Home / MAQOLALAR / Rahmat va magʻfirat oyi

Rahmat va magʻfirat oyi

Ramazon oyi ham kirib keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga hijrat qilganlari (koʻchib oʻtganlari)dan ikki yil oʻtib, shaʼbon oyining 18-kuni Ramazon roʻzasi farz qilindi. Shundan buyon bu oyni dunyo musulmonlari katta xursandlik bilan kutib oladi. Jumladan, yurtimiz musulmonlari ham kunduzlari roʻza tutib, kechalari tarovih namozlarida qoim boʻlmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori yurtimiz musulmonlari uchun nur ustiga nur boʻldi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Qarordan koʻzlangan asosiy maqsad muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish, uning mazmun-mohiyatida mujassam boʻlgan odamiylik, inson shaʼnini ulugʻlash, yaxshilik va mehru saxovat kabi fazilatlarni namoyon etadigan, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlash, oila va mahallalarda, butun yurtimizda mehr-oqibat, oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish va xalqimizga mansub olijanob fazilatlarni, diniy-maʼrifiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulugʻlashdan iboratdir.

Ramazon oyining avvalgi oʻn kunida yer yuziga Allohning rahmati yogʻiladi. Ikkinchi oʻn kunida tavba qilgan bandalarning gunohlari magʻfirat qilinadi. Uchinchi oʻn kunida moʻmin-musulmonlar doʻzaxdan ozod etiladi. Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U avvali rahmat, oʻrtasi magʻfirat va oxiri doʻzaxdan ozod qilinadigan oydir”, dedilar”.

Ushbu uch fazilat Ramazon oyining ahamiyatli tomonlaridan biridir. Chunki, har bir moʻmin kishining buyuk orzusi avvalo Allohning rahmatiga erishish, keyin gunohlardan pok boʻlish va doʻzaxdan saqlangan holda jannatga kirishdir.

Albatta, Ramazon moʻminlar uchun Allohning rahmati va barakoti yogʻiladigan oydir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazonda rahmat eshiklari ochiladi”, deganlar.

Bu oyda moʻminlar qilgan barcha duo va ibodatlarida alohida huzur halovat, ruhiyatida esa taskin topish bilan birga, ulkan ajr-savobga ham ega boʻladi. Ramazonda roʻzador odamning oʻqigan namozi uchun ham, aytgan tasbehi uchun ham, hattoki uyqusi uchun ham ajr-savob beriladi.

Taʼkidlanganidek, Ramazon moʻmin-musulmonlar uchun magʻfirat – gunohlar kechiriladigan oydir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kimki Ramazon roʻzasini imon eʼtiqod ila Allohdan savob umid qilgan holda tutsa, uning oʻtgan gunohlari magʻfirat qilinadi”, dedilar”.

Shu bilan birga, Ramazon moʻmin-musulmonlar uchun “itqum minan niyron” (doʻzaxdan ozod boʻladigan) – qutuladigan oydir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazonda har kecha Allohning doʻzaxdan ozod qilinadigan bandalari bor”, deganlar.

Alloh taolo yurtimizda hukm surayotgan Ramazon shukuhini yanada ziyoda qilsin. Barcha moʻminlarga Ramazon oyining fazilatlaridan bahramand boʻlish baxtini ato etsin, ibodatlarini qabul aylab, duolarini ijobat qilsin. Amin!

Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …