Home / MAQOLALAR / ISLOMDA TINCHLIK DЕGANDA NIMA TUSHUNILADI?

ISLOMDA TINCHLIK DЕGANDA NIMA TUSHUNILADI?

Insoniyat yaratilganidan buyon ikki gʻoya orasida yashab kelmoqda. Bir-biriga zid bu gʻoyalarning biri bunyodkor, ikkinchisi vayronkor. Bunyodkor gʻoya bilan insonlar katta yutuqlarga erishgan. U barqaror boʻlgan jamiyatda dunyo xalqlari bir-biriga bilan bagʻrikenglik munosabatida boʻlganlar, hamjihatlikda hayot kechirganlar. Hatto qarindoshlik rishtalarini bogʻlaganlar.

Buning aksi boʻlgan vayronkor gʻoya hamma vaqt jamiyatdagi tinchlik tamoyillarini buzib, millat va elatlar orasiga adovat va gina urugʻlarini sochib, urush alangasini yoqqan.

Vayronkor gʻoya ulgʻayib kelayotgan yoshlar uchun xavflidir. Nafaqat yoshlar, balki jamiyatning har bir aʼzosi tinchlikdan ogʻishsa, beqarorlik yuzaga keladi.

Hozirgi kunda bir-biriga zid boʻlgan bu ikki tushunchani toʻgʻri talqin qilish dolzarb masalalardan biri boʻlib qolmoqda. Vaziyat bu gʻoyalarning ijobiy va salbiy tomonlarini insonlarga Qurʼon va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari asosida tushuntirishni taqozo etmoqda.

Qurʼoni karimda musulmonlarni bunyodkor gʻoyalarga targʻib qiluvchi bir qancha oyatlar kelgan. Biz السِلْمُ [as-silm] – “tinchlik” lafzining turli maʼnolarda kelgani va Alloh taolo bu lafz bilan musulmonlarni jamiyatda tinchlik oʻrnatishga targʻib qilganiga toʻxtalamiz.

﴿يَأَيُّهَا الَّذِينَ ءَامَنُوا ادْخُلُوا في السِلْم ِكافةً

“Ey iymon keltirganlar! Islomga toʻligʻicha kiring!”[1].

﴿وَإِن جَنحُوا لِلسَّلْمِ فاجنح لها﴾

(Ey Muhammad) agar ular sulhga moyil boʻlsalar, siz ham unga moyil boʻling”[2].

“السِلْمُ” lafzining oʻzagi boʻlgan “السلام” [as-salom] lafzi Qurʼonda olti oʻrinda, baʼzida oxiratda moʻminlar kiradigan jannat, boshqasida salom berish maʼnosida kelgan.

﴿لهم دارُ السَلامِ عِندَ رَبِّهِمْ﴾

“Ular uchun Parvardigor huzurida tinchlik diyori (jannat) bordir”[3].

﴿وَلَقَدْ جَاءَتْ رُسُلُنَا إِبْرَاهِيمَ بِالْبُشْرَىٰ قَالُوا سَلَامًا ۖ قَالَ سَلَامٌ﴾

“Elchilarimiz Ibrohimga xushxabar keltirib, unga salom berdi, Ibrohim ham salom berdi”[4].

Demak, Alloh taolo moʻminlarga:

﴿يَأَيُّهَا الَّذِينَ ءَامَنُوا ادْخُلُوا في السلم كافة﴾

“Ey iymon keltirganlar, islomga toʻligʻicha kiring!” deb, dinning barcha ahkomlarini qabul qilgan holda Islom diniga kirishni amr qilmoqda.

Bu tinchlik-omonlik dini ekani boshqa oyatlarda ham bildirilgan. Alloh taolo Quraysh ahliga tinchlik neʼmatini minnat qilib:

 ﴿الَّذِي أَطْعَمَهُم من جُوعِ وَءَامَنْهُم مِّنْ خوف﴾

“U Zot ularni ochlik va xavfu xatardan xoli qildi”[5] dedi. Undan oldin:

﴿فَلْيَعْبُدُوا رَبَّ هَذَا الْبَيْتِ﴾

“Ular mana shu Uyning Parvardigoriga ibodat qilsinlar”, deb aytdi va ularga ibodat qilishni buyurdi. Bunda ikki neʼmatni – toʻkin-sochinlik va tinchlikni sabab qilib keltirdi. Chunki ibodat neʼmat beruvchiga shukr hisoblanadi.

Yana Alloh taolo:

﴿مقَامُ إِبْرَاهِيمَ وَمَن دَخَلَهُ، كَانَ آمِنًا﴾

“Unda maqomi Ibrohim – ochiq oyat-alomatlar bor. Unga kirgan odam (har qanday xavf-xatardan) omon boʻlur”[6], degan soʻzi bilan musulmonlardan kim Baytul haromga kirsa, xavfu xatardan xoli boʻlishining xabarini beryapti. Bu jumla xabariy boʻlsa-da, baʼzilar unga inshoiy (talabni anglatish), yaʼni “Kim Baytul haromga kirsa, Allohga iymon keltirsin”, deb maʼno bergan. Ammo buni xabariy jumla deb tushunish foydalidir. Chunki oyatda avvalgi oyatlardagi kabi ijtimoiy tinchlik nazarda tutilayapti. Buni “السلم” maʼnosidan ajratib boʻlmaydi.

Bu oʻrinda bizga ahamiyatli boʻlgani “السلم” lafzi boʻlib, u haqda mufassirlar quyidagi fikrlarni bildirgan.

Abu Mansur Moturidiy rahmatulloh aytadi: “Alloh taoloning

﴿ يَأَيُّهَا الَّذِينَ ءَامَنُوا ادْخُلُوا في السلم كافة ﴾

oyatidagi “السِلم” kasra oʻqilsa islom dini nazarda tutiladi, agar “السَلم” deb fathalik oʻqilsa, “sulh” maʼnosini beradi”[7].

Ali ibn Muhammad Movardiy bunday fikr bildirgan: “Oyatdagi “السلم”ga salaf ulamolari ikki xil maʼno bergan. Birinchisi: “Islomga kiringlar” maʼnosida. Bu Ibn Abbos, Mujohid va Zahhokning fikri. Ikkinchisi: “Toatga kiringlar”, maʼnosida boʻlib, u Robia va Qatodaning soʻzi”[8].

Imom Zamaxshariy “Kashshof” tafsirida “السَلم”ni ikkinchi maʼno – “itoat qilish” maʼnosi bilan tafsir qilgan. Birinchi maʼnoni qabul qilmagan[9].

Ibn Atiyya Andalusiy oʻz tafsirida ikki maʼnoni ham qabul qilgan. Birinchisi, islom dini boʻlsa, ikkinchisi, itoat maʼnosida[10].

Imom Tabariy aytadi: “Oyatdagi “السَلم”ni fatha bilan oʻqiganlar bu lafzni kelishuv maʼnosiga burgan. Shunda maʼno: “Urushni tark qilib, sulh va kelishuvga hamda jizya olishga kirishinglar” boʻladi”[11].

Yuqoridagi fikrlardan bu mufassirlarning barchasi bitta maʼnoda ittifoq boʻlgani ayon boʻladi. U ham boʻlsa, islom diniga kirish boʻlib, buning negizida boʻysunish, sulh tuzish va kelishish maʼnolari yotadi. Bu maʼnolar bilan birinchi maʼno orasida hech ham qarama-qarshilik yoʻq. Chunki islom dini bu maʼnolarning barchasini oʻz ichiga qamrab oladi. Zero, sulh, itoat va kelishish السلم – “tinchlik” uchun xizmat qiladigan tamoyillardir.

Imom Roziy oyatdagi السلمni yuqoridagi oyatlarga bogʻlab, mana bunday fikr bildirgan: “Alloh taolo bu suraning avvalida yer yuzida buzgʻunchilik, gina, adovat urugʻini sochadigan va kelajak avlodni parokanda qilish uchun yugurib-yelib yuradigan munofiqlar haqida hikoya qilgan. Keyin musulmonlarni bu salbiy ishlardan qaytib, islom taʼlimotiga muvofiq keladigan ijobiy ishlarga buyurib: “Ey iymon keltirganlar, islomga toʻligʻicha kiring!” degan[12].

Demak, bu oyatda moʻminlar yer yuzida buzgʻunchilik qiladigan munofiqlar feʼlining aksini qilishga buyurilgan. Buning natijasi oʻlaroq, musulmon kishi oʻzi yashab turgan jamiyatni isloh qilishga, odamlarga yaxshilik va xursandlik keltiradigan xayrli ishlarga intiladi. Vayronkor gʻoyalardan yiroq boʻladi.

Jumhur mufassirlar “السلم” soʻziga oʻch olishni tark qilish maʼnosini ham bergan. Bunga:

﴿وَخُذِ الْعَفْوَ وَأْمُرْ بِالْعُرْفِ وَأَعْرِضْ عَنِ الْجَهِلِينَ﴾

(Ey Muhammad) afvli – marhamatli boʻling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz oʻgiring”[13] oyatini dalil qilgan.

Demak, mufassirlar “السلم” lafzi borasida ikkita aniq fikrdan, yaʼni islom va kelishuv maʼnolaridan chetga chiqmagan. “السلم”ni sulh deb tafsir qilgan ulamolar kelishuvdan keyingi sulhni nazarda tutgan. Eslatib oʻtish kerakki, kelishuv, sulh va urushni toʻxtatish islom taʼlimotidir. Bunga Alloh taoloning Paygʻambar alayhissalomdan himoya soʻragan kishiga omonlik berishni taʼlim bergan oyati dalil boʻladi. Alloh taolo aytadi:

﴿وَإِنْ أَحَدٌ مِنَ الْمُشْرِكِينَ اسْتَجَارَكَ فَأَجِرْهُ حَتَّى يَسْمَعَ كَلمَ اللَّهِ ثُمَّ أَبْلِغْهُ مَأْمَنَم﴾

(Ey Muhammad) agar mushriklardan birontasi sizdan himoya soʻrasa, bas, uni oʻz himoyangizga oling, toki u Allohning kalomini eshitsin. Soʻng uni oʻzi uchun tinch boʻlgan joyga yetkazib qoʻying”[14].

Maʼlumki, Tavba surasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan tuzgan ahdlarini buzgan mushriklardan yiroq boʻlish haqida nozil boʻlgan. Shunday boʻlsa-da, Alloh taolo Paygʻambariga mushriklardan biri himoya soʻrasa, Allohning kalomini eshitishi uchun uni himoyasiga olishni va tinch joyga yetkazib qoʻyishni buyurayapti. Zero, Islom insonlarni bagʻrikeng boʻlishga chorlaydi.

Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning koʻrsatmalari ham bisyordir. Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Qoʻli va tili bilan musulmonlarga ozor bermagan kishi haqiqiy musulmondir. Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi Alloh yoʻlida haqiqiy hijrat qilgan kishidir”[15].

Demak, islom insonlarni ahl, tinch-totuv boʻlib yashashga buyurib, yer yuzida buzgʻunchilik qilishdan qaytarmoqda. Tinchlik musulmon jamiyatlarining umumiy maqsadi boʻlib, shu orqali taraqqiyotga va farovon  hayotga erishiladi.

[1] Baqara surasi, 208-oyat.
[2] Anfol surasi, 61-oyat.
[3] Anʼom surasi, 127-oyat.
[4] Hud surasi, 69-oyat.
[5] Quraysh surasi, 4-oyat.
[6] Oli-imron surasi, 97-oyat.
[7] Tavilotu ahli sunna. Bosulum tahqiqi ostida. – Bayrut: Dar kutubil ilmiya, 2005. J. 2. – B. 102.
[8] Ali ibn Muhammad Movardiy. An-nuktu valʼuyun. – Bayrut: Dar kutubil ilmiya, 2005. J. 1. – B. 267.
[9] Mahmud Zamaxshariy. Al-Kashshof. – Bayrut: Dar kutubil ilmiya, 2005. J. 1. – B. 252.
[10] Ibn Atiiyya Andalusiy. Al-muharrirul vajizu fi tafsiril kitabil azizi. – Bayrut: Dar kutubil ilmiya, 2002. J. 1. – B. 282.
[11] Abu Jaʼfar Muhammad ibn Jarir Taboriy. Jomiʼul bayon fi taʼvilil Qurʼan. – Muassasatul risola, 2000. J. 4. – B. 253.
[12] Baqara surasi, 208-oyat.
[13] Aʼrof surasi, 199-oyat.
[14] Tavba surasi, 6-oyat.
[15] Imom Buxoriy rivoyati.

Otabek BAHRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

 

Check Also

BUJAYRIY NISBALI ROVIYLAR SILSILASI

IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri sifatida eʼtirof etilgan. Koʻplab manbalarda ayni oʻsha …