Home / FOTO LAVHALAR / MUHAMMAD IBN HASAN SHAYBONIY ILMIY MЕROSIGA BAGʻISHLANDI

MUHAMMAD IBN HASAN SHAYBONIY ILMIY MЕROSIGA BAGʻISHLANDI

Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasidagi Bulgʻor islom akademiyasida buyuk hanafiy olim Muhammad ibn Hasan Shayboniy hayoti va ilmiy merosiga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.

Alloma hijriy 132 yili dunyoga kelgan. Ilmga ishtiyoqi kuchliligidan oʻsmirligidayoq ilm maskani sanalgan Kufaga koʻchib borgan. Muhammad ibn Hasan Shayboniy oʻz davrida Abu Hanifaga shogird tushgan, Abu Yusuf huzurida tahsil olgan. Soʻng bilimlarini yanada boyitish maqsadida Suriya, Xuroson, Hijozga sayohat qilgan. Ancha muddat oʻtib, Madinada Molik ibn Anas ustozligida hadis ilmini oʻrgangan. Pirovardida mashhur huquqshunos boʻlib yetishgan va koʻplab boʻlajak ulamolarga ustozlik qilgan. Xususan, Imom Shofeʼiy va Asad ibn Furot uning shogirdlaridan boʻlgan.

Tadbirda akademiyaning professor-oʻqituvchilari, doktorant va magistrantlari bilan bir qatorda, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Bayozxon Mahmudov ishtirok etdi va maʼruza qildi. U ayni paytda mazkur akademiyaning magistratura bosqichida ilohiyot yoʻnalishi boʻyicha tahsil olmoqda.

Notiq olim ilmiy merosini oʻrganish va targʻib etish boʻyicha Oʻzbekistonda olib borilayotgan izlanishlar haqida soʻzladi, shuningdek, ishtirokchilarga mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumotlar berdi.

Davra suhbatida musulmon allomalari ilmiy merosini oʻrganish uslublarini yanada takomillashtirish, butun islom olamida nufuzli sanalgan koʻplab asarlarni tarjima qilish, sharhlash, targʻib etish kabi yoʻnalishlarda xalqaro miqyosda hamkorlik bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

Tadbirda qatnashchilarga butun umrini islom huquqi meʼyorlarini tartibga solishga bagʻishlagan, hanafiy mazhabi uslubiyati va islom huquqiy tafakkuri rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan Muhammad ibn Hasan Shayboniyning asarlari haqida hikoya qiluvchi taqdimot-stendlar namoyish qilindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Xalqaro stipendiya sovrindori amaliyot boshladi

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiyaning joriy yildagi ilk sovrindori, Bishkekdagi Qirgʻiziston-Turkiya Manas universiteti ilmiy xodimi …