Home / ALLOMALAR / MUHAMMAD HAKIM TЕRMIZIY – ISLOM PSIXOLOGIYASI ASOSCHISI SIFATIDA

MUHAMMAD HAKIM TЕRMIZIY – ISLOM PSIXOLOGIYASI ASOSCHISI SIFATIDA

Movarounnahr islomiy merosi oʻz sohasining har bir yoʻnalishida mumtoz darajaga yetganligi barchaga maʼlum. Ammo bu boradagi yangidan-yangi jihatlarni kashf etish bugungi kunimizgacha davom etmoqda va aniqki, kelajakda ham keng koʻlamda davom etadi. Zamonaviy tadqiqotlar doimiy tarzda uning asarlaridagi yangi qirralarini kashf etishda davom etayotgan yurtimizning jahonga mashhur olimlaridan biri Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bishr Hakim Termiziy (taxm. 205-320/820-932) rahmatullohi alayh hisoblanadi. Alloma tarixda ham, bugunda ham islomiy ilmlarning bir nechtasida asoschi sifatida eʼtirof etiladi. Bu oʻrinda biz u zotning “ilm an-nafs” deyiladigan islom psixologiyasidagi muhim oʻrni haqida qisqacha soʻz yuritamiz.

Avvalo taʼkidlash lozimki, Hakim Termiziy tadqiqotlari ikki keng jabhada teng kechadi:

  1. Qurʼon, Sunna va ulardan kelib chiqqan boshqa sharʼiy ilmlar tadqiqi hamda dunyoviy bilimlar tahlili. Zero, olim diniy bilimlar qatori, matematika, tib, astronomiya kabi ilmlar bilan ham jiddiy shugʻullangan;
  2. Ushbu keng miqyosdagi bilimlarning asosiy isteʼmolchisi boʻlgan inson tahlili. Zero, barcha ilm inson uchun joriy qilingan va unga qaratilgan.

Termiziy tafakkurida bu ikki jihatning uygʻunlashishi hamda diniy va dunyoviy ilmlar muvozanati uning merosidagi samaradorlikni yuksak bosqichga olib chiqdi va koʻplab yangi yoʻnalishlarga asos boʻldi.   

Shuni eʼtibordan qochirmaslik lozimki, olim inson tahlilida Qurʼon va Sunnada kelgan matnlar hamda islomning ilk asrlarida ushbu matnlarni tushunish va amaliyotga qabul qilishda yuksak namuna koʻrsatgan sahoba, tobeʼin va tabaʼ tobeʼinlarning soʻz va ishlariga tayanadi. Bularning bariga esa oʻzining ulkan tajriba va ilmiy salohiyatidan kelib chiqqan nodir kuzatuv va xulosalarini ham qoʻshgan holda alloma keng koʻlamli haqiqiy islomiy psixologiyaga asos solish darajasiga yetdi hamda uning asos va uslubini ishlab chiqishga muvaffaq boʻldi.  

Termiziy insonni uning asosiy toʻrt botiniy aʼzosiga bogʻlab tahlil qiladi: qalb, aql, nafs va ruh. Soʻng qalb maqomlari ham koʻks-qalb-fuad-lubb bosqichlarida, aql esa tabiiy fitrat aqli, sharʼiy mukallaflikni taqozo qiluvchi hujjat aqli, xulosa qiluvchi tajriba aqli, ulugʻ insondan oʻz avlodlariga meros boʻlib qoluvchi vorisiy aql va hidoyatga yoʻgʻrilgan aql bosqichlarida, nafs esa ammora, mulhima, lavvoma, mutmain bosqichlarida keng miqyosda tahlil etiladi[1]. Ularning bir-biriga aloqadorlik jihatlari, kesishuv nuqtalari, alohida faoliyat yoʻnalishlari kabilarning nozik tadqiqlari alaloqibat ushbu tahlillarni tizimli fan darajasiga yetkazadi. Yondashuvning mana shu tarzdagi oʻziga xosligi Termiziy qarashlarini tasavvuf yoʻnalishi bilan nozik farqini ham koʻrsatib beradi. Bu borada Hakim Termiziyning fundamental asari boʻlgan “Xatm al-avliyo” asarini nashrga tayyorlagan Usmon Ismoil Yahyo shunday deydi: “Koʻrinadiki, “hakim” laqabi xossatan Termiziyga nisbat berilgan. Zero, soʻfiylik taʼlimotlari uslubiy muvofiqlik va izchillik borasida uning oldida beqaror boʻlib qoladi. Chunki Termiziy nazdida bu yoʻl faqat soʻfiyning oʻz jilva va kashflarida uning taʼsiriga tushib qoladigan shaxsiy hollardan yoki soʻfiy oʻz xilvatida uni yaxshi koʻruvchi hissiy tuygʻulardangina iborat boʻlib qolmagan. Balki, unga koʻra, bu masalada obyektiv haqiqatlar boʻlib, uning oʻz mustaqil taʼb-tabiati va xos olami bor. Termiziy hikmati uning oʻziga xos “tasavvuf”ida insoniy nafs tabiati, feʼl-atvori, tabiiy xususiyatlarining qobiliyat va mohirlik bilan qilingan aʼlo darajadagi yorqin tahlillari va ruhiy suluk uslublarining ajoyib bayonida  koʻrinadi. Va nihoyat, bu hikmatning uslublari, miqyosi, andozaviy meʼyorlari hamda maʼrifatning darajalari orasini qatʼiy farqlashda namoyon boʻladi. Ushbu maʼnolarni Hakim Termiziy oʻzi keltirgan turli misollar va “Ilm al-avliyo” (Avliyolar ilmi), “Kitob al-hikma” (Hikmat kitobi), “Isbot ilal ash-sharʼiyya” (Sharʼiy sabablar isboti) va “Xatm al-avliyo” (Valiylar choʻqqisi) kabi kitob va risolalarida oʻziga xos tarzda sharhlagan”[2].

Alloma asarlaridagi inson va uning shaxsiyati tahliliga eʼtibor berilsa, avvalo insonning tabiiy xususiyatlari tekshiriladi, soʻngra islomiy unsurlarni keltirishga oʻtiladi. Bunda ushbu unsurlarning fitratga nechogʻlik muvofiqligi va turli taʼsirlari oʻrganiladi. Ushbu yechimlarni esa  zamonaviy nafs ilmidagi “korreksiya” deb ham tushunish mumkin. Maʼlumki, bu zamonaviy psixologiya ilmining eng dolzarb va muammoli jihatlaridan biri hisoblanadi.

Bu maʼnolar tushunarli boʻlishi uchun baʼzi misollar keltiramiz. Hakim Termiziy deydi: “Nafs – arziy (yerga mansub), shahvoniydir. Shahvat izidan shahvatga, xohish izidan xohishga moyil boʻluvchi, xotirjamlik, tinchlanish va barqarorlikka ega boʻlmaydigandir. Uning amallari turli-tuman – bir-biriga oʻxshamaydi. Gohida qul, gohida xoja; gohida boʻysunuvchi, gohida ega; gohida ojiz, gohida iqtidor (qodir boʻlish)”[3].

Bular insonning nafsoniy xususiyatlaridir. Oddiy qilib aytganda, insoniy ahvolning turli-tumanligi va uning insonning qaysi botiniy aʼzosi bilan bogʻliqligi borasida toʻxtalib oʻtilmoqda. Demak, xususiyat aniqlandi – turlilik va ziddiyatlilik, uning obyekti, bogʻlangan nuqtasi ham koʻrsatildi – nafs, endi alloma islomiy unsurni, yaʼni, zamonaviy psixologiya tili bilan aytganda “korreksiya”ni keltiradi: “Endi agar nafs riyozat qildirilsa, uning ustida ishlansa va odob berilsa, jilovini (egasiga) beradi”[4]. Yaʼni, alloma tadqiqicha, shunda insoniy nafs turlilik va qarama-qarshiliklardan barqarorlik va tizimlilikka oʻtadi. Buning yoʻl-yoʻriqlari, jumladan, nafs reflekslari va ularning muolajalarini esa olim oʻz asarlarida anchayin batafsil bayon qilib bergan. Taʼkidlash lozimki, allomaning “Makr an-nafs” (Nafs makri), “Adab an-nafs” (Nafs odobi), “Riyozat an-nafs” (Nafs riyozati) kabi asarlarining mavzu va nomlari bu ilmga xoslangan boʻlsa-da, ammo uning “Navodir al-usul” va qolgan asarlarida ham bu mavzu markaziy oʻrinlardan birida turadi.

Shulardan kelib chiqqan holda, tadqiqotchilardan biri shunday xulosa qiladi: “Maʼlumki, Hakim Termiziy nafs borasida olim, uning kasalliklarini fahmlovchi, illat va yashirin jihatlarini yaxshi biluvchi edi. Shuning uchun soliklarga nafs kasallik va ofatlarini ochib berishda yuksak martaba qozondi. Insof yuzasidan shuni aytishimiz kerakki, Hakim Termiziyni islomiy nafs ilmining asoschisi sifatida eʼtirof etish mumkin. Taʼkidlash lozimki, Hakim Termiziy inson shaxsiyatini uning sezgilari yordamida daqiq tahlil qildi. Nafsning koʻrinib turgan tashqi jihatlari bilan qanoat qilmay, uning ichki jihatlariga chuqur nazar soldi. Natijada uning zohirini idrok qilish bilan birga, undagi yashirin jihatlar va shahvatlar – xohish-istaklar maʼrifatiga ham yetib bordi”[5].

Boshqa bir tadqiqotchi esa shunday xulosa qiladi: “…bu yoʻl va uslub deyarli biz biladigan “ilm an-nafs” (psixologiya) boʻlib, undan bir farqi – undagi axloqiy gʻoyadir”[6].

Yana bir tadqiqot muallifi esa Hakim Termiziy merosi hali eng zamonaviy psixologik bilimlar doirasida tahlil etilishi lozimligini taʼkidlab, bu borada qilinadigan ishlar hali oldinda deb hisoblaydi va ayrim namunaviy jihatlarni bayon qiladi[7].

Eʼtiborga olish lozimki, Muhammad Hakim Termiziy merosidagi psixologik unsurlarning debocha sifatida keltirib oʻtilgan dastlabki oddiy tahlili ham mavzuning qamrovi va jiddiyligini koʻrsatish uchun yetarlidir. Asrimizdagi gʻoyaviy muhit koʻrsatmoqdaki, islomiy psixologiyaga boʻlgan ehtiyoj mahalliy va global miqyosdadir. Demakki, islomiy merosni sof eʼtiqod, yuksak bilim, xulqiy kamolotga intilish bilan uygʻunlashgan teran mushohada asosida tahlil etish va bular yordamida uni yanada rivojlantirmoq lozim. Shundagina ushbu soha alohida yoʻnalish sifatida shakllanishi, tizimlilik kasb etishi va barchaga manfaati tegadigan darajaga yetishi mumkin boʻladi. Qulay jihati esa, bu boradagi gʻoyaviy va uslubiy asoslarning oʻz merosimizda mavjudligidir.   

[1] Batafsil qarang: Hakim Termiziy. Bayon al-farq bayn as-sadr val-qalb val-fuad val-lubb. – Qohira:  “Maktaba al-kulliyya al-azhariyya”, 1987.
[2] Hakim Termiziy. Xatm al-avliyo. – Bayrut: “Matbaʼa al-kasulikiyya”, 1965. Muqaddima. – B. 3. 
[3] Hakim Termiziy. Navodir al-usul fiy maʼrifati ahadiys ar-Rasul. VII. – Bayrut: “Dor an-navodir”, 2010. IV. – B. 121-122.
[4] Yuqoridagi asar, IV. – B. 122. 
[5] Ahmad Abdurahim Soyih. As-Suluk inda al-Hakim at-Termiziy va masodiruhu minas-sunna. – Qohira: “Dor as-salom”, 1988. – B. 172.
[6] Vajiyh Ahmad Abdulloh. Al-Hakim at-Termiziy va ittijahat az-zavqiyya. – Iskandariyya: “Dor al-maʼrifa al-jamiʼiyya”, 1989. – B. 154.
[7] Idris Abdussalom Shohidiy. Al-Hakim at-Termiziy va madrasatuhu fiy tahlil an-nafs al-insaniyya. Isdorot shabaka al-ulum an-nafsiyya al-arabiyya. 1/2013. – B. 22-51.
Joʻrabek CHOʻTMATOV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD),
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

SAHL IBN ABDULLOH TUSTARIY – BUYUK MUTASAVVIF OLIM

Islomda tasavvuf ilmi Muhammad (a.s.) dan qabul qilib olingani, tariqatda u kishining “ravishlari  hujjat” [5:29] …