Home / FOTO LAVHALAR / FORUMNING IKKINCHI ISH KUNI BOSHLANDI

FORUMNING IKKINCHI ISH KUNI BOSHLANDI

Markaziy Osiyo – Islom sanʼati oʻchogʻi” nomli Xalqaro forumning ikkinchi ish kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ochildi.

“Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasida oʻtkazilayotgan forumning asosiy tadbirlari sirasidagi “Qurʼoni karimning Oʻzbekistonda saqlanayotgan qadimiy nusxalari koʻrgazmasi” hamda Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tomonidan tayyorlangan “Katta Langar Qurʼoni: kecha va bugun” loyihasi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Koʻrgazma ochilishida soʻzga chiqqanlar forum tadbirlarining mohiyati, shuningdek, koʻrgazmada namoyish etilayotgan ishlar nusxalarining ahamiyati va nodir qiymati haqida maʼlumotlar berishdi.

            

Koʻrgazmada Qurʼoni karimning Oʻzbekistonda saqlanayotgan 50 ga yaqin qadimiy nusxalari, IRSIKA tashkiloti tomonidan har yili Turkiyada oʻtkaziladigan xattotlar musobaqasi gʻoliblarining 40 dan ziyod ishlari hamda yurtimizdagi tarixiy obidalar peshtoqlaridagi bitiklar mazmuniga oid Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tomonidan tayyorlangan 10 dan ortiq toʻplam namoyish etildi. 

Qurʼoni karimning Oʻzbekiston fondlarida saqlanayotgan qadimiy nusxalari koʻrgazmasini oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad yurtimiz uzoq tarixdayoq milliy va diniy qadriyatlar, ilm-fan, sivilizatsiyalar markazi boʻlganini yana bir bor keng jamoatchilikka, xalqaro ilmiy doira vakillariga namoyon etishdan iborat. Koʻrgazmada Toshkentda saqlanayotgan Hazrati Usmon Musʼhafining teriga koʻchirilgan nusxasi, Katta Langar Qurʼonining koʻchirilgan va faksimile nusxalari hamda yurtimiz fondlarida saqlanayotgan Qurʼoni karimning qadimiy nusxalari namoyish qilindi.

Ushbu koʻrgazma hamyurtlarimiz qalbida alohida faxr uygʻotishiga shubha yoʻq. Negaki, dunyoda Musʼhafi sharifning ilk nusxalarini koʻz qorachigʻidek asrab kelayotgan mamlakat, qolaversa, hadis, tafsir, fiqh, kalom kabi islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ allomalari bor xalq kamdan-kam topiladi. Koʻrgazmaga tashrif buyurganlar mutafakkirlarimiz nafaqat matematika, geografiya, astronomiya, falsafa, tibbiyot, grammatika, etnografiya kabi dunyoviy ilmlar, shuningdek, meʼmorlik, naqqoshlik va rassomlik singari nafis sanʼat bobida, balki diniy ilmlar sohasida ham yaratgan oʻlmas asralari orqali yuksak natijalarga erishganiga yana bir karra ishonch hosil qildi. Ushbu tadbir orqali IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining “oltin davri”ga aylanishida aynan Movarounnahr olimlarining hissasi beqiyos boʻlgani ham targʻib etildi.

Ayni paytda ushbu koʻrgazma xalqaro jamoatchilik, xorijdagi manfaatdor ilmiy doiralar uchun ham gʻoyat foydali tadbir boʻldi. Chunki, chet elliklar Qurʼoni karimning eng qadim nusxalari bilan tanishish barobarida, xalqimizning milliy va diniy qadriyatlarga sadoqati, buyuk ajdodlar xotirasiga hurmat-eʼtibori, ilm-fanga boʻlgan munosabatiga guvoh boʻlishdi. Yangi Oʻzbekistonda yosh avlodni ham jismonan, ham maʼnan yetuk insonlar etib voyaga yetkazish borasidagi yutuqlar, milliy-maʼnaviy sohalardagi islohotlar berayotgan yuksak natijalardan bahramand boʻlishdi. Forum tadbirlari davom etyapti.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

«OʻRTA OSIYO QOʻLYOZMALARI KODIKOLOGIYASI ELEMENTLARI»

 1-2-may, 2024-yil soat 10:00 da 📍 Oʻtkazish joyi: Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot …