Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZ YANGI NASHRLARI TAQDIMOTI BOʻLIB OʻTDI

MARKAZ YANGI NASHRLARI TAQDIMOTI BOʻLIB OʻTDI

Samarqand shahar A.S.Pushkin nomidagi Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazi faollar zalida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Sh.Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti  hamkorligida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida “Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmagay” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir hamda Markaz tomonidan chop etilgan Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining 30 juzi, Abd ibn Humayd Keshiyning “Musnadi Keshiy” asarlari hamda “Buyuk allomalarimiz” haqidagi xalqchil risola va “10 ta haqiqat” plakatlari taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Unda Markaz direktori oʻrinbosari O.Muhammadiyev, boʻlim boshligʻi T.Evadullayev, ilmiy xodimlar, Samarqand davlat universiteti rahbariyati, kimyo fakulteti dekani S.Tillayev, fakultet professor-oʻqituvchilari, tyutorlar va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda yoshlarning ilm olishlari uchun yaratib berilgan keng imkoniyatlar, taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar hamda diniy-maʼrifiy sohaga qaratilayotgan eʼtibor xususida soʻz borib, turli tahdidlardan saqlanishning yagona yoʻli maʼrifat ekani alohida taʼkidlandi.

Maʼruzachilar tomonidan ilm va maʼrifat haqidagi hadislardan namunalar keltirildi hamda buyuk mutafakkirlarimiz boy ilmiy-maʼnaviy merosini asl holatida oʻrganishning bugungi kundagi yuksak ahamiyati haqida soʻz yuritildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga bugungi globallashuv jarayonida yoshlarda axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga boʻlgan doimiy ehtiyoj nuqtai-nazaridan kelib chiqib, ilm va maʼrifatning yuksak ahamiyati borasida hayotiy misollar asosida tushunchalar berildi.

Muloqot soʻngida faol ishtirok etgan talabalar munosib taqdirlanib, universitet kutubxonasiga Markaz tomonidan nashr etilgan buyuk allomalarimiz haqida maʼlumot beruvchi devoriy plakat va risolalar toʻplami covgʻa qilindi.

Tadbir qizgʻin savol-javoblar asosida samimiy ruhda oʻtdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …