Home / FOTO LAVHALAR / FAN TARAQQIYOTIDA FALSAFANING OʻRNI MUHIM

FAN TARAQQIYOTIDA FALSAFANING OʻRNI MUHIM

Bugun poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti “Falsafa va mantiq” kafedrasi tomonidan Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi huzuridagi Oʻzbekistonning eng yangi tarixini muvofiqlashtiruvchi metodik markaz, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Al-Buxoriy universiteti, Buxoro davlat universiteti, Navoiy davlat pedagogika instituti bilan hamkorlikda “OʻZBЕKISTONDA FALSAFA TARIXI MAKTABI VA UCHINCHI RЕNЕSSANS” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.

Konferensiyada Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi madaniy meros agentligi mutasaddilari, Italiya xalqaro taʼlim va turizm markazi rahbar xodimlari, Belarus Milliy Fanlar akademiyasi, Qohira universiteti hamda Qozogʻiston taʼlim va fan vazirligi huzuridagi Falsafa va dinshunoslik instituti olimlari ishtirok etdi.

Xalqaro anjumanning ochilishida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari nomzodi, dotsent Shovosil Ziyodov tabrik nutqi soʻzladi. Notiq oʻz soʻzida fan taraqqiyotida falsafaning oʻrni katta ekanini, ayniqsa ijtimoiy-siyosiy fanlar rivojida, xususan, tarixshunoslik, manbashunoslik, islomshunoslik, dinshunoslik kabi fan yoʻnalishlariga doir tadqiqotlarda fanlararo fan sifatida muhim metodologik ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladi. Shuningdek, mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning mazmun-mohiyatiga toʻxtalib, konferensiya ishtirokchilarini samimiy qutladi va anjuman ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Konferensiyaning yalpi majlisida mavzu doirasida qator ilmiy maʼruzalar tinglandi. Maʼruzachilar yurtimizda ilm-fan taraqqiyoti takomiliga alohida eʼtibor qaratishdi va falsafa fani rivojlanish bosqichlarining istiqboldagi taraqqiyotni taʼminlashdagi ahamiyatini yuqori baholashdi.

Anjuman yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida umumiy xulosalar va metodologik tavsiyalar ishlab chiqildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Hashar uyushqoqlik bilan oʻtdi

Xalqimizga xos goʻzal urf-odat, anʼana va qadriyatlarimiz orasida hashar birdamlik, hamjihatlik ramzini ifodalaydi. U tufayli …