Home / MAQOLALAR / MARKAZIY OSIYODA MADRASALARNING PAYDO BOʻLISH TARIXI

MARKAZIY OSIYODA MADRASALARNING PAYDO BOʻLISH TARIXI

Oʻrta asrlarda arablar tomonidan Yaqin Sharq, Shimoliy va Sharqiy Afrika, Markaziy Osiyo hududlari qoʻlga kiritilib, oʻzlari bilan bu yerlarga islom dinini olib kirdi.

Islom dinini bunday katta hududda tarqatishning birdan bir samarali yoʻli bu islomni oʻrgatish tizimini shakllantirish boʻlgan. Shu sababli diniy taʼlim muassasalari shakllana boshladi.

Bu vazifani ilk davrlardan boshlab masjidlar bajargan. Oʻrta asrda masjidlar insonlar toʻplanadigan va oʻzaro muloqot qiladigan joy hisoblangan. Shu sababli uning ijtimoiy ahamiyati katta boʻlib, bu yer ibodatdan tashqari muloqot, fikr almashish, siyosiy jarayonlar markazi ham boʻlgan. Diniy taʼlimning asosiy oʻchogʻi ham masjidlar boʻlgan[1].

Masjidlarda namozdan oldin yoki keyin insonlar olimlardan islom dinining asosiy manbalari Qurʼon va hadisni oʻrganishar, diniy masalalarda tugʻilgan savollarga javob olishar edi. Vaqt oʻtishi bilan bunday savol-javoblar ilmiy “halqa”larni yuzaga keltirdi. Bunday darslar tizimli holda amalga oshirilib, olimlar “mudarris”lar, tinglovchilar talabalar boʻla boshlashdi.

Masjidlardagi halqalar ilm oʻrgatish bilan bilan bir qatorda yoʻnalishlar va mazhablarga koʻra ham shakllana boshladi. Bu halqalarning ahamiyati oshib, ayrim masjidlar oʻzining ilmiy halqalari bilan mashhur boʻlib ketdi. Jumladan, Tunisda Zaytuna masjidi, Bagʻdodda Katta masjid va al-Mansur masjidi, Shomda Umaviylar masjidi, Misrda Amr ibn Os, Tulun, al-Hakim, al-Azhar masjidlaridagi ilmiy halqalar masjidning siymosini ibodat joyidan koʻra ilmiy markaz koʻrinishiga oʻtkazib qoʻydi. Natijada ushbu masjidlar negizida ularning yonida alohida taʼlim muassasalari shakllanib, ayrimlari bugun universitet darajasiga yetib kelgan.

Yozishni va oʻqishni oʻrgatadigan kuttob yoki maktablar ham tashkil etilgan boʻlib, ilk taʼlim shu yerda berilgan. Vaqt oʻtishi bilan bu yerlarda yozish va oʻqish bilan birga Qurʼon oʻqish, ilk diniy maʼlumotlar va ibodat tartibi, baʼzan algebra ham oʻrgatilgan[2]. Bu yerda dars beradigan oʻqituvchilarga kotib, faqih, muallim kabi nomlar berilgan. Kuttoblar Oʻrta Osiyoda maktabxona deb ham atalgan[3].

Islom diniy taʼlim maskanining asosiy shakli madrasalar boʻlgan. Ammo uning qanday omillar taʼsirida yuzaga kelganligi haqida turlicha yondashuvlar mavjud.

Madrasalar masjid faoliyatining uzviy qismi sifatida yuzaga kelganligi taxmin qilinadi. Bu qarashni Suriya, Misr va Shimoliy Afrikadagi masjidlarda taʼlim ishlariga katta eʼtibor berilganligi va keyinchalik ushbu masjidlarning taʼlim maskanlari sifatida tanilishi bilan isbotlash mumkin. Shu bilan birga Iroq, Suriya, Eron va Movarounnahrda masjidlar qurilgandan soʻng taʼlim faoliyati ham koʻpincha ushbu joylarda amalga oshirilgan. Baʼzan masjid va madrasalarning funksiyalari aralash boʻlib, baʼzan masjidda dars berilsa, madrasada ibodat qilingan. Shu bilan birga bu fikrni tom maʼnoda toʻgʻri deb boʻlmaydi. Zero, masjidlarda taʼlim berilganligi, yaʼni ilmiy halqalar tashkil etilganligini Madrasa bilan tenglashtirib boʻlmaydi. Madrasada taʼlim qabul qilingan talabalarga muayyan talablar qoʻyilgan holda cheklovlar asosida amalga oshirilsa, masjidlardagi ilmiy halqalarda bunday cheklovlar boʻlmagan. Shu sababli masjidlarni madrasalarning yuzaga kelishiga taʼsir qilgan deyish qiyin[4].

Boshqa bir yondashuvga koʻra, madrasalar shia Dorul ilmlarining erishgan yutuqlarini oʻzlashtirish natijasida yuzaga kelgan. Bu qarashni yuzaga keltiruvchi sabab madrasalar va Dorul ilmlar oʻrtasidagi oʻxshashlik boʻlgan. Ikkalasi ham muayyan diniy eʼtiqod daʼvati bilan shugʻullanganligi, vaqf mulk sifatida yuzaga kelishi, talabalar va olimlarga maoshlar berilishi, ularning yonida kutubxonalarning mavjud boʻlishi va boshqalar madrasalarning Dorul ilm tajribasi negizida paydo boʻlganligini koʻrsatadi.

“Madrasa” soʻzi birinchi marta X asrda Movarounnahrda ishlatilgan. Bu soʻz umuman dars beriladigan joy, maktab degan maʼnoni bildiradi. Faqat XI asrdan soʻng “Madrasa” soʻzi oʻrta yoki oliy taʼlim maskani maʼnosida ishlatila boshlangan. Shunga koʻra, madrasalar kuttoblarning rivojlangan shakli yoki kuttoblar negizida paydo boʻlgan degan fikrni ilgari surish mumkin.

Fotimiylarning taxtga kelishi bilan Misr va Suriyada sunniylarning zaiflashib, shialikning kuchayishi natijasida Movarounnahrda Madrasa tizimiga eʼtibor kuchaygan va sunniy olimlar koʻpgina madrasalarning rivojiga hissa qoʻshganini aytish mumkin. Ammo kuttoblar madrasalarning yuzaga kelishiga kuchli taʼsir qilmagan.

Rus sharqshunoslik maktabining asoschilaridan biri Bartoldning fikriga koʻra Madrasa tushunchasini Movarounnahr xalqlari buddaviylikdan oʻzlashtirgan. Arablar 633 yili Balx shahriga kelganda bu yerda yuzdan ortiq buddaviy taʼlim maskanlari (navbahor yoki nava vixara) boʻlgan [5]. Buxoro va Termizdagi taʼlim maskanlari islomiylashtirilgan holda shu joylarda madrasalar tashkil etilgan.

Yuzaga kelish tarixi haqida turli yondashuvlar mavjud boʻlgan madrasalar Somoniylar, Qoraxoniylar va Gʻaznaviylar davrida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlangan va Nishopur, Balx, kabi shaharlarda madrasalar qurishgan. Qoraxoniylar qurilgan turli madrasalarni, toʻgʻrirogʻi bu madrasalarning vaqflarini rasman eʼtirof etishgan va davlat tomondan madrasalar qurilgan. Shu bilan birga ushbu davlatlarda davlatning madrasalarga oid tizimli siyosati boʻlgani kabi, bu yerlarga davlat yordami ham boʻlib turgan.

Narshaxiyning yozishicha, Buxoroda 937 yili boʻlgan yongʻinda “Forjak” madrasasi yonib ketgan. Shunga koʻra Buxoroda 900 yillardayoq madrasalar paydo boʻlganligini va faoliyat yuritganligini aytish mumkin. Hatto, bu Madrasa islom tarixida qayd etilgan eng qadimiy Madrasa ham hisoblanadi.

Qoraxoniylar davrida Movarounnahr oʻlkasida madrasalar asosan Samarqand, Buxoro, Xiva va Marv kabi qadimiy shaharlarda joylashgan.

Oʻsha paytlarda Samarqandda 250 masjid va 40 Madrasa, Buxoroda esa 400 masjid va 30 Madrasa boʻlgan. Madrasalarni boshqarish, taʼlim jarayoni va xoʻjalik ishlariga shayxulislom va qozilar rahbarlik qilishgan[6].

XIX asrga qadar deyarli oʻzgarmay kelgan madrasalardagi taʼlim jarayoni uch boʻlimdan iborat boʻlgan: Birinchisi “adno” (past) boʻlim deyilsa, ikkinchisi “avsat” (oʻrta) boʻlim nomi bilan yuritilgan. Uchinchisi esa “aʼlo” (oliy) boʻlimi deb atalib, ushbu uch boʻlimning har birida kerakli oʻquv dasturlari asosida oʻqitila borilgan.

Madrasalarda dunyoviy fanlar oʻqitishni joriy qilishga urinib koʻrildi. Masalan, XV asrda Ulugʻbek Samarqandda oʻzi qurdirgan madrasada astronomiyadan dars berar edi[7].

Xulosa, oʻrta asrlarda taʼlim maskanlari shakllanib, takomillashib borgan. Bunday takomillashuv natijasida yurtimizdan buyuk mutafakkir, faylasuf, mufassir, muhaddis, mutasavvif, faqih va mutakallim olimlar yetishib chiqqan.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
  1. Qarang: Pederson, Johs. “Masjid”. Encyclopedia of Islam (First Edition). Vol. Ill, Leiden: E.J.Brill, 1986, pp. 1123- 1134.
  2. Bartold V.V. Sochineniya. T.6. -M.: Nauka, 1966. S.111.
  3. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. T.5. S.40.
  4. Kengroq maʼlumot uchun qarang: Pederson, Johns. “Masjid”. Encyclopedia of Islam (First Edition). Vol. III, Leiden: E.J.Brill, 1986, pp. 1123-1134.
  5. Bartold V.V Rabotы po istoricheskoy geografii i istorii Irana. -M.: “Vostochnaya literatura”, 2003. S.43
  6. Ahmad Muhammad Mubashshir Ahmad. “Islom hazorasi” — T: “Qaqnus media”, 2018. S. 91-92.
  7. Kattayev K. Samarqand madrasalari va ilmu fan rivoji. – Samarqand: “Zarafshon”, 2016. S.67.
Husniddin XOLMATOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
tayanchi doktoranti

Check Also

OʻZBEKISTONDAGI MILLIY MADANIY MARKAZLARNING  IJTIMOIY-SIYOSIY ASOSLARI

Milliy madaniy markazlar Oʻzbekistonda yashovchi turli millat va elat vakillarining milliy madaniy ehtiyojlarini qondirishga, urf-odat, …