rasuli, bu kishi musulmonlarning faqirlaridan. Sovchi qoʻysa, qiz bermaslikka, shafoatchilik qilsa, shafoati qabul boʻlmasligiga, soʻzlasa, soʻziga quloq solmaslikka loyiq”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mana shu (kishi) yer yuzi toʻla anavinga oʻxshaganlardan yaxshi”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu oʻlchov xuddi hozirgi kunimizdagidek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida boy va kambagʻal insonlarga nisbatan dunyoga hirs qoʻygan kishilar tomonidan beriladigan baho edi. Demak, inson Allohdan qoʻrqishi va solih amali bilan ibrat boʻlishi kerak. Musulmon kishi zaiflarga nisbatan kibrga sabab boʻladigan nasab, sharaf va mol-dunyo bilan faxrlanmaydi.

Abu Saʼid Xudriy roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Jannat bilan doʻzax bahslashib qoldi.  Doʻzax: “Menda  zolim va mutakabbir odamlar bor”, dedi. Jannat: “Menda zaif va miskinlar kishilar bor”, dedi. Soʻng Alloh taolo ikkovining oʻrtasida hukm chiqardi: “Sen jannat, Mening rahmatimsan, sen bilan Oʻzim istaganlarga  rahm-shafqat qilaman. Sen doʻzax, Mening azobimsan, senda Oʻzim istaganlarni azoblayman. Qasamki, ikkalangni ham toʻldirish Mening zimmamdadir” (Imom Muslim rivoyati).

Bu hadisi qudsiyda Alloh taolo iroda qilgan narsalaridan jannat va doʻzaxga tegishli irodasini va ularning har biri oʻzlari toʻldiradigan toifalarning xabarini bermoqda.  

Usoma ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Jannat eshigining oldida turdim. Unga kirganlarning koʻpchiligi miskinlar boʻldi. Mol-dunyo egalari esa ushlab turilibdi. (Ulardan) doʻzax ahli boʻlganlari allaqachon doʻzaxga kirishi buyurilgan edi. Doʻzax eshigining oldida ham turdim. Qarasam, unga kirganlarning koʻpchiligi ayollar ekan” (Muttafaqun alayh).

Bu hadislarning eʼtiborli jihati shundaki, ularda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam zaif va miskin kishilarning martabasini koʻrsatib berganlar. Ularga baho berishda shu jihatlarga qarab xulosa qilinadi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning soʻzlari jamiyatdagi holiga shukr qiluvchi zaif va miskinlarning shaʼnini muhofaza qilish uchun asos boʻladi.

[1] Kahf surasi, 28-oyat.

Otabek BAXRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …