Home / MAQOLALAR / ISLOMDA KAFOAT MASALASI

ISLOMDA KAFOAT MASALASI

Islom huquqida nikohning qoʻshimcha sharti sifatida “kafoat” koʻrsatiladi.

Kafoat – lugʻatda “teng boʻlish”, “barobar boʻlish” maʼnosida keladi. Islom huquqida esa nikohlanayotgan tomonlarning, toʻgʻrirogʻi erning ayolga teng yoki mos boʻlishiga aytiladi.

Nikohda tenglik quyidagi olti narsada namoyon boʻladi: nasl­-nasab, din, ozodlik, boylik, hunar va dindorlik. Fikrimizcha, bu shartlar nisbiydir. Shuningdek, u asosan erda boʻlishi lozim boʻlgan shartlardir. Chunki u yerda koʻrsatilgan shartlar ijtimoiy tabaqalanish yoki boshqa mezonlar asosida kelib chiqadigan shartlar boʻlib, jamiyatning oʻzi ushbu mezonlarni belgilab beradi.

Kufuʼ – tenglik masalasi. Nikohda nasabdagi kafoat eʼtiborga olinadi. Qurayshliklarning baʼzilari baʼzilariga tengdirlar. Arablarning baʼzilari baʼzilariga tengdirlar. Ajamlarda Islom eʼtibor qilinadi. Ota-onasi islomda boʻlgan ota-onasi islomdagiga tengdir. Otasi islomda boʻlgan ota-onasi unda boʻlganga emas. Oʻzi musulmon boʻlgan otasi ham musulmonga teng emas. Hurlik ham xuddi Islomga oʻxshaydi. Diyonatliligiga qarab ham boʻladi. Fosiq solih kishining qiziga teng boʻla olmaydi. Molu mulkiga qarab ham boʻladi. Dastlab berilishi lozim boʻlgan mahr va nafaqaga ojiz kuyov faqir qizga teng boʻla olmaydi. Ikkisiga qodir shaxs boy qizga kufuʼ boʻladi. Kasbu hunarga qarab ham boʻladi. Bas, toʻquvchi, qon oluvchi, farrosh yoki teri oshlovchi attorga yoki unga oʻxshashga kufuʼ emas.

Aslida, tenglik dinga qarab boʻladi. Musulmonlarning barchasi bir-birlariga tengdirlar. Fotima binti Qays (r.a.) Quraysh qabilasidan boʻlsa ham Usoma ibn Zaydga – asli qul boʻlgan kishiga tekkanlar. Bu ish Rasululloh (s.a.v.)ning maslahatlari bilan boʻlgan. Abdurrohman ibn Avf (r.a.)ning singillari Bilol ibn Raboh (r.a.) bilan turmush qurganlar. Ammo jumhuri ulamolar nikohdagi kafoat – tenglikka dindan boshqa, nikoh ayblaridan salomat boʻlish, hurriyat, nasab va sinoatga oʻxshash narsalarni ham qoʻshadilar. Chunki, odatda ushbu omillarga eʼtibor bermaslik koʻpgina oilalarning buzilishiga sabab boʻladi. Lekin taraflar rozi boʻlsa, nikoh joiz boʻlaveradi.

Musulmonlarda jufti halol tanlashda uning soliha, dindor, yaxshi xulqli boʻlishi asosiy mezon sanaladi. Abu Hurayra (r.z.)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (s.a.v.): “Ayol toʻrt narsasi: moli, naslu nasabi, jamoli va dini uchun nikohlanadi. Bas, sen dindorini tanla, omon boʻlgur”, deganlar (Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasaiy rivoyati).

Rasululloh (s.a.v.): “Kim xotinning molu jamoli uchun uylansa, uning molu jamolidan mahrum boʻladi va kim ayolning dini uchun uylansa, Alloh taolo u kishiga uning molu jamolini ham nasib qiladi”, dedilar.

Abul Hasan Movardiy (r.a.) yaxshi xotin tanlash farzandning otasidagi haqlaridan biri ekanini taʼkidlaydi va Umar (r.z.)ning quyidagi soʻzlarini dalil sifatida iqtibos qilib keltiradi: “Farzandning eng birinchi haqqi otasining unga yaxshi ona tanlashidir. Ota farzandi tugʻilishidan oldin uning uchun goʻzal, sharafli, iffatli, oqila, xulqi odamni rozi va xursand qiladigan, aqli va kamolotining goʻzalligi sinalgan va eriga munosib boʻlgan ayolni tanlashi lozim” [1].

Er xotinining madaniyatli boʻlishini va farzandlarini yaxshi tarbiya qilishini talab etishga haqlidir. Ayol kishi ham oʻziga mos ilmlarni oʻrganish huquqiga ega. Bu borada shunday soʻzlar xayolga keladi: “Er-xotin sheʼrning ikki baytiga oʻxshaydi. Birinchi qatordagi bayt goʻzal tarzda ifodalangan boʻlsa-yu, ikkinchi qatordagi bayt gʻaliz soʻzlardan tuzilgan boʻlsa, bunday sheʼrni maqtab boʻlmaydi”[2].

Abu Hurayra (r.z.)dan keltirgan hadisda Rasululloh (s.a.v.) Quraysh ayollarini maqtab shunday marhamat qilganlar: “Tuya mingan ayollarning eng yaxshisi Qurayshning soliha ayollaridir. Ular farzandlariga mehribon va erlarining haqlariga rioya qiluvchidirlar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Nikohdagi kafoat (tenglik) haqidagi bob Kafoat yoki kufʼlik lugʻatda tenglik, barobarlik maʼnosini bildiradi. Bu yerdagi kafoatdan murod – er-xotinning besh narsada teng, bir xil boʻlishidir: 1. Dinda. Fojir va fosiq kimsa afifa ayolga teng boʻlmaydi. Chunki, uning guvohligi va qilgan rivoyati oʻtmaydi, bu esa insoniyligidagi nuqsonidir. 2. Nasabda. Ajamiy (yaʼni, arab boʻlmagan kishi) arabiyaga kufʼ boʻlmaydi. 3. Ozodlikda. Qul va qisman ozod boʻlgan qul ozod ayolga kufʼ boʻlmaydi, chunki qullik tufayli nuqsonlidir. 4. Kasb-hunarda. Hajjom (qon oluvchi), toʻquvchi kabi past kasb egasi tojir kabi yuqori kasb egasining qiziga kufʼ emas. 5. Farz boʻlgan mahr va nafaqa miqdorida molga ega boʻlish. Qashshoq odam badavlat ayolga kufʼ boʻlmaydi. Chunki, uning qashshoqligi tufayli nafaqa bermasligida u ayolga zarar bordir. Agar er-xotindan biri ushbu beshta ishdan birida bir-biridan farqli boʻlsa, kafoat boʻlmagan boʻladi. Lekin, bu nikohning sahihligiga taʼsir qilmaydi. Chunki, nikoh sahih boʻlishi uchun kafoat shart emas. Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam Fotima bint Qays roziyallohu anhoni Usoma ibn Zayd roziyallohu anhuga nikohlanishga buyurganlar, u zotning buyruqlari bilan u Usomaga nikohlangan (Muslim (1480) Fotima bint Qays roziyallohu anhodan rivoyat qilgan). Biroq, kafoat nikohning lozim boʻlishi uchun shartdir. Ayol yoki uning valiysi agar rozi boʻlmasa, nikohni buzishga haqli boʻladilar. Chunki, bir kishi oʻzining past darajasini shu bilan koʻtarib olish uchun qizini birodarining oʻgʻliga berganida Nabiy sollallohu alayhi va sallam ixtiyorni qizga berganlar[3]. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilganlar). Biz quyida kafoatga tegishli bir necha fatvolarni “Jomiʼ ahkom as-sigʻor” nomli asardan tarjima qilib hukmingizga havola qilamiz:

          Kafoatni eʼtiborga olish

“Muhit”da[5] shunday zikr qilingan: Ota va bobodan boshqa kishi, agar qizni tengi boʻlmagan kishiga nikohlasa, bu borada oldingi davr hamda keyingi davr olimlarimizdan hech qanday rivoyat yoʻq. Fazliy[6] aytadiki, mahrni kamaytirish masalasiga qiyoslanib, ushbu nikoh hech qanday eʼtirozsiz joiz boʻlmasligi kerak.

Hanafiy mazhabida erkinlik tamoyili, ayniqsa, turmushga chiqish masalasida balogʻatga yetgan oqila qizni majburlamaslik va safih (aqli kam boʻlgan) kishini, shuningdek, qarzdor kishini tasarrufdan man etmaslik kabi masalalarda yaqqol koʻzga tashlanadi.

Abu Hanifa qiz bolaga oʻz taqdirini oʻzi belgilab oila qurish uchun erkinlik bersa ham, boʻlajak turmush oʻrtogʻi (eri) oilasiga kufuv (teng) boʻlishini shart qilib qoʻyadi. Bunga binoan agar bir qiz oʻz valiysi roziligini olmasdan, oʻzining oilasiga teng (munosib) boʻlmagan va oila uchun isnod keltiradigan erkakka turmushga chiqsa, hanafiy mazhabi boʻyicha Faxruddin Qozixon rivoyatiga koʻra, shuningdek, Abu Yusuf fikricha, nikoh bitimi fosid boʻladi (buziladi).

Ammo Abu Hanifa fikricha, baʼzan ayol oʻz turmush oʻrtogʻini tanlashda xatoga yoʻl qoʻyib, oila uchun isnod keltirishi mumkin. Faqihlar ana shu nuqtai nazardan qizning oʻzi ota yoki valiyning ishtirokisiz turmushga chiqishini taqiqlaganlar. Abu Hanifa fikriga koʻra, ayolning erkinligiga qayd qoʻyib, uni cheklash oʻzidan-oʻzi katta zarar hisoblanadi. Yuz berishi yoki yuz bermasligi ehtimoli boʻlgan boshqa bir zarar (isnod keltirish) uchun, ayolning erkinligini cheklashga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Shunday qilib, Abu Hanifa nazariyasiga binoan, ayol oʻz erkini saqlab qoladi, bordi­yu oʻz tanlashi orqali oilaga oru isnod keltirsa, nikoh fosid boʻlib (buzilib), ham uning iffati, ham oila eʼtibori saqlanib qoladi.

Faqihlar oqila va boligʻa qizni oʻzi istamagan kishi bilan turmush qurishga majbur qilmaslik boʻyicha Abu Hanifa fikriga qoʻshilgan boʻlsalar ham, bir oʻrinda u bilan ixtilof qilganlar, yaʼni qizning valiysi uni turmush qurishga majburlay olmaydi va qiz, oʻz valiysining irodasiga qaramasdan turmushga chiqa oladi, lekin uning (qizning) soʻzlari nikoh bitimini tuzish uchun yetarli boʻlmagani sababli, valiysi bitim marosimida ishtirok etadi, negaki, faqat valiy nikoh bitimini tuzish vakolatiga ega. Lekin Abu Hanifa, koʻpchilik faqihlarning bunday fikriga qoʻshilmay, ularning hammasiga qarshi turadi va barcha faqihlar orasida oʻz mustaqil fikrini saqlab qoladi.

Abu Hanifa taʼkidlashicha, ayol mol-mulk sohasida toʻla vakolatga ega boʻlganidek, tazvij (oʻziga er tanlash) boʻyicha ham toʻla vakolatga ega boʻlishi lozim. Uningcha, ayol va erkak nikoh bitimini tuzishda hech qanday imtiyozsiz teng huquqqa ega boʻlishlari zarur [7].

Kafoat shartlari: taʼminot va mahrni berishga qodir boʻlish

«Zaxira»da shunday deyilgan: agar voyaga yetgan yoki yetmagan ayol jimoʼga[8] layoqatli boʻlsa, taʼminotga qodir boʻlish kafoat shartlaridan biridir. Ammo yosh qiz jimoʼga layoqatli boʻlmasa, taʼminotga qodirlik eʼtiborga olinmaydi. Chunki bu holatda unga nafaqa berilmaydi, mahrga qodirlilik bilan kifoyalaniladi. Alloh biluvchidir.

«Hidoya»da shunday zikr qilingan: Kim oʻzining yosh qizini qulga yoki yosh bolasini choʻriga nikohlasa joizdir. Bu Abu Hanifaning fikri. Chunki kafoatni eʼtiborga olmaslik undan yuqoriroq manfaat tufaylidir. Abu Yusuf va Muhammad fikricha bu tenglik boʻlmagani uchun ochiqcha zarar boʻlib, joiz emas.

Qozi Faxriddinning «Fatovo»sida shunday deyilgan: ota va bobodan boshqa kishi ajdodlari ozod musulmon kishilar boʻlgan yosh qizni bobosi oʻsha qavmga ozodlik bergan yoki ota-bobosi musulmon boʻlmagan, oʻzi musulmon boʻlgan kishiga nikohlasa va voyaga yetgandan soʻng nikohni qabul qilsa ham joiz boʻlmaydi. Chunki bu sodir boʻlgan paytda unga ijozat beradigan kishi boʻlmagan nikohdir. U mavquf emas va ijozat taʼsir qilmaydi. Shuningdek boshqa sabablarga koʻra tenglik boʻlmasa, ota va bobodan boshqa kishining nikohi huquqiy kuchga ega emas.

Mast qiluvchi ichimlik ichuvchi kishi teng, munosib emas.

Hanafiy mazhabi faqihlari mast qiluvchi ichimlik ichgan yigit bokira qizga nikohlanishi mumkin emas deb hisoblaydilar. Shuningdek, mast qiluvchi ichimlik ichadigan ota oʻz qizning mahrini mislidan[9] kamaytirishi hanafiy mazhabi doirasida mumkin emasligida ixtilof qilmaydilar. Chunki mast kishining holatidan maʼlumki, u fikr yurita olmaydi. Lekin solih kishi oʻz qizini mahrini kamaytirishi Abu Hanifa fikricha joiz, ammo Abu Yusuf va Muhammad fikricha esa joiz emas. Ota kuyovning qizga teng emasligini bilgan va buni bila turib unga nikohlagan, bunda uning yetti oʻlchab bir kesgani maʼlum boʻlgan va bu shartnoma qiz uchun manfaatli deb hisoblangan masala ixtiloflidir.  Bu yerda uni teng deb oʻylashi shuni koʻrsatadiki, u shunday deb oʻylagan va fikr yuritmagan. Shunga oʻxshab, mast kishi agar qizining mahrini kamaytirsa, joiz emas. Hushyor odam bunday qilsa joiz. Chunki mast kishining holatidan maʼlumki, u fikr yurita olmaydi. Hushyor odam esa fikr yuritadi[10].

Xulosa qilib aytganda, hanafiy mazhabiga taalluqli fiqhiy asarlardagi sharʼiy hukm va fatvolar uzoq asrlar sinovidan oʻtgan boʻlib, u ota-ona va bolalarga oʻz haq-huquqlari hamda vazifalarini tanitishda ajoyib durdona asarlar sifatida qadrlidir. Ayniqsa, Imom Majduddin Ustrushaniy hazratlari “Jomiʼ ahkom as-chigʻor” (Bola huquqlar kodeksi) asarida jild-jild fiqhiy kitoblarda sochilgan bolalar huquqlariga taalluqli aniq tartib-qoidalarni topib, oʻz davrigacha boʻlgan taniqli ulamolarning durdona fikrlarini toʻplab, umumlashtirib, xulosalash bilan tayyor sharʼiy hukm, fatvo darajasiga yetkazib, ogʻirimizni yengil qilishni maqsad etgan.

Foydalanilgan manba va adabiyotlar
  1. Abul Hasan Movardiy. Tahqiq: Shayx Xizir Muhammad Xizr. Nasihatul-muluk. – B. 162.
  2. Shayx Muhammad Xizr Husayn. Dirasat fish-shariʼatil-islamiya. – B. 98.
  3. Nasoiy № 93269, Ibn Moja № 1874, Ahmad 6/136, №25043.
  4. Al-Muhit al-Burhoniy fi-l-fiqh an-Nuʼmoniy — Burhoniddin Mahmud ibn Tojiddin Ahmad ibn Abdulaziz ibn Umar ibn Moza Buxoriy (vaf. 616/1220 y.)ning fiqhiy asari (Kashf az-zunun. – J. 2. – B. 1619).
  5. Fazliy – Abu Amr Usmon ibn Ibrohim ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Abi Bakr Muhammad ibn Fazl ibn Jaʼfar ibn Rajo Asadiy Fazliy Buxoriy 426/1035 yili tugʻilib, 508/1115 yilda vafot etgan (Al-Favoid al-bahiya. – B. 238; Kashf az-zunun. – J. 3. – B.1227; al-Javohir al-muziya. – J.2. – B. 515).
  6. Atayev M.R. Islomda bolalar huquqi. – Toshkent: “Oʻzbekiston”, 2021. – B. 179-181.
  7. Jimoʼ: Qonuniy nikohdan keyingi jinsiy munosabat.
  8. Mislidan: Voqelikdagi miqdordan.
  9. Atayev M.R. Islomda bolalar huquqi. – Toshkent: “Oʻzbekiston”, 2021. – B. 191/
Muslim ATAYEV,
Oʻzbekiston xalqaro islom
 akademiyasi doktorantiPhD

Check Also

MAʼRIFATLI AYOLNING TAʼSIRI ASRLARGA TATIYDI!

Hayotda insonning begʻaraz yordamchilari juda koʻp boʻladi. Masalan, jazirama issiqda daraxtning soyasi yo zilol chashmaning …