Home / XALQARO YANGILIKLAR / MANFAATLI SAFAR XAYRLI KЕCHMOQDA

MANFAATLI SAFAR XAYRLI KЕCHMOQDA

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Turkiya safaridagi delegatsiyasi Anqara Yildirim Boyazid universitetida boʻldi. Delegatsiya aʼzolari universitet rektori, professor, Dr. Ibrahim Aydinli bilan uchrashib, Markaz direktori Shovosil Ziyodovning qizgʻin salomlarini yetkazdi.

Universitet bilan Markaz oʻrtasida oʻtgan yilning sentyabr oyida professor Aydinlining Oʻzbekistonga tashrifi davomida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Ayni paytda mazkur hujjat asosida qator yoʻnalishlarda hamkorlikda ish olib borilmoqda. Jumladan universitetda Markazning ikki nafar ilmiy xodimi taʼlimning magistratura bosqichida tahsil olmoqda.

Muloqot chogʻida Markaz direktori oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev samimiy qabul uchun minnatdorchilik izhor etdi hamda hamkorlik istiqbollariga oid fikrlarini bildirdi. Ibrahim Aydinli hamjihatlikdagi faoliyatning mavjud imkoniyatlaridan toʻlaqonli foydalanib, qoʻshma loyihalarni kengaytirishga tayyor ekanini maʼlum qildi. Muzokaralar natijasiga koʻra tomonlar joriy yilning noyabr oyida turkiy allomalar ilmiy merosiga bagʻishlangan nufuzli xalqaro anjuman tashkil etishga kelishib oldilar.

Delegatsiya aʼzolari shuningdek, mazkur universitetning islom ilmlari va huquqshunoslik fakultetlari islom huquqi kafedrasi mudiri professor Dr. Xayri Boʻzgiyik hamda universitet huzuridagi islom qoʻllanma tadqiqotlari markazi rahbari Prof. Dr. Aytach Aydin bilan uchrashdi. Uchrashuvda Prof. Dr. Aydin bilan hamkorlikning qator tashkiliy va amaliy jihatlari qizgʻin muhokama qilindi. Markaz ilmiy xodimlarini universitetga malaka oshirishga jalb qilish, nashr ishlarini oʻzaro hamjihatlikda tashkil qilish, Markazda tarjima qilingan asarlarni turk olimlari orasidan taqrizchilar tayinlab shu yerning oʻzida chop qilish, tadqiqotchilarga kafedra professor-oʻqituvchilardan ilmiy rahbar va ilmiy maslahatchi belgilash masalalari shular jumlasidandir. Professor Dr. Xayri Boʻzgiyik esa ushbu kelishuvlarni huquqiy jihatdan rasmiylashtirish hamda barcha tashkiliy jarayonlarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.

Delegatsiya safari davom etmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yangi loyiha boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) …