Home / MAQOLALAR / VIII/XIV- XII/XVIII ASRLARDA “AL-KUTUB AS-SITTA” TOʻPLAMINING JAMLANISHI

VIII/XIV- XII/XVIII ASRLARDA “AL-KUTUB AS-SITTA” TOʻPLAMINING JAMLANISHI

Islom dinida Qurʼoni karimdan keyin turuvchi ikkinchi ishonchli manba bu — hadisi shariflar hisoblanadi. Hadislar hijriy uchinchi asrda alohida ilm sifatida shakllandi hamda aynan ushbu asrda hadis sohasiga oid ishonchli kitoblar yozildi. Mana shunday ishonchli kitoblarni jamlagan toʻplamlardan biri “al-Kutub as-sitta” edi.

VIII/XIV asr boshlarida, “Sunani Ibn Mojja”ni oʻz ichiga olgan “al-Kutub as-sitta” tushunchasi va uning tarkibidagi boshqa hadis manbalarining nufuzi ortib, keng tarqaldi. Al-Mizziy (741/1341) “al-Kutub as-sitta”ning xususiyatlarini sanab oʻtar ekan, shunday deydi: “Alloh taolo hadis hofizlari, muhaddislar va munaqqid olimlarni sunnatda muvaffaqiyatga erishtirdi. Hadis olimlari sunnatni zolimlar fasodidan, botil bilan shugʻullanuvchilarning koʻchirmasidan, johillarning talqinidan saqladilar. Ular hadislarning saqlanishini orzu qilib, yoʻqolishidan qoʻrqib, hadis tasnifini xilma-xil qilib, koʻp tarmoqlarga ajratdilar. Ular eng chiroyli tasnif, eng yaxshi taʼlif, xatosi kam, foydali va koʻp ishlatish uchun eng oson, muxoliflar va tarafdorlar nazarida eng maqbul, oddiy va ziyoli qatlam orasida eng yuqori oʻrinni egallagan holda quyidagi asarlarni yozdilar: “Sahihul Buxoriy”, “Sahihul Muslim”, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiyning kitobi. Ibn Mojjaning “Sunan”i garchi ularning darajasiga yetmagan boʻlsa ham. “Kutubi sitta” mualliflarining har biri oʻz qavmi uchun maʼlum bir ustunlikka egadir. Bu kitoblar xalq orasida mashhur boʻlib, islom yurtlarida tarqaldi”[1]. “Al-Mizziy” “al-Kutubi as-sitta” toʻplamiga Ibn Mojjaning “Sunan” asarini “Sahihayn” va “Sunanlar” darajasiga yetmaslik sharti bilan kiritadi, yaʼni uning kamchiliklarini aytib oʻtadi.

VIII/XIV asr olimlaridan yana biri Ibn Kasir[2] (774/1372) “al-Kutub as-sitta” ning oltinchi kitobi Ibn Mojjaning “Sunan”i ekanligini, u Ibn as-Salohning fikrlariga qoʻshilmaganligini, uning asarini umumlashtirib oʻrganganligini aniq qilib taʼkidlaydi. Bunga asos qilib Ibn Asokir (vaf. 571/1176)ning ikki sahih (Buxoriy va Muslim Alijonova – G.) va toʻrtta sunan (Termiziy, Ebu Dovud, Nasoiy, Ibn Mojja Alijonova – G.) va Hofiz al-Mizziyning muhit va rijol haqidagi asarlarini oʻz ichiga olgan “Atraf” kitobini havola qiladi. Shuningdek, u Ibn Mojja kitobini fiqh jihatidan ustun deb biladi[3].

IX/XV asr boshiga kelib Ibn Mojjaning “Sunan”ini oltinchi kitob sifatida qabul qilmagan olimlar juda kam uchraydi. Bu olimlar “al-Kutub as-sitta”ning oltinchi kitobi Dorimiyning “Sunan” asari boʻlishi kerakligini taʼkidlaganlar. Chunki, Dorimiyning “Sunan”ida mursal[4] va mavquf[5] hadislar mavjud boʻlsa-da, zaif, munkar[6] va shaz[7] hadislar esa kamdan-kam uchraydi[8]. Masalan, Ibn Hajar[9] (vaf. 852/1449) oltinchi kitob sifatida Ibn Mojjaning “Sunan”ini emas, Dorimiyning “Sunan” asarini afzal koʻrgan. Ibn Hajar bu boradagi fikrini quyidagicha bayon qiladi: “Dorimiyning kitobi sunan darajasida boʻlib, sunanlardan past emas. Aksincha, bu asar Ibn Mojja “Sunan” asarining oʻrniga, “al-Kutub as-sitta” tarkibiga kiritilishi kerak. Chunki u koʻp jihatdan Ibn Mojja asaridan ustundir”[10]. Biroq Ibn Hajarning bu qarashi oʻzidan keyingi olimlarga taʼsir koʻrsatmagan. Xususan uning zamondoshi va shogirdi boʻlgan as-Sahaviy ham uning fikriga qoʻshilmagan.

X/XVI asrda ham “al-Kutubi as-sitta” haqida bahslar davom etgan. Bu davr hadis olimlaridan Ibn Hajarning shogirdi as-Sahaviy (vaf.902/1496) yuqorida ismi zikr qilingan  Ibn as-Salohning “Muqaddima”sini “Alfiya” (ming bayt) shaklida taʼlif etgan va bu baytlarda “al-Kutub al-xamsa” sifatida Buxoriy, Muslim, Termiziy, Abu Dovud va Nasoiylarni keltirgan. As-Sahaviy ibn as-Salohning ilmiy mulohazalariga sodiq qolgan holda oltinchi imom oʻlaroq hech kimni keltirmaydi. Biroq, “Alfiya” asari baytlarining sharhida esa as-Sahaviy ibn Kasirning soʻzlaridan iqtibos keltirib, oltinchi kitob deya Ibn Mojjaning “Sunan”ini eʼtirof etadi. As-Sahaviy Ibn Kasirning soʻzlariga dalil sifatida ibn Asokir va al-Mizziyning kitoblarini koʻrsatadi. U Ibn Kasirning: “Ibn Mojaning bob sarlavhalari fiqh nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga egadir” – degan fikridan keyin as-Salohning: “Koshki Dorimiy Ibn Mojja oʻrniga “Musnad” boʻlsa”[11] — deganlarini keltirgan. Bunga qarshi as-Sahaviy Dorimiyning “Sunan”ida mursal va maqtu hadislar koʻpligini ham taʼkidlab oʻtadi. Yuqoridagi fikr-mulohazalardan xulosa qilgan as-Sahaviy Ibn Mojjaning “Sunani”ni Dorimiyga nisbatan ustunroq koʻrilganini qayd etadi.

Ushbu asrda (X/XVI) yashab oʻtgan allomalardan yana biri as-Suyutiy[12] (vaf. 911/1505) boʻlib, ishonchli kitoblar ichida ibn Mojjaning “Sunan”ini afzal koʻrganlardandir. U an-Navaviyning “Taqrib” nomli asariga yozgan sharhida ibn Mojjaning “Sunan”ini oltinchi kitob deb aytib, Ibn as-Salohni Ibn Mojjani vafoti toʻgʻrisida maʼlumot bermaganligi va uni “al-Kutub al-xamsa”ga kiritmaganligini tanqid qiladi. Lekin aslida an-Navaviy Ibn Mojja toʻgʻrisida  “Taqrib” kitobida yozmagan boʻlsa-da, lekin  uning ismi va asari haqidagi mulohazalarini “Tafsir” kitobiga kiritib, Ibn Mojjaning “Sunan”ini “al-Kutib-as-sitta” toʻplamidagi oltinchi kitobligini aytib oʻtgan. Bundan shuni tushunish darkorki, as-Suyutiy ham Ibn Mojjani oltinchi kitobning imomi sifatida tan olgan. Shunday qilib, X/XVI asrda ham “al-Kutub as-sitta”ning oltinchi manbasi deya ibn Mojjaning “Sunan”ini eʼtirof etilgan.

XI/XVII asrda yashagan allomalardan biri Ali al-Qoriy[13] (vaf. 1014/1605) Abu Solih at-Tabriziy[14] (502/1109)ning “Masahibus sunniya” asarining sharhi boʻlmish “Mirqatul Mafatih” nomli kitobida  “al-Kutub as-sitta” toʻplamidan hadislarni rivoyat qilganimda xuddi Paygʻambar alayhissalomdan rivoyat qilgandek boʻlaman” – deb kulliyotdagi hadislarning sahihligini, hadisga oid yozilgan kitoblar ichida “al-Kutub as-sitta”dan hadis keltirish joiz ekanligini taʼkidlagan. Demak, Ali al-Qoriy yuqoridagi fikri orqali XI/XVII asrda Buxoriy va Muslimning “Sunan”lari hamda Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy va Mojjalarning “Sunan”larini nazarda tutib, ularni olti ishonchli kitob sifatida eʼtirof  etgan.

XII/XVII asrning oʻrtalarida “Sitta” tushunchasi nafaqat muhaddislar, balki koʻplab mualliflar tomonidan ham keng qoʻllanilganligini koʻrish mumkin. Jumladan: Ajluniy[15] (1162/1749) “Sitta” atamasini oʻzining “Kashful havo” nomli kitobining bosh qismida shunday izohlaydi: “Ikki shayxdan rivoyat qilingan sahih hadislar deyishimdan maqsad Imom Buxoriy va Imom Muslimdir. Ulardan keltirilgan hadislarga “sahihayn” deb ataladi. Toʻrt kishidan rivoyat qilingan hadislar deyishimdan murod Abu Dovud, Nasoiy, Termiziy va ibn Mojjaning “Sunan”laridir. “Sitta” rivoyat qildi deyishimdan maqsad esa yuqorida imomlardan toʻrttasi va “sitta”dagi sahihayndir. Bularning har birini bir-biridan ayirmoqchi boʻlsam-da, ularni “Sunani sitta”dagi kitoblardan ekanligini anglab, bunga jazm etmayman”[16]. Ajluniyni “Sunani sitta” tushunchasini nimaga ishlatganligi haqida biror bir izoh qoldirmagan. Ammo, ishonch bilan aytish mumkinki, Ajluniy oʻzining ushbu soʻzlari bilan “al-Kutub as-sitta”ga ishora qilgan.

Shoh Valiyulloh ad-Dehlaviy[17] (vaf. 1176/1762.) oʻzining “Hujjatullahil-baligʻa” asarining “Hadis kitoblari va darajalari” deb nomlangan toʻrtinchi bobida “Bugungi kunda hadis ilmida tadvin kitoblarini oʻqishdan boshqa yoʻlimiz yoʻq. Chunki bugun tadvin qilinmagan, islom ulamolari ishonch hosil qilmagan bir rivoyatni uchratish mumkin emas. Hadis kitoblarining turli tabaqalari mavjud boʻlib, ularning farqli jihatlari ham bordir. Bunday holatda bu tabaqalarni aslini bilishlik shart”[18] — deb oʻz qarashlarini bildirgan. ad-Dehlaviy fikrlarini davom ettirib “Sahih”lik darajasiga koʻra hadis kitoblarini besh tabaqaga boʻlib, dastlabki ikki tabaqada “al-Kutub as-sitta”ni zikr etgan:

  1. “Muvatto”, “Sahihul Buxoriy” va Sahihul Muslim”
  2. Abu Dovudning “Sunan”, Termiziyning “Jome”, Nasoiyning “Mujtaba”, ibn Mojjaning “Sunan” asarlari.
  3. Buxoriy va Muslimdan keyin yozilgan “Jome” va “Musnad” kitoblarni
  4. Ushbu tabaqaga bir necha asrlardan keyin yozilgan asarlar oʻrin olgan.
  5. Fuqaholar, soʻfilar, tarixchilar orasidan mashhur boʻlgan, toʻrtinchi tabaqaga kiritilmagan asarlar, jumladan: as-Suyutiy va Ibn Hajarning hadis kitoblari kiritilgan.

Dehlaviyning Imom Molik “Al-Muvatto” asariga boʻlgan munosabatini, olim tomonidan fors tilida yozilgan “Mufassa sharhi muvatto” va arab tilida taʼlif qilingan “Al-Musavva sharhi al-muvatta” nomli kitoblarda keltirilgan fikrlardan anglash mumkin. Dehlaviy “Hujjatullahil-baligʻa” kitobida hadis kitoblari mualliflaridan bahs etarkan, eng foydalisi va eng mashhur boʻlganlari deb Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziylarning toʻrt asarining nomini keltirgan. Bular ichida ustunlik sifatida Buxoriyning “Sahihi”ni alohida aytib, hech bir asar bu kabi shuhrat qozonmaganini taʼkidlagan[19].

XII/XVIII asrda “Olti ishonchli” toʻplam toʻgʻrisidagi qarashlarda, “al-Kutub as-sitta” tushunchasi ulamolar tomonida yakdil qabul qilinganligi koʻzga tashlanadi. Shuningdek, “al-Kutub as-sitta”ga nisbatan Ajluniy tomonidan yangi “Sunani sitta” atamasining qoʻllanilishi ushbu kulliyotga boʻlgan eʼtiborning ortganini anglatadi. Ammo, Dehlaviy “Kutubi sitta”ning tartibiga xilof ravishda hadislarni tabaqalarga ajratish holati orqali Imom Molikning “Muvatto”sini boshqa sahih va sunan kitoblaridan oldinroq zikr etadi. Bu mulohazadan shuni tushunish mumkinki, Dehlaviy, Imom Molikni Imom Buxoriy va Imom Muslimga nisbatan tarixiylik va ustoz-shogirdlik nuqtai nazaridan oldinroq keltirgan. Dehlaviyning qarashlari keyingi davr olimlariga ham taʼsir etgan boʻlib, ulardan biri Rizouddin ibn Faxriddin ham “Kutubi sitta va mualliflar” asarida xuddi mana shu tartibni qoʻllagan.

Xulosa qilib aytganda, VIII/XIV- XII/XVIII davrni “al-Kutub as-sitta” toʻplamining turli xil qarash va nazariyalar orqali ishonchli bilim hosil qilish payti deyilsa mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki, bu yuz yilliklar davomida “al-Kutub as-sitta” tushunchasi goh “al-Kutub al-xamsa” sifatida ayrim ulamolar qarashlarida aks etdi. Shuningdek, “al-Kutub as-sitta”ning oltinchi kitobi sifatida Dorimiyning “Musnadi”ni ozchilik boʻlsada islom ulamolari tan oldilar. Ammo ushbu davrni tarixiylik nuqtai nazaridan tahlil qilinganda “al-Kutub as-sitta”ning oltinchi kitobi deya “Sunani Ibn Mojja” mustahkam oʻrin olgani yaqqol namoyon boʻladi.

[1] Al-Mizziy. Tahzibul kamol. Bayrut.: Muassasatur risola. 2010. – B. 147.
[2] Abul Fida Imomiddin Ismoil ibn Shahobiddin Umar ibn Kasir ad-Damashqi. Mufassir, muhaddsi, tarixchi va faqih olim.
[3] Al-Havli. Tarixi fununil hadisi an-Nabaviy. Darul ibn Kasir. Bayrut.: 1988. – B.172
[4] Mursal (arab. المرسل yuborilgan, otilgan, tashlangan) – sanadning uzilib qolishi sababli rad etilgan hadis turi.
[5] Mavquf (arab. الموقوف toʻxtatilgan) maqbul va mardud xabarlarga berilgan atamaning bir turi. Istelohda – rivoyat qilinayotgan xabar sahobiyga yetganda toʻhtab qolib isnod zanjiri oxiriga Paygʻambar (a.s.)ga yetkazilmagan boʻladi.
[6] Munkar (arab. المنكر inkor qilingan) roviyni ayblanishi sababli rad etilgan hadislar.
[7] Shaz (arab. الشاذ nodir juda kam uchraydigan) ishonchli roviyning oʻzidan kuvhliroq roviyga muholif boʻlishi.
[8] As-Suyutiy. Tadbiri roviy. Bayrut: Darul marifa. 1988. – B. 18.
[9] Abul Fazl Shahobiddin Ahmad ibn ali ibn Muhammad al-Asqaloniy misrlik hadis olimi va hofizi.
[10] As-Suyutiy. Tadbiri roviy. Bayrut: Darul marifa. 1988. – B. 22.
[11] As-Sahaviy. Fathul mugʻis sharhul alfiyatil hadis. Bayrut.: 1978. – B. 260.
[12] Abul Fazl Jaloliddin Abdurrahmon ibn Abu Bakr Muhammad al-Hudayri as-Suyutiy as-Safii tafsir, hadis, fiqh, arab tili va adabiyoti olimi.
[13] Abul Hasan Nuriddin ali ibn Sulton Muhammad al-Qoriy al-Haravi taniqli hanafi mazhabi faqihi, muhaddsi, mufassir va qiroat olimi
[14] Abu Zakariyyo Yahyo ibn Ali Muhammad al-Hattob at-Tabriziy arab tili va adabiyot olimi. Tabrizda tavallud topgan. Oʻzidan oʻn yettidan ortiq asarlar yozib qoldirgan.
[15] Abul Fida Ismoil Muhammad ibn Abdulhadi al-Jarrohiy al-Ajluniy mashhur shomlik muhaddis boʻlib, oʻzidan oʻndan ortiq asar qoldirgan.
[16] Ajluniy. Kashiful hafa. Bayrut.: Darul kutubi ilmiyya.1997. I jid, — B. 6.
[17] Abu Abdulaziz Qutubiddin Valiyulloh Ahmad ibn Abdurrahim ibn Vajihiddun ad-Dehlaviy al-Faruqiy. Dehli shahrida tugʻilgan. U islom ilmlari bilmdoni, muhaddis, mujaddid, faqih, ilohiyotshunos, faylasuf boʻlgan. oʻzidan toʻqqizdan ortiq asarlar qoldirgan.
[18] Dehlaviy. Hujjatullohil baligʻa.Bayrut.: Darul ihyaul ulum. 1990. – B. 489.
[19] Dehlaviy. Hujjatullohil baligʻa.Bayrut.: Darul ihyaul ulum. 1990. – B. 464.
Gulnoza ALIJONOVA,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi,
Islom tarixi va manbashunosligi
IRCIKA kafedrasi tayanch doktoranti

Check Also

TARIQATLAR TARIXINI OʼRGANISHDA SFRAGISTIK MATERIALLARNING OʼRNI

Tarixiy manbalar Markaziy Osiyoning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol oʻynagan. Bunda Markaziy Osiyoda …