Home / ALLOMALAR / MAHMUD ZAMAXSHARIY “KASHSHOF” ASARINING TAFSIRSHUNOSLIK RIVOJIDAGI OʻRNI

MAHMUD ZAMAXSHARIY “KASHSHOF” ASARINING TAFSIRSHUNOSLIK RIVOJIDAGI OʻRNI

Mahmud Zamaxshariyning islom dunyosida qisqacha “Kashshof” nomi mashhur boʻlgan “Kashshof an-haqoiqi-t-tanzil va uyuni-l-aqovil fi vujuhi-t-taʼvil” “Qurʼonning berk haqiqatlarini va uni sharhlash orqali rivoyatlar koʻzlarini ochgich” nomli tafsiri olim ilmiy merosining gultoji hisoblanadi. Ushbu asar islom dunyosida oʻzining ilmiy ahamiyati bilan umumeʼtirof etilgan filologik tafsir sifatida baholangan.

Manbalardagi maʼlumotlarga qaraganda alloma bu nodir asarini ikki bosqichda yozadi. Dastlab yigitlik yillarida Arabistonga haj ziyorati uchun borganida Qurʼoni karimning “Baqara” surasini sharhlay boshlaydi va uni Makka amiriga taqdim etadi. Mahmud Zamaxshariydagi Qurʼonning moʻjizaligini koʻrsata olish, nazmining goʻzalligi, balogʻatining yuksakligi ochib berish mahorati uni hayratga soladi. Olimdagi yuksak salohiyatni koʻrgan amir uni shu yerda qolishga undaydi. Zamaxshariy bu taklifga koʻnmaydi va ona yurtiga qaytib ketadi. Oʻz yurti Xorazmda Zamaxshariy arab tili bilan bogʻliq koʻplab ilm sohalarini, jumladan, adab ilmlarini tinimsiz mukammallashtiradi. Olimdagi yuksak salohiyat oyatlardagi jozibani ilgʻab olish imkonini bergan. Mana shu fazilat tafsir muqaddimasida shunday bayon qilinadi: “Ilmlarning eng nozigi, har qanday aqlni hayron qiladigani tafsir ilmi boʻlib, unga har qanday olim jurʼat qilavermaydi. Johiz “Nazmu-l-Qurʼon” kitobida yozganidek, faqih agar hukm va fatvoda barcha tengdoshlaridan gʻolib boʻlsa ham, mutakallim garchi kalom sanʼatida dunyo ahlini lol etsa ham, tarixchi va hofiz Qirriyaning oʻgʻlidan zehni oʻtkirroq, voiz agar Hasan Basriydan gapdonroq, nahviy agar Siybavayhdan bilimdonroq boʻlsa ham, lugʻat olimi lugʻatlarni saqichdek chaynab tashlasa ham, ammo ular Qurʼon yoʻli oldida haqiqatni idrok etishdan ojizdir. Qurʼonga xos boʻlgan maʼoniy va bayon ilmlarida peshqadam boʻlganlargina bu ishni uddasidan chiqishi mumkin”.

Mahmud Zamaxshariy tafsir ilmiga qoʻyilgan barcha talablarni mukammal oʻzlashtirgandan soʻnggina tafsir ishini davom ettiradi va uni Makkaga ikkinchi marta qilgan safari mobaynida, yaʼni 1130-1134 yillar orasida muvaffaqiyatli yakunlaydi. Alloma Makkaga safar qilganida shahar amiri Ibn Vahhos unga: “Yaxshi hamki, oʻzingiz diyorimizga qadam ranjida qildingiz, sizning “Baqara” surasiga qilgan tafsiringiz dongʻini eshitib, gʻoyat mamnun boʻldim. Hattoki, yurtingizga elchi yuborib, olib kelmoqchi boʻldim”, deydi. Amirning bunday iltifotli soʻzlarini eshitgan alloma davr ilm ahli, shogirdlari, hattoki, amirlar va yuksak mansab egalari uchun mana shunday tafsir asari zarurligini angladi va uni yozishga qattiq kirishdi.

Aynan shu vaqtda Zamaxshariy oltmishdan oshgan va turli sohalarga oid koʻplab asarlar yozgan edi. Umrning gʻanimatligini anglagan olim oʻzi sevgan, hayotining asosiy mazmuniga aylangan Qurʼoni karim tafsiri bilan shugʻullanishga astoydil bel bogʻladi. Muhimi, Baytulloh yonida, Rasululloh (s.a.v)ning tavallud topgan joyida turib, bunday sharafli ishni amalga oshirish allomaga kuchli ilhom bagʻishlaydi. Alloma yoshining kattaligini hisobga olib, vaqtdan yutish maqsadida tafsir yozish uslubini oʻzgartirdi, “Kashshof” asarining qolgan qismini dastlab yozgan “Baqara” surasi tafsiriga nisbatan ixchamroq qilib yozdi. U ixchamroq boʻlishiga qaramasdan, alloma unda barcha ehtimollarni hisobga olgan holda, savol-javob tariqasida “Unday desang, bunday deyman” degan uslubida yozgan.

Mahmud Zamaxshariy oʻz tafsirining kirish qismida ushbu asarni Abu Bakr xalifaligi muddatida yaʼni, Kaʼbatulloh yonidagi Sulaymoniya dahlizida hijriy 528 yili, rabiʼul avval oyining 23-kuni, 21 yanvar 1134 yil dushanba tongida yozib tugatgan.

“Kashshof” dunyoning koʻplab ilmiy va oʻquv dargohlarida jumladan, Misrdagi Azhar universitetida ham tafsir boʻyicha asosiy manba sifatida oʻqitilmoqda. Asar boshqa tafsirlarda boʻlmagan koʻp afzalliklari bilan ajralib turadi. Bu oʻrinda allomaning Qurʼoni karimdagi balogʻat, fasohat, bayon ilmlariga doir  tomonlarini ochib berishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Tafsir manbalarida “Kashshof” va uning muallifiga yuksak baho berilgan. Asarning tili, uslubi, balogʻati va fasohati toʻgʻrisida qimmatli fikrlar bildirilgan. Asarning yuqori ilmiy saviyasi uning zamondosh va keyingi davr olimlari tomonidan keng oʻrganilishiga sabab boʻlgan.

Mahmud Zamaxshariy “Kashshof” asari turli davrlarda yirik olimlar tomonidan oʻrganilgan muxtasar qilingan, sharhlar bitilgan. Dunyo fondlarida asarning, uning muxtasar va sharhlarining juda nodir qoʻlyozmalari saqlanadi. “Kashshof” tafsirini monografik oʻrganishda unga yozilgan sharhlarning ahamiyati juda katta.

Imom Ahmad ibn Munir Molikiy Iskandariy (vaf. 683/1284) “Kashshof” ga bagʻishlab “Intisob” – “Tiklanish” nomli asarini yozgan. Muallif asardagi moʻtazila aqidasiga taalluqli oʻrinlarga tanqidiy munosabatda yondashadi. Asarning tili, balogʻati, fasohatiga juda yuqori baho beradi[1].

Alamuddin Iroqiyning (vaf. 704/ 1305) “Insob” – “Tiklash” nomli sharhi. Mazkur sharhda Alamuddin Iroqiy Mahmud Zamaxshariyning “Kashshof” va Imom Ahmad ibn Munir Molikiy Iskandariyning “Intisob” asarlarini qiyosiy tahlil qiladi va mazkur ikki manbaga nisbatan oʻz fikrlarini bayon qiladi[2].

Abu Ali Umar Sukkuniy Magʻribiyning (vaf. 717/ 1317) “Tamyiz” – “ Ajratish” nomli sharhi. Muallif “Kashshof” asarining ilmiy, filologik jihatlariga ijobiy baho beradi, lekin undagi muʼtazila aqidasiga taalluqli boʻlgan tomonlarini tanqid qiladi. Sharhning nodir nusxasi Qohiradagi Dorul-kutubi-l-misriyya kutubxonasida saqlanadi[3].

Valiyyuddin Ahmad ibn Zaynuddin Iroqiy (vaf. 826/1423)ning “Insof ala-l-Kashshof” raddiya sharhi. Muallif Ibn Munirning “Ilmu-d-din”, Abu Hayyonning “Tafsiru-l-bahr”, Ibn Hishomning “Mugʻniy” asarlariga tayanib “Kashshof”dagi hadislarini taxrij qilgan. Valiyyuddin Iroqiy asarni 826/1423 yilda yozib tugatgan. Asarning bir nusxasi “Daru-l-kutubil-misriyya” qoʻlyozmalar fondida saqlanmoqda.[4]

Burhoniddin Haydar Hiraviy (vaf. 830/ 1427) ustozi shayx Saʼdning “Kashshof”ga yozgan hoshiyasiga yozilgan hoshiya. Unda ustozining “Kashshof”ga boʻlgan salbiy fikrlariga raddiya yozgan. Ushbu asar “Daru-l-kutubil-misriyya” qoʻlyozma fondida saqlanmoqda.[5]

Ahmad ibn Ismoil Kuroniy (vaf. 893/ 1488) “Gʻoyatu-l–amoniy fi tafsiri-l-kalomi-r-rabboniy” – “Allohning kalomini tafsir qilishdagi eng soʻnggi gʻoya” asarini yozgan. Olim hoshiyada Mahmud Zamaxshariyning “Kashshof” va Qozi Baydoviyning “Tafsir” asarlariga tanqidiy munosabat bildirgan. Asar “Daru-l-kutubil-misriyya” qoʻlyozma fondida saqlanmoqda[6].

Abu Saʼd Imodiy (vaf. 982/1574) ning “Maʼaqidu-t-taraf fi avvali tafsir surati-l-Fath mina-l-Kashshof” – “Kashshof”dagi Fath surasi tafsiriga izoh” nomli hoshiyasi.

Imom Hofiz Shahobiddin Abu-l-Fazl ibn Ali ibn Hajarning “Kofiyu-sh-shofiy fi taxriji-l-ahadisi-l-Kashshof” – “Kashshof” dagi hadislarni taxriji boʻyicha yetarli“ nomli asari.

Muhyiddin Afandining “Tanzilu-l-oyot ala shavahid mina-l-abyat” – “Oyat maʼnosini quvvatlaydigan baytlar” nomli asari. Unda Mahmud Zamaxshariyning “Kashshof” tafsiriga kiritgan baytlari sharhlangan, ularning mualliflari koʻrsatilgan.

Xidr ibn Atoullohning “Isʼaf bi sharhi abyati-l-Qoziy va-l-Kashshof” – “ Qoziy” va “Kashshof” baytlarini sharhlashga yordam”nomli asari. Asar ikki jilddan iborat, 994/ 1586 yili yozilgan.

Shayx Muhammad ibn Ali Ansoriy (vaf. 662/ 1264) sharhi. Zamaxshariyning “Kashshof” asaridagi muʼtazila aqidasiga doir fikrlarni chiqarib tashlab, ahli sunna val jamoa mazhabiga mos keladigan jihatlarini qoldirgan[7].

Nosiriddin Qoziy Baydoviyning (vaf. 692/ 1293) “Anvoru-t-tanzil” -“Qurʼon nurlari” nomli asari. Unda “Kashshof” asariga raddiyalar bildirgan va muʼtazila aqidasiga doir jihatlariga tanqidiy yondashilgan[8].

Shayx Taqiyyiddin Sabbokiy (vaf. 765/ 1364) “Sababu-l-inkifof an iqroi-l-Kashshof” – “Kashshof”ni oʻqishdan yuz oʻgirish sabablari” nomli muxtasar asarini yozgan[9].

Abu-s-Saodat Muborak ibn Muhammad ibn Asir Hizriyning “Insof fi-l-jamʼi bayna-s-Saʼlabiy va-l-Kashshof” – “Kashshof” va Saʼlabiy tafsirini insof bilan jamlash” nomli asari[10].

Badriddin Muhammad Muqriy Halabiy (vaf. 705/1306) “Muxtasaru-r-roshif min zulali-l-“Kashshof” mina-t-tafosir” – “Kashshof”ning zilol suvlaridan ichish” nomli asarida Abu-l-Abbos Ahmad Mahdiy, Abu Lays Samarqandiy va Saʼlabiy fikrlarini “Kashshof” asari bilan qiyosiy tahlil qilgan. Olimlar ushbu asarni “Kashshof”ning muhim muxtasarlaridan biri sifatida baholaganlar[11].

Imod Kanadiyning (vaf. 720/1320) “Kafil bi maʼanii-t-tanzil” – “Qurʼon maʼnolarining kafolati” nomli 23 jilddan iborat asari. Bunda har bir oyatning tafsiridan soʻng Mahmud Zamaxshariyning bu haqdagi fikrini keltirib oʻtiladi. Imod Kanadiy nahv ilmi borasida mashhur olimlardan boʻlganligi sababli “Kashshof”ning balogʻat, grammatik jihatlariga alohida eʼtibor beradi va allomaning fikrlarini aynan keltiradi[12].

Nizomiddin Qumiy Nisoburiy (vaf.728/1328) “Kashshof”ga bagʻishlangan muxtasar muallifi. Olim oʻz muxtasarida Imom Roziyning “Tafsiri kabir” va Mahmud Zamaxshariyning “Kashshof” tafsirini qiyosiy tahlil qiladi[13].

Shamsuddin Abu-s-SanoShofeʼiy (vaf. 749/ 1348). U Imom Roziyning “Mafotihu-l-gʻayb” – “Gʻayb kalitlari” asari va Zamaxshariyning “Kashshof” tafsirini qiyosiy oʻrgangan[14].

Abu-s-Saʼid Ummadiyning (vaf. 982/1574) “Irshodu-l-aqli-s-salim ila mazaya-l-kitabi-l-karim” – “Sogʻlom aqlni Qurʼon hidoyatidan bahramand qilish” nomli muxtasar asari. Mazkur asar “Tafsiri Abu-s-Saʼid” nomi bilan mashhur boʻlgan[15].

Imom Yahyo ibn Hamza Alaviy Yamaniy (vaf. 749/ 1348) . “ Olim “Tiroz” – “Namuna” nomli kitobini “Kashshof” asari taʼsirida yozgan. Asar muqaddimasida olim koʻplab tafsirlarni oʻrganganligi ammo ularning birortasida ham Mahmud Zamaxshariyning “Kashshof” tafsiridagi kabi bayon va maʼoniy ilmlarini qamrab olgan, Qurʼoni karim lafzi hamda maʼnosidagi moʻjizaviy maʼnolarini yoritib beradigan mukammal tafsir koʻrmaganligini yozadi va shogirdlarining iltimosiga koʻra yuqoridagi tafsirning balogʻati va fasohatiga bagʻishlangan ushbu asarini yozganligini taʼkidlaydi[16].

Mahmud Zamaxshariyning “Kashshof” tafsiri bilan bogʻliq manbalarni oʻrganish asarga oʻzi yaratilgan davrdan hozirga qadar saksondan ortiq sharh, hoshiya, muxtasarlar yozilganligini koʻrsatmoqda. Ular sirasiga Qutbuddin Sheroziy (vaf. 710/ 1311) “Kashshof” asariga ikki jildli hoshiyasi[17], Qutbuddin Shaqqor (vaf. 698/ 1299) “Taqribu-t-tafosir” -“Tafsirlarning qiyosi” nomli sharhi[18], Ali Tusiy (vaf. 561/ 1166) “Javomiʼu-l-javomiʼ” – “Jamlarning jami” sharhi[19], Fozil Yusuf ibn Husayn Hilvoniy (vaf. 854/ 1450 ) hoshiyasi[20],Tojiddin Ahmad ibn Maktumning “Durru-l-laqit mina-l-bahri-l-muhit” – “Ummondan topilgan dur” deb nomlagan Abu Hayonning “Kashshof”ga yozilgan muxtasari, Sharofuddin Tibiy (vaf. 743/ 1343) “Kashshof” asariga 6 jildlik “Futuhu-l-gʻayb fi kashf an qannaʼi-r-rayb” – “Shak-shubhalarni ketkazish, gʻaybni ochish” nomli hoshiyasi, Shayxu-l-Islom Bahro Yahyo Haraviy (vaf. 906/ 1501) “Kashshof”ning Fotiha surasidan Baqara surasining oʻrtasigacha boʻlgan qismi sharhi[21] kabi asarlar kiradi.

Demak, Mahmud Zamaxshariyning“Kashshof an-haqoiqi-t-tanzil va uyuni-l-aqovil fi vujuhi-t-taʼvil” “Qurʼonning berk haqiqatlarini va uni sharhlash orqali rivoyatlar koʻzlarini ochgich” nomli tafsiri mufassirlar orasida eʼtiborli ilmiy manba sifatida eʼtirof etilgan. Asarga yozilgan sharh, hoshiya, muxtasar va taʼliqotlarni oʻrganish musulmon dunyosining juda koʻplab olimlari unga murojaat etganligini koʻrsatadi. Bu asarlarning qoʻlyozmalari davrimizga qadar yetib kelgan. Ularda Mahmud Zamaxshariy tafsirining filologiya sohasidagi ahamiyatiga alohida urgʻu berilgan ayniqsa, balogʻat va fasohat sohasidagi oʻrni yuqori baholangan.

[1]Xoji Xalifa. Kashf az Zunun. Dor Saodat. –J.2. –B. 147; Doktor Mustafo as As-Soviy al-Juvayniy. Manhaju az-Zamaxshariy fi tafsir al-Qurʼan va bayani iʼjazihi. –Misr: Dor al-Maorif, 1984. -B. 272.
[2]Qarang: Oʻsha manba. -B. 271.
[3]Oʻsha asar. –B. 272.
[4]Doktor Mustafo as-Soviy al-Juvayniy. Manhaju az-Zamahshariy fi tafir al Qurʼan va bayani iʼjazihi. Dor al Maorif. Misr. B. 274. 1984
[5]Oʻsha asar. -B. 274.
[6]Oʻsha asar, –B. 275.
[7]Doktor Mustafo as-Soviy al-Juvayniy. Manhaju az-Zamahshariy fi tafir al Qurʼan va bayani iʼjazihi. Dor al Maorif. Misr.1984. –B. 276.
[8]Oʻsha asar, –B. 276.
[9]Oʻsha asar, -B. 276.
[10]Oʻsha asar, –B. 277.
[11]Oʻsha asar. –B. 277.
[12].Doktor Mustafo as-Soviy al-Juvayniy. Manhaju az-Zamahshariy fi tafir al Qurʼan va bayani iʼjazihi. Dor al Maorif. Misr.1984. –B. 277.
[13]Oʻsha asar, -B. 277.
[14]Oʻsha asar, –B. 277.
[15]Oʻsha asar.–B. 277.
[16]Oʻsha asar, –B. 278.
[17]Kashf az Zunun. -J.2. -B. 147; Doktor Mustafo as-Soviy al-Juvayniy. Manhaju az-Zamaxshariy fi tafsir al Qurʼan va bayani iʼjazihi. –Misr: Dor al-Maorif, 1984. -B. 272.
[18]Oʻsha asar, –B. 276.
[19]Oʻsha asar, –B. 277.
[20]Oʻsha asar, –B. 278.
[21]Doktor Mustafo as-Soviy al-Juvayniy. Manhaju az-Zamahshariy fi tafir al Qurʼan va bayani iʼjazihi. Dor al Maorif. Misr. –B. 275. 1984.
Zohid ISLOMOV,
fil.f.d., profesor OʻzXIA Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …