Home / FOTO LAVHALAR / XALQARO ILMIY KONFЕRЕNSIYADA MARKAZ OLIMLARI FAOL ISHTIROK ETISHDI

XALQARO ILMIY KONFЕRЕNSIYADA MARKAZ OLIMLARI FAOL ISHTIROK ETISHDI

Bugun Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) hamkorligida “Termiziy olimlarning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Anʼanaviy hamda onlayn tarzda tashkil etilgan anjumanning yalpi yigʻilishida Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) Bosh direktori, professor Mahmud Erol Qilich, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Hamidjon Ishmatbekov, Rossiya islom universiteti, Rossiya musulmonlar markaziy diniy boshqarmasi ilmiy boshqarmasi boshligʻi, doktor Rifat Suyargulov va boshqalar tabrik nutqi soʻzlab, mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar movarounnahrlik allomalar ilmiy merosini izchil oʻrganishga koʻplab imkoniyatlar yaratayotganini, ularning jahon sivilizatsiyasiga munosib hissa qoʻshgan bebaho asarlarining ilmiy-maʼnaviy qiymatini keng targʻib etishga qaratilayotgan eʼtibor esa bugungi kunda yuksak qadr topayotganini taʼkidlashdi.

    

Konferensiya ishida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyati va ilmiy xodimlari faol ishtirok etishdi. Jumladan, Markaz direktori, tarix fanlari nomzodi, dotsent Shovosil Ziyodov “Markaziy Osiyo xattotlik sanʼatida muhrkanlik anʼanalari” mavzusida, Markaz direktori oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, PhD Otabek Muhammadiyev “Alouddin Usmandiy asarlarining jahon kutubxona fondlaridagi qoʻlyozma nusxalari” hamda Markaz direktori Bosh maslahatchisi falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev “Maxdumi Aʼzam va uning maʼrifiy islomdagi bagʻrikenglik tushunchasi” mavzularida maʼruzalar oʻqishdi.

Shuningdek, professor Baxtiyor Toʻrayev konferensiyaning “Fanlar tarixi, madaniy-meʼmoriy meros, xalq amaliy sanʼati va hunarmandchilik, madaniyatlararo aloqalar” nomli shoʻbasiga moderatorlik qildi.

Anjumanda Turkiya, Rossiya, Tojikiston, Marokash, Fransiya, AQSH, Hindiston, Misr, Jazoir kabi davlatlardan jami 45 nafar olim ishtirok etdi.

Konferensiya ishtirokchilarining maʼruza matnlari va maqolalari toʻplam holatida nashr etilishi koʻzda tutilgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari boshlandi

Oʻtayotgan haftada Samarqand viloyatidagi mahalla va taʼlim muassasalarida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori ostida keng …