Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZ XALQARO STIPЕNDIYANING ILK SOVRINDORINI QARSHI OLDI

MARKAZ XALQARO STIPЕNDIYANING ILK SOVRINDORINI QARSHI OLDI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan taʼsis etilgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturining ilk gʻolibi – Malayziya milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti dotsenti Mohd Al Adib Samuri markazga keldi. 

Stipendiat direktor Shovosil Ziyodov tomonidan kutib olinib, Markaz va uning faoliyati, muzey hamda undagi tarixiy eksponatlar, kutubxona, ilmiy jamoa ishi, shuningdek olib borilayotgan ilmiy tadqiqot jarayonlari bilan yaqindan tanishtirildi.

Xorijlik tadqiqotchi Markaz tomonidan stipendiya sovrindorlari uchun ikki oyga moʻljallab ishlab chiqilgan tadqiqotlar jadvaliga asosan oʻzining “Islomni qabul qilish: Imom Buxoriyning “Al-Jomiʼ As-Sahih”ida islomiy-huquqiy mezonlar” mavzusidagi ilmiy ishi ustida Markazda izlanishlar olib borishni rejalashtirgan. Stipendiya taʼsis etilishi munosabati bilan yoʻlga qoʻyilgan Markazda ilmiy stajirovka oʻtash dasturi unga ushbu imkoniyatni taqdim etdi. Movarounnahr diyoridan yetishib chiqqan allomalar hayoti va ilmiy merosiga oid tadqiqotlar olib borayotgan nufuzli xorijiy ilmiy muassasalar izlanuvchilari uchun eʼlon qilingan mazkur dastur joriy yilning aprel oyidan eʼtiboran kuchga kirdi.

Xalqaro stipendiya 2021 yilda joriy qilinib, uning Ilmiy kengash tomonidan tasdiqlangan Nizomiga muvofiq, Markazning www.bukhari.uz saytida xorijiy tadqiqotchi va izlanuvchilar uchun tanlov matnlari eʼlon qilingan edi.

Ayni paytda Hayʼat aʼzolari tomonidan tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan koʻp sonli nomzodlar orasidan stipendiatlarni saralash ishlarining barcha bosqichlari nihoyasiga yetkazilgan va dunyoning turli davlatlaridan xalqaro stipendiya tanlovidan muvaffaqiyatli oʻtgan jami 7 nafar sovrindor aniqlangan.

Joriy yilning yakuniga qadar sovrindorlarning barchasi Markazda ilmiy stajirovka oʻtashi koʻzda tutilgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yangi loyiha boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) …