Home / MAQOLALAR / QURʼONI KARIM OYATLARI TARKIBIDA VAZIFADOSH GAP BOʻLAKLARINING JOYLASHUVIDAGI OʻZIGA XOSLIKLAR

QURʼONI KARIM OYATLARI TARKIBIDA VAZIFADOSH GAP BOʻLAKLARINING JOYLASHUVIDAGI OʻZIGA XOSLIKLAR

 Qurʼoni karim oyatlari tarkibidagi kalimalarning joylashuv tartibida mufassir ulamolar ahamiyat berib oʻrgangan, ilmiy asoslarga tayangan koʻplab jihatlar bor. Ana shunday jihatlardan biri turli oyatlar matnida vazifadosh gap boʻlaklari – uyushiq boʻlaklar hamda izohlovchi va izohlanmishning isteʼmolida tartiblar almashinuvi kuzatiladi.

Odatda tilshunoslar ushbu holatni barcha tillardagi kabi urgʻu qaratish eʼtiboridan amalga oshishini taʼkidlashadi. Ammo Qurʼon tafsiri bilan shugʻullangan tilshunos mufassirlar ushbu hodisaning ilohiy xitobga muvofiq yana oʻrganiladigan jihatlari bor ekaniga ahamiyat qaratishgan. Quyida ana shunday jihatlardan ayrimlariga toʻxtalib oʻtamiz.

Baqara surasining 173-oyatida, Niso surasining 100-oyatida magʻfirat soʻzi rahmat soʻzidan oldin kelgan:

إِنَّ اللَّهَ غَفُورٌ رَحِيمٌ

“Darhaqiqat, Alloh kechirimli va rahmlidir.”[1]

وَكَانَ اللَّهُ غَفُورًا رَحِيمًا

“Alloh magʻfiratli, mehribon boʻlgan zotdir!”[2]

Ushbu ikki oyati karimada Alloh taoloning magʻfiratli ekani birinchi zikr qilindi, orqasidan rahmat sifati keltirildi. Magʻfirat qiluvchi ekani, rahim sifatidan oldin keltirilganiga sabab, magʻfirat bu birinchi oʻrinda jazodan salomat saqlashni bildiradi. Rahmat esa, keyin hosil boʻladigan yutuqdir. Salom qolish birinchi oʻrinda talab qilinadigan narsa, yaʼni halokatga uchramaslik, birinchi qidiriladigan narsa. Salomat qolingandan keyin esa qoʻshimcha yutuqlar olishga harakat qilinadi, shuning uchun magʻfirat asli oldin qoʻlga kiritiladigan bosqich hisoblanadi.

Ammo quyidagi oyatda esa bu ikki sifat oʻrin almashib kelgan:

يَعْلَمُ مَا يَلِجُ فِي الْأَرْضِ وَمَا يَخْرُجُ مِنْهَا وَمَا يَنْزِلُ مِنَ السَّمَاءِ وَمَا يَعْرُجُ فِيهَا وَهُوَ الرَّحِيمُ الْغَفُورُ

«Alloh taolo yerga kiradigan narsani ham, undan chiqadigan narsani ham, osmondan tushadigan narsani ham va unga koʻtariladigan narsani ham bilur, U rahmli va magʻfiratli zotdir».[3]

Koʻrinib turibdiki, bu oyatda ikki sifatning joyi almashgan holda keldi. Bunga sabab rahmat kalimasi shu oyatda kelgan har toʻrt xil toifani oʻz ichiga qamrab oluvchidir, magʻfirat esa ularning hammasiga emas, faqat baʼzilariga tegishli. Yerga kiradigan, yerdan chiqadigan, osmondan tushadigan va osmonga chiqadigan deb zikr qilingan barcha mavjudotni Allohning rahmati qamrab oladi, lekin ularning hammasi ham magʻfirat sifatiga duch keluvchi emas[4].

Osmondan tushadigan narsa yomgʻir boʻlsa, Allohning rahmati boʻlib tushadi, magʻfirati emas, yoki yomgʻirni Alloh magʻfirat qilmaydi. Mana shu maʼnoda umumiy hukmlar, xususiy hukmlardan koʻra tartib jihatidan oldinroq zikr qilinishi mantiqan toʻgʻri. Izoh oʻrnida aytish mumkinki, xaloyiqning barchasi – insonlar, jinlar, hayvonlar va boshqalar, nabodotu jamodot Allohning rahmatiga muhtojdir, Allohning rahmati bilan yashaydilar, hayot kechiradilar, Uning rahmati bilan oʻzaro rahmlashadilar. Magʻfirat esa faqat mukallaflarga tegishli, mukallaf gunoh qilganidan keyin magʻfiratga muhtoj boʻladi. Magʻfirat sifati mukallaf boʻlmaganlarga tegishli emas, natijada rahmat masalasi umumiyroq boʻladi.

Quyidagi oyatda uyushiq boʻlaklar tartibidagi oʻrin almashinuvga guvoh boʻlamiz:

يَوْمَ يُحْمَى عَلَيْهَا فِي نَارِ جَهَنَّمَ فَتُكْوَى بِهَا جِبَاهُهُمْ وَجُنُوبُهُمْ وَظُهُورُهُمْ هَذَا مَا كَنَزْتُمْ لِأَنْفُسِكُمْ فَذُوقُوا مَا كُنْتُمْ تَكْنِزُونَ

“Bir kuni sha(oltin-kumush)larni jahannam oʻtida qizitilur va peshonalari, yonboshlari hamda orqalariga bosilib: “Mana bu oʻzingiz uchun toʻplagan narsangiz, bas, endi toʻplab yurgan narsangizni tatib koʻring!” (deyilur).[5]

Tilla va kumushni muhtojlarga infoq qilmasdan zaxira qilib qoʻyadiganlar haqidagi ushbu oyatda ular jahannam oloviga yoʻliqtirilganlarida, avval ularning peshonalari kuyishi, soʻng yonboshlari, soʻng orqalari kuyishi aytildi. Buning sababi haqida mufassirlar aytadilarki, baxil kishilar faqirlarni koʻrganda birinchi oʻrinda peshonalari tirishishi, agar ular bilan birga oʻtirsalar yonboshlarini qiyshaytirib, ulardan uzoqlashishga intilishlari va orqa oʻgirib ketishlarini aytadilar. Mana shu tartibda avval peshonalari, soʻng yonboshlari, keyin esa orqalari kuyishi aytildi.

Baʼzan teng vazifali gap boʻlaklarini tartiblashda ularning voqelikda sodir boʻlish jihatidan koʻp va ozligiga ham qaraladi. Oz narsadan koʻpga qarab ham hisob qilinadi, oʻsha vaziyatdagi voqelik taqozosidan kelib chiqiladi. Masalan

أَنْ طَهِّرَا بَيْتِيَ لِلطَّائِفِينَ وَالْعَاكِفِينَ وَالرُّكَّعِ السُّجُودِ (125) البقرة)

(Ibrohim va Ismoilga:) “Mening baytimni tavof qiluvchilar, eʼtikof qiluvchilar, ruku-sajda qiluvchilar uchun pok tuting”, (dedik).

Bu tartibda zikr qilinishiga sabab, mazkur har bir toifa oʻzidan keyingidan koʻra kamchilikni tashkil qiladi. Demak oyat tarkibidagi ushbu boʻlaklar miqdorga nisbatan kamchilikdan koʻpchilikka qarab joylashtirilgan. Tavof qiluvchilar eʼtikof qiluvchilardan koʻra kam, chunki tavof faqat kaʼba atrofida boʻladi, eʼtikof esa masjidlar ichida umumiy boʻladi. Eʼtikof qiluvchilar ruku qiluvchilardan kamroq, chunki barcha namozda boʻladi va yerning barcha pok qismlarida boʻlishi mumkin, ammo eʼtikof faqat masjidlarda boʻladi. Ruku qiluvchilar esa sajda qiluvchilardan ozroq, chunki har bir rakatda 2 tadan sajda bor.

Soʻng har bir ruku qiluvchi sajda ham qilishi shart. Shu bilan birga baʼzida rukusiz ham sajda qilish holatlari bor. Masalan, tilovat sajdasi, shukr sajdasi, sahv sajdasi kabi. Mana shu holatda kamdan koʻpga qarab, tadrijiy tartib bilan zikr qilingan boʻladi.

Yana bir ehtimolga koʻra, ushbu amallarni qiluvchilarning baytullohga eng yaqin joylashuvi nuqtai nazaridan tartiblangan. Tavof qilish faqat kaʼba atrofida boʻladi. Eʼtikof esa barcha masjidlarda, ruku va sajda qilish esa baytullohga yuzlangan holda, ammo barcha yerlarda qilinishi mumkin.

Haj surasining 77-oyatida iymon keltirganlar avval rukuga, soʻng sajdaga, soʻng robbilariga ibodat qilishga va oxiri yaxshilik qilishga buyurildilar.

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا ارْكَعُوا وَاسْجُدُوا وَاعْبُدُوا رَبَّكُمْ وَافْعَلُوا الْخَيْرَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

“Ey iymon keltirganlar, ruku qilinglar, sajda qilinglar, Robbingizga ibodat qilinglar va yaxshilik qilinglar. Shoyadki, najot topsangiz”.

Buning sababi sifatida rukuning sajdadan ozligini, sajdaning ibodatdan ozligini aytish mumkin. Ibodat qilish rukuni ham, sajdani ham oʻz ichiga oladi. Shuningdek, ibodatning boshqa turlari ham mavjud. Yaxshilik qilish esa, ibodatdan ham keng qamrovliroq.

Maʼlumki, nutqda soʻzlarni bir dafʼada yetkazishning iloji yoʻq. Ayrim soʻzlarni oldin, baʼzisini keyin qoʻyish kerak boʻladi. Har bil tilning bu borada oʻz uslubi boʻlib, arab tilida, asosan, ismiy gapda ega kesimdan oldin, feʼl-kesimli gapda feʼl foildan oldin keladi. Vositasiz toʻldiruvchi vositali toʻldiruvchilardan oldin keladi, va hokazo. Soʻzlarni oʻz joyidan boshqa joyga koʻchirish mumkin, lekin har bir soʻzni oʻz oʻrnidan koʻchishi uchun balogʻatli biror maʼno koʻzlangan boʻlishi maqsadga muvofiq.

Foydalanilgan adabiyotlar
  1. Qurʼoni karim.
  2. Abdulaziz Mansur. Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. – Toshkent: TIU, 2018.
  3. Abu Mansur Moturidiy. Taʼvilotul qurʼan. Majdiy Bosallam tahriri ostida. – Bayrut. Dorul kutubil ilmiyya, 1971.
  4. Doktor Muhammad Ibrohim Sharif. Buhus fi tafsiril qurʼanil karim.
  5. Fozil Solih Somirroiy. Muroatul maqom. 1-nashr. Bayrut-2015.
  6. Fozil Solih Somirroiy. Balogʻatul kalima fit taʼbiril qurʼaniy. Qohira-2006.
MuxsiMAMADALIYEV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
Mumtoz sharq adabiyoti va manbashunosligi, 2 bosqich doktorant

Check Also

OʻRTA OSIYODA “TURK” GURUHI VAKILLARI YASHAYDIGAN HUDUDLAR VA ULARNING ICHKI ETNIK TARKIBI

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Oʼrta Osiyo xalqlari orasida milliy mansublik tushunchasi yaxlit …