Home / ALLOMALAR / BUJAYRIY NISBALI ROVIYLAR

BUJAYRIY NISBALI ROVIYLAR

IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri deb eʼtirof etilgan. Koʻplab manbalarda ayni oʻsha davrda Bujayriy nisbasi bilan tanilib, samarali ijod qilgan allomalarning hayoti va ilmiy merosi haqidagi maʼlumotlarni uchratish mumkin.

Tadqiqotlar natijasi shuni koʻrsatadiki, Bujayriy nisbasi biror joy yoki kasbga emas, Bujayr ismli shaxsga nisbatan berilgan. U Bujayr ibn Hozimning ismidir. Misrlik tadqiqotchi olim Abdulloh Abdulhamid Saʼd tuzgan “Oʻrta Osiyo olimlari qomusi”da: “Bujayr” soʻzi “kichkina qorinchasi boʻlgan bobo” maʼnosini bildiradi[2:53], deyilgan. Aslida ham arab tilida “Bujayr” soʻzi “kichik qorin” degan maʼnoni anglatadi.

Bujayrning avlodlari, yaʼni farzandu nabiralari ham oʻz zamonasining olimi, mashhur roviylari boʻlgan. Ularga Bujayrning ismi nisbat qilib berilib, bu silsila nasabda ham roviylar silsilasining tarix sahifalarida ham Bujayriy nisbasi bilan oʻrin olgan.

Quyida bu roviylar silsilasi haqida qisqacha toʻxtalib oʻtsak:

Ulardan biri Muhammad ibn Bujayr ibn Hozim ibn Roshid Hamadoniy Sugʻdiy, Bujayriy boʻlib, u yuqorida nomi zikr qilingan Bujayr ibn Hozimning oʻgʻlidir. Muhammad ibn Bujayr ham zamonasining taniqli hadis roviylaridan boʻlib, Qaʼnabiy, Abu Valid Tayolisiy, Aʼorim va Ahmad ibn Yunus kabi koʻplab oʻz davrining taniqli roviylardan hadis rivoyat qilgan. Oʻz navbatida undan oʻgʻli Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Bujayr va Muhammad ibn Hotam ibn Haysamlar hadis rivoyat qilgan. Muhammad ibn Bujayr 268/882 yil shaʼbon (mart) oyida vafot etgan [7:143; 2:108].

Ulardan yana biri Abu Amr Usmon ibn Muhammad ibn Bujayr ibn Hozim ibn Roshid Bujayriydir. U yuqorida keltirilgan Muhammad ibn Bujayrning katta oʻgʻli. Abu Amr Usmon ibn Muhammad oʻz davrining taniqli roviylari Movoliy Bani Hoshim va Husayn ibn Asvad Kufiydan hadis rivoyat qilgan. Oʻz navbatida undan Abdurohman ibn Fath Sarroj Samarqandiy hadis rivoyat qilgan [1:7-8].

Najmiddin Umar Nasafiyning “Al-Qand fiy zikri ulamoi Samarqand” kitobida Abu Amr Usmon ibn Muhammad ibn Bujayriydan rivoyat qilingan hadis quyidagicha keltirilgan: Abu Amr Usmon ibn Muhammad ibn Bujayr: Bizga Muʼmil ibn Hishom hadis aytdi, dedi. U: Bizga Ismoil ibn Aʼliya esa Ayubdan, u esa Abu Qalobadan, u esa Molik ibn Huvayris Rozillohu anhudan hadis aytdi, – dedi. U: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordik, biz oʻsha vaqtda yosh zabardast yigit edik. U zotning huzurlarida (shariat arkonlarini oʻrganish uchun) yigirma kecha boʻldik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni oilamizga mushtoq boʻlgan deb oʻylab, ahlimizda qoldirib kelganlarimiz haqida soʻradilar, biz u zotning savollariga javob berdik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam atrofidagilarga mehribon doʻst edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Oilalaringizga qaytib boringlar, ularni (Islomga) buyuringlar, (dinni) oʻrgatinglar va meni namoz oʻqiganimni koʻrdingiz, xuddi shunday ularga namoz oʻqib beringlar. Namoz vaqti kirganda sizlardan biringiz azon aytsin va yoshi ulugʻingiz imom oʻtib sizlarga namoz oʻqib bersin”, dedilar”, dedi [12:492].

Bujayriy nisbasi bilan mashhur boʻlgan allomalardan yana biri Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Bujayr ibn Hozim ibn Roshid Hamadoniy, Samarqandiy, Bujayriydir. U yuqorida zikr etilgan Muhammad ibn Bujayrning kichik oʻgʻli. Muhaddis Abu Hafs Bujayriy 223/838 yili Samarqandning Soʻgʻd muzofotidagi Xushufagʻn qishlogʻida tugʻilib [3:60; 4:374; 5:327], 311/923 yili vafot etgan [2:54; 6:162; ]. Abu Hafs Bujayriyning bolalik va yoshlik davri tugʻilib oʻsgan ona qishlogʻi Xushufagʻnda oʻtgan. U dastlabki taʼlimni otasi Muhammad ibn Bujayrdan olgan. Keyinchalik Abu Hafs Bujayriyni ilm oʻrganishga boʻlgan shijoati va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan vorid boʻlgan hadislarni eshitish, oʻrganishga boʻlgan qiziqishi sababli oʻsha davrda ilm-fan oʻchogʻi hisoblangan Xuroson, Basra, Kufa, Iroq, Shom, Misr, Hijoz kabi bir qancha shahar va mamlakatlarga ilmiy safar qilgan.

Alloma safari chogʻida Damashq shahriga borganini tarixchi olim Abulqosim Ali ibn Hasan ibn Hibatulloh ibn Abdulloh – Ibn Asokir “Tarixul madinati Dimashq va zikri fazliha va tasmiyati min hilliha minal amasil” (“Damashq shahrining tarixi, uning fazilati va undagi joylarning nomlanishiga misollar”) kitobida bunday keltiradi: “Hofiz Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Bujayr ibn Hozim ibn Roshid Hamadoniy Samarqandiy Bujayriy taʼlim olish va hadis jamlash niyatida Damashq shahriga borgan. U yerda Ahmad ibn Abdulvohid ibn Uʼbud, Abu Omir Muso ibn Omir Mariy, Hishom ibn Xolid, Muhammad ibn Hoshim Baʼlabakkiy, Sulaymon Hamsiy, Ayub ibn Ali ibn Haysam Kanoniy kabi koʻplab taniqli olimlardan hadislar tinglagan va taʼlim olgan”[8:320]. Demak, Alloma Damashqda koʻplab taniqli olimlar bilan uchrashgan, ular bilan ilmiy muloqotda boʻlgan.

Abu Yaʼlo Xaliliy oʻzining “Irshod” nomli asarida bunday keltiradi: Abu Hafs Bujayriy Iroq va Shomga borganda Nazr ibn Tohirdan, Kufada Abu Kurayb, Usmon ibn Abu Shaybadan, Basrada Bundor va Abu Musodan, Shomda Sulaymon ibn Salama Xaboiriy, Ahmad ibn Abdulvohid Damashqiy va Hishom ibn Ammordan va Makka shahrida Muhammad ibn Zunbur va Husayn ibn Hasan Marvaziydan hadis tinglagan[1:9].

Abu Hafs Bujayriy hadis boʻyicha asosiy taʼlimni Abu Mahmud Muhammad ibn Muoviya (Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiyning togʻasi), Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy Samarqandiy, Iso ibn Hammod Zugʻba Misriy, Isʼhoq ibn Shohin Vositiy, Abu Soib Silm ibn Jannoda Kufiy, Abd ibn Humayd Keshiy (Abd ibn Humayd Keshiyning “Musnadi Keshiy” nomli kitobi boʻlib, u Imom Buxoriyning ustozlaridan hisoblanadi) va Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy kabi koʻplab mashhur muhaddis olimlardan olgan[5:327; 9:490].

Imom Buxoriyning “Sahih” toʻplamiga yozilgan eng moʻtabar sharhlardan biri boʻlgan Ibn Hajar Asqaloniyning “Fathul boriy” (“Ijodkorning ochib bergan sharhi”) kitobining Muqaddimasida bunday keltiriladi: “Umar ibn Muhammad Bujayriy: “Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning: Men “Jomeʼus sahih” kitobimni Masjidul Haramda tasnif qildim. Bu kitobdagi har bir hadisni Alloh taolodan yaxshilik soʻrab, istixora qilib – ikki rakat namoz oʻqib, uning sahihligiga ishonch hosil qilganimdan keyin kiritdim”, deb aytayotganini eshitdim”, deydi”[9:490].

Ushbu rivoyat orqali Abu Hafs Bujayriy hadis ilmida moʻminlarning amiri deb eʼtirof etilgan Imom Buxoriy hazratlari bilan bir davrda yashaganini, ikkalasi bir biri bilan uchrashganini va Imom Buxoriyning bu soʻzini aynan oʻzidan eshitganini anglab olish mumkin.

Abu Hafs Bujayriy hadis oʻrganish va toʻplash bilan birga, koʻplab shogirdlar ham yetishtirgan. Abu Bakr Muhammad ibn Abdulgʻaniy Bagʻdodiyning “Takmilatul ikmol” kitobida Muhammad ibn Sobir Buxoriy, Abu Nazr Muhammad ibn Bakr Dehqon Samarqandiy, Muhammad ibn Ahmad ibn Imron Shoshiy, Muʼtamar ibn Jibril Karminiy, Aʼyun ibn Jaʼfar Samarqandiy, Abu Jaʼfar Muhammad ibn Ali Muaddab Shoshiy va Iso ibn Muso Koshoniy kabi oʻz zamonasining mashhur muhaddis va roviylari aynan Abu Hafs Bujayriydan hadis tinglagani va undan rivoyat qilgani qayd etilgan[5:327]. Bundan tashqari, Abu Hafs Bujayriydan uning oʻgʻli Abulhasan Muhammad ibn Umar, Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffol Shoshiy, Abu Yahyo Ahmad ibn Muhammad ibn Ibrohim ibn Isʼhoq ibn Hozim Samarqandiy, Muhammad ibn Hotam Koshoniy, Abulfazl Ahmad ibn Ismoil ibn Yahyo ibn Hozim Azdiy Samarqandiy va Ali ibn Bindor Sayrafiy kabi olimlar ham tahsil olgan va hadis rivoyat qilgan[8:37].

Shoshlik allomalarning hayoti va ilmiy merosini oʻrganish boʻyicha ulkan ishlarni amalga oshirgan t.f.d Neʼmatullo Muhammedov oʻzining “Shosh vohasi olimlarining ilmiy-maʼnaviy merosi” kitobida: “Abu Bakr Qaffol Shoshiy Xurosonga borib, Muhammad ibn Isʼhoq ibn Xuzayma, Muhammad ibn Isʼhoq Sarroj, Umar ibn Muhammad ibn Buxayr (Manbalarda turlicha “Bujayr”, “Buhayr” va “Buxayr” koʻrinishda kelgan). Samarqandiy kabi yetuk olimlardan dars olgan va boshqa tabaqalardan hadislar tinglagan”, deb keltirgan[10:52].

Yuqoridagi manbalardan koʻrinib turibdiki, Abu Hafs Bujayriy fiqh, hadis, usul va tilshunoslik ilmi boʻyicha tengi yoʻq olim deb eʼtirof etilgan. U Imom Abu Bakr Qaffol Shoshiy kabi bir qancha allomalarga ustozlik qilgan.

Abu Hafs Bujayriy ilm-fanga yetuk allomalarni yetkazib berish bilan kifoyalanib qolmasdan, oʻzining boy ilmiy ijodi bilan ham ulkan hissa qoʻshgan. Hadis va tafsir ilmi sohasida bir qancha asarlar yaratgan. Manbalarda keltirilishicha, alloma “Sahih” hadislar toʻplami va “Tafsir” kabi asarlarning muallifi hisoblanadi. “Sahih” toʻplamining qoʻlyozma nusxalari xorijiy mamlakatlarning kutubxonalarida saqlanmoqda[3:60; 11:206].

Allomaning “Kitobus safina” (“Kema kitobi”) nomli yana bir asari ham boʻlib, bu borada Abdulloh Abdulhamid Saʼd oʻzining “Oʻrta Osiyo olimlari qomusi” kitobida bunday keltiradi: “Abu Hafs Bujayriydan uning Ahmad ismli nabirasi “Jomeʼus sahih” (“Ishonchli toʻplam”) va “Kitobus safina” (“Kema kitobi”) kitoblarini oʻqib oʻrgangan. Bu kitoblarni Abu Hafsning oʻzi yozgan”[2:145; 6:370]. Afsuski bu kitob bizning davrimizgacha yetib kelmagan.

Allomaning qalamiga mansub “Jomeʼul musnad” va “Tafsir” asarlarining bir qismini qoʻlyozma nusxasi hozirgi kunda Damashq shahridagi Zohiriya kutubxonasida 1067-raqam ostida saqlanmoqda”[3:60]. Bu asarning elektron nusxasi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi elektron bazasida ham mavjud. Asar 124 varaqdan iborat boʻlib, “Jomeʼul musnad”ning uchdan bir qismini yaʼni oʻttizinchi – “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning betobliklari va vafotlari” bobini va “Tafsir” kitobining avvalgi qismini qamrab olgan.

Bujayriy nisbasi bilan tanilgan roviylardan yana biri Abulhasan Muhammad ibn Umar ibn Muhammad ibn Bujayr Samarqandiy, Bujayriydir. U muhaddis Abu Hafs Umar ibn Muhammadning oʻgʻli. Abulhasan Muhammad ibn Umar ham koʻplab mamlakatlarda safarda boʻlib, Ali ibn Abdulaziz Bagʻaviy, Isʼhoq Dabriy, Bishr ibn Muso, Abu Muslim Kajjiy, Abdulaziz ibn Hasan ibn Bakr ibn Sharud, Ubayd ibn Muhammad ibn Ibrohim Kashuriy, Muʼoz ibn Musanno va boshqa kishilardan hadis rivoyat qilgan. Abulhasan Muhammad ibn Umar 345/956 yilning rabiul avval (iyul) oyida vafot etgan [1:7-8; 2:108].

Bujayriy nisbasi bilan mashhur boʻlgan roviylardan yana biri Abulabbos Ahmad ibn Muhammad ibn hofiz Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Bujayr Samarqandiy, Bujayriydir. U Muhammad ibn Umarning oʻgʻli yaʼni muhaddis Abu Hafs Umar ibn Muhammadning nabirasi. Alloma xalq orasida Ahmad Bujayriy va Ahmad Xushufagʻoniy nomlari bilan mashhur boʻlgan.

Ahmad Bujayriy boshlangʻich ilmini tugʻilib oʻsgan qishlogʻi Xushufagʻonda bobosi Abu Hafs Bujayriydan olgan. Yuqorida taʼkidlanganidek Abu Hafs Bujayriy “Al-jomeʼ as-sahih” (“Ishonchli toʻplam”) va “Kitob as-safina” (“Kema kitobi”) nomli kitoblar tasnif etgan. Ahmad Bujayriy esa bobosidan ushbu ikki kitobni eshitib, taʼlim olgan va ularni toʻliq oʻzlashtirgan. Keyinchalik Ahmad Bujayriy oʻz davrining koʻplab yirik muhaddislaridan koʻplab hadis tinglab, ularni yozib olgani bois u taniqli roviylardan biri boʻlib ulgʻayadi. Oʻz navbatida undan ham bir qancha ilmi toliblar hadis rivoyat qilgan. Ahmad Bujayriy 372/982 yilning rabiul avval (sentyabr) oyida vafot etgan [6:370].

Bu sulola nafaqat nasab jihatidan balki X asrlarda hadis rivoyat qilish boʻyicha ham maʼlum va mashhur boʻlgan. Bujayriy nisbasi bilan ijod qilgan allomalardan baʼzilari oʻzining ulkan ilmiy faoliyati bilan ilm-fanning hadis va tafsir kabi sohalari rivojiga katta hissa qoʻshgan. Lekin shu choqqacha ularning hayoti va ilmiy merosi boʻyicha keng koʻlamli tadqiqot ishlari olib borilmagan. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida mazkur allomalardan biri Abu Hafs Bujayriyning hayoti, faoliyati va uning “Jomeʼul musnad” kitobini oʻrganish boʻyicha muayyan ishlar boshlab yuborilgan. Tadqiqotlar davomida Bujayriy nisbali allomalarning faoliyatiga doir yangi maʼlumotlar yuzaga chiqadi, degan umiddamiz.

Adabiyotlar roʻyxati
  1. Abu Umar Muhammad ibn Ali Azhariy. Mustaxriju aʼla sahihil Buxoriy va musammo bil Jomiʼil musnad. –Qohira. 2020.
  2. Abdulloh Abdulhamid Saʼd. Oʻrta Osiyo olimlari qomusi. – T.: Imom Buxoriy respublika ilmiy-maʼrifiy markazi nashriyoti, 2007.
  3. Xayriddin Zirikliy. Aʼlom. J. 5. Dorul ilm, 2002.
  4. Abu Abdulloh Yoqut Hamaviy. Muʼjamul buldon. J. 2. – Bayrut, 1979.
  5. Abu Bakr Muhammad ibn Abdulgʻaniy Bagʻdodiy. Takmilatul ikmol. J. 3. – Makka. Jomeʼa ummul quro, 1410/1990.
  6. Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J. 2. – Bayrut, 1998.
  7. Abu Hotam Muhammad ibn Habbon. Siqot. J, 9. – Bayrut: Dor al-fikr, 1975.
  8. Abulqosim Ali ibn Hasan ibn Hibatulloh ibn Abdulloh Shofiʼ. Tarixul madinati Dimashq va zikri fazliha va tasmiyati min hilliha minal amasil. J. 45. – Bayrut, 1995.
  9. Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul boriy. J. 2. – Misr: Miriy Kubro matbaasi, Muqaddimasi.1301/1884.
  10. Muhamedov N. Shosh vohasi olimlarining ilmiy-maʼnaviy merosi. – T.: TIU, 2007.
  11. Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Tazkiratul huffoz. J. 2. – Bayrut, 1998.
  12. Najmiddin Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Nasafiy. Al-Qand fiy zikri ulamoi Samarqand. – Tehron, 1999.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …