Home / FOTO LAVHALAR / IMOM BUXORIY XALQARO STIPЕNDIYASINING YANA BIR SOVRINDORI BILAN TANISHING

IMOM BUXORIY XALQARO STIPЕNDIYASINING YANA BIR SOVRINDORI BILAN TANISHING

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi taʼsis etgan xalqaro stipendiyaning yana bir sovrindori, Parijdagi Kollej de Frans (Collège de France) oʻquv-tadqiqot muassasasi olimasi, filologiya va tarix fanlari doktori Mari EFTIMIYU xonim markazga yetib keldi.

Fransiyalik tadqiqotchini direktor Sh.Ziyodov qabul qilib, dastur gʻolibligi bilan qizgʻin muborakbod etdi va Markazdagi ilmiy ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi. Stipendiat samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor qildi hamda mazkur loyiha uning tadqiqot ishini yanada takomillashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Mari xonim Markaz direktori oʻrinbosari O.Muhammadiyev hamrohligida Muzey va boʻlimlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Qoʻlyozmalar bilan ishlash va ularning tarixi haqidagi koʻplab ilmiy risolalari Mari Eftimiyuni oʻz sohasining yetuk mutaxassisi sifatida dunyoga tanitdi. Uning ayniqsa “XVI-XVIII asrlarda Markaziy Osiyoda Qurʼon illyuminatsiyalari” mavzusidagi ilmiy ishi koʻplab munozaralarga sabab boʻlgan.

Qoʻlyozmalarni arxeologik predmet sifatida oʻrganuvchi kodikologiya sohasining yirik vakili Mari Eftimiyu Markazdagi tadqiqotlari davomida Oʻrta Osiyo qogʻozi tarixi haqida yozayotgan kitobi uchun qiziqarli maʼlumotlar hamda yangi manbalarni toʻplashni maqsad qilgan.

Tadqiqotchi shuningdek, Samarqanddagi Konigil hunarmandlar mahallasida Samarqandning afsonaviy qogʻozini ishlab chiqarish jarayonini oʻrganish, Markaz ilmiy xodimlariga qogʻozning tayyorlanishiga oid mahorat darslari oʻtib berishni rejalashtirgan.

Buxoro va Qoʻqon shaharlaridagi qadimiy qogʻoz sanoati bilan tanishish ham stipendiatning safar dasturidan oʻrin olgan.

Olimaning mamlakatimizdagi ilmiy safari bir oy davom etadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …