Home / MAQOLALAR / MOVAROUNNAHR QURʼONSHUNOSLIK MARKAZLARI

MOVAROUNNAHR QURʼONSHUNOSLIK MARKAZLARI

Islom dini tarqalgan oʻlkalarda, boshqa ilmlar qatori, tafsir markazlari yoki maktablari ham rivojlangan. Jumladan, Makka, Madina, Iroq, Shom tafsir maktablari bu sohada katta shuhrat qozongan. Movarounnahrda ham oʻrta asrlarda tafsir markazlari shakllangan. Ularning qatorida Samarqand, Buxoro, Xorazm, Toshkent, Nasaf, Termiz, Margʻilon, Qoʻqon kabi shaharlarida paydo boʻlgan Qurʼonshunoslik maktablarini zikr etish mumkin. Ulardagi oʻnlab madrasalarda arab tili qoidalari, aqida, fiqh, hadis, mantiq kabi ilmlar bilan birga tafsir ham alohida fan sifatida oʻqitilgan. Ushbu ilmiy markazlarda faoliyat koʻrsatgan yuzlab mufassirlar oʻqitish bilan birga tafsirlar yaratish bilan ham shugʻullanganlar. Ular tomonidan yozilgan oʻnlab tafsirlar islom olamida katta shuhrat qozongan. Ularning ayrimlari chop qilingan, boshqalari qoʻlyozma shaklida saqlanmoqda, nomaʼlum bir qismi bizgacha yetib kelmagan. Mazkur tafsirlarning barchasi quyidagi Movarounnahrda paydo boʻlgan va rivojlangan tafsir maktablarida yaratilgandir.

Samarqand tafsir maktabi. Samarqandda oʻnlab mashhur mufassirlar boʻlgan. Ular ham naqliy, ham aqliy yoʻnalishdagi tafsirlar yozganlar. Jumladan, Abu Abdulloh Samarqandiy (vaf. 869 y.), Abu Nasr al-Iyoshiy (X asr) “Tafsir as-Sulamiy”, Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Bujayr al-Hamazoniy as-Samarqandiy (vaf. 923 y.) “at-Tafsir”, Abu Mansur al-Moturidiy (vaf. 944 y.) “Taʼvilot al-Qurʼon”, Abu Lays as-Samarqandiy (vaf. 983 y.) “Tafsir as-Samarqandiy”, Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad as-Samarqandiy al-Haddodiy (vaf. taxm. 1015-1020 y.) “al-Muvazzah fi ilm at-tafsir” va “al-Madxal li ilm at-tafsir Kitabillahi taala”, Ahmad ibn Umar Abu Bakr as-Samarqandiy (vaf. 1069 y.) “as-Sahoif”, Abul Hasan Ali ibn Muhammad al-Pazdaviy (vaf. 1089 y.), Abul Fath Alouddin Muhammad ibn Abdulhamid as-Usmandiy as-Samarqandiy (vaf. 1157 y.) “al-Amoliy fi-t-tafsir”, Abul Qutn Nosiruddin Muhammad ibn Yusuf as-Samarqandiy (vaf. 1161 y.) “al-Ahkom fi-t-tafsir”, Alouddin as-Samarqandiy (vaf. 1145 y.) “Sharh taʼvilot al-Qurʼon”, Hisomuddin Muhammad ibn Usmon ibn Muhammad al-Ulyobodiy (XIII asr) “Matlaʼ al-maʼoni va manbaʼ al-maboni fi tafsir al-Qurʼon”, Masʼud ibn Umar ibn Abdulloh Saʼduddin at-Taftazoniy (vaf. 1392 y.) “Hoshiya ala-l-Kashshof”, Shamsuddin Muhammad ibn Ashraf as-Samarqandiy (vaf. 1291 y.) “as-Sahoif fi-t-tafsir”, Shamsuddin Muhammad ibn Muhammad as-Samarqandiy (vaf. 1378 y.) “al-Qiroa as-sabʼʻ”, “Kashf al-asror fi rasm masohif al-amsor”, Abul Qosim ibn Abu Bakr as-Samarqandiy al-Laysiy al-Bayoniy (XV asr) “Hoshiya ala tafsir al-Bayzoviy”, Sayid Alouddin Ali ibn Yahyo al-Qurmoniy as-Samarqandiy al-Hanafiy (vaf. taxm. 1475 y.) “Bahr al-ulum” singari tafsir kitoblari yozganlar. Bulardan tashqari Ubaydulloh Sadrush-shariaʼ al-asgʻar ibn Masʼud ibn Tojush-shariaʼ al-Mahbubiy (vaf. 1346 y.), Mullazoda Ahmad ibn Usmon Shihobuddin as-Samarqandiy al-Xattobiy ash-Shofiiy (vaf. 1460 y.) lar ham mufassir sifatida mashhur boʻlganlar.

Buxoro tafsir maktabi. Buxoro buyuk muhaddislar shahri boʻlishi bilan bir qatorda mufassirlar maskani hamdir. Bu hududda dastlab naqliy, keyinchalik aqliy va tasavvufiy tafsirlar yaratilgan. Ular qatorida Imom al-Buxoriy (vaf. 870 y.) “at-Tafsir”, Abu Ali Ibn Sino (vaf. 1037 y.) Ixlos surasi tafsiri, Muhammad ibn Abdurahmon ibn Ahmad Alouddin Abu Abdulloh az-Zohid al-Buxoriy (vaf. 1151 y.) “Tafsir al-Qurʼon”, Sirojiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulmajid al-Qarnabiy az-Zohidiy (vaf. 1258 y.), Abul Fazoil Muhammad ibn Muhammad al-Burhon al-Hanafiy (vaf. 1289 y.) “Talxis at-tafsir al-kabir”, Alouddin Abdulaziz ibn Ahmad ibn Muhammad al-Buxoriy (vaf. 1329 y.) “al-Kashf ala tafsir al-Kashshof”, Xoja Porso Muhammad ibn Muhammad al-Hofiziy al-Buxoriy (vaf. 1555 y.) “Tafsir-i Qurʼon”, Buxoriy-zoda Muhammad ibn Abdullatif al-Buxoriy (vaf. 1578 y.) “Havosh ala tafsir al-Bayzoviy” kabi tafsir-kitoblar yozgani maʼlum. Bundan tashqari Buxoroda Hamiduddin az-Zarir Ali ibn Muhammad Najmul ulamo ar-Romishiy al-Buxoriy (vaf. 1268 y.), Abul Mahomid Mahmud ibn Muhammad al-Luʼluiy al-Afshanjiy al-Buxoriy (vaf. 1272 y.), Abul Fazl Muhammad ibn Muhammad Hofizuddin al-Kabir al-Buxoriy, Muhammad ibn Muhammad Abu Tohir Hofizuddin at-Tohiriy, Hamiduddin Ali ibn Muhammad ibn Ali ar-Romishiy al-Buxoriy kabi mufassir olimlar ham faoliyat olib borganlar.

Xorazm tafsir maktabi. Mahmud az-Zamaxshariy (vaf. 1143 y.) hanuzgacha tengi yoʻq deb eʼtirof etiladigan “al-Kashshof” tafsirini yozib qoldirgan.  Shuningdek, Abul Hasan Ali ibn al-Iroq as-Sinoriy (vaf. 1220 y.) “Shamohir ad-durar fi tafsir al-Qurʼon”, Shayx Najmiddin Kubro Abul Jannob Ahmad (vaf. 1221 y.) “at‑Taʼvilot an-najmiya fi-t-tafsir al-ishoriy as-sufiy”, Jamoliddin Muhammad ibn Ahmad al-Xorazmiy ash-Shofiiy (vaf. 1238 y.) “Multaqot al-maʼolim fi-t-tafsir” kitoblarini yozganlar. Demak, Najmiddin Kubro nafaqat kubraviya tariqatining asoschisi, balki yirik mufassir ham boʻlgan.

Kesh tafsir maktabi. Kesh maktabida yaratilgan tafsirlarning shoh varianti Abu Muhammad Abdulhamid ibn Humayd al-Keshiy (786-863 y.) qalamiga mansubdir. Taʼkidlash joizki, mazkur alloma Imom al-Buxoriyning ustozlaridan biri boʻlgan. Uning “at-Tafsir” asari Movarounnahrda yaratilgan dastlabki naqliy tafsirlar ichida alohida oʻrin tutadi.

Nasaf tafsir maktabi. Nasaf Movarounnahrdagi nufuzli tafsir markazlaridan biri boʻlgan. Uning koʻzga koʻringan vakillaridan biri Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad an-Nasafiy (vaf. 1310 y.) qalamiga mansub “Madorik at-tanzil va haqoiq at-taʼvil” asari bugungi kunlarda ham Misr, Pokiston, Afgʻoniston kabi mamlakatlarning taʼlim dargohlarida darslik sifatida oʻqitiladi. Ushbu kitobning qisqartirilgan yangi nashrlari al-Azhar universitetida ommalashgan. Shuningdek, Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Maʼqil an-Nasafiy (vaf. 906 y.) “at-Tafsir”, Najmiddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil an-Nasafiy (vaf. 1142 y.) “at-Taysir fi-t-tafsir”  va “al-Akmal val-atval” kitoblari bilan islom olamida mashhur boʻlganlar. 

Shosh tafsir maktabi. Shoshlik mashhur mufassirlar qatorida Abu Bakr al-Qaffol Muhammad ash-Shoshiy (vaf. 976 y.) va uning “at-Tafsir al-kabir”, Alouddin Ali ibn Muhammad Mavlono al-Qushchi (vaf. 1474 y.) va uning “Avoil tafsir al-Kashshof”, Kamoluddin Sulton Muhammad Hofiz al-Koʻhakiy al-Farkandiy at-Toshqandiy (vaf. 1572 y.) va uning “Hoshiya ala tafsir al-Bayzoviy” asarlarini zikr etish mumkin.

Termiz tafsir maktabi. Termizda dastlab naqliy tafsirlar, keyinchalik aqliy tafsirlar ham rivojlangan. Jumladan, al-Hakim at-Termiziy (vaf. 932) “Tahsil nazoiril Qurʼon”, Abu Iso at-Termiziy (vaf. 892 y.) “Sunan at-Termiziy”da “Kitob tafsir al-Qurʼon” bobi, Umar at-at-Termiziy (XV asr) “Tafsir surat al-ixlos”ni yozganlar.

Alohida qayd etish lozimki, Movarounnahrdagi tafsir fanidan dastlabki bosqichda Jaloliddin as-Suyutiyning “Tafsir al-Jalolayn”, keyingi bosqichlarda esa, “Tafsir an-Nasafiy”, “Tafsir al-Bayzoviy”, “Tafsir az-Zamaxshariy” kabi kitoblar va ularning sharh hamda hoshiyalari darslik sifatida oʻqitilgan.

Davronbek MAXSUDOV,
Tarix fanlari doktori (DSc),
dotsent

Check Also

XIX ASR OXIRI VA XX ASR BOSHLARIDAGI SAMARQAND MAʼRIFATPARVARLIK ADABIYOTI NAMOYANDALARIDAN BIRI SABRIY MUFTAQIRIY MEROSI

Sabriy naqshbandiya tariqati vorisi, XX asr boshlari adabiy jarayoniga oʻziga xos hissa qoʻshgan, shoir, shayx …