Home / MAQOLALAR / OʻZBЕKISTON RЕSPUBLIKASIDA TIL TARAQQIYOTINING YANGI DAVRI VA IJTIMOIY TARIXIY ASPЕKTLARI

OʻZBЕKISTON RЕSPUBLIKASIDA TIL TARAQQIYOTINING YANGI DAVRI VA IJTIMOIY TARIXIY ASPЕKTLARI

Til – millat qiyofasining bir boʻlagi. Shu sababli hali mustaqillikka ilk qadamlar tashlanayotgan davrdayoq oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Dunyodagi barcha xalq oʻzining milliy rasmiy tiliga ega, deb aytolmaymiz. Chunki bu xalqning milliy mustaqilligi bilan bogʻliq. Bu olamshumul hodisaning tub mohiyatini kelajak avlod ongiga singdirish, unga muhabbati, sadoqatini yanada mustahkamlash shu til jonkuyarlari – oʻqituvchilar, tilshunoslar, umuman oʻzini shu millatning farzandi deb bilgan har bir shaxsning har kunlik burchi boʻlishi shart. Shundagina oʻsib kelayotgan yosh avlod til nega milliy gʻurur ekanligini his etadigan, turli maʼnaviy, mafkuraviy tahdidlar taʼsiriga tushmaydigan boʻlib yetishadi[1]. Shuncha yillar oʻtdi, xoʻsh, oʻzbek tili chindan ham davlat va xalq tili darajasiga erisha oldimi? Savol hamon dolzarb.

      2019-yil 21-oktyabr kuni Davlatimiz rahbari “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Xususan, 21-oktyabr yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasi huzurida oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan, yangi soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritadigan Atamalar komissiyasi ishlab turibdi. Bu, albatta, muhim hujjat, davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning mantiqiy davomi, sohada yana bir muhim qadam. Chunki Oʻzbekistonda shu vaqtgacha davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshiradigan yagona, mustaqil va markazlashgan tuzilma yoʻq edi.

“Davlat tili haqida”gi qonunning bir qator normalari deklarativ va umumiy xarakterga ega boʻlganligi sababli koʻzlangan maqsadlarga toʻla erishish imkonini bermayapti. Xususan, “Davlat tili haqida”gi qonunning (keyingi oʻrinlarda Qonun) 8-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va eʼlon etiladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham eʼlon qilinadi”, deb belgilangan boʻlsa-da, ayrim sohalardagi davlat idoralarida hujjatlarni davlat tilida qabul qilish yetarlicha yoʻlga qoʻyilmagan. Bu esa ayrim hollarda jismoniy va yuridik shaxslarga noqulayliklar keltirib chiqarmoqda. Shuningdek, Qonunning 10-moddasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarining koʻpchiligi oʻzbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkinligi belgilanganligiga qaramasdan, ayrim sohalarda statistika va moliya hujjatlari, shartnomalar talab darajasida davlat tilida yoʻlga qoʻyilmagan. Xususan, ayrim xizmat koʻrsatish sohalari (kommunal, internet xizmatlari va hk.) tomonidan shartnoma, dalolatnoma, ogohlantirish xati kabi hujjatlarni xorijiy tilda rasmiylashtirish holatlarini koʻrish mumkin. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining hujjatlarida oʻzbek tilida oʻrindoshi mavjud boʻlgan soʻzlardan foydalanmasdan xorijiy atamalarni (termin, shtat, komissiya va boshqa shu kabi soʻzlarni) qoʻllash holatlarini ham uchratish mumkin[2].

Til – muqaddas va eʼzozlangan tushuncha, har bir inson uchun oʻz onasi kabi aziz va moʻtabar. Til – hayotning boshlanishi. Inson oʻz ona tili yordamida yangi tushunchalar va munosabatlarni anglay boshlaydi. Ona tili bizga ona suti bilan singdiriladi. Inson ulgʻaygan sayin atrofidagilar bilan muloqot qilish, badiiy kitoblar oʻqish orqali soʻz boyligini oshirib boradi. Ota-bobolarimiz tarixi, milliy va maʼnaviy qadriyatlarimiz bizga ona tilimiz yordamida meros boʻlib qoldi. Xalqlar tarixi – bu ular tilining tarixi.

Turkiy til VII-VIII asrlardan boshlab yuzaga kela boshlagan. Dastlab turkiy tilda Mahmud Qoshgʻariy, Yusuf xos Xojib, Ahmad Yugnakiy va Rabgʻuziy oʻzbek tilining rivojlanishida katta hissa qoʻshishgan. XI-XV asrlarda Lutfiy, Atoiy, Sakkokiy va Xorazmiy kabi shoirlar ham oʻzlariga xos oʻrin tutdilar. Ushbu shoirlar va oʻz davrining atoqli yozuvchilari yaratgan mashhur asarlardan ingliz, fransuz, nemis, yapon va xitoy olim va shoirlari koʻplab foydalanib kelishgan. XV asr oʻzbek tilining gullab-yashnagan davri boʻlgan. Bu davr Alisher Navoiy ijodiga ham bogʻliq. “Xamsa”, “Xazoinul-maoniy”, “Muhokamatul lugʻatayn”, “Majoinul nafois” kabi asarlari bilan Navoiy turk tilini jahon miqyosiga olib chiqdi.

Soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy tilimizni “shajara bogʻi” timsolida his etib, xalqni bulbulga qiyosladi. Ana shu boqqa gard tushmasin, bulbullarning ovozi hamisha yangroq va baland boʻlsin, dedi.

Dunyoga mashhur “Devoni lugʻatut turk” asari Mahmud Qoshgʻariy tomonidan hijriy 464, milodiy 1068 yili yozib tugallangan. Ushbu asar  XV asr turkiy qabilalarining til xususiyatlari, ogʻzaki ijodini oʻrganishi uchun asosiy manba hisoblangan. Lugʻat hozirgi lugʻatlarga oʻxshab yolgʻiz soʻzlarning lugʻaviy maʼnosini izohlabgina qolmasdan balki, unda oʻsha davrda oʻgʻuz, uygʻur, qipchoq, chigil, qarluq kabi 37 urugʻ birlashmalariga kirgan turkiy urugʻ va qabilalarning fanatik, leksik, grammatik til xususiyatlarini taʼriflovchi tarixga oid asarlar hamdir. Devonda turkiy urugʻlarning joylashishi hamda xaritasi ham ilova qilingan.

 Mahmud Qoshgʻariy Chin (Xitoy) davlatidan butun Movarounnahr (Xorazm, Fargʻona, Buxoro, Dashti qipchoq)ni kezib, bu yerlarda joylashgan turkiy urugʻ va qabilalarning tili, ijtimoiy turmushini, tarixini oʻrganadi. “Devoni lugʻatit-turk” asarining taxminan XV asrda koʻchirilgan qoʻlyozmasi va turk tiliga tarjimasi 1860-63 yillarda professor S. Mutalibov tomonidan tarjima qilindi. Bu uning 20 yillik ishi natijasi edi[3]. Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri bu til ekan, har bir inson oʻz tilini bilishi, uni ulugʻlashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim. Shundagina tilning, millatning qadri va obroʻyi, nufuzi oshadi. Til tarixini, uning meʼyoriy nuqtai nazardan shakllanish jarayonini, rivojlanishini millat tarixidan ayri holda oʻrganib boʻlmaydi.

  Yuqori rivojlangan davlatlar darajasiga erishish va raqobatdosh boʻlish uchun Oʻzbekiston fuqarolari xalqaro tillarni bilishlari muhim, albatta. Chunki biz global rivojlanish tendensiyalaridan orqada qola olmaymiz, lekin shuni unutmaslik kerakki, oʻzbek tili dunyodagi barcha rasmiy tillar qatori suveren til maqomini olgan ekan, har bir Oʻzbekiston fuqarosi davlat tilini bilishi shart. Hech kim hech qachon oʻz ona tiliga boʻlgan hurmatni yoʻqotmasligi kerak. Tilga hurmat – bu xalqqa hurmat. Oʻz ona tiliga ega boʻlmagan xalq mamlakat boʻlolmaydi. Tilning egasi xalq, ammo xalqning bitta vakili loqayd boʻlsa ham milliy til sofligiga putur yetadi. Til davlat timsoli, mulki hisoblanadi. Til madaniyatiga amal qilinmasa, milliy madaniyatga dogʻ tushadi. Shu sababli, bu ulkan hodisaning tub mohiyatini kelajak avlod ongiga singdirish, ona tiliga boʻlgan muhabbat va sadoqatini yanada mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar koʻlami yil sayin kengayib bormoqda. Binobarin, oʻzini oʻzbek millatining farzandiman, deb bilgan har bir shaxs ona tilimizga eʼtiborli boʻlishi, uning sofligini asrab-avaylashni muqaddas burchi deb bilishi shart.

 Oʻzbek tilining Vatanimizda davlat tili sifatida amal qilinishining huquqiy asoslari qonunan belgilab qoʻyilgan. Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni uch tamoyilga: umumiylik, majburiylik va huquqiy kafolatga asoslanadi. Darhaqiqat, davlat tilining mustahkam huquqiy maqomi belgilab qoʻyilgani tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanishga yetarlicha zamin yaratib, mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishi barobarida oʻzbek tilining erkin muomalada boʻlishi uchun zarur shart-sharoitni yaratib berdi. Dunyoda taniqli mamlakat boʻlish uchun biz davlat tilining maqomini koʻtarishga erishishimiz lozim.

Soʻnggi yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda boʻlgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim oʻzgarishlar yuz bermoqda. Oʻzbek tilining xalqaro miqyosda obroʻyi oshib, faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda. Turli darajadagi rasmiy uchrashuv va muzokaralarda tilimiz keng qoʻllanayotgani, xorijdagi qator taʼlim dargohlarida, ilmiy muassasalarda oʻzbek tili markazlari tashkil etilib, ularda ona tilimizni oʻrganishga qiziquvchilar soni koʻpayib borayotgani buning yaqqol dalilidir. Ona tilimiz  oʻzbek tiliga 1989 yil 21 oktyabrda davlat tili maqomi berildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Ayni paytda tilimizning ijtimoiy mavqeini yanada mustahkamlash, yuksaltirish uchun ham beqiyos imkoniyat yaratildi.

Olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lugʻatlar, darslik va oʻquv qoʻllanmalari chop etildi. Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosining yaratilishi uni amaliyotga tatbiq etilishi ham shu ishlarning uzviy davomi boʻldi. Eʼtirof etish kerakki, dunyodagi 200 ta til bugungi kunda davlat tili maqomiga erishgan boʻlib, shular orasida oʻzbek tili ham bor. Bu esa, har birimizning qalbimizda faxr-iftixor tuygʻularini uygʻotib, tilimiz sofligini saqlashda zimmamizga masʼuliyatlar ham yuklaydi. Yosh avlodni ana shu ruhda tarbiyalash esa pedagoglar, qolaversa, keng jamoatchilikning vazifasi, burchi hisoblanadi.

Oʻzbek tilining boy imkoniyatlari bugungi kunda tilshunoslarimiz tomonidan chuqur oʻrganilmoqda.

Oʻzbek adabiy tili turkiy tillar guruhiga mansub boʻlib, u mustaqil til sifatida XI asrdan boshlab shakllana boshladi va to hozirgi kunimizgacha bu tilda koʻplab ilmiy va badiiy asarlar yaratildi. Xususan, Maxmud Qoshgʻariyning “Devoni lugʻotit-turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig”, Xorazmiyning “Muhabbatnoma”, Rabgʻuziyning “Qissai Rabgʻuziy”, shuningdek, Atoyi, Sakkokiy, Sayfi Saroiy, Mavlono, Lutfiylarning yaratgan boy ilmiy-adabiy meroslarini tilga olish mumkin. Ayniqsa, turkiy tilning beqiyos imkoniyatlarini koʻrsatishda Alisher Navoiyning buyuk xizmatlarini alohida eʼtirof etish joiz. Hazratning nafaqat badiiyati, balki tilshunoslikka bagʻishlangan “Muhokomatul lugʻatayn”, yaʼni “Ikki til muhokamasi” nomli asari shu sohadagi qiyosi yoʻq manba hisoblanadi. Qolaversa, shoh va shoir Bobur Mirzoning tilimizda yaratgan goʻzal asarlari bugun ham oʻquvchilar tomonidan sevib mutolaa qilinadi. Albatta, ona tilimizning taraqqiyoti yuqorida nomlari keltirilgan buyuk ajdodlarimizning yuksak muhabbatida koʻrinib turadi.

Hozirgi oʻzbek adabiy tili meʼyorlashtirilgan boʻlib, tilimizning lugʻat boyligi, tovush tizimi va grammatik qurilishi olimlar tomonidan ilmiy asoslarda oʻrganilgan. Bu sohadagi izlanishlar bugun ham davom etmoqda. Aytish joizki, oʻzbek tili mamlakatimiz maktablarida XX asrdan boshlab oʻqitila boshlandi. Taʼlim jarayonida kishilarimizning tilga oid bilimlari shakllantirilib, nutqiy savodxonlik darajasi oʻstirib borildi. Bugun maktab, kollej, akademik litseylar va oliy oʻquv yurti talabalari uchun yangi avlod darsliklari yaratilib, ularda tilimizni yangicha asosda oʻrganishga eʼtibor qaratilmoqda. Bu esa, shubhasiz oʻzining ijobiy natijalarini berib kelmoqda[4]. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
1.Sh.Mirziyoyev. Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va maqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida. –T., 2019 yil 21 oktyabr, PF-5850-son.
2.Mirziyoyev Sh.M. Oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir // Xalq soʻzi gazetasi. – 2019 yil 22 oktyabr, 218-son.
3.G.Ortiqxoʻjayeva. Davlat tili-faxrimiz, gʻururimiz.Adolat. 23.10.2015.
4.Nurmatov,S.Avezov,Oʻzbek tili chindan ham davlat va xalq tili  darajasiga erisha oldimi? 07.10.2020. https://www.xabar.uz/uz/jamiyat/ozbek-tili-chindan-ham-davlat-va-xa
5.O.Xusanov. Oʻzbek tili tarixi boy va betakror. Bulungʻur hayoti gazetasi. 19-04-2019. http://bulungurhayoti.uz/index.php?newsid=2114.
6.Muhammedova  S. Harakat  feʼllari  asosida  kompyuter  dasturlari  uchun  lingvistik  taʼmin yaratish.  Metodik qoʻllanma. –T., 2006.  
Margʻuba QURBONOVA,
Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti
“Ijtimoiy fanlar” kafedrasi katta oʻqituvchisi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …