Home / ALLOMALAR / GʻAZNALIK OLIMLAR IJODIDA MOTURIDIYLIK TAʼLIMOTI

GʻAZNALIK OLIMLAR IJODIDA MOTURIDIYLIK TAʼLIMOTI

Ushbu maqolada islom ilmlari, xususan, ahli sunna aqida maktablaridan sanaluvchi moturidiylik taʼlimoti rivojiga oʻz hissasini qoʻshgan gʻaznalik ikki olim haqida soʻz yuritiladi. Bular Jamoluddin Gʻaznaviy va Sirojuddin Gʻaznaviylardir.

Bulardan, Jamoluddin Ahmad ibn Muhammad ibn Mahmud Gʻaznaviy (vaf. 593/1197). Olimning hayoti haqida koʻp maʼlumot saqlanib qolmagan. Mashhur hanafiy faqihi Kosoniy va Ahmad ibn Yusuf Alaviy Husayniylardan fiqh ilmini oʻrgangan. Olim oʻz davrida fiqh va usulul-fiqh bobida hanafiylarning yetakchi olimlaridan sanalgan. Gʻaznaviy 593/1197 yilda Halab shahrida vafot etgan.

Asarlari. 1. “Al-Muqaddimatul Gʻaznaviyya fil furuʼil hanafiyya”. Ibodatlarga doir sakkiz bobdan tarkib topgan kitobning Sulaymoniya kutubxonasida 30 ga yaqin nusxasi bor. Asarga Ibn Ziyo nomi bilan tanilgan Abul Baqo Muhammad ibn Ahmad Qurashiy “az-Ziyo al-maʼnaviyya ʼalal muqaddimatil Gʻaznaviyya”, Ahmad ibn Hasan Kafaviy “Fathul azizil gʻaniy fi sharhi muqaddimatil Gʻaznaviy” va Abu Bakr Sayfulhaq ibn Muslihuddin Bosnaviy at-Travnikiy “Nurun nabaviy” nomli sharhlar yozishgan. 2. “Al-Hovil Qudsiy”. Quddusda yozilgani uchun “qudsiy” nomi berilgan asar fiqhga oid boʻlib, uch boʻlimdan tashkil topgan. Birinchi boʻlimda aqoid va kalom, ikkinchi boʻlimda usulul fiqhga doir baʼzi maʼlumotlar berilgan. Anchagina qisqa boʻlgan ushbu ikki boʻlimdan keyin uchinchi boʻlimda umumiy fiqh kitoblariga xos uslubda masalalar yoritilgan. Asarning Sulaymoniya kutubxonasida turli nusxalari mavjud (Asad Afandi, nr. 660; Raisulkuttob Mustafo Afandi, nr. 424, 425; Shahid Ali Posho, nr. 1017; Yangi Jomeʼ, nr. 408). 3. “Aqoidul Gʻaznaviy”. Ushbu asarning bir nusxasi Sulaymoniya kutubxonasida Abu Hanifa, Abu Jaʼfar Tahoviy va Abu Hafs Nasafiylarning aqoid risolalari joylashgan majmuʼaning ichida kelgan (Bagʻdodli Vahbi Afandi, nr. 2028/3). 4. “Ahadisul ahkam”. 5. “Ravzatul mutakallimin fi usulid-din”. Mazkur asar Gʻaznaviyning aqida ilmiga oid muhim kitobi hisoblanadi. Asar “Usulud-din” nomi bilan 1998 yilda Bayrutda nashr etilgan. 6. “Al-Muntaqo min ravzatil mutakallimin”. Mazkur asar “Ravzatul mutakallimin fi usulid-din” nomli asarining muxtasari hisoblanadi.

Shuningdek, manbalarda Gʻaznaviyning qiyosiy huquqqa doir “ar-Ravza fixtilofil ulamo” va usulul fiqh boʻyicha “Kitob fi usulil fiqh” nomli asarlari ham borligi aytiladi.

Ikkinchi gʻaznali olim Abu Hafs Sirojuddin Umar ibn Isʼhoq ibn Ahmad al-Gʻaznaviy ash-Shibliy (vaf.773/1372) boʻlib, tahminan 704/1304 yillarda Gʻaznada tugʻilgani taxmin qilinadi. Sirojul Hindiy laqabi bilan tanilgan. Ilk tahsilini oʻz mamlakati va Turkiston shaharlarida oldi. Vajihuddin Dehlaviy, Shamsuddin Xatib Duliy, Sirojuddin Saqafiy va Ruknuddin Badavuniy kabi olimlardan fiqhni oʻrgandi. Keyinchalik haj safariga yoʻl oldi va Makkada Shayx Hizrdan Shihobuddin Suhravardiyning “Avoriful maorif” asari asosida tasavvufiy taʼlim oldi. 740/1339 yilda avval ham tashrif buyurgani Qohira shahriga borib, Alovuddin ibn Turkmaniy, Mahmud ibn Abdurahmon Isfahoniy va Ahmad ibn Mansur Javhariy kabi olimlar ilmidan bahramand boʻldi.

Yuksak zakovati, ravon uslubi va oʻz asarlari bilan davlat kishilarining eʼtiboriga tushgan Gʻaznaviy Misr qoziyul-quzoti Jamoluddin Turkmaniyga noib etib tayinlandi. Keyinroq Misr qozi askarligiga tayinlangan Gʻaznaviy 769/1368 yilda Jamoluddin Turkmaniy vafot etgach, qoziyul-quzot lavozimini egalladi. Umrining oxiriga qadar mazkur mansabda qolgan olim Zaynuddin Bistomiyning vafoti sabab Ibn Tulun masjidida tafsir darslari ham oʻqidi. Gʻaznaviy 773/1372 yilda Qohirada vafot etdi.

Asarlari. 1. “Al-Gʻurrotul munifa fi tahqiqi baʼzi masoilil Imom Abi Hanifa”. (Qohira: 1950; Bayrut: 1986). Muallif hanafiy mazhabini tarjih etishining sabablarini bayon qilgan ushbu asarida Fahruddin Roziyning hanafiylarni tanqid qilgan “al-Burhon al-bahoiyya” nomli forscha asarini arabchaga tarjima qilib, uni tanqid qilgan. 2. “Sharhul aqidatut-Tahoviya” (Qozon: 1311). 3. “At-Tavshih”. Burhonuddin Margʻinoniy “Hidoya” asarining sharhi boʻlib, jadal metodida yozilgan. 4. “Fatovo”. Muallifning fatvolarni bir joyga jamlagan kitobi. 5. “Zubdatul ahkom fixtilafil mazahibil aimmatil arbaʼatil aʼlam”. Mazhablar oʻrtasidagi farqlarni koʻrsatib beruvchi qiyosiy huquqshunoslikka oid asar. Ibrohim Ahmad ibn Sulaymon Umar 1983 yilda Imom Muhammad ibn suud universitetida ushbu asar boʻyicha magistrlik dissertatsiyasi nashr qilgan. 6. “Sharhul Mugʻniy”. Habboziy qalamiga mansub “al-Mugʻniy” asarining sharhi. Makkadagi Ummul Quro universitetida asarning 1-jildi Sataryo Afandi Zayn tomonidan (1986 y), 2-jildi esa Muhammad Ahmad Kuliy tarafidan (1987 y) doktorlik ishi sifatida nashrga tayyorlangan. 7. “Koshifu maʼonil Badiʼ”. Muzaffaruddin Ibn Soatning usulul fiqhga doir “Badiʼ an-nizom” asarining 4 jildlik sharhi. 8. “Lavoihul anvor fir rad ʼala man ankara ʼalal ʼarifin latoifal asror”. Avliyolarning karomatlarini isbotlash uchun qalamga olingan asar. 9. “Muxtasar at-talhis”. Muhammad ibn Hasan Shayboniyning “al-Jomeʼ al-kabir”iga Muhammad ibn Abbod Hilotiy tomonidan yozilgan “Talhis”iga Ali ibn Balabon Forisiy hozirlagan sharhning muxtasaridir.

Manbalarda Gʻaznaviyga nisbat berilgan yana bir qator asarlarning nomi ham uchraydi.

Abdulhodiy YUSUPOV,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Tarjimalar boʻlimi boshligʻi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …