Home / MAQOLALAR / ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF SILSILALARI (XV-XIX asrlar)

ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF SILSILALARI (XV-XIX asrlar)

Zarafshon vohasi tarixiy davrlar davomida shakllangan. Uning taraqqiy etishi Zarafshon daryosi va uning irmoqlari bilan uzviy bogʻliqdir. XV-XIX asrlarda Zarafshon vohasida faoliyat koʻrsatgan ishqiya, kubroviya, naqshbandiya, yassaviya – suhravardiya, qodiriya-neʼmatullohiya, chishtiya kabi tariqatlarga nisbatan keng hudud boʻylab yoyilgan.

Tariqat silsilasi xulafoi roshidun yoki choriyorlardan biri orqali Muhammad sollallohu alayhi vasallamga borib ulanadi. Silsila bilan bogʻliq manbalar, shajara-nasabnomalarda ustoz-shogirdlik silsilasi, nasl-nasabi turlicha koʻrinish kasb etgan. Bu oʻz-oʻzidan turli muammolarni yuzaga chiqarishga olib kelgan.

XV-XIX asrlarda Zarafshon vohasida tasavvuf silsilalari boʻyicha oʻzbekistonlik B.Babadjanov, S.S.Buxoriy, A.Jumanazarov, K.Kattayev, N.Komilov, M.Kenjabek, G.N.Navroʻzova, SHSirojiddinov, S. Rafiddinov, R.A.Tillaboyev, I.Usmonov, X.Yuldashxodjayev, xorijlik N.Tosun, Devin Di Uis, Valid Ziyad kabi olimlar nodir qoʻlyozma manbalar asosida tadqiqot olib borgan.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan Abu Bakr (632-634), Umar (634-644), Usmon (644-656) va Ali (656-661) orqali toʻrt silsila musulmon dunyosi boʻylab yoyilgan va bunday bogʻlanish tasavvuf tariqatlarining negizi Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga borib taqalishidan dalolat beradi. Manbalarda Abu Bakr Siddiq orqali naqshbandiya, Umar ibn Xattobdan suhravardiya-kubroviya, Usmondan esa chishtiya va Hazrati Alidan qodiriya-jahriya[1] va ishqiya silsilasi boshlanadi. Tariqat silsilasi muayyan sulukning eng ishonchli tomonlaridan biri sanaladi. Silsila – muayyan tariqatning oʻz shayxi yoki piri orqali Muhammad sollallohu alayhi vasallamga yetib boradigan hasabnomasi, yaʼni ustoz-shogirdlik shajarasidir. Silsilaga kiruvchi shayxlar tariqat asoslarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan naql qilishda xizmat qilgan[2].

A) Ishqiya.

Ishqiya tariqati Abulhasan Ishqiy (XIV asr) orqali Movarounnahrga yoyilgan. Uning vafotidan soʻng oʻgʻli Xudoyquli tariqatga boshchilik qilgan. Tadqiqotlarda[3] bu fikr yanglish ekani aniqlangan. Abulhasan Ishqiy oʻgʻli Mahmud shayxni hazrat Amir Xudoyquli shayxga topshirib, Makkaga ketgan[4]. Bundan Xudoyquli shayx Abulhasan ishqiyning oʻgʻli emas, murididir.

Ishqiya tariqatida pirlik otadan oʻgʻilga oʻtganligi aniqlangan. Shu jihatdan ham yassaviyaga yaqin turadi. Ishqiya tariqati haqidagi ilmiy izlanishlar asosan epigrafik manbalar asosida amalga oshirilgan[5]. Genealogiyaga bagʻishlangan yirik ensiklopedik asarda[6] tasavvuf silsilalari orasida ishqiya hasab zanjiri: Mavlono Muhammadi Imlo Buxoriy, uning ustozi Bobo Xizr Abulhasan Ishqiy, uning ustozi Muhammad Nosir Ishqiy, uning ustozi Abdulloh Ishqiy, uning ustozi Jalol Ishqiy, uning ustozi Muhammad Poyanda Ishqiy, uning ustozi shayx Orif Ishqiy, uning ustozi Hakim Ishqiy, uning ustozi Muhammad Sodiq Ishqiy Langariy, uning ustozi Abul Hasan Xurd Ishqiy, uning ustozi shayx Muhammad Ilyos Ishqiy, uning ustozi Muhammad shayx Ishqiy[7], uning ustozi Xudoyquli Ishqiy, uning ustozi Abulhasan Ishqiy, Abu Yazid Ishqiy, uning ustozi Muxtoriddin Ishqiy, uning ustozi Quvomiddin Ishqiy, uning ustozi Najmiddin Bastomiy[8], uning ustozi shayx Muhammad Shoh Bastomiy, uning ustozi shayx Jamoliddin, uning ustozi Aziziddin Bastomiy, uning ustozi shayx Jamoliddin[9], uning ustozi shayx Abdulloh Bastomiy, uning ustozi shayx Umar, uning ustozi shayx Abu Bakr, uning ustozi Ibrohim Kattoniy, uning ustozi shayx Abu Muso Dinovariy, uning ustozi Hubayra Basriy, uning ustozi shayx Abu Xuzayfa, uning ustozi Sulton Ibrohim Adham, uning ustozi Imom Muhammad Boqir, uning ustozi Imom Zaynulobidin, uning ustozi Imom Husayn[10], uning ustozi Hazrat Ali[11] (k.v) deb keltirilgan.

Silsilada nomi kelgan murshidlardan Muhammadi Imlo, Bobo Xizr Abul Hasan, Muhammad Sodiq Ishqiy Langariy (vaf. 1545), shayx Muhammad Ilyos (vaf. 1472), Muhammad shayx Ishqiy (vaf. 1451), Xudoyquli Ishqiy (vaf. 1419), Abulhasan Ishqiylar Movarounnahrda faoliyat olib borgan.

Ishqiya tariqatining Movarounnahrda yoyilishiga katta xizmat qilgan Abulhasan Ishqiy va Xudoyquli shayx Amir Temur davrida yashagan. Shayx Xudoyquli avlodlarining Zarafshon vohasidagi faoliyatiga oid maʼlumotlar juda kam. Tadqiqot davomida aniqlangan “Kashful mahjub va rashful matlub”[12] asari tariqat taʼlimotiga nodir manbalardan biri hisoblanadi.

Imlo Buxoriy (1688-1748) Eron hukmdori Nodirshoh (1736-1747) Buxoroga (1740) bostirib kelganida, urushning oldini olish maqsadida shahar ulamolari bilan birga elchi boʻlib boradi.

Imlo Buxoriy ishqiya tariqatidan tashqari naqshbandiya, yassaviya va kubroviya silsilalariga ham ulangan.

B) Naqshbandiya.

Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning silsilai maʼnaviylari Abu Bakr Siddiq orqali tasavvuf tariqati otasi shayx Yusuf Hamadoniygacha (1048-1140) yetib kelgach, uni muarrixlar “silsilai Siddiqiya”, deb yuritishgan. Shayx Abduxoliq Gʻijduvoniydan (1103-1179) Bahouddin Naqshbandgacha (1318-1389) yetib kelgan silsila “xojagon-naqshbandiya”, deyilgan, Xoja Ahror Valiydan (1404-1490) boshlab “naqshbandiya-ahroriya” nomini olgan. Uning shogirdi Muhammad Qozi (vaf. 921/1515), uning shogirdi Maxdum Aʼzam Dahbediydan (1461-1542) boshlab naqshbandiya-ahroriya-dahbed (koson)iya silsilasi shakllangan boʻlsa, sirhindlik Imom Ahmaddan (1564-1624) boshlab naqshbandiya-mujaddidiya silsilasi. Naqshbandiylikning XVIII asrning oxirlariga qadar shakllanib kelgan silsila (Musoxon xoja Dahbediy (vaf. 1776) orqali Movarounnahrga kirib kelgan) tarmogʻi “naqshbandiya-mujaddidiya-dahbediya” nomini oladi.

Imlo Buxoriyning naqshbandiylik silsilasida ustozi Podshoh Salim Balxiy, uning ustozi Xoja Avliyo, uning ustozi Xoja Majnun, Muhammad Moʻmin, Xoja Hoshim, Muhammad Amin, Xoja (Nosiriddin) Kalon, uning ustozi Muhammad Islom Juyboriy, Maxdumi Aʼzam Dahbediy, Mavlono Muhammad Qozi, Xoja Ahror Valiy, Yaʼqub Charxiy, Alouddin Attor va Bahouddin Naqshband orqali[14] Abu Bakr Siddiqqa (r.a.) yetgan.

Naqshbandiya silsilasi Maxdumi Aʼzam Kosoniy-Dahbediydan Mavlono Xurd Balxiyga, undan Mulla Poyanda Axsagiyga, undan Oxund Mulla Satiyga, undan Oxund Sufi Nosir Buxoriyga, undan Oxund Mulla Kamolga yetgan.

Samarqand davlat universiteti qoʻlyozmalar fondida inv № 823125 raqamli “Majmua”da Mulla Abdurahmon Gʻijduvoniyga yetib kelgan qodiriya[15], chishtiya[16], nashqbandiya[17] silsilalari qayd etilgan.

Manbada naqshbandiya silsilasi Mulla Abdurahmon Gʻijduvoniyning ustozi Xoja Abdushahid Badaxshoniy, Niyoz shoh Ahmad, Mavlono Hakim shoh, Mavlono Shoh Azimatulloh, Mavlono Shoh Ibrohim Multoniy, Shoh Kalimatulloh Multoniy, Mavlono Ahmad, Mavlono Xoja Muhammad, Mavlono Xoja Shoh, Boqibilloh Dehlaviy orqali Bahouddin Naqshband, Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniy, Xoja Yusuf Hamadoniy va Salmon Forsiy vositasida Abu Bakr Siddiqqa (r.a.) ulangan.

Zarafshon vohasida, shuningdek, butun Movarounnahr, Xuroson, Hindiston va boshqa Osiyo davlatlari hamda dunyoning koʻpgina hududlariga tarqalgan naqshbandiya silsilasining asosiy tarmogʻi Boqibilloh Dehlaviy (1563-1603) orqali Hindistonga borgan silsila sirhindlik Imom Rabboniy nomi bilan mashhur boʻlgan tariqat murshidi Ahmad Sirhindiydan taralgan. Silsilaning mazkur tarmogʻi haqida manbalar[18] va tadqiqotlarda[19] yoritilgan.

Ahmad Sirhindiydan: Muhammad Maʼsum (1599-1668) vositasida Hoji Habibulloh (vaf. 1699) orqali Buxoroga kelgan; Xoja Muhammad Saʼid (1597-1660), Shayx Abdulahad, Shayx Muhammad Obid Jahonobodiy va Musoxon xoja Dahbediy orqali Samarqandga kelgan; Muhammad Maʼsum, Muhammad Sayfiddin, Nurmuhammad Badavoniy, Mirzo (Habibulloh) Mazhar Joni Jonon (1701-1780) (undan Gʻulom Ali Shohga, undan Shoh Ahmad Saʼidga, undan Mulla Qozi[20]ga), Hoji Abdulqayyum, shayx Muhammad Ali Qoratoshiy, Mir Muh(r)iddin shayx ibn Mir Gʻiyosiddin va Xudoyqul xalifa ibn Hasanbiy vositasida Samarqand va Toshkentga yoyildi; Muhammad Maʼsum, Xoja Muhammad Naqshband, Muhammad Ubaydulloh, Xoja Muhammad Porso, Shoh Muhammad Raso va Miyon Fazl Ahmad[21] orqali kelgan silsila Buxoro Mangʻit hukmdor (Amir Shohmurod va Haydar)lar davrida nufuzi baland boʻlgan. Miyon Fazl Ahmad orqali qodiriya[22] va chishtiya[23] silsilasi Buxoroga kirib keladi.

Hoji Habibulloh Buxoriy orqali (Shayx Xudoyquliga, undan Shayx Mulla Iyd Muhammadga, undan Shayx Mulla Idris Muhammadga, undan Oxunda Muhammad Niyozquliga, undan Jonmuhammad Sayidga, undan Muhammad Matlab Sayidga yetgan[24]) Sufi Navroʻz Shahrisabziyga, undan Sufi Ollohyorga, undan Sufi Gʻoyibnaazar Miyonkoliyga, undan Muhammad Islom shayx Karruxiyga, undan Shayx Neʼmatullohga, undan Shayx Dorulomonga, undan Shayx Abul Hasanga, undan Shayx Abul Fath (Samarqanda)ga kelgan.

Silsila Musoxon xoja Dahbediyning shogirdi Muhammad Siddiq, uning shogirdi Muhammad Husayn orqali nafaqat Movarounnahr, balki, Osiyo va Yevroosiyo mamlakatlari boʻylab keng yoyilgan. Muhammad Husayndan keyingi asosiy silsila tarmogʻi shogirdi va farzandi Abdusattor orqali shogirdi Mulla Muhammad Solih ibn Muhammad Rasul Sufi 1302/1884 yilda Mulla Muhyiddin xojaga bergan irshod xatida[25] mazkur silsila batafsil keltirilgan.

Abdusattordan (oʻgʻli va shogirdi) Eshmuhammadga, undan farzandi Ubaydullohga yetgan. Bu tarmoq Husayniya tarmogʻi nomi bilan, yaʼni naqshbandiya-mujaddidiya-dahbediya-husayniya, deb yuritilgan. Bu Muhammad Husayndan boshlangani[26] bilan izohlanadi.

Muhammad Jaloliddinning “Mukoshiful asror”[27] asarida Muhammad Husayn shogirdlari Badaxshon, Balx, Bulgʻor, Darvoz, Kashmir, Kobul, Koʻlob, Koʻhiston, Labirud, Rum, Turkmaniston, Xazor, Xitoy, Xoʻjand, Sheroz, Qabadiyon, Qozon, Hisor, Qiziljar, qadimiy Movarounnahrdagi Andijon, Buxoro, Boysun, Vobkand, Dahbed, Jizzax, Joʻsh, Karmana, Kattaqoʻrgʻon, Margʻinon, Miyonkol, Metan, Namangan, Ofarinkent, Piskat, Samarqand, Sugʻonch, Toshkent, Xorazm, Xuzor, Xoʻqand, Chust, Qoʻngʻirot, Gʻijduvon kabi shahar-mavzelardan ekan qayd etilgan. Bunga koʻra bugungi Oʻzbekiston zaminidagi yigirma toʻrt va Zarafshon vohasidagi oʻn toʻrtdan ortiq hudud qamrab olingan.

Zarafshon vohasida faoliyat olib borgan Mulla Abdurahmon Gʻijduvoniy hayoti va faoliyati toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumot, uning uch silsilaga ulangani koʻrsatadi. Naqshbandiya silsilasining Movarounnahrdan Hindistonga borib, yangi tarmoq sifatida qaytib kelishi haqidagi yangi ilmiy mulohazalar oʻrtaga chiqadi. Movarounnahrda naqshbandiya-mujaddidiya tariqati mutlaq ustuvor boʻlmaganini koʻrsatadi.

Mehrojiddin AMONOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori PhD
[1] Risolai sharif. Qoʻlyozma, fors tilida. IBXITM manbalar xazinasi inv. №52, 9b varaq.
[2] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Naqshbandiya: vazifalar, zikrlar. – T.: Hilol-Nashr, 2019. – B. 20.
[3] Buzrukov M.J. Temuriylar davri Samarqand ilmiy-maʼnaviy muhitida tasavvuf namoyandalarining tutgan oʻrni (XIV asr oxiri – XV asrning birinchi yarmi). Tarix fan.b.f.doktori ilmiy darjasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasi. – Samarqand, 2022. – B. 115.
[4] Manoqibi ishqiya. SamDU fondi. Qoʻlyozma inv № № 823483. – 168b varaq.
[5] Aminov B. Ishqiyya shayxlari geneologiyasi (XV-XVI asrlar epigrafik yodgorliklari asosida) // Oʻzbekistonda dunyoviy va diniy qadriyatlar uygʻunligi. – Toshkent: ToshIU, 2009. – B. 308-312.
[6] Abd al-Kadir ibn Muxammad Amin. Madjma al-ansab val ashdjar. Vvedeniye, perevod s arabskogo, persidskogo i tyurkskogo, kommentarii, podgotovka faksimile k izdaniyu Sh.X. Vaxidova, A.K. Muminova, B.B. Aminova. – Almatы: Dayk-Press, 2005. – S. 40-41.
[7] Nosiriddin Buxoriyda bu ism keltirilmagan.
[8] Abdulqodir ibn Muhammad Amin bergan ansobda bu ism keltirilmagan.
[9] Abdulqodir ibn Muhammad Amin bergan ansobda Kamoliddin tarzida berilgan.
[10] Abdulqodir ibn Muhammad Amin ansobida Hasan deb berilgan.
[11] Abd al-Kadir ibn Muxammad Amin. Madjma al-ansab val ashdjar. Vvedeniye, perevod s arabskogo, persidskogo i tyurkskogo, kommentarii, podgotovka faksimile k izdaniyu Sh.X. Vaxidova, A.K. Muminova, B.B. Aminova. – Almatы: Dayk-Press, 2005. – S. 41.
[12] Asar muallifi Abu Bakr ibn Xoja Hoji. 802/1399 yilda yozilgan. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot qoʻlyozmalar fondi inv № MR 283/II. – 24a-93b  varaq (Manba haqida dissertatsiyaning 4.2. boʻlimiga batafsil qarang).
[13]Mullo Abdulmutallib xoʻja. Tazkirai Abdulmutallib xoʻja Fahmiy. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi. Qoʻlyozma. Inv № 2331/III. 1277/1860 yilda koʻchirilgan. 40a varaq.
[14] Nosiriddin Buxoriy. Tuhfatuz zoyirin. – B. 92.
[15] Silsilai qodiriya. Muallifi nomaʼlum. SamDU qoʻlyozmalar fondi. Qoʻlyozma. inv № 823125/III. – 145b-147varaq.
[16] Silsilai chishtiya. Muallifi nomaʼlum. SamDU qoʻlyozmalar fondi. Qoʻlyozma. inv № 823125/IV. – 147a-149varaq.
[17] Shajarai naqshbandiya. Muallifi nomaʼlum. SamDU qoʻlyozmalar fondi. Qoʻlyozma. inv № 823125/V. – 149b-151varaq.
[18] Muhammad Hoshim Kishimiy. Nasimatul quds min hadoiqul uns. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi inv. №635.; Sayid Muhammad ibn Oxund qozi Kamol. Tuhfatul ahbob. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi inv. №3756/I.; Maqsud Dahbediy. Ravoyihul quds. Qoʻlyozma, fors tili, nastaʼliq xatida. 1850 y. Kattayev K. shaxsiy kutubxonasida. №7.; Mirzo Maqsud Dahbediy. Mirʼotus solikin. Qoʻlyozma. 1324/1905. OʻzFA SHI qoʻlyozmalar fondi. Inv. №530.;
[19] Kyugelgen A. Rassvet Nakshbandiya-Mujaddidiya // Sufizm v Sentralnoy Azii. – SPb, 2001. 275-330 s; Tosun N. Türkitan dervişlerinden yadigar. Orta Asya Türkçesiyle Yazılmış Tasavvufi Eserlar. – Istanbul. İnsan yayınları, 2011. – 198 s; Tosun N. Bhaeddın Nakşbend: Hayatı, Görüşlerı, Tarikatı. – Istanbul: İnsan yayınları, 2002. – 163 s.; Tosun N. Imam-ı Rabbanı Ahmed Sirhindı: Hayatı Eserlari Tasavvufi Görüşlerı. – Istanbul: İnsan yayınları, 2005. – 174 s; Tosun N. Altın silsile. – Istanbul: Mega Basım, 2016. – 201 s.
[20] Silsilai naqshbandiya. Qoʻlyozma. 1275/1859. Buxoro davlat muzey qoʻriqxonasi qoʻlyozmalar fondi. Inv № 11475/II. – B. 1 varaq.
[21] Silsilai sharif Hazrat Naqshbandiya. IBXITM qoʻlyozmalar fondi. Qoʻlyozma inv №464/1 1b-2varaq.
[22] Silsilai sharif. IBXITM qoʻlyozmalar fondi. Qoʻlyozma inv №464/I 2b-3varaq.
[23] Silsilai sharif. IBXITM qoʻlyozmalar fondi. Qoʻlyozma inv №464/I 3b-4varaq.
[24] Bayon nisbat tariq Hazrat xojagon naqshbandiya. Qoʻlyozma. Xorazm Ichanqalʼa muzey qoʻriqxonasi qoʻlyozmalar fondi. Inv №2130. 31X53 sm. 1 varaq.
[25] Silsilai naqshbandiya. Qoʻlyozma. 1302/1884. Buxoro davlat muzey qoʻriqxonasi qoʻlyozmalar fondi. Inv № 13101/II. – B. 1 varaq.
[26] Kattayev K. Domlo Kamolning aʼliya tariqatida oʻrni hamda yurtimizning oxirgi mashhur murshidlari [Matn] – Toshkent: “Qamar-media” nashriyoti, 2020. – B. 36-37 b.
[27] OʻzRFA SHI qoʻlyozmalar fondi. Qoʻlyozma inv №2085.

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …