Home / MAQOLALAR / IXTILOFDAN SAQLANAYLIK!

IXTILOFDAN SAQLANAYLIK!

Insonning oilasi tinch, yashab turgan manzil-makoni osoyishta ekan unga oila ravnaqi, farzandlarining taʼlim-tarbiyasi, kelajagi va istiqboliga olib boruvchi barcha omillarga muyassar boʻlajak. Bundan tashqari, jamiyatda hayot kechirayotgan odamlarning oʻzaro bir-birlariga boʻlgan ishonch va sadoqatlari, mehr-muruvvatlarining samimiy boʻlishi asosan xotirjam boʻlishga bogʻliqdir. Shu maʼnoda Paygʻambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) hadislarining birida tinchlik xotirjamlik eng katta neʼmat ekanini taʼkidlab: “Ikki neʼmat borki, koʻpchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar, u xotirjamlik va sihat-salomatlikdir”, deganlar. Demak, insonlar sihat-salomatlik va tinchlik-osoyishtalik kabi neʼmatlarning qadr-qimmatiga ahamiyat berishi kerakligi hadisi sharifda yozilgan.

Ammo besh qoʻl barobar boʻlmaganday, odamlarning baʼzilari qalb xastaligiga uchrab, yurtimiz ravnaqini koʻra olmaslik illatiga chalingani kishini afsuslantiradi. Ular har xil koʻrinishda boʻlishi, xususan, diniy oqimlarga mansub boʻlishi kishini xavotirga soladi. Vaholanki, Alloh taolo oʻzining kalomida, “Oli Imron” surasining 103-oyatida “(Ey musulmonlar), Allohning arqoniga (diniga) bogʻlaningiz va boʻlinmangiz!” deb xitob qiladi. Demak, barcha moʻmin-musulmonlar sof aqida va eʼtiqodga ishonib bizlargacha joriy boʻlib kelgan toʻgʻri yoʻldan adashmasligimizni taʼkidlamoqda.

Zero, dinda adashish, notoʻgʻri aqidalarga ergashish muqaddas dinimiz koʻrsatmalarini inkor qilish boʻlib, natijada insonning oʻziga va oʻzgalarga zulm qilishiga sabab boʻladi. Oli Imron surasi, 108-oyatda “Alloh olamda hech qanday zulmni boʻlishini xohlamaydi”, deyilgan.

Yuqoridagi ilohiy dalillardan zulm va yomonlik Alloh qaytargan va qilinishi mumkin boʻlmagan tuban amal ekani koʻrinib turibdi.

Haqiqatan ham islom dini har qanday sharoitda ekstremistik harakatlarning zulm keltiruvchi harakatlarni amalga oshirishiga mutlaqo qarshidir. Purmaʼno insonparvarlik taʼlimotlari oʻzida ifoda qilgan dinimiz boʻla turib, afsuski, Alloh taoloning ulugʻ neʼmati boʻlmish tinchlikdan hamma ham bahramand emas. Chunki dunyoning turli burchaklarida qon toʻkilishlar sodir boʻlmoqda. Bu xunrezliklar terroristik kuchlarning muqaddas islom dini niqobi ostida sodir etilishi sir emas.

Bunday buzgʻunchilikdan Qurʼoni karimda: “…Alloh bogʻlanishga buyurgan narsalarni buzadigan va yer yuzida buzgʻunchilik qilib yuradigan kimsalar ham borki, ular uchun (Allohdan) laʼnat boʻlur va ular uchun noxush diyor (jahannam) bordir”, deb qaytarilgan (Raʼd surasi, 25-oyat).

Achinarli tomoni shundaki, ular dinni niqob qilib olib, uning mohiyatini oʻz manfaatlari yoʻlida buzib talqin qilayotgan jinoyatchi, qallob, adovat va nizo urugʻini sochayotgan kimsalarning buyruqlarini ijro qilayotganlarini oʻzlari ham bilmaydilar. Alloh boʻlinmanglar desa, nega musulmonlar boʻlinib ketyapti degan tashvishli savol maʼrifatli musulmon kishisida paydo boʻlishi tabiiydir. Shundan kelib chiqib, har bir moʻmin-musulmon kishi boʻlinish yomonligini anglab yetishi lozim. Zero, boʻlinmaslik ahli sunna val jamoa yoʻlini tanlash va unga ergashish imon amridir. 

Hozirgi kunda yurtimizga uzoq va yaqin ayrim mamlakatlarda boʻlayotgan notinchliklarni qoralaymiz, tez kunlarda tinchlik xotirjamlik va ofiyat neʼmatidan bahramand boʻlishlarini Alloh taolodan soʻraymiz.

Bahodir SHARIPOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasining
Chust tuman vakili
Manba: muslim.uz

Check Also

MUSTAQILLIK YILLARIDA TASAVVUF TAʼLIMOTINING TADQIQ ETILISHI

Mustaqillikning ilk yillarida islom diniga qoʻyilgan bir asrlik cheklov [4:252] barham topib, eʼtiqod erkinligi uchun …