Home / MAQOLALAR / XX ASR BOSHLARIDA BOSH VAQF BOSHQARMASINING SIYOSIY FAOLIYATI

XX ASR BOSHLARIDA BOSH VAQF BOSHQARMASINING SIYOSIY FAOLIYATI

Taʼlim va tarbiyaning shakllanishida oila va maktab alohida oʻringa ega. Milliy tarbiya xalqning tarixiy tajribasi asosida vujudga kelib, yosh avlod mafkuraviy ongini shakllantirishga qaratilgan anʼana, eʼtiqod va urf-odatlar tizimida namoyon boʻladi. Shuning uchun xalqimizning ilmiy-madaniy tarixini oʻrganish muammosi hozirgi davrning dolzarb masalalaridan biri hisoblanmoqda. XIX asrda davom etgan siyosiy kelishmovchiliklar Oʻrta Osiyoning Chor Rossiyasi mustamlakasiga aylanishiga olib keldi. Bu holat ilm-fan va sivilizatsiya oʻchoqlaridan biri boʻlgan Turkiston mintaqasi siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatdi.

Chor imperiyasi bolsheviklar tomonidan agʻdarilgach, kommunizm jamiyatini qurish rejasi ishlab chiqildi. Ammo oʻsha vaqtda Rossiya mustamlakalari u yoqda tursin, hatto uning oʻz hududida ham bunday jamiyat qurish uchun bilimli kishilar juda ozchilikni tashkil etgan. Murakkab siyosiy holat boʻlsa-da, bu davrda Turkistonda mahalliy maktablar, jadid maktablari (tazyiqlar ostida faoliyati taqiqlanayotgan edi – muallif), rus-tuzem maktablari va madrasalar faoliyat koʻrsatmoqda edi. XX asr boshida sovet hukumati tashabbusi bilan anʼanaviy maktab va madrasalarni sovetlashtirish boshlandi. Bu yoʻnalishdagi tadbirlar avval Ichki Ishlar Xalq Komissarligi (NKVD), keyin Maorif Xalq Komissarligi (NKP) tarkibiga oʻtkazilgan Bosh Vaqf Boshqarmasi boshchiligida amalga oshirildi.

Maʼlumki, taʼlim va tarbiya muassasalarining asosiy qismi vaqf mablagʻlari asosida taʼminlab kelingan. Sovet hukumati bu tartibni oʻz manfaatlari yoʻlida tubdan isloh qildi. Turkiston Markaziy Ijroiya Komitetining 1920 yil 26 fevraldagi 87-sonli farmoni asosida barcha vaqf ishlari Taʼlim boshqarmasi vakolatiga oʻtkazildi [1]. Respublikaning barcha vaqflarini boshqarish uchun Maorif Xalq Komissarligi huzurida Turkiston Respublikasi Vaqf boʻlimi tashkil etildi. Fargʻona, Samarqand va Sirdaryo hududlari viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi huzurida Viloyat Vaqf boʻlimlari tuzildi. Bu boʻlimlarning ishini yurgizish bilan viloyatlardagi kafedra mudirlari shugʻullandi. Vaqf mulkini bevosita boshqarish uchun Maorif kasaba uyushmasi va Sotsialistik madaniyat xodimlari tarkibidan boshliq va yordamchi saylandi. Saylov jarayonida eng asosiy eʼtibor – saylangan boshliq va yordamchi musulmon boʻlishiga qaratildi.

Mazkur farmonda boshliq-rahbarning vazifasi ham belgilab berilgan. Rahbar har bir vaqf mulki hujjati batafsil yoritilgan inventarizatsiya kitobini yuritishi kerak boʻlgan. Barcha mulklarning yozma hujjatlari asl nusxalari bilan birga rahbar tomonidan mintaqaviy Vaqf boʻlimiga taqdim etib borilgan. Vaqf koʻchmas mulki gazetalar va bozor maydonlarida maxsus shaxslar tomonidan eʼlon qilish asosida ochiq savdolar orqali ijaraga berilgan. Bundan tushgan mablagʻ esa Xalq Taʼlimi Komissariati depozitiga jamlangan. Bu mablagʻ oʻzbek, qirgʻiz va tatar xalq taʼlimi institutlari ehtiyojlari uchun yoʻnaltirilishi alohida qayd etilgan.

Shoʻro hukumati Vaqf mulki bilan dastlab juda ehtiyotkorona munosabatda boʻlgan. Har bir rahbarning mahalliy jamoat boʻlimlari tomonidan yuritiladigan daromad va xarajatlar kitobi boʻlishi alohida belgilab qoʻyilgan. Shuningdek, ijara shartnomalari mahalliy kommunal soha boʻlimi boshligʻi, Vaqf mulki rahbari va ijarachilar tomonidan imzolangan. Mulkni ekspluatatsiya qilish boʻyicha barcha ijara shartnomalari mulkni boshqarish boʻyicha boshliq qoʻlida saqlanadigan kitobda qayd etilgan. Smetasiz hech qanday xarajatga yoʻl qoʻyilmagani sababli Vaqf boshligʻi Vaqf mulkidan foydalanishi ham mumkin boʻlmagan. Agar favqulotda mablagʻ kerak boʻlib qolsa, rahbar mintaqaviy vaqf boʻlimidan ruxsat soʻrab, xarajatlarni tasdiqlaydigan bayonnomalarni taqdim etishi zarur boʻlgan.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Vaqfning viloyat boshqarmalari vaqf mulkiga hujjati bor yoki yoʻqligidan qatʼi nazar, har bir vaqf mulki oshkora taqdim etilayotganini qattiq nazoratga olgan. Viloyat boshqarmalari zimmasiga vaqf mulklarini podshohlik davrida rasmiylashtirilgan yo bunday qilinmaganidan qatʼi nazar, barcha volost va shaharlarga maʼlum qilish taklifi bilan xabar yuborish yuklatilgan. Ular barcha hujjatsiz vaqf mulklari haqida batafsil maʼlumotlar yigʻilgach, ularni Markaziy Vaqf Boʻlimiga yuborib, xabardor qilgan.

1922 yil 28 dekabrda Turkiston Markaziy Ijroiya Komitetining vaqf haqidagi 173-sonli qarori tasdiqlandi [2]. Hujjatda roʻyxatga olingan barcha vaqf koʻchmas mulki hamda madaniy-maʼrifiy va xayriya muassasalari toʻgʻridan-toʻgʻri Bosh Vaqf boshqarmasi tasarrufi va boshqaruviga oʻtkazilgani rasmiylashtirilgan. Boshqarma vaziyatni oʻrganish, munosabat bildirish va sovetlashtirish ishlarini amalga oshiradigan boʻldi. Qarorda Bosh Vaqf boshqarmasi va uning mahalliy boʻlimlari Sovet hukumati maʼmuriy institutlarining barcha huquqlaridan foydalanishi mumkinligi qayd etilgan. Ammo bu ish ziddiyatlarga ham olib kelishini oldindan anglab yetgan hukumat dasturga muttasil oʻzgartirishlar kiritib borgan. Misol uchun, masjidlarga tegishli Vaqf mulki dastlab oʻsha masjidlarning mutavallisi tomonidan nazorat qilinib, Vaqf boʻlimi kassasiga tushmasligi belgilab qoʻyilgan. Keyinchalik bu tartib toʻliq bekor qilingan.

Vaqf boʻlimlarining daromadlari: a) kimoshdi savdosidan tushgan mol-mulk va ijara haqqi; b) Vaqf mulkidan olinadigan soliqlar; v) savdo va sanoatdan olinadigan foyda; d) turli xayr-ehsonlar hisobidan jamlanib borilgan. Toʻplangan mablagʻni Bosh Vaqf boshqarmasi quyidagi xarajatlarga sarf etgan [2]:

a) mutavallilar, mudarrislar, oʻqituvchilar, ishchilar va talabalarni ish haqi va stipendiya bilan taʼminlash;
b) Vaqf mulkini taʼmirlash va saqlash;
v) Vaqf boʻlimlaridagi operatsion xarajatlar;
g) hukumat, davlat va mahalliy soliqlar;
d) ijtimoiy sugʻurta;
ye) Bosh Vaqf boshqarmasi ehtiyojlari uchun belgilangan foiz;
j) talabalarni RSFR (Rossiyaning oʻsha paytdagi rasmiy nomi – muallif) va chet ellarga yuborish;
z) binolarni zamonaviy talablarga moslashtirish;

i) oʻquvchi va talabalarga stipendiyalar va grantlar berish, u yoki bu Vaqf muassasasini Vaqf boʻlimlarining qaroriga binoan qoʻllab-quvvatlash va boshqa madaniy-maʼrifiy maqsadlar.

Sovet hukumati oʻzining kuch-qudrati, iqtisodiy yutuqlarini qoʻl ostidagi davlatlarga koʻz-koʻz qilib, ularda hadik va xavotirni saqlash maqsadida Bosh Vaqf boshqarmasi mablagʻi hisobidan Rossiyaga safarlar uyushtirgan. Talabalarni RSFR va chet ellarga joʻnatish uchun ularning Bosh Vaqf boshqarmasidan maxsus ruxsatnoma soʻrashi oldindan belgilab qoʻyilgan. Shuningdek, Vaqf boʻlimi yangi binolarni jihozlash, yangi kurslar ochish kabi tadbirlar uchun ham Bosh Vaqf boshqarmasidan maxsus ruxsatnoma olishi belgilangan. Albatta, bu ishlar katta mablagʻ sarfi bilan ham bogʻliq edi. Shuning uchun Bosh Vaqf boshqarmasi ehtiyojlarini qoplash maqsadida mahalliy boʻlimlar umumiy daromadining qariyb 10% ni ajratishi belgilangan.

Bosh Vaqf boshqarmasi tekshiruvi va qatʼiy talabi asosida eski usul maktablari yopilganidan soʻng, Oʻzbekistonda yagona mehnat maktablari tashkil etilgan[9]. Shuni ham taʼkidlash lozimki, qishloqlarda oʻsha yillarda 3 yillik taʼlim belgilangan bir paytda amalda 2 yillik taʼlim berib borilgani taʼlimni tashkil etishdagi eng katta kamchilik edi. Chunki, mavjud holat boshlangʻich va oʻrta taʼlim oʻrtasidagi uzluksizlikni buzib, qishloqlarda II bosqichli (toʻliqsiz oʻrta) maktablarning rivojlanishiga toʻsqinlik qilgan. 1923 yildagina Ittifoq davlatlarida umumiy taʼlim tizimini joriy etish rejasini ishlab chiqish boshlangan.

Bosh Vaqf boshqarmasi raisi oʻrtoq Axunov boshchiligida oʻtkazilgan kengash Qaroriga binoan, Bosh Vaqf boshqarmasi 1924 yil 24 martda Vaqf tarkibidagi barcha maktablar istisnosiz Maorif Xalq Komissarligining Glavsosvos dasturiga oʻtkaziladi [3]. Glavsosvos – 1921 yilda RSFSR Xalq taʼlimi komissarligi tarkibida tashkil etilgan Ijtimoiy taʼlim va politexnika taʼlimi bosh boshqarmasi [8]. Boshqarma maktabgacha taʼlim muassasalari, umumiy taʼlim maktablari, bolalarni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish va barchaning malakasini oshirish uchun masʼul boʻlgan. Bosh Vaqf boshqarmasi qabul qilgan qarorda vaqf maktab va kurslariga dastur va qoidalarning rus va oʻzbek tillarida tuzib berilishini maʼqul topilgani belgilangan.

Shoʻro hukumati amalga oshirgan sovetlashtirish siyosati xalq manfaatiga xizmat qilmagan. Fayzullo Xoʻjayevning “Sovet Rossiyasi hukumati va uning Buxorodagi vakillariga bizning xalqimiz sovetlashtirishni qabul qilolmayapti, xalq buni xohlamayotir, shuning uchun qoʻliga qurol olib, uyuushib kurashga koʻtarilayapti,” degan gapi buning isbotidir [4. B-19]. Hatto 1929 yilda ham eski maktablar faoliyat yuritgan. Bahluzoda oʻzining “Qashqadaryo qishloqlarida maorif ishlari tuzilmayotir” nomli maqolasida: “Butun joylarda boʻlgan eski diniy maktablarni tamoman tugatish toʻgʻrisida Oʻzbekiston markaziy ijroqoʻmi tomonidan chiqarilgan qaror hali bu yerlarda juda sust amalga oshayotir. Shahrisabz rayonining shahar va qishloqlarida 10-15 lab eski diniy maktablar davom qilayotir,” deb maʼlumot bergan [7. B-26]. Maqolada maktablardan faqat bittasi yaqindagina yopilgani, eski maktablar bilan kurashish – ularni yoʻqotish ishlari juda ham sust olib borilgani yozilgan. Qashqadaryo okrugida faoliyat yuritayotgan baʼzi yangi maktablar ham eski maktablardan farqi yoʻq, deb xulosa chiqarilgan.

Xullas, shoʻro davrida taʼlim-tarbiya jarayoni mafkuraviylashtirilib, yangi mazmun kasb etdi. Bolsheviklar tashabbusi bilan sotsialistik baynalmilal madaniyat yaratish harakatlari tufayli barcha milliy qadriyatlar birxillashtirildi. Bu jarayon “madaniy inqilob” nomi bilan xalq taʼlimiga ham daxl qildi. Tadqiqot davomida Bosh Vaqf boshqarmasi taʼlim muassasalarini qayta roʻyxatga olib, sovetlashtirish ishlarini olib borish maqsadida tashkil etilgani aniqlandi. Bosqichma-bosqich qoʻllangan chora-tadbirlar tashkilot oldiga qoʻyilgan vazifa amalga oshirilishida qoʻl kelgan. Bosh Vaqf boshqarmasi oʻziga berilgan imkoniyatlardan foydalanib, Turkiston mintaqasining boy madaniy qadriyatlariga zarba bergan. Bu siyosiy harakat natijasida jamiyatda maʼnaviy inqiroz chuqur ildiz ota boshlagan. Anʼanaviy maktab va madrasalar faoliyati taqiqlanib, sovetlashtirilgan yagona mehnat maktablari tashkil etilgan. “Butun dunyo proletarlari birlashingiz!” shiori asosida xalqlar ongida bosqichma-bosqich “baynalmilal gʻoya” targʻib etilib, sotsialistik jamiyat singdirib kelingan [6].

FOYDALANGAN ADABIYoTLAR
  1. Oʻzbekiston Milliy arxivi. Fond R-34, roʻyxat-1, ish-453, 30-varaq.
  2. Oʻzbekiston Milliy arxivi. Fond R-34, roʻyxat-1, ish-2272, 2-varaq.
  3. Oʻzbekiston Milliy arxivi. Fond R-34, roʻyxat-1, ish-2741, 27-varaq.
  4. Fayzullo Xoʻjayev (tarixiy esse). Q.K. Rajabov.-T.: “Abu matbuot konsalt” 2011. B.19
  5. “Qizil Oʻzbekiston” 3-noyabr 1933 yil № 256 (2755)
  6. Alanga jurnali. №1 son. 1928 yil yanvar
  7. “Maorif va oʻqituvchi” ijtimoiy-siyosiy, taʼlim-tarbiyaviy, adabiy, fanniy, ilmiy jurnal. 9-10 son. Samarqand shahri.1929 yil sentyabr-oktyabr
  8. https://www.booksite.ru/fulltext/1/001/008/010/817.htm
  9. http://reja.tdpu.uz › views › openlesson. Vospitaniye, obrazovaniye i razvitiye pedagogicheskoy mыsli v Uzbekistane v 1917-1991 gg. st. 9
Suxrob Ergashev,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …