Home / MAQOLALAR / ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF SILSILALARI (XV-XIX asrlar) davomi

ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF SILSILALARI (XV-XIX asrlar) davomi

V) Kubroviya.

Zarafshon vohasida ishqiya va naqshbandiya silsilalari qatorida kubroviya silsilasi ham yoyilgani manbalarda qayd etilgan. Najmiddin Kubro asos solgan mazkur tariqat, nafaqat Movarounnahr, balki, Xuroson, Eron, Hindiston keyinchalik boshqa oʻlkalarga ham kirib borgan.

Najmiddin Kubroning ustozi Shayx Ismoil Qasriy, uning ustozi Shayx Muhammad Kamil, uning ustozi Shayx Dovud ibn Mahmud, uning ustozi Abul Abbos Darvesh, uning ustozi Abulqosim Ramazon, uning ustozi Abu Yaʼqub, uning ustozi Abul Abbos, uning ustozi Yaʼqub, uning ustozi Abdulvohid, uning ustozi Kamil ibn Ziyod, uning ustozi Hasan Basriy[1] orqali Ali (k.v.)ga yetgan.

Najmiddin Kubrodan keyin Shayx Majididdin Bagʻdodiy, shayx Najmiddin Roziy, shayx Bahouddin Valad va shayx Sayfiddin Boxarziy kabi shogirdlari orqali kubroviya silsilasi yoyilgan.

Shayx Majdiddin Bagʻdodiydan Shayx Roziyiddinga, undan Shayx Jamoliddinga, undan Shayx Nuriddin Abdurahmonga, undan Alouddavla Simnoniyga, undan Sharafiddin Mahmud ibn Abdullohga, undan Sayid Mir Ali Hamadoniyga, undan Isʼhoq Xatloniyga, undan Amir Abdullohga, undan Muhammad Rashididdinga, undan Shoh Aliga, undan Hoji Muhammad Sufiga, undan Xoja Kamoliddin Husaynga, undan Shayx Mavlono Poyandaga, undan Amir Hasanga, undan Shayx Hasanga, undan Amir Hasan Soktarigiyga, undan Eshon Bahodurga, undan Imlo Buxoriyga kubroviya silsilasi yetib kelgan.

Mazkur silsilaning boshqa bir tarmogʻi Xoja Kamoliddin Husayn Xorazmiy orqali Samarqandga kelgan silsila, kubroviya-husayniya tarmogʻi shakllanib Yaʼqub Kashmiriy vositasida Ahmad Sirhindiyga yetadi va u orqali dunyo boʻylab naqshbandiya-mujaddidiya tarmogʻi orqali yoyiladi.

Xoja Kamoliddin Husayn Xorazmiy 923/1517 yilda Samarqandga koʻchib kelgach, 30 yil davomida[2] shu hududda faoliyat olib boradi.

Mir Sayid Avliyoi Maschohiyga berilgan ijozatnomada[3]: Imom Rabboniy (Shayx Ahmadi Sirhindiy), Muhammad Maʼsum Valiy, Mullo Xoja Valiy (Xoja Muhammad Siddiq), Mavlono Nafasi Hisoriydan, Sayid Amir Zakariyo Xoja Vojkatiy va Ashur Muhammad Taaddoni orqali naqshbandiya-mujaddidiya tarkibida kubroviya silsilasi yetib kelgan.

Buxorolik Toshpoʻlot Rahmatullayev taqdim etgan qoʻlyozma “Silsilai mashoyix”da[4] naqshbandiya, kubroviya, suhravardiya, chishtiya, yassaviya kabi tariqat silsilasi qayd etilgan nodir yozma yodgorlikdir.

Silsila Shoh Nosirmuhammad ibn Boqimuhammad ibn Shayx Xilvatiy Alikagiyga tegishli boʻlib, 1160/1747 yil 21 ramazon / 25 sentyabrda kotib Quvvat Muhammad ibn Qulmuhammad sufi Labi-i obiy tomonidan koʻchirilgan.

“Silsila mashoyix”da Najmiddin Kubrodan shayx Roziiddin Ali Lologa, undan Shayx Ahmad Jurjoniyga, undan Shayx Nuriddin Abdurahmon Isfaroyoniyga, undan Shayx Rukniddin Alouddavla Simnoniyga, undan Shayx Nuriddin Ali Tusiy va Shayx Sharafiddin Mahmud Mazdaqoniyga, ikkovidan Amir Sayid Ali Hamadoniyga, undan Shayx Xoja Isʼhoq Xatloniyga, undan Shayx Amir Abdulloh Bardushobodiyga, undan Shayx Rashididdin Bidovoziyga, undan Shayx Shohga, undan Qutbiddin Muhammad Sobirga, undan Shayx Abdulaʼloga, undan Shayx Abdulloh ibn Abdulaʼloga, undan Shayx Jonxoja Abulxoniyga, undan Shayx Mavlono Mazlum Muhammad Termiziyga, undan Shayx Mast Ali Manqishloqiyga, undan Shayx Avaz Muhammad Manqishloqiyga, undan Shayx Xilvat Muhammad Manqishloqiyga, undan Shayx Boqimuhammad Manqishloqiyga, undan Shayx Nosir Manqishloqiy orqali: Muhammad Moʻmin shayx Tevachi, Muhammad Rafi shayx, Rukniddin Qorakoʻliy kabi murshidlarga yetib kelgan.

Shayx Boqimuhammad Manqishloqiyning Shayx Muhammad Olim Manqishloqiy shogirdi orqali: Xoja Shayx Manqishloqiy, Boqimuhammad sufi, Shayx Fathulloh Manqishloqiy, Mulla Muhammad Rahim Tevachi, Mulla Ismatulloh Buxoriy (va u orqali Mulla Pirnazar Qabul Atoyi hamda Shoh Muzaffar Koʻlobiy)ga yetgan.

Shayx Boqimuhammad Manqishloqiydan keyin silsila: Shayx Rukniddin, Shayx Shoh Maxzum Manqishloqiy, Muhammad Qorakoʻliy, Shayx Rahmatulloh Ali, Shayx Shukur Sufi Ali, Shayx Nurmuhammad Ali, Shayx Muhammad Azim Manqishloqiy, Abdujabbor shayx Tevachi, Shayx Neʼmatulloh Alieli, Mavlono Niyoz Muhammad Tevachi, Shayx Muhammad Boqi Qorakoʻliy, Mulla Nafas Muhammad Tevachi, Shayx Hoji Xoja Manqishloqiy, Shayx Toshmuhammad Qulonchi, Shayx Ibodulloh Qorakoʻliy, Shayx Muhammad Amin Maniqshloqiy, Mulla Niyozmuhammad Yoychigiy, Shayx Xoja Nazar Alieli, Mulla Davlat Dehnaviy, Shayx Muhammad Arab xoja (va u orqali Erdona shayx, Muhammad Talab shayx Manqishloqiy, Shayx Muhammad Bahodir xoja, Shayx Muhammad Abdurahmon xoja, Shayx Muhammadbek xoja) kabi kubroviya tariqati namoyandalariga yetgani koʻrsatilgan.

Shayx Xilvat Muhammad Manqishloqiydan: Shayx Holmuhammad, Shayx Nadrmuhammad Qorakoʻliy, Shayx Koʻchak Sufi, Shayx Nazarmuhammad Manqishloqiy, Shayx Roʻzimuhammad, Shayx Ahmad Maxzumiy, Shayx Ibodulloh Qorakoʻliy, Shayx Muhammad Qosim Manqishloqiy, Shayx Huvlidod Alieli, Shayx Mulla Muhammad Amin Koʻz Koʻzluk Atoyi, Shayx Muhammad Amin Qumqishloqiy, Shayx Davlatmuhammad Manqishloqiy, Shayx Darvish Arab, Shayx Toshmuhammad, Shayx Boqi Qabul Atoyi, Shayx Qurbonmuhammad Manqishloqiy, Shayx Olmuhammad, Shayx Ahmad arab, Shayx Mulla Rahmonquli Tevachi, Shayx Muhammad Sharif Maxzumiy, Shayx Qulmuhammad, Shayx Avazkeldi Tevachi (u orqali Shayx Sayid Muhammad Yodgor Nosiriy va Shayx Mustafoquli Maxzum Tevachi)ga silsila yetgan.

Shayx Avaz Muhammad Manqishloqiydan keyin: Shayx Aliquli Alieli, Shayx Ali Abulxoniy, Shayx Yamgʻurchi Aliyeli, Shayx Tangriberdi, Shayx Qulmuhammad, Shayx Ortuq Muhammad kabi shogirdlari orqali silsila yoyilgan.

Shayx Mast Ali Manqishloqiydan: Mavlono Chalma Kaltakli, Tagriquli shayx Manqishloqiy, Shayx Valimuhammad Abulxoniy, Shayx Nazarmuhammad Abdol Makkiy, Yodgor shayx Qushchi, Shayx Avazmuhammad Qushchi, Shayx Nazarmuhammad Manqishloqiy, Shayx Nurmuhammad Abulxoniy, Shayx Aliquli Balqoniy, … Aliyeli, Shayx Husayn Qorakoʻliy, Yodgor shayx, … Alieli, Allohyor shayx Aliyelilar silsilani davom ettirgan.

Shayx Mavlono Mazlum Muhammad Termiziyning shogirdlari: Shayx Doʻst Ali Manqishloqiy, Shayx Abulbaqoiy, Shayx Mahmud Ablbaqoiy, Shayx Nurali Abulbaqoiy, Shayx Nurmuhammad Abulxoniy, Shayx Abdurahmon Manqishloqiy va Shayx Hatlmish Termiziy.

Shayx Jonxoja Abulxoniy shogirdlari: Shayx Tangriberdi Abulbaqoiy, Shayx Odinamuhammad Abulbaqoiy, Mavlono Shayx Sultonquli Abulxoniy, Shayx Doʻst Bobo Dehistoniy, Shayx Said xoja Manqishloqiy, Mavlono Shayx Qulniyoz Termiziy, Shayx Sharif Termiziy, Mavlono Shayx Bobo Ali Sunnatiy, Mavlono Buzurg va Shayx Xonquli Abulxoniy, Shayx Gadoymuhammad Abulxoniy.

Hoji Muhammad Sufining shogirdi Shayx Sadriddin Qorakoʻliy orqali XVI asrning boshlarida silsilaning bir tarmogʻi Qorakoʻl hududlariga yetib boradi. Keyingi asrlarda Shayx Husayn, Rukniddin, Muhammad, Shayx Muhammad Boqi, Shayx Ibodulloh Qorakoʻliy, Shayx Nadrmuhammad, Shayx Ibodulloh kabi Qorakoʻliylar vositasida kubroviya silsilasi Zarafshon vohasining quyi oqimida faoliyat olib boradi.

G) Yassaviya.

Yassaviya silsilasi oʻrganilayotgan davrda Zarafshon vohasiga keng yoyilishi Shayx Xudoydod Valiy (1461-1532) nomi bilan bogʻliq.

Shayx Xudoydodi Valiyning[5] ustozi Shayx Jamoliddin, uning ustozi Xodim Shayx, uning ustozi Shayx Mavdud, uning ustozi Shayx Ali, uning ustozi Yamin (Elamin) bobo, uning ustozi Sadr Ota, uning ustozi Zangi Ota, uning ustozi Hakim Ota, uning ustozi Xoja Ahmad Yassaviydir.

Ahmad Yassaviyning ustozi Xoja Yusuf Hamadoniy, u esa Salmon Forsiy orqali Abu Bakr Siddiqqa va Imom Muhammad Boqir orqali Ali (k.v.)ga ulangan.

Ahmad Yassaviyaga yetib kelgan yana bir silsila tarmogʻi boʻlib, quyidagichadir: Alidan, Imom Hasanga, undan Shoh Abul Muhsinga, soʻngra Shoh Musoga, soʻng Dovud Murosga, soʻng Yahyo Zohidga, soʻng Sayid Abdulloga, soʻng Muso Changiyga, soʻng Muhammad Solihga, soʻng Shayx Abdulqodir Jiloniyga, soʻng Shahobiddin Suhravardiyga, soʻng Xoja Ahmad Yassaviyga, soʻng Hakim Otaga, soʻng 3angi Otaga, soʻng Sadr Otaga, soʻng Yamin (Elamin) boboga, soʻng Shayx Aliga, soʻng Shayx Mavdudga, soʻng Xodim Shayxga, soʻng Shayx Jamoliddinga[6], soʻng Shayx Xudoydod Valiyga yetib kelgan.

Xoja Ahmad Yassaviy silsilani Samarqanddan Turkistonga olib borib shakllantirgach, mazkur silsila Toshkent orqali Samarqandga kirib keladi. Natijada Shayx Alishayx, Mavdud shayx, Xodim shayx, Jamoliddin Azizon, Xudoydod Valiy, Darvesh shayx azizon, Pirim shayx azizon, Moʻmin shayx, Tohir shayx, Olim shayx azizon, Mavlono Usmon, Muhammadi Imlo Buxoriy kabi tariqat namoyandalari Zarafshon vohasi boʻylab faoliyat olib boradi. Silsila atrof hududlarga yoyiladi.

Olim shayxning Oxund Mulla Sharif Buxoriy orqali Mulla Boqimuhammad Qorakoʻliyga, undan Oxund Mulla Toshmuhammadga, undan Mulla Hoji Shayx Xorazmiyga, undan Mulla Niyozmuhammad Qorakoʻliyga yassaviya silsilasi yetgan. Bunga koʻra Qorakoʻl hududiga naqshbandiya va kubroviya silsilasi qatorida yassaviya ham yoyilgan.

Samarqand viloyati Jomboy va Payariq tumanlari chegarasida, Bulungʻur va Mirzaariq atrofidagi Dovcharariq mavzesida, mahalliy xalq tili bilan aytganda “Yakanchik” ziyoratgohi joylashgan. Bugungi kunda “Yakanchik” nomi bilan atalib, mahalliy xalq “Yakon shayx”, “Yakum shayx”, “Yakanshik” “Yakanchik” tarzida aytib keladi.

Izlanishlar natijasida shu maʼlum boʻldiki, bu ulugʻ ziyoratgoh yassaviya sulukining namoyandasi Shayx Kamoliddin Turkistoniy-Oqoniy nomi bilan bogʻliq. Shayx Kamoliddinning laqabi Oqoniy boʻlib, XIV asrda boshlarida Turkiston nohiyalaridan biri Oqon[7] qishlogʻida tugʻilgan. Samarqandning Aliobod mavzesida yashab, shu yerda 1492 yili vafot etgan. U yassaviya silsilasida shayx Mavdud, Shayx Ali shayx, Yamin bobo, Sadr Ota, Zangi Ota, Hakim Ota (Sulaymon Boqirgʻoniy) orqali Xoja Ahmad Yassaviyga[8] ulanadi. Shayx Kamoliddindan keyin Said Ahmad[9] silsilani davom ettirgan.

D) Qodiriya.

Mulla Abdurahmon Gʻijduvoniyning qodiriya silsilasidagi ustozi Xoja Abdushahid Badaxshoniy orqali, Mavlono Ahmad Qodiriy, Abdulloh Bagʻdodiy, Abdujamil, Mahmud, Darvesh, Nuriddin, Hisomiddin, Nuriddin, Valiyiddin, Zayniddin, Sharafiddin, Shamsiddin, Muhammad, Abdulaziz, Abdulqodir Jiloniy, Jaʼfari Sodiq va Muhammad Boqir vositasida Ali[10] (k.v.)ga ulangan.

Shu bilan bir qatorda Mulla Abdurahmon chishtiya silsilasidan ham ijozat olgan. Unga koʻra Mulla Abdurahmon Gʻijduvoniyning ustozi Xoja Abdushahid Badaxshoniy, Niyoz Shoh Ahmad, Muhammad Faxriddin, Shoh Nizomiddin Avrangobodiy, Kalimulloh Dehlaviylar orqali Muʼiniddin Chishtiy va Hasan Basriy vositasida toʻrtinchi xalifa Ali[11] (k.v.)ga yetadi.

Qodiriya silsilasi Bagʻdod va Badaxshon orqali Zarafshon vohasiga kirib kelgan. Chishtiya silsilasi esa Avrangobod va Badaxshon orqali Movarounnahrga kelgani aniqlandi.

Samarqandda faoliyat olib borgan tasavvuf murshidlaridan biri boʻlgan Hoji Safo Valiyning ustozi Bobo hoji Abdurahim, uning ustozi Shoh Mahmud, uning ustozi Mir shoh, uning ustozi Abdushahid, uning ustozi Bobo Shoh Musofir, uning ustozi Bobo Shoh Saʼid, uning ustozi Bobo Filmazid, uning ustozi Sayid Mir Jon, uning ustozi Sayid Shamsiddin, uning ustozi Mir Jaloliddin, uning ustozi Mir Gʻiyosiddin, uning ustozi Mir Bugʻroyi, uning ustozi Sayid Bahrom, uning ustozi Sayid Xidud, uning ustozi Neʼmatulloh, uning ustozi Shoh Toyyib, uning ustozi Mir Surx, uning ustozi Zakariyo, uning ustozi Sayid Muzaffar, uning ustozi Sayid Abdulqodir Jiloniyga[12] ulangan.

Hoji Safo Valiy 34 yoshida Samarqandga kelgani va 40 yil shu shaharda faoliyat koʻrsatib 74 yoshi (1740 yil)da vafot etganiga koʻra, u 1666 yil[13] tavallud topgani maʼlum boʻladi.

Silsiladan Hoji Safo Valiy qodiriya tariqatining neʼmatullohiya tarmogʻiga mansub ekani maʼlum boʻldi. Neʼmatullohiya tarmogʻi asoschisi Neʼmatulloh ibn Abdulloh (1330-1429) boʻlib, diniy laqabi Nuriddin, tasavvufiy mashhur laqabi esa Shoh Mir Neʼmatulloh Valiy (toʻliq nomi Amir Sayid Nuriddin Neʼmatulloh ibn Amir Abdulloh Kirmoniy)dir. Shoh Neʼmutulloh Valiy tasavvufiy qarashlarini qodiriya, kubroviya va xojagon[14] silsilalariga moslashtirgan, ular bilan uygʻunlashtirib, neʼmatullohiya tarmogʻiga asos soladi.Silsilaning mazkur tarmogʻiga koʻra qodiriya silsilasi Bagʻdod va Xuroson orqali Zarafshon vohasiga Hoji Safo Valiy orqali olib kelingan.

Qodiriya silsilasi vakillari Zarafshon vohasiga nisbatan, Movarounnahrning vodiy hududlarida[15] koʻproq uchraydi.

XV-XIX asrlarda Zarafshon vohasida naqshbandiya (ahroriya, dahbediya, mujaddidiya, husayniya), kubroviya (husayniya), yassaviya (aziziya), ishqiya tariqatlari qatorida, qodiriya (neʼmatullohiya), chishtiya silsilalari ham faoliyat koʻrsatgan. XVII asrning oxirlari XVIII asrning boshlariga kelib naqshbandiya, kubroviya, yassaviya, qodiriya, suhravardiya, kubroviya, mavlaviya kabi tariqatlar uygʻunlashib, mujassamlikda bir xonaqohda, bir murshid tomonidan yuritilgan.

Zarafshon vohasida naqshbandiya, kubroviya, yassaviya va ishqiya kabi silsila tarmoqlari Buxoro, Sirhind, Xorazm, Turkiston, Kirmon kabi shaharlar orqali kirib kelgan va shakllangan.

Mulla Abdurahmon Gʻijduvoniy naqshbandiya, qodiriya va chishtiya, Imlo Buxoriy ishqiya, kubroviya, naqshbandiya va yassaviya, Musoxon xoja Dahbediy kubroviya, naqshbandiya, suhravardiya, chishtiya va qodiriya, Abul Fath Karruxiy va Musoxon xoja Sarmejiy naqshbandiya va yassaviya silsilalarini uygʻunlashgan holda mujassam etib, bir vaqtda yuritgan.

Mehrojiddin AMONOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori PhD
[1] Nosiriddin Buxoriy. Tuhfatuz zoyirin. – B. 91.
[2] DeWeyese D. Baba Kamal Jandi and the Kubravi Tradition among the Turks of Central Asia // Der Islam. 1994. P. 72; Karimov E. Oʻrta Osiyo hududida Kubroviya soʻfiylik tariqati // Kubraviyskiy vakf XVII-XIX vv.: pismennыye istochniki po istorii sufiyskogo bratstva Kubraviya v Sredney Azii. — T.: FAN, 2008. – B. 24.
[3] Aminov B. Mahmudov F. XIX asr kubraviya-nakshbandiya tariqatiga oid “al-ijoza” – ijozatnoma // Oʻtmishga nazar. 3 jild, 9 son. – Toshkent: 2020. – B. 4-10.
[4] Manbaning qoʻlyozma nusxasi buxorolik Toshpoʻlot Rahmatullayev shaxsiy kutubxonasida saqlanadi, uning elektron varianti bilan tanishish imkon boʻldi.
[5] Kattayev K. Shayx Xudoydodi Vali tarixi. – Samarqand: SamDU, 2015. – B. 8.
[6] Shu joyda: – B. 32.
[7] Nosiriddin Buxoriy. Tuhfatuz zoyirin. – B. 137.; Fitrat. Yasaviya maktabi shoirlari toʻgʻrisida tekshiruvlar // Tanlangan asarlar. II jild. – T.: Maʼnaviyat, 2000. – B. 33.
[8] Bu haqda batafsil qarang: Abd al-Qodir ibn Muhammad-Amin. Madjma al-ansob va-l-ashdjar. Arab, fors va turkchadan tarjimonlar; Sh.X.Voxidova, A.K.Muminova, B.B.Aminova. Almatы. 2005 g. va Muhammad Olim shayx Azizon. Lamahot. Tarjima, soʻzboshi, ilmiy-tadqiqot va izohlar mualliflari K.Kattayev va A.Narzullayev. – Samarqand, 2012.
[9] Bu toʻgʻrisida batafsil qarang: Mirzo Meʼrojiddin. Yakonshayx ziyoratgohi yoxud shayx Kamoliddin Oqoniy–Aliobodiy // Jomboy tongi gazetasi. 2017 yil 25 iyul soni.
[10] Silsilai qodiriya. Muallifi nomaʼlum. SamDU qoʻlyozmalar fondi. Qoʻlyozma. inv № 823125/III. – 145b-147varaq
[11] Silsilai chishtiya. Muallifi nomaʼlum. SamDU qoʻlyozmalar fondi. Qoʻlyozma. inv № 823125/IV. – 147a-149varaq.
[12] Abu Tohir Xoja. Samariya. – B. 38.
[13] Batafsil qarang: Ahadov Sh. Hoji Safo Vali hazratlari maʼnaviyati va fazilatli hislatlari haqida. – Toshkent: 2013. – B. 90.
[14] Kattayev K. Shoh Neʼmatullohi Vali tarixi. – Toshkent: 2006. – B. 12-27.
[15] Bu haqida qarang: Sayid Mehmon xoja ibn Mavlaviy Eshon xoja Namangoniy. Tuhfatul moʻminin, imdatus solikin. Litografiya. Forscha-arabcha. O.A.Porseva. 1320/1901. – B. 25-27; Ostonaqulov I. Fargʻonalik valiylar. – Toshkent: 2000.; Muhammad Siddiq Rushdiy. Gʻavs ul-Aʼzam (Nashrga tayyorlovchi, soʻzboshi va izohlar muallifi I. Ostonaqulov). – Toshkent: 1992.; Muhammad Siddiq Rushdiy. Avliyolar sultoni. Turonlik valiylar. – Toshkent: 2004.

Check Also

BUJAYRIY NISBALI ROVIYLAR SILSILASI

IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri sifatida eʼtirof etilgan. Koʻplab manbalarda ayni oʻsha …