Home / MAQOLALAR / MILLATLARARO MUNOSABATLARDA TOTUVLIK VA HAMJIHATLIKNI YUKSALTIRISH ZARURATI

MILLATLARARO MUNOSABATLARDA TOTUVLIK VA HAMJIHATLIKNI YUKSALTIRISH ZARURATI

Bugun millat tushunchasi, millat omili barcha ijtimoiy va siyosiy munosabatlar tizimida yetakchi omillardan biri darajasiga aylanib bormoqda. Millat bugun insonning oʻzini-oʻzi anglashi va rivojlanishining yuksak mezonlari darajasiga, shuningdek, davlatlararo ijtimoiy va siyosiy munosabatlarga oʻzining kuchli taʼsirini oʻtkazmoqda.

Barchamizga maʼlumki, dunyoda qancha millat, xalq boʻlsa, har birining oʻziga xos feʼli, urf-odat va fazilatlari bor. Asrlar davomida turli-tuman din, madaniyat va turmush tarziga ega boʻlgan xalqlar birgalikda yashab kelayotgan Oʻzbekiston ham buning yorqin tasdigʻidir. Qadim zamonlardan beri yurtimizda zardushtiylik, buddaviylik, yahudiylik, nasroniylik kabi turli din va millat vakillari mavjud boʻlgan. Aynan shu zaminda yuz yillar davomida dunyo madaniyatlarining katta miqyosdagi bir-birini boyitish jarayoni roʻy bergan.

Keyingi paytlarda “millatlararo totuvlik” va “millatlararo munosabatlar” mavzularida deyarli har kuni matbuotda gapirilmoqda, koʻrsatuvlar olib borilmoqda. Buning sabablaridan biri, millatlararo munosabatlar mohiyat va mazmun jihatdan juda serqirra va teran mazmunga ega ekanligidadir.

Shu narsani eʼtiborda tutish kerakki, millatlararo totuvlik — umumbashariy qadriyat boʻlib, turli xalqlar birgalikda istiqomat qiladigan mintaqa va davlatlar milliy taraqqiyotida muhim omildir [1]. Muayyan mamlakatga nom bergan (titul) millat bilan unda yashaydigan boshqa xalqlar oʻrtasida hamjihatlik boʻlishi ijtimoiy taraqqiyotning eng muhim omillaridan biridir. Insoniyat bino boʻlgandan buyon bu masalalar bilan shugʻullanib keladi. Hozirgi davrda millatlararo totuvlik va munosabatlar tushunchasining falsafiy mazmuni toʻgʻrisida koʻplab faylasuf, tarixchi, sotsiolog va shu kabi boshqa soha vakillari tomonidan taʼrif berilgan boʻlib, shulardan baʼzi birlarini tahlil qilib oʻtmoqchimiz.

Jumladan, “Maʼnaviyat asosiy tushunchalar izohli lugʻati”da “millatlararo totuvlik” tushunchasiga quyidagicha taʼrif berilgan: “Millatlararo totuvlik – millatlararo ahillik, xalqaro doʻstlik, milliy gʻoyaning asosiy gʻoyalaridan biri, muayyan hudud, davlatda turli millat vakillarining bahamjihat yashashi, hamkorlikda faoliyat yuritishini ifodalovchi tushuncha” [2].

Xorijiy soʻzlar lugʻatida esa, millatlararo munosabatlar tushunchasining maʼnolaridan birini sabr-toqat, kimgadir, nimagadir hurmat-ehtiromda boʻlish deb talqin etilgan. Shuningdek, Oksford lugʻatida millatlararo totuvlik (tolerantlik)ni “shaxs yoki buyumni noroziliksiz yoki aralashuvsiz qabul qilishga tayyorlik va qobillik” deb taʼriflanadi [3].

Rossiyada nashr etilgan sosiologik lugʻatda esa, millatlararo totuvlikka quyidagicha taʼrif berilgan:

  • Yot odamning turmush tarzi, xulqi, urf-odati, hissiyoti, fikri, gʻoyasi, eʼtiqodiga chidamlilik bilan yondashuv;
  • noqulay omillarni sezmay qolish natijasida sodir boʻlgan hodisalarga bagʻrikenglik bilan yondashuv;
  • noqulay, nomaqbul hissiy omillar taʼsiriga ham chidam bilan yondashuv [4].

Yana bir taniqli olim Mark Notturno bu tushunchani quyidagicha izohlaydi: “millatlararo totuvlik — oʻzga hayot tarzi, nuqtai nazar, gʻoyalar va eʼtiqodlarga toqatlilik, bagʻrikenglikdir” [5].

Aytish joizki, millatlararo munosabatlar turli ziddiyatlar sharoitida atrofdagilarga zarar yetkazmagan holda oʻzini-oʻzi qaror toptirishdir. Millatlararo hamjihatlik his-tuygʻularni jilovlaydigan ongli sergak nuqtai nazardir.

“Millatlararo totuvlik, deb xulosa qiladi, A.Kapto, shunday bir qadriyatdirki u “oʻzgalar bilan qarama-qarshi turishga emas, balki tinch-totuv yashashga, “oʻzgalar”ni inkor qilishga emas, balki tan olishga, zoʻravonlikka itoatkorona sabr-toqat bilan qarashga emas, balki uni bartaraf etishga asoslanadi. Faol sabr-toqat toqatsizlik, boshboshdoqlik va har qanday qilmishlarni kechirib yuborishning haddan tashqari hukmli shakllarini qabul qilmaslikdir” [6].

Koʻrinib turibdiki, millatlararo munosabatlarning mazmun-mohiyatini har kim har xil tushunadi, baʼzilar uni asosan sabr-toqat deb tushunsa, boshqalar insoniyatning birligi, boshqalar huquqini hurmat qilish va boshqacha boʻlish huquqi deb tushunadi, yana boshqalar esa uni jazavalarga, nomuayyanlik vaziyatiga, mojaro vaziyatiga chidamlilik deb tushunadilar.

Millatlararo totuvlik mavzusi bilan anchadan buyon shugʻullanib kelayotgan olima Eʼzoz Karimova mazkur masalaga bagʻishlangan “Oʻzbek tolerantligining oʻziga xos xususiyatlari” nomli kitobida “millatlararo totuvlik — odamlarga mehr-muhabbat bilan qarash, ularni hurmat qilish, insonning moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarini qondirish, uning shaxs sifatida erkinligi va huquqlarini taʼminlash kabi gʻoyalar bilan sugʻorilgan diniy, falsafiy, huquqiy, axloqiy va shular kabi barcha insoniy qarashlardan iborat progressiv dunyoqarashning asosi boʻlib xizmat qiladi” [7], — deb taʼriflaydi. Shundan koʻrinib turibdiki, har bir muallif millatlararo totuvlikni taʼriflashga turlicha yondashadiki, bu ham millatlararo totuvlikning koʻp qamrovli tushuncha ekanligini koʻrsatadi.

Bizning fikrimizcha, millatlararo munosabatlar boshqalarning fikri, diniy eʼtiqodi, dunyoqarashi, milliy va etnik xususiyati hamda anʼana-marosimlariga hurmat-ehtiromda boʻlish, insoniylikni ustun hisoblashni bildiradi. Bu soʻzning qisqacha maʼno va mazmuni bu har bir jamiyatning, uning har bir qatlami hamda shaxsning maʼnaviyati bilan chambarchas bogʻliqligini unutmasligimiz lozim. Nimaga deganda, har bir insonning bagʻrikenglik darajasiga uning maʼnaviy dunyosi, taʼlim-tarbiyasi, qolaversa, ulgʻaygan muhitining taʼsir kuchi boʻlishini inkor etib boʻlmaydi. Umuminsoniy qadriyatlarni qadrlaydigan, yuksak maʼnaviyatli inson hech qachon diniy va milliy ayirmachilik yoʻlidan bormaydi, balki barchaga barobar munosabatda boʻladi [8].

Demak, millatlararo munosabatlar – muayyan hudud, davlatda turli millat vakillarining bahamjihat yashashlari, hamkorlikda faoliyat yuritishlarini, mamlakatimizdagi turli millat va elatlar oʻrtasida oʻzaro hurmat, doʻstlik va hamjihatlikni ifoda etuvchi tushuncha.

Nazarimizda, millatlararo hamjihatlik, har bir millat va elatning oʻz vazifa va burchini anglab yetishni nazarda tutadi. Bu vazifalar va burch koʻp millatli muhitda hayot kechirish, shu jumladan, oʻzining munosabatlariga, malaka va koʻnikmalariga, muloqot olib borish ehtiyojiga talabchanlik bilan qarash zarurligi, yaʼni bir-birini tinglash, tushunish, shuningdek, koʻp yillar mobaynida toʻplanib qolgan muammolarni sabr-toqat bilan oʻzaro maslahatlashib, har qaysi tomonlar manfaatlarini hisobga olgan holda bosqichma-bosqich ijobiy hal qilishga intilishni taqazo qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI

  1. Mamadaliyev Sh.O. Milliy istiqlol gʻoyasi va milliy xavfsizlik. –T.: “Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi”, 2008. –B.63.
  2. Maʼnaviyat asosiy tushunchalar izohli lugʻati. -T.: “Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi”, 2009. –B.379.
  3. Tishkov V.A. O tolerantnosti. //Tolerantnost i soglasiye. Materialы mejdunarodnoy konferensii “Tolerantnost, vzaimoponimaniye i soglasiye”. Yakutsk, iyun, 1995. M ., 1997. -C.19.
  4. Rossiyskaya sotsiologicheskaya ensiklopediya. –M.: “Nauka”, 1998. –S.278.
  5. Mark Notturno. Tolerantnost, svoboda i istina: fallibalizm i otkrыtiye “zakrыtыx obщyestv”. //“Ijtimoiy fikr” jurnali. №2, 1998 yil.
  6. Kapto A. Ot kulturы voynы i kulture mira. M.: “Nauka”, –C.153.
  7. Karimova E. Oʼzbek tolerantligining oʼziga xos xususiyatlari. -T.: “Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyot jamgʼarmasi nashriyoti”, 2006. –B.17-18.
  8. Rajapova M. Koʼp millatli ahil oila. //”Jamiyat va boshqaruv” ilmiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-tarixiy jurnal. №3, 2007 yil.

Lazizjon XOLIQOV
Buxoro davlat universiteti izlanuvchisi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …