Home / ALLOMALAR / KARMANALIK BUYUK ULAMO QOSIM SHAYX AZIZON

KARMANALIK BUYUK ULAMO QOSIM SHAYX AZIZON

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kim ilm talab qilish yoʻliga yursa, Alloh unga jannat yoʻlini oson qilib qoʻyadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini qoʻyadilar. Albatta, olimga osmondagi zotlar, yerdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istigʻfor aytadilar. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga oʻxshaydi. Albatta, olimlar anbiyolarning merosxoʻrlaridir. Albatta, anbiyolar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Albatta, ular ilmni meros qoldirganlar. Kim oʻshani olsa, ulugʻ nasibani olibdi”, deganlarini eshitdim, degan ekanlar». (Abu Dovud va Termiziy rivoyat rivoyat qilganlar).

      Tarixdan maʼlumki, XVI asrlarda bizni yurtimizda juda koʻplab islom olamida maʼlum va mashhur shayxlar, avliyo va ulamolar yetishib chiqqan. Ular oʻz davrining ruhiy tayanch vazifasini oʻtaganlar. Bizga maʼlumki, mafkura – maʼnaviyat shaklida ijtimoiy-siyosiy hayot mazmunida muhim ahamiyat kasb etgan. Ular orasida Buxoro xususan, Karmanalik Shayxlarning oʻrni beqiyosdir. Movarounnahr sarhadida yetakchi ruhiy rahnamo Karmanalik eng mashhur shayxlardan biri Hazrat Nizomiddin Qosim Shayx Azizondir. Ul zot Yassaviya-jahriya-sultoniya tariqatining XVI asrdagi piri komili boʻlib, oʻsha davrda faoliyat koʻrsatgan diniy arbob hisoblanadi[1].

Markaziy Osiyo tarixidan maʼlumki, har bir hukmdorning bir necha diniy ustozi – piri boʻlgan. Buxoro hukmdori Abdullaxonning mashhur Joʻybor xoʻjalaridan boʻlgan piri – Qosim Shayx Azizondir. U kishi XVI asrning yirik maʼnaviy barkamol Shayxlaridan edilar. Joʻybor shayxlari mamlakat poytaxti Buxoroda yashardilar, Qosim Shayx esa Karmanada umr guzaronlik qilganlar. Qosim Shayx XVI asr maʼnaviy-siyosiy hayotida muhim oʻrin egallab, shu davr mamlakat tasavvufining yirik namoyondalaridan biri boʻlib, u kishining maʼnaviy silsilasi Xoʻja Ahmad Yassaviy (XII asr) ga borib taqaladi. Qosim Shayxning anchagina muridlari ham boʻlgan. Masalan, Samarqand yaqinidagi Ashxobod qishlogʻida yashab oʻtgan Hazrat Shayx Olim Azizon[2].

Abdullaxon mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida doir masalalarini hal qilishda qiynalgan vaqtlarida doimo Qosim Shayx Azizonga murojaat qilib turgan, u kishi esa shohga zarur maslahatlar qilishda yordam qilgan. Masalan, Buxoro hukmdori Shayboniyzoda Abdulazizxon 1550-yilda vafot etgach, shayboniylar sulolasining turli vakillari oʻrtasida Buxoro taxti, Karmana va Miyonqol uchun kurash boshlanib ketdi. 17 yoshli Abdullaxon shu murakkab vaziyatda oʻzini qoʻllab-quvvatlash va koʻmak berishini soʻrab Qosim Shayxga murojaat qiladi. Shayx uni duo qilib, koʻp payt mudofaada turishni maslahat beradi. Shunday yurishlardan biri Karmana qoʻrgʻoni uchun boʻlgan 12 kunlik janglardan soʻng Abdullaxon dushman bilan tinchlik sulhi tuzadi va qon toʻkilishining oldini olib koʻp kishini oʻlimdan asrab qoladi. Bu bevosita Qosim Shayx Azizon maslahati bilan boʻladi.

Qosim Shayx Azizon toʻgʻrisida koʻplab tarixchi olimlarimiz asarlar yaratishgan. Biroq ularning yaratgan asarlari va avtobiografiyalari toʻliq oʻrganilmagan.

Suyundoʻq Mustafo Nurotoiy “Karmana azizlari” nomli kitoblarida Karmana shahrida tugʻilib faoliyat olib borgan va islom olamida oʻchmas iz qoldirgan Shayxlar toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlarni yozganlar. Ushbu kitobdan Hazrati Qosim Shayx Azizon tarjimai holi haqida hamda tariqatda tutgan oʻrinlari toʻgʻrisida maʼlumotlarni koʻrishimiz mumkin. Bundan tashqari kitobda u kishining hollari, pir va muridlari hamda u kishi haqidagi naqllarni oʻqishimiz mumkin[3].

Olmahon Hayitovaning “Karmanalik buyuk siymolar va muqaddas qadamjolar” nomli kitobida Shayxning xalqqa qilgan yaxshiliklari haqida shunday maʼlumotlar berilgan. 1569-yilda Turkiston va Samarqand hukmdorlari Dabusiya va Karmanani egallab, Abdullaxon qushinlari bilan kurashni Gʻijduvonning Gʻishti yaylovlarida davom ettirayotganlarida Buxoro hukmdori Abdullaxonning qoʻli baland keladi va uning raqiblari Qosim Shayxga murojaat qilib, xon bilan yarashtirib qoʻyishni soʻraydilar. Shayx jangu jadallardan madori qurigan, bosqinchilar joniga tekkan aholiga xayrixoh boʻlib, ularni yarashtirib quyadi[4].

Qosim Shayx Azizon 1576-1577 yillarda bir-biri bilan kurashib turgan uch hukmdorni–Xorazm shohi Hoji Muhammadxonni, Qipchoq dashtidan Qozoq Eshimxon va Abdullaxonni Karmanada bir kigiz ustida oʻtirgʻizib, sulh tuzishga erishganligi “Abdullanoma”da qayd etilgan.

Qosim Shayx hayotida bunday holatlar koʻp marta boʻlgan. Qosim Shayx Azizon xalq manfaatlarini butun umri davomida himoya qiladilar. U kishi soliqchilar tazyiqiga yoʻl qoʻymaydilar, mamlakat farovonligi, tinchligi va osoyishtaligi uchun umr boʻyi kurashadilar.

Hofiz Tanish ibn Muhammad Buxoriyning “Abdullanoma” asarida Qosim Shayx haqida “ul hazratning kimyoxosiyat xayollarida butun valoyat jamiyatini birlashtirmoq, turli tabaqadagi xalqlarning yaxshi kun kechirmogʻi, mamlakat va mulkning osoyishtaligi, yaxshilarga himmat va iltifot koʻrsatmoq boʻlgan”,– deyilgan soʻzlar bor.

Qosim Shayxning “Raddishiya” (Shiya dinini rad etish) asari borligini XX asrning boshida yashagan nemis olimi, sharqshunos Brokelman eslatadi. U kishining asari borligini boshqalar ham tilga oladi. U asarlar tarix qaʼrida yoʻqolgan. Qosim Shayx salkam 80 yoshni qarshilab turganlarida, 1581-yilda vafot etadilar. U kishi Karmanada dafn etilgan. 2003-yilda u kishining tugʻilgan roppa rossa 500 yil toʻldi. Qosim Shayx Azizonga atab oʻsha davr shoiri Mushfiqiy marsiya yozgan. Abdullaxon ustozi, piri Qosim Shayxga boʻlgan eʼtiqodning ramzi sifatida u kishining tiriklik paytida 1558 yilda bu xonaqohni qurdiradi.

Qosim Shayx toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asrlardan asrlarga koʻchib, bizning davrimizgacha yetib keldi. Qosim Shayx toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Hofiz Tanish al-Buxoriyning “Abdullanoma” (“Sharaf-nomayi shohiy”), Hasanxoʻja Nisoriyning “Muzakkiril ahbob”, Hazrat Olim Shayx Azizonning “Laʼmahot min nafaxot ul-quds”, Muhammad Tohir Eshon Xorazmiyning “Tazkirat ul-avliyo” (“Tazkirai Tohir Eshon”), Sayid Muhammad Nosiriddinning “Tuhfat az-zoirin” asarlarida uchraydi. Muhammad Tohir Eshon “Tazkira”si Qosim Shayx toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlarni beribgina qolmay, shayx maʼnaviy silsilasi davomchilari, yaʼni xalifalari haqida ham soʻz yuritadi.

Qosim Shayx Azizon “Manoqib”ida oʻz tilidan: “Biz toʻrt silsiladan ruxsat olganmiz”, deyishi, har toʻrttala tariqat – Kubroviya, Qodiriya, Yassaviya, Naqshbandiya shayxlaridan taʼlim va pirlik ijozati olganini anglatadi[5]. Shu sababli islom olamida katta shuhrat va obroʻ qozongan shayxlar qatorida boʻlganliklari maʼlum. Qosim Shayx Azizon hazratlari haqida yozilgan asarlarni koʻrib chiqqanimizda biz bu zotning sifatlari va naqadar buyuk valiy zot boʻlganliklarini bilishimiz mumkin. Xususan, “Abdullanoma”da yozilishicha: “Ul hazratning kimyo hosiyat xayollarida butun viloyat jamiyatini birlashtirish, turli tabaqadagi xalqni yaxshi kun kechirishi, mamlakat va mulkni osoyishtaligi, yaxshilarga hurmat va iltifot koʻrsatish boʻlgan” (2-jild. Toshkent, 1969y, 248-bet)

Yana Ul zot ilmi toliblar va muhtojlarning najotkori boʻlganlar. Hazrat haqida bitilgan naqllarda u kishi hattoki insonlarning koʻnglidan oʻtkazgan va oʻtkazayotgan tuygʻularini biladigan valiy boʻlganliklari aytilgan. Mavlono Ismatulloh naqli bilan aytilganda bu inson “Musharraful-qulub” boʻlganlar. Shu sababli bu zotning oldiga kelgan ilmu toliblar imkon qadar xotiralarini yomon gumonlardan tiyib oʻtirishga harakat qilar edilar. Chunki u kishi musharraful qulub yaʼni koʻngilni sezuvchi, qalbni anglovchi edilar.

[1] S.M. Nurotoiy “Karmana azizlari” T.2010y. B.105.
[2] O.Hayitova “Karmanalik buyuk siymolar va muqaddas qadamjolar” T. 2004y. B.33.
[3] Karang: Suyundik Mustafo Nurotiy “Karmana azizlari” T.2010y.
[4] Qarang: O.Hayitova “Karmanalik buyuk siymolar va muqaddas qadamjolar” T. 2004y.
[5] S.M. Nurotoiy “Karmana azizlari” T.2010y. B.109.
Nigorabonu MAMATOVA,
“Joʻybori kalon” ayol-qizlar islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …