Home / FOTO LAVHALAR / NUFUZLI XALQARO ANJUMAN DOLZARB MASALAGA BAGʻISHLANDI

NUFUZLI XALQARO ANJUMAN DOLZARB MASALAGA BAGʻISHLANDI

Kecha poytaxtimizda “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etishning dolzarb masalalari” mavzuida Yosh sharqshunoslarning akademik Ubaydulla Karimov nomidagi XVIII anʼanaviy xalqaro konferensiyasi ish boshladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Islom hamkorligi tashkiloti huzuridagi Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA), Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamkorligida tashkil etilgan anjumanning ochilish marosimida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov tabrik nutqi soʻzladi.

Anjuman ishi davomida qadimiy yozma manbalarni markazlashgan holda saqlash, tadqiq etish, ularning holatini doimiy monitoring qilish boʻyicha, barcha muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlarida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning davlat reyestrini tuzish va doimiy monitoringini yuritishga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Konferensiyada islomshunoslik, manbashunoslik va matnshunoslik sohalarida ilmiy izlanishlar olib borayotgan olimlar, xorijiy davlatlardan maʼruzachilar, tadqiqotchilar, doktorantlar va mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etishdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …