Home / FOTO LAVHALAR / Ayolga ehtirom – kelajakka, hayotga ehtirom

Ayolga ehtirom – kelajakka, hayotga ehtirom

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamkorligida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida “Milliy va diniy qadriyatlarda ayollarning ulugʻlanishi” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir hamda Markaz tomonidan chop etilgan Imom Buxoriy qalamiga mansub “Sahihi Buxoriy” asarining oʻzbek tilidagi sharhi kitobi va Abd ibn Humayd Keshiyning “Musnadi Keshiy” asarlari taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Unda Markaz ilmiy xodimlari Sirojiddin Abduvoitov, Bayozxon Maxmudov va universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, tyutorlar va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirning ochilishida soʻzga chiqqan Bayozxon Maxmudov dinimizda ayollarni qadrlash, ularni asrab-avaylash va milliy qadriyatlarimizda ayol zotini eʼzozlashning yuksak darajasini taʼkidlab, davlatimiz tomonidan ham xotin-qizlarga alohida hurmat-eʼtibor koʻrsatilayotgani, ularni har jihatdan himoyalash va munosib mehnat hamda kasb-hunar bilan shugʻullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilayotganini tilga oldi.

Notiq, shuningdek, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda ayolini xoʻrlagan, unga zulm koʻrsatib, nafaqasini ado etmayotgan erkaklar uchrayotganini ham afsus bilan qayd etdi. Zero, onalar va ayollar qadrining naqadar ulugʻvorligi borasida dinimizda qator hadislar keltirilgan.

Maʼrifiy uchrashuvda Markaz ilmiy xodimi Sirojiddin Abduvoitov yigʻilganlar uchun ingliz tilida maʼruza qilib, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning ilm olishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar, taʼlim sohasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar hamda diniy-maʼrifiy sohaga qaratilayotgan eʼtibor xususida soʻz yuritdi.

Tadbirda, shuningdek, Markaz faoliyati va yutuqlari, ayni paytda olib borilayotgan tadqiqot yoʻnalishlari, nashr etilgan adabiyotlar, rejalashtirilgan ilmiy loyihalar xususida hamda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollari yuzasidan batafsil maʼlumotlar berildi.

Muloqot soʻngida Markaz tomonidan buyuk allomalarimiz haqida nashr etilgan kitoblar toʻplami covgʻa qilindi.

Imom Buxoriy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …