Home / MAQOLALAR / “TILBATUT TALABA” ASARINING YOZILISH TARIXI, USLUBI VA QOʻLYOZMA NUSXALARI

“TILBATUT TALABA” ASARINING YOZILISH TARIXI, USLUBI VA QOʻLYOZMA NUSXALARI

“Tilbatut talaba” asarining muallifi Imom Najmuddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Luqmon Nasafiy Hanafiydir. Barcha tarixchi olimlar uning tarjimai holini oʻz kitoblarida quyidagi tartibda keltirgan:

“At-Tahbiyr” 1j/527-bet, “Moʻjamul adibbo” 16j/70-71-betlar, “Al-Ibar” 4j/102-bet, “As-Siyar” 20j/126-127-betlar, “Uyunut tavorix” 12j/375-bet, “Mirʼatul jinon” 3j/267-bet, “Al-Javohirul muziyya” 1j/394-395-betlar, “Lisonul miyzon” 4j/327-bet, “Tojut tarojim” 43-45-bet, Imom Suyutiyning “Tabaqotul mufassiriyn” 27-bet, Imom Dovudning “Tabaqotul mufassiriyn” 2j/5-7-betlar, “Miftahus saʼoda” 1j/127-128-betlar, Tosh Kubroning “Tabaqotul mufassiriyn” 92-bet, “Al-Favoidul bahiyya” 139-bet, “Shazarotuz zahab” 4/115-bet.

Allomaning ustozlari juda koʻp boʻlgan. Ularning ismlari “Taʼdodu shuyuxu Umar” degan kitobida keltirilgan. Uning baʼzi kitoblarini “Hidoya” asarining muallifi Burhonuddin Margʻinoniy va Zohid nomi bilan mashhur Abu Bakr Balxiy oʻqigan.

Ibn Najjor: “U faqih, fozil, muhaddis, mufassir, adib, ishonchli boʻlib tafsir, fiqhga oid koʻp asarlar yozgan”, deb aytgan edi.

Abu Hafs Nasafiyning “Tilbatut talaba”, 20 jilddan iborat “Al-Ishʼor bil-muxtor minal ashʼor”, “Mashoriʼ”, 20 jildlik “Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand”, “Tarixi Buxoro” kabi asarlari mavjud.

Allomaning insonlar va jinlarga dars bergani toʻgʻrisida turli rivoyatlar bor. Shuning uchun uni insonlar va jinlarning muftiysi deb atashgan.

Umar Rizo Kahholaning “Moʻjamul muallifiyn” asarining 7j/305-306 betida shunday yozilgan: “Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Ali ibn Luqmon Nasafiy Samarqandiy (Najmuddin Abu Hafs) mufassir, adib, faqih, muhaddis, hofiz, mutakallim, usul ilmining olimi, tarixchi, shoir, lugʻatshunos, nahv ilmining olimi. U Nasafda tugʻilgan. Hadis ilmini oʻrgangan va hajga borib Bagʻdodda qolgan. Ismoil Tanuxiy va bir jamoat olimlardan hadis rivoyat qilgan. Keyin Samarqandda yashab qolgan va bu yerda jumodul avval oyining 12sida vafot etgan. Najjoh “Sharh Kitob axboris sihoh” nomli asarida “Sharhi sahihi Buxoriy” deb nomlagan kitobi va Shayboniyning hanafiy fiqhi sohasiga bagʻishlangan “Al-Jomiʼus sagʻir” asariga nazm yozgan”.

“Tilbatut talaba” asarining yozilish tarixi. “Tilbatut talaba” (“Fiqhiy istilohlardagi talabalar istagi”) asari birinchi fiqhiy lugʻat kitob hisoblanadi. Muallif unda fiqhda hanafiylar ishlatadigan soʻz va harflarning maʼnosini toʻplagan. Shu tufayli u xalq orasida shuhrat qozongan.

Fiqhiy soʻzlarni notoʻgʻri talqin qilishning koʻpayishi Imom Nasafiyning bu kitobni yozishiga sabab boʻlgan. U asarning muqaddimasida: “Ilm ahlidan bir jamoat kelib mendan: Ilm va odob oʻrganishda ixtiloflari kam yoshlarga, ulamolarimizning asarlaridagi arabiy lafzlardan iborat boʻlgan baʼzi soʻzlarni yaxshi bilmaydiganlarga va ustozlarimiz tomonidan gʻalati (juda oʻtkir, kuchli) yozilgan asarlarni oʻrganish va ularning yechimini topish maqsadida ilm ahliga qaytib boraverishdan behojat qilish uchun ularning mushkuliga yordam beradigan bir sharh yozishimni soʻradi. Keyin ularga soʻragan kitobini foydalanishi uchun yozib berdim. Allohning oʻzi tavfiq qiluvchi unga tavakkal qilaman va undan yolvorib soʻrayman” [3:68], deb yozgan.

Tadqiqotimiz davomida “Tilbatut talaba” asarining Turkiyadagi Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan qadimiy qoʻlyozma nusxasinigina uchratdik. Bu holat boshqa nusxa yoʻq, degan xulosani bermaydi, albatta.

“Tilbatut talaba” asarining biz uchratgan nusxasida qogʻozlarning soni 168ta, qogʻoz oʻlchovi 203×118-125×56, har bir betdagi qatorlarning soni 19tani tashkil etadi.

Kitobning boshi: “Bismillahir rohmanir rohiym. Ilm va uning ahlini buyuk qilgan, nodonligiga rozi boʻlgan va johilni past qilgan Allohga hamd boʻlsin! Johillarga taʼlim bergan Rasuli Muhammad Mustafoga salavot boʻlsin!”, deb boshlanadi. Soʻng “Tahorat kitobi: Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning soʻzlari bilan boshlayman: “ مِفْتَاحُ الصَّلاةِ الطَّهُورِ– Namozning kaliti tahoratdir”, deb davom etadi.

Kitobning oxiri: “Hiylalar kitobi: Hiylalar – nayranglar birikmasi, ildizi voy boʻlib, nafratni qaytarish yoki muhabbatni jalb qilish uchun ishlatiladi… Istihlof va tazkiya kitobi: Istihlof – bu qasamdir. Tazkiya – bu tuzatishdir…”, deb yakunlanadi. Uning xattoti oʻz ismini yashirib “Allohga hamd boʻlsin! Kitob ulugʻ va oliy Allohning bandalaridan bir zaif banda qoʻlida nihoyasiga yetdi. Bu sharif nusxani yozib tugallash Paygʻambar (S.A.V.) hijratining 1012 yili, safar oyining oxiri, payshanba kuni peshin vaqtida voqeʼ boʻldi”, deb aytadi. Shundan maʼlum boʻladiki, bu nusxa 1012/1603 yilda koʻchirilgan.

Usmonli terisidan qilingan bu nusxaning barcha sahifasi raqamlangan, chetida izohlar bor, sarlavha va misralar qizil rangda yozilgan, muqovasi zarhal qilingan.

Yozilish uslubi. Hofiz Zaynuddin Qosim ibn Qutlubgʻo u haqda shunday qayd etgan: “Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Ali ibn Luqmon Najmiddin Abu Hafs Nasafiy hadis rivoyat qilgan. Uning lugʻat haqidagi hanafiy mazhabining fiqh kitobida lafzlarga yozgan “Tilbatut talaba” asari bor” [5:47].

Arab leksikasiga asos solinishi Qurʼon va hadis lafzlarining maʼnosini oʻrganishdan boshlandi. Uni oʻrganish esa sahobalar zamonasidan boshlangan edi. Bu ishni boshlagan kishi Abdulloh ibn Abbosdir (vaf. 68h). U “Ummat allomasi va Qurʼon tarjimoni” degan nomga sazovor boʻlgan. Qurʼonni tafsir qilishda juda koʻp sheʼrlarga murojaat qilib, dalillar keltirgan edi. Abdulloh ibn Abbos Qurʼon va hadis iboralariga tushunmagan talaba va taʼlim oluvchilarning murojaat qiladigan odami edi. Sahobalar, tobeinlar, imomlar, hofizlar, faqihlar va muhaddislarning harakati bilan arab lugʻati va istilohining bayoni, tafsiloti va izohlari izma-iz ortib bordi [3:13].

Ulamolar arab tiliga taʼrif berar ekan, bunday deb aytadi: “Arab tili nubuvvat va risolat, shuningdek, fiqh va adabiyot tilidir. Arab tili islom bilan yanada gullab-yashnadi, oʻsdi va kengaydi. Uning har bir soʻzi toʻlib toshuvchi daryo, har bir jumlasi joʻsh urgan dengiz, uslubi samarador jannat, istilohi (termini) qaynoq buloq, bebaho sovgʻa, koʻpayuvchi xazina va doimiy hayotdir” [3:5]. Imom Nasafiy ham arab tili va istilohiga ulkan hissa qoʻshgan allomadir.

“Tilbatut talaba” asari birinchi fiqhiy lugʻat kitobi hisoblanadi. Muallif bu kitobida fiqhda hanafiylar ishlatadigan kalima va lafzlarning maʼnolarini toʻplagan. Shu narsa tufayli u xalq orasida shuhrat qozongan. Bu kitob “Gʻaribul hadis” asariga juda oʻxshash. Uning izdoshi desa ham boʻladi [3:61].

Imom Nasafiy bu kitobni yozishda fiqh ilmini sohalar boʻyicha alohida boblarga ajratib chiqqan. Fiqh ilmiga oid bu asar tahorat bobi bilan boshlanadi. Keyin namoz, roʻza, haj arkonlari, nikoh, emizishlik, taloq, qulni ozod qilish bobi keladi. Shunday qilib u hanafiylarning fiqhiy tartibida kitobni boblarga ajratib davom etgan. Imom Nasafiy hanafiya fiqhida vorid boʻlgan fiqhiy terminlarni keltirgan va boshqa mazhabdagi terminlarga toʻxtab oʻtmagan. Bu bilan u fiqhni hanafiya mazhabi nuqtai nazaridan taʼmin etgan.

Imom Nasafiy fiqhiy terminlarni mantiqiy isbotlashda Qurʼon va hadislardan ham dalillar keltirgan. Koʻp ishlatiladigan soʻzlarni sharh va bayonda keltirgan. Ammo Qurʼonning oyatlari va hadislar toʻligʻicha keltirilmagan, faqat lugʻatga tegishli soʻzlari olingan.

Muallif bu asarida talabalarga tushunarli boʻlishi uchun huquqiy (fiqhiy) soʻzlarni sodda tilda, iboralar yordamida sharhlab oʻtadi.

Asarda muayyan fiqhiy soʻzlarning keng qamrovli koʻlamiga yoki chuqur maʼnosiga kirishilmagan, balki aynan olingan har bir soʻz yoki ibora qisqa, loʻnda va tushunarli qilib sharhlangan. Bu kitobning umumiy uslubidir. Muallif asarning ilmiy uslubida avval soʻzning lugʻaviy, keyin fiqhiy-istilohiy maʼnosini keltiradi. U ularni oyati karima va hadisi shariflardan dalillar keltirish orqali izohlashga intiladi, lekin aksariyat hollarda atamalarga dalillar keltirmaydi.

Muallif fiqhiy kitob va boblarni terminlar bilan boshlaydi. Keyin har bir kitobdagi muhim fiqhiy terminlarni keltirib, ularning qaysi fiqhiy kitobdan ekanini koʻrsatadi. Soʻngra maʼnoni boyitish maqsadida bayon, lugʻat va tafsir kitobiga murojaat qiladi.

Muallif mavzularni yoritishda koʻplab sohalarning manbasiga suyangan. Ammo foydalangan kitoblarining hammasi ham koʻrsatilmagan. Asarda istifoda etilgan hadislarni sahih, hasan, zaif kabilardan qaysi biriga mansub ekani koʻrsatilmagan. Muallif faqat oʻziga yetib kelgan rivoyatlardan foydalangan, vaholanki bu rivoyatlarning sahihi ham, illatlisi ham bor. Shunga qaramay, “Tilbatut talaba” fiqh sohasida juda nodir va foydali asar hisoblanadi. U tolibi ilmning tushunchasini sezilarli darajada kengaytiradi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. “Imom Buxoriy saboqlari”, 2006, № 3.
  2. Imom Laknaviy. “Favoidul bahiya fi tarojimil hanafiya”. – Qohira: “Matbaʼatus saodat”, 1906.
  3. Najmuddin Umar Nasafiy “Tilbatut talaba” (Shayx Xolid Abdurrohman Ak tadqiqi). – Bayrut: Doru-n-nafois nashriyoti, 1999.
  4. Oʻrta Osiyo olimlari qomusi. – T.: Imom Buxoriy respublika ilmiy-maʼrifiy markazi nashriyoti, 2007.
  5. Hofiz Zaynuddin Qosim ibn Qutlubgʻo. “Tojut tarojim fiy tabaqotil Hanafiya”. – Bagʻdod: Matbaʼatul Oniy, 1962.
  6. Hofiz Zahabiy. “Siyar aʼlomun nubalo” – J. 20. – Bayrut: “Muassasatur risola”, 1985.
  7. Hofiz ibn Hojar “Lisonul miyzon”. J. 4. – Bayrut: Maktabul matbuotil islomiy, 2002.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-
tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
Samarqand Davlat chet tillar
instituti magistranti

Check Also

MAʼRIFATLI AYOLNING TAʼSIRI ASRLARGA TATIYDI!

Hayotda insonning begʻaraz yordamchilari juda koʻp boʻladi. Masalan, jazirama issiqda daraxtning soyasi yo zilol chashmaning …