Home / YANGILIKLAR / Iyd al-Fitr – RAMAZON HAYITI MUBORAK BOʻLSIN!

Iyd al-Fitr – RAMAZON HAYITI MUBORAK BOʻLSIN!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Ramazon oyining roʻzasini bandalariga farz qilgan Alloh taologa hamdu sanolar boʻlsin!

Ramazon oyiningtunlarida bedor boʻlishni ummatiga sunnat qilgan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovotu salomlar boʻlsin!

HAZRATI RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM: “HAR BIR QAVMNING OʻZ BAYRAMI BOR, IYD BIZNING BAYRAMIMIZDIR”, DЕB MARHAMAT QILGANLAR.

HOFIZ IBN HAJAR ROHIMAHULLOH “FATHUL BORIY” ASARIDA SHUNDAY DЕGAN: “HAYIT KUNLARI SHODLIKNI IZHOR QILISH DINNING SHIORLARIDANDIR”.

Allohning rahmat-magʻfirati yogʻiladigan, ajru mukofot beriladigan va xursandchilik ayyomi boʻlgan Iyd al-Fitr — Ramazon hayiti bilan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va oʻz nomimdan samimiy muborakbod etaman.

Alloh taoloning amrini ado etib, taqvo neʼmatini qoʻlga kiritgan, Rasul alayhissalomning sunnatiga ergashib, imon ila, savob umidida roʻza tutgan moʻmin-musulmonlarga jannatning Rayyon darvozasidan kirish baxti nasib etsin!

Shunday fayzli kunlarga yetkazgani uchun Haq taologa shukronalar aytamiz. Qodir Allohdan xalqimizga qut-baraka, baxtu saodat va tinchlik-ofiyat berishini soʻrab duolar qilamiz.

Ramazon oyida butun dunyoga Alloh taoloning rahmati yogʻildi. Moʻmin-musulmonlar subhidamda saharlik dasturxoni atrofida ibodatga kirishdilar. Fayzli oqshomlarda esa iftorlik qilib, qalb rohati —tarovih namozini ado etdilar.

Haq taologa shukrki, soʻnggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yangidan ochilayotgan masjid-madrasalar, qayta chiroy ochayotgan qadamjolar moʻmin-musulmonlarni cheksiz mamnun etmoqda.

Har yili Ramazon oyi hamda ikki hayit bayramlari arafasida davlatimiz rahbarining qarori qabul qilinishi dinimizga qaratilayotgan eʼtiborning amaldagi bir inʼikosidir. Ayniqsa, bu ayyom kunlari dam olish kunlarining koʻpaytirib berilayotgani har bir moʻmin-musulmonni yana ham xursand qilib, ayyomni munosib tarzda oʻtkazishga xizmat qilmoqda.

Yana bir muhim voqelik — ulugʻ ayyom kunlari Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazi qurilish maydoniga tashrif buyurib, maʼnaviy qudratimiz timsoli boʻlgan ushbu muazzam majmua faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha qimmatli maslahatlar berdi. Bu yerda yurtimiz ulamolarining islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan buyuk hissasi yaqqol ifoda etiladi. Imom-xatiblarimiz mana shunday betakror maskanda malaka oshiradi.

Mazkur ishlarning uzviy davomi sifatida Prezidentimizning “Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan muhim vazifalar Ramazon hayitining yurtimizda koʻtarinki ruhda oʻtishiga asosiy omil boʻladi. Ushbu qaror bayram kayfiyatini yanada oshirishga, muborak ayyomni yanada mazmunli oʻtkazish uchun sharoit hozirlaydi.

Shuningdek, ulugʻ ayyom arafasida moʻmin-musulmonlarning himmati baland, shijoati yuksak boʻladi, ota-onalar, qarindosh-urugʻlar, qoʻni-qoʻshnilar, keksalar, ustozlar, bemorlar va muhtojlarning koʻngli olinadi. Alloh taolo farz qilgan zakotlar ado etildi, fitr sadaqasi hamda fidyalar berildi.

Ramazon hayiti shodiyonalari yurtimiz boʻylab koʻtarinki kayfiyatda oʻtmoqda. Ayniqsa, ushbu kunlarda xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat, ezgulik kabi fazilatlar yanada yorqinroq namoyon boʻlmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining Ramazon hayiti munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan bayram tabrigi yurtdoshlarimizning koʻnglini togʻdek koʻtardi. Tabrikdagi samimiy va dildan chiqqan purmaʼno gaplar yurtdoshlarimizning qalbiga toʻgʻri kirib bordi, ularni cheksiz manmun etdi. Bayram kunlarida oʻzaro oqibatli boʻlish, mehru saxovat koʻrsatish kabi insoniy fazilatlarni yana bir bora amalda namoyon etishga turtki boʻldi.

Shuningdek, ayyom kunlarida muqaddas dinimiz eʼzozlagan, buyuk allomalarimiz targʻib etgan kam taʼminlangan, kambagʻal oilalar holidan xabar olish, yetimlar boshini silash, yordamga muhtojlarga muruvvat qoʻlini choʻzish kabi ulugʻ anʼanalarimiz yanada jonlanadi. Imom-xatiblarimiz Mehribonlik va Muruvvat uylarida saxovat tadbirlarini oʻtkazdi, kam taʼminlangan oilalarga oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zarur mahsulotlar tarqatadilar. Amalga oshirilgan bunday ezgu va savob ishlardan xalqimizning kayfiyati koʻtariladi.

Joriy yil 29 aprel kuni boʻlib oʻtgan vidoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari “Ramazon oyi — saxiylik, mehr-oqibat va bagʻrikenglik oyidir. Bu qutlugʻ ayyomda mehr-shafqatli, kechirimli boʻlish hammamiz uchun ham farz, ham qarz”, dedi.

Shu munosabat bilan, Ramazon hayiti arafasida Prezident adashib jinoyatga qoʻl urgan, lekin aybini chuqur anglab, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 65 nafar fuqaroni afv etish boʻyicha farmonni imzoladi.

Mutasaddilarga ushbu fuqarolar bayramni oʻz uyida, yaqinlari bagʻrida kutib olishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish boʻyicha topshiriq berildi.

Taʼkidlash joizki, oxirgi yillarda jadal faoliyat yuritayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarida islom dinining ilmiy jihatdan tadqiq etilishi katta samara bermoqda. Bunday xayrli ishlarning samarasi oʻlaroq, zaminimizdan yana buxoriylar, termiziylar, nasafiylar va naqshbandiylar yetishib chiqajak, inshoalloh.

Shubhasiz, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan “Yaxshilikka dalolat qiluvchi uni qilgan kishi kabidir”, hadisi sharifiga muvofiq sanab oʻtilgan savobli ishlar sababchisi boʻlgan insonlarga ham cheksiz ajru mukofotlar yoziladi hamda yurtimizga qut-baraka yogʻiladi, inshoalloh.

Sizu biz mana shunday ulugʻ neʼmatlarning qadriga yetib, dinimiz rivojiga koʻrsatilayotgan sharoitlarni Alloh taoloning ulugʻ marhamati deb qabul qilishimiz, buning shukronasini hamisha ado etishimiz lozim.

Bu yilgi Ramazon oyi chin maʼnoda qut-barakali va fayzli boʻldi. Chunki bu oyda toʻxtovsiz xatmi Qurʼonlar, goʻzal maʼrifiy suhbatlar, xalqaro doiradagi eʼtiroflar boʻldi. Shuningdek, xalqimiz bu oyni taqvoyu ibodat, xayru saxovat ulashish bilan oʻtkazib, doim yaxshiliklar payida boʻldilar.

Ushbu amallar savobini hadisi shariflarda marhamat qilinganidek, har bir qilingan amalning evaziga 70 tadan 700 tagacha savob beradi. Inshoalloh.

Ramazon hayiti islom dinining uchinchi rukni boʻlmish roʻza ibodatini ado etish munosabati ila nishonlanadigan katta quvonchli voqeadir.

Iyd al-Fitrni dunyo musulmonlari qatori yurtimiz ahli ham katta shodiyona va xursandchilik ila oʻtkazadi. Ushbu kun — Yaratgan Egamning rahmati Yer yuziga yogʻiladigan, qalblar zavqlanadigan, roʻzadorlarga ajrlar beriladigan ajoyib fursat.

Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir qavmning oʻz bayrami bor, Iyd bizning bayramimizdir”, deb

marhamat qilganlar.

Hofiz Ibn Hajar rohimahulloh “Fathul Boriy” asarida shunday degan: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”.

Iyd — Alloh taologa qilingan toat-ibodatlar tufayli, U zotning bandalariga koʻrsatgan rahmatu magʻfirati tufayli xursandchilik izhor qilish uchun bir munosabat.

Iyd roʻza kabi ulugʻ ibodatni ado qilgandan soʻng bandalarga taqdim qilingan Rabboniy ziyofatdir. Alloh taolo Oʻzining fazli, magʻfirati va bu roʻza ibodatiga loyiq koʻrganidan xursand boʻlsinlar, deb bandalarini Iyd al-Fitr ziyofatiga taklif qiladi.

Inshaalloh, ushbu fazilatli oyning yakunlanishi barchalarimiz uchun Allohning rahmati, gunohlarimizning magʻfirat qilinishi hamda jahannamdan qutulish bayrami boʻldi.

Zero, har bir moʻmin-musulmon uchun Robbining ibodatini ado etish chinakam baxtu saodatdir. Shuning uchun bu bayram imon halovati, ibodat va duo-istigʻfor bayrami. Bu bayramda musulmonlar jome masjidlariga toʻplanib, Iyd namozini jamoat bilan oʻqiydilar. Soʻng duolar qilib, oʻtganlarning ruhini shod etadi, el-yurtga, Vatanga, butun dunyoga osudalik tilab, iltijolar qiladilar.

Yaratgan Parvardigor butun dunyo musulmonlariga Ramazon hayiti bayramini muborak aylasin, butun olamga tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni dargohida qabul qilsin, ona-Vatanimizni obod qilsin, xalqimiz hayotini yanada farovon aylasin.

Prezidentimizni, butun elimizni, dunyodagi moʻmin-musulmonlarni Iyd al-Fitr — Ramazon hayiti bayrami bilan yana bir bor qutlaymiz, tinchlik-barqarorlik, qut-baraka, baxt-saodat tilaymiz!

Aziz yurtdoshlar, Ramazon hayitingiz muborak boʻlsin!

Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Check Also

OKSFORDDAGI OʻZBEKISTONGA OID XAZINALAR

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Buyuk Britaniyada boʻlib oʻtayotgan haq …