Home / MAQOLALAR / BAHOUDDIN NAQSHBAND OLAM VA ODAM HAQIDA (“AVROD” ASARI ASOSIDA)

BAHOUDDIN NAQSHBAND OLAM VA ODAM HAQIDA (“AVROD” ASARI ASOSIDA)

Naqshbandga oid maʼlumotlarda: “Hazrat Xojaning “Hayotnoma” manzumasi va “Dalil ul oshiqiyn” unvonila tasavvufga doir bir kitobi bordir”[1] deb yozilgan. Shuningdek: “Bahouddin Naqshbandning “Avrod”idan (taʼkid bizniki G.N.) va xalifasi Porso tarafidan yozilgan “Risolai qudsiya” va boshqa tarjimai hol bilan bogʻliq manbalardan tashqari hech qanday asarlari uchramayapti”[2] degan maʼlumot mavjud.

Tadqiqotlarimiz davomida Bahouddin Naqshband taʼlif etgan “Avrod” nomli risola mavjudligini aniqladik[3]. Xolidov A.B. redaktorligi ostida  “Arabskiye rukopisi instituta Vostokovedeniya Akademii Nauk SSSR”  asarning birinchi qismida 3464 va 3465 tartib raqamlari, V 3829 va A 1539 shifr ostida Bahouddin Muhammad Naqshband al-Buxoriyning (vafoti 791/1389) “Avrod” nomli asari saqlanayotganligi koʻrsatilgan[4].

Bahouddin Naqshbandning risolalarining nomi “Avrod”, yaʼni virdlar maʼnosini anglatuvchi asardir. “Vird” arabcha soʻz boʻlib, “Tark etmay doim bajarib turadigan vazifa” degan maʼnoni anglatadi[5]. Ayni zamonda “Vird”ning tasavvufiy maʼnosi ham bor: shayx va muridlarning uzluksiz oʻqib yurishlari shart boʻlgan tilovat, zikr, tasbeh, duo, salavot kabi majburiyatlarni oʻz ichiga olgan. Jaloliddin Nuriddinov “Avrodi Naqshbandiya” risolasining muqaddimasida “avrod” tushunchasiga shunday taʼrif bergan: “Avrod”- rabboniy ilmga erishish, haqiqatga yetishishning yoʻllari, ilohiy fayzni qabul qilish vositalari, umuman, inson haqida taʼlim beruvchi tasavvufiy qoʻllanmadir”[6].

 “Bahouddin Naqshband “Avrod” asarining tarjima va tahlilidan maʼlum boʻladiki, u butun borliq yagona ilohiy asosga ega boʻlgan ikki olamdan iborat degan. Bu olamlarning biri “Amr”, ikkinchisi “Xalq” deb nomlanadi. “Amr”-Tangrining amri bilan yaratilgan birlamchi, abadiy va asosiy olam, “Xalq”  shu Amr olamining tadrijiy rivojlanishi natijasida vujudga kelgan mavjudotlar olamidir. Ikkinchi olamning asli Amr olami boʻlib u oʻzgaruvchan va foniydir. Shu bilan birga Bahouddin jami borliqni “Gʻayb” va “Shahodat” olamlariga ajratadi. “Gʻayb” bizga koʻrinmaydigan farishtalar, jinlar va boshqa ilohiy quvvatlar olami. “Shahodat” biz guvoh boʻlib turgan zohiriy olam. Bahouddin fikricha, “Shahodat” olamini inson oʻz hissiyotlari va aqli orqali oʻrganishi mumkin. Ammo Tangri oʻzi istagan kishigagina gʻayb olami sir-asrorini oʻrganishi uchun laduniy – oʻz oldidagi bilimlaridan berishi mumkin.

“Tangri istaganini oʻz qudrati bilan qiladi, xohlaganini oʻz izmi bilan hukm qiladi. U shunday zotki, Xalq unikidir, Amr unikidir. U butun olamlarning muqaddas Parvardigori” -deyilgan. Bu taʼlimotda Amr olami – Tangrining Amri ila har narsani taʼminlaydigan olamdir. Bu asarda butun olamning ikki harfdan paydo boʻlishi, barcha narsalarni juft qilib yaratganiga ham ishoratdir, chunki ilohiy amr barcha narsalarning sababidir, shuning uchun bu ikki harfdan iborat boʻlgan amr butun yaratilganlarning juftligidan dalolatdir, deb yoziladi.

Bahouddin Naqshband “Avrod” asarida insonning “sharif”, yaʼni mavjudotlar ichida eng mukammal qilib yaratilganligi haqida yozadi. Asarda Qurʼoni Karimdagi Tangri Odamni yaratar ekan barcha farishtalarni unga sajda qilishga buyurgani, zero, U insonni oʻzining yerdagi xalifasi, yaʼni oʻrinbosari sifatida yaratgani haqidagi oyatlarining mohiyatini ochadi. Demak, Bahouddin fikricha, inson bu olamdagi oʻz oʻrni, asl mohiyatini bilishi lozim. Inson Tangrining yerdagi xalifasi ekanligi va uning barcha sifat va ismlarini oʻzlashtirib, kuch-qudratini namoyish etish uchun yaratilganligini bilishi va shunga mos amal qilishi kerak. Inson butun borliqni oʻzida aks ettirgan mukammal zot ekanligi va bu kamolot darajasiga yetmoq uchun Tangrining oliy, pok, kuch-quvvatlari bilan uzviy bogʻlanishda boʻlishi zarurligi uqtiriladi.

Bahouddin Naqshband insonni Tangri yaratganini va u butun borliqdagi eng mukammal mavjudot ekanligini tan oladi. “Sen mening parvardigorimsan, meni xalq qilgansan”, deb taʼkidlaydi Bahouddin. U bu iboralar bilan inson Tangri amri bilan yaratilganligini, taʼkidlamoqda. Bu bilan insonning asli, yaratuvchisi, parvardigori Tangri ekanligini koʻrsatib, uning ilohiy xususiyatga ega ekanligini aytmoqda. “(Ey, Tangri) Sen oʻz qoʻling bilan bizni yaratding, parvarish etding va barcha kasrat – koʻplik orasida bizni eng yuksaklikda qoʻyding”[7], – deb Bahouddin Tangri tomonidan yaralgan narsalarning barchasidan inson mukammal va yuksaklikda turganligini uqtirmoqda.

Bahouddinning fikriga koʻra, inson ikki narsadan tarkib topgandir. Birinchisi – jism boʻlib, u Xalq olamidandir. U mavjudotning zohiri-shakli, koʻrinishidir. U makonda mavjud. Uning ozigʻi ham shu Xalq olamidandir. Ikkinchisi ruh boʻlib, u Amr olamidandir. U mavjudotning botinidir. Uning hadi yoʻq va ozuqasi ham oʻsha olamdandir.

“Kanz al ibod” dagi sharhlar guvohlik beradiki, Bahouddin Naqshband “Avrod” asarida eʼtibor bergan masalalardan biri ruh va nafs tushunchalaridir. Bularni izohlashda Bahouddin latif va kasif tushunchalarini qoʻllagan. U ruhning latifligi va nafsning kasifligini taʼkidlab, ruhning Amr olami bilan va nafsni Xalq olami bilan bogʻliqligini aytgan.

Bahouddin bandani Allohdan uzoq boʻlishiga olib keluvchi eng katta illat kibr ekanligini anglab shunday munojot qiladi:

“Yo Alloh! Sening oldingda kamtarin boʻlish-xushuʼni boʻlib ber! Bizni gunohlardan oʻzing asra! Bizga Oʻzingga itoatli boʻlishni ato et!” Shuningdek Bahouddin “Yaqinni bizga ber!” deb shak-shubhasiz, hech qanday gumonsiz Allohga ishonish ilmini berishni soʻraydi. Chunki bu ilm dunyo va oxirat musibatlarini ketkizadi. Yana Bahouddin: “Bizni eshitish, koʻrish va quvvat bilan nasibador qil!” deb Allohdan soʻraydi. Shuningdek, Allohdan rahmat nurlarini soʻrab, “Odamlarni bir-birlariga nisbatan ittifoq etgin”!, deb iltijo etadi.

Allohni ulugʻlab, Unga juda koʻp hamdu sanolar aytib, risolaning oxirida Bahouddin Naqshband shunday iltijo qiladilar: “Bizga insoniy xislatlarni ato qil! Bizning ruhimizni farishtalaring bilan oliy darajaga koʻtargin!Yo hol va quvvatlarni oʻzgartira oladigan zot! Bizning holimizni yaxshilikka tomon oʻzgartir![8]

 Bahouddin Naqshband bani basharni haqiqiy inson boʻlishini juda-juda istaganlar. U kishi komil inson, yaʼni ilohiy fazilatli insonning ruhi oliy darajada koʻtarilishini anglab, insoniyatning ruhini farishtalari bilan oliy maqomga koʻtarishni soʻraganlar. Komil insonning holi ilohiy sifatda boʻlganligi uchun barchaning holini yaxshilikka tomon oʻzgartirishni iltijo etganlar.

Umumiy qilib aytganda yuqoridagi fikrlardan quyidagi xulosalar chiqadi:  1.Bahouddin Naqshbandning “Avrod” asarida olam juda keng maʼnoda tahlil etilib, Amr olami, Xalq olami, Gʻayb olami, va Shahodat olami sifatida taʼriflangan. 2.Risolada inson ilohiy mavjudot sifatida tavsiflangan va uning kamolotida ilm va axloqni oʻrni taʼkidlangan.3. Bu asarni tahlil etish va taʼlim-tarbiya jarayoniga joriy etishning ahamiyati kattadir.

[1] Shamsuddin Somiy.Qomus- al-aʼlam. – Istanbul:1312h.y.T. 2.412-bet.
[2] Tahsin Yozuvchi. Naqshband/Islom ensiklopediyasi. Istanbul: 1954.9-jild.53-bet.
[3] Bahouddin Naqshband. Avrod. (toʻldirilgan qayta nashr).Maqola, izoh va sharhlar muallifi, tarjimon G.N.Navroʻzova.T.: “Sano-standart”, 2019.112 b.
[4] Arabskiye rukopisi instituta Vostokovedeniya Akademii Nauk SSSR. Kratkiy katalog/ Pod red. A.B. Xolidov. -Moskva: Nauka,1986. -Ch.1.S.174.
[5] Trimingem.Dj.S. Sufiyskiye ordenы  v islame. M.: Nauka,1989.S.287.
[6] Nuriddinov.J. Avrodi Naqshbandiya.T.: “Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2018. -B. 4.
[7] Bahouddin Naqshband. Avrod. (toʻldirilgan qayta nashr).Maqola, izoh va sharhlar muallifi, tarjimon G.N.Navroʻzova.T.: “Sano-standart”, 2019. -B.49.
[8] Bahouddin Naqshband. Avrod. (toʻldirilgan qayta nashr).Maqola, izoh va sharhlar muallifi, tarjimon G.N.Navroʻzova.T.: “Sano-standart”, 2019. -B.65.
Gulchehra NAVROʻZOVA,
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti “Ijtimoiy fanlar”
kafedrasi professori, falsafa fanlari doktori

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …