Home / MAQOLALAR / TAFSIR, HADIS, FIQH ILMIGA OID QOʻLYOZMALAR (CHЕSTЕR BITTI KUTUBXONASI)

TAFSIR, HADIS, FIQH ILMIGA OID QOʻLYOZMALAR (CHЕSTЕR BITTI KUTUBXONASI)

Irlandiya poytaxti Dublin shahridagi Alfred Chester Bitti (1875-1968) kutubxonasida saqlanayotgan tafsir, hadis, fiqh ilmiga oid asarlarning qoʻlyozma nusxalari oʻtmishdan darak beruvchi nodir manbalar sanaladi.

Chester Bitti kutubxonasi – Dublin qalʼasida, Dame Strit va Kristchurch soboriga yaqin hududda joylashgan boʻlib, kutubxona va muzeyga kirish bepul.

Chester Bitti kutubxonasidagi qoʻlyozmalar VIII asrdan to XX asrning boshlarigacha boʻlgan davrga oiddir. Mazkur kutubxonada 5500 ga yaqin qoʻlyozma kitoblar mavjud. Ularning 2650 ga yaqini arab qoʻlyozmalaridan iborat boʻlib, aksariyati tarix, din, huquqshunoslik, astronomiya va tibbiyotga bagʻishlangan. Qadimiy qoʻlyozmalardan 1001 yilda taniqli xattot Ibn al-Bavvob tomonidan Bagʻdodda koʻchirilgan Qurʼoni karim nusxasi mavjud. Bundan tashqari, Boburiylar sulolasi vakillaridan Akbarshoh, Jahongir va Shoh Jahon hukmronligi davriga oid qoʻlyozmalar va rasmlarning yirik toʻplami, 300 dan ortiq fors qoʻlyozmalari, temuriy hukmdor Boysungʻur uchun yozilgan “Saʼdiy Guliston” asari nusxasi mavjud. Turkiy qoʻlyozmalar 160 ga yaqin boʻlib, eng kichik guruhni tashkil etadi va usmonli turk hamda chigʻatoy tilidagi qoʻlyozmalardan iborat.

Islom tarixi va sanʼati sohasida V.Minorskiy va A.Arberi tomonidan tuzilgan turk va fors qoʻlyozmalari kataloglari mavjud. Tomas Arnold esa toʻplamning hind qoʻlyozmalari katalogini yaratgan.

Qurʼoni karim qoʻlyozma nusxalari haqida A.Arberining Chester Bitti kutubxonasida saqlanadigan roʻyxati asosida tanishib chiqish mumkin[1]. Toʻplam raqamlashtirilmagan, ammo tadqiqotchilar oʻqish zalidagi asl nusxalarni koʻrishi mumkin.

Mazkur qoʻlyozmalar fondida[2] “Sahihul Buxoriy” asarining turli davrlarda koʻchirilgan quyidagi 17 ta nusxasi saqlanadi:

4996-raqam ostida saqlanayotgan “Sahihul Buxoriy” asari 122 betdan iborat, oʻlchami 26,8×18,4 sm., XIII asrda nasʼh xatida koʻchirilgan;

3080 – Sahihul Buxoriy. 75 bet, oʻlchami 26×18,3 sm., XIII asrda koʻchirilgan;

3771 – Sahihul Buxoriy. 264 bet, oʻlchami 20,5×14,7 sm., xattot Ismoil bin Muhammad bin Bardis bin Nasr bin Bardis bin Raslan Baoliy (vaf. 785-786/1383-1384) 778/1378 yilda koʻchirgan;

4720 – Sahihul Buxoriy. 278 bet, oʻlchami 26,8×18,4 sm., xattot Muhammad bin Abdulloh bin Yahyo bin Abdul Valiy Tanuhiy Hanbaliy 785/1383 yilda koʻchirgan;

4061 – Sahihul Buxoriy. 76 bet, oʻlchami 27,2×18,4 sm., XIV asrda koʻchirilgan;

4180 – Sahihul Buxoriy. 131 bet, oʻlchami 24×18,6 sm., XIV asrda koʻchirilgan;

4185 – Sahihul Buxoriy. 224 bet, oʻlchami 27×17,8 sm., XIV asrda koʻchirilgan;

4186 – Sahihul Buxoriy. 106 bet, oʻlchami 26,8×18,5 sm., XIV asrda koʻchirilgan;

3177 – Sahihul Buxoriy. 242 bet, oʻlchami 27,9×18,8 sm., xattot Hasan bin Toyyib bin Yusuf bin Toyyib Iroqiy 840/1437 yilda koʻchirgan;

4197 – Sahihul Buxoriy. 242 bet, oʻlchami 28,2×19 sm., xattot Hasan bin Toyyib bin Yusuf bin Toyyib Iroqiy 840/1437 yilda koʻchirgan;

4060 – Sahihul Buxoriy. 135 bet, oʻlchami 20×13,7 sm., 861/1457 yilda koʻchirilgan;

4235 – Sahihul Buxoriy. 277 bet, oʻlchami 25,5×16,5 sm., xattot Abdurahmon Nasih Tarabulusiy Hanafiy 876/1471 yilda koʻchirgan;

4236 – Sahihul Buxoriy. 228 bet, oʻlchami 27×17,5 sm., xattot Abu Bakr bin Ahmad bin Daas 905/1499 yilda koʻchirgan;

4718 – Sahihul Buxoriy. 110 bet, oʻlchami 27,3×20,8 sm., xattot Muhammad bin Muhammad bin Muhammad Ansoriy koʻchirgan;

4198 – Sahihul Buxoriy. 200 bet, 26,5×18 sm., XV asrda koʻchirilgan;

4243 – Sahihul Buxoriy. 347 bet, oʻlchami 30,5×20,5 sm., XV asrda koʻchirilgan;

3375 – Sahihul Buxoriy. 200 bet, oʻlchami 26,1×17,9 sm., xattot Shahobiddin Ahmad bin Mahmud Bayluniy koʻchirgan;

Shuningdek, “Sahihi Muslim” asarining toʻrtta nusxasi mavjud.

  1. inv № 5193 (213 bet, oʻlchami 26,7×19 sm., xattot Abdujalil bin Abdurahmon Minhojiy (836/1433) tomonidan 853/1449 yilda koʻchirilgan);
  2. 3384 (240 bet, oʻlchami 25,3×18 sm., xattot Muhammad bin Ibrohim bin Abulqosim Maydumiy tomonidan 678/1279 yilda koʻchirilgan);
  3. 4211 (240 bet, oʻlchami 17,8×13,8 sm., 523/1454 yilda koʻchirilgan);
  4. 4248 (480 bet, oʻlchami 29,2×18,6 sm., xattot Ahmad bin Abu Bakr bin Muhammad Kotib tomonidan 863/1459 yilda koʻchirilgan) raqam ostida saqlanmoqda.

Mazkur kutubxonada tafsir, hadis va fiqh ilmiga oid yana bir qator asarlar ham saqlanayotgani diqqatga sazovor. Jumladan, “Muntahab min sahihul Buxoriy” (inv №4644/II), “Muxtasari sahihul Buxoriy” (inv №5042), “Sharhi jomeʼ us-sagʻir” (inv № 5203) kabi bir qator nodir asarlar mavjud.

Burhoniddin Margʻinoniy (1123-1197) “Hidoya” asarining mazkur kutubxonadagi nisbatan qadimiyroq hisoblangan qoʻlyozmaning 658/1260 yilda xattot Ali bin Muhammad bin Ali Gʻijduvoniy tomonidan koʻchirilgan (312 betdan, oʻlchami 29,8×15,3 sm. boʻlib, 3633-raqam ostida) nusxasi saqlanmoqda.

5346-raqam ostida Abul Qosim Mahmud ibn Umar Zamaxshariy (1075-1144) tomonidan yozilgan “Al-Kashshof” asarining xattot Umar ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Mahmud tomonidan 861/1457 yilda koʻchirilgan nusxasi saqlanadi.

Chester Bitti kutubxonasi fondida saqlanayotgan ushbu nodir asarlar movarounnahrlik allomalar ilmiy-maʼnaviy merosi boʻlib, ularni oʻrganish, tarjima qilish va tadqiq etish oʻz dolzarbligini yoʻqotmaydi.

Mehrojiddin AMONOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
[1] Arthur J. Arberry, The Koran Illuminated: A Handlist of the Korans in the Chester Beatty Library. – Dublin, 1967.
[2] Ushbu qoʻlyozmalar haqida batafsil qarang: Arthur J. Arberry, The chester Beatti Library, A Handlist of the Arabic Manuscripts. – Dublin, 1955-64.

Check Also

OYATLAR BILAN HUKM QILMAGANLARNI KOFIRGA CHIQARISH MASALASIDA ULAMOLARNING QARASHLARI

Islom dini insonlarni ilm, hamjihatlik va ahillikka chorlaydi. Ular orasida johillik, firqalanish va oʻzaro kelishmovchilik …