Home / ALLOMALAR / OʻRTA ASRLARDA SOGʻARJDAN CHIQQAN ALLOMALAR

OʻRTA ASRLARDA SOGʻARJDAN CHIQQAN ALLOMALAR

Oʻrta asrlarda Movarounnahrning butun dunyoga dongʻi ketgan Samarqand, Buxoro, Nasaf, Shosh va Termiz kabi qadimiy shaharlari bilan bir qatorda koʻplab katta-kichik qishloq-qoʻrgʻonlarida ham ilm-fan, madaniyat yuqori darajada rivojlangan. Bu yerlardan ilm-fanning turli sohalarida ijod qilgan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Ibn Sino, Qaffol Shoshiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Fargʻoniy, Burhonuddin Margʻinoniy kabi yuzlab allomalar yetishib chiqqan. Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan mana shunday joylardan biri koʻhna Sogʻarj qishlogʻidir. Manbalarda qadimiy Sugʻddagi Ishtixonga qarashli katta qishloq boʻlgani qayd etilgan.

Abdulkarim Samʼoniyning (v. 562/1167) “Ansob” va Yoqut Hamaviyning (574/1178-626/1229) “Moʻjamul buldon” kitoblarida keltirilgan maʼlumotga koʻra, Sogʻarj Sugʻd hududidagi qishloqlardan biri boʻlib, Samarqanddan besh farsah masofada, Ishtixonning nohiya – chekkasida joylashgan. U tabiati goʻzal, havosi musaffo boʻlgan katta qishloqdir. Bir necha alloma va hadis roviylariga bu qishloqning nisbati berilib, Sogʻarjiy nisbasi bilan mashhur boʻlgan[1].

Manbalarda Sogʻarj XII-XVII aslarga kelib qarorgoh boʻlgani ham qayd etilgan. Jumladan, Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma”da Sogʻarj qoʻshin toʻplanadigan qarorgoh boʻlganini keltirgan. Xususan, Amir Temur Toʻxtamish bilan boʻlib oʻtgan jangdan oldin Sogʻarjda lashkar toʻplagan. XV-XVII asrlardagi vaqf hujjatlarida ham Sogʻarj qayd etilgan.[2]

Boturxon Valixoʻjayev “Xoja Ahror tarixi” risolasida Sogʻarj qishloq yoki shahar boʻlganini quyidagicha keltirgan: “Sugʻd va Miyonkol tarixi bilan shugʻullangan olimlardan akademik V.V.Bartold, V.L.Vyatkin, O.D.Chexovich, M.A.Salohiddinova, B.Ahmedovning manbalarga tayanib, taʼkidlaganidek, tarixda Sogʻarj qishloq, shahar, tuman va hatto, viloyat tarzida maʼlum boʻlgan. Jumladan, “Qandiya” kitobi muallifining taʼkidlashicha, VII-VIII asrlarda Buxorodan Samarqandga kelish yoʻlida eng mustahkam va katta qalʼa bu Sogʻarj qalʼasi boʻlgan ekan”[3].

Bundan maʼlum boʻladiki, Sogʻarj uzoq oʻtmishda nafaqat qishloq, balki shahar, hatto viloyat boʻlgan.

Boturxon Valixoʻjayev mazkur risolasida Sogʻarj va Sogʻarjiylar haqida ham talaygina maʼlumotlarni keltirib oʻtgan. Jumladan, X-XII asrlarga tegishli yozma manbalarga koʻra, Samarqanddan 7 farsah (taxminan 50 km) sharqda joylashgan Ishtixon mustaqil tuman sifatida mashhur boʻlib, u shahriston, qoʻrgʻon-qalʼa va rabotga ega boʻlgan. Uning shimoli-sharqiy chegarasi Sogʻarj deb ataladigan togʻlardan iborat boʻlib, tumanning togʻ yaqinidagi aholi yashaydigan joyi ham Sogʻarj deb yuritilgan. Bundan koʻrinadiki, bir tomondan, Ishtixon tumanining shimoli-sharqiy chegarasi hisoblangan togʻlar Sogʻarj deyilgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, shu tumanning chegarasidagi qishloq ham Sogʻarj deb atalgan. Ikki holatda ham Sogʻarj nohiya va chegara joy maʼnosida ishlatilgan.[4] Demak, Sogʻarj togʻi ham, Sogʻarj qishlogʻi ham qadimgi Ishtixon hududining nohiyasi – chegarasida joylashgani uchun “Sogʻarj” nomi “nohiya” yoki “chegaradagi joy” maʼnosini anglatgan.

Qadimdan Sogʻarj koʻrkam tabiati, musaffo havosi bilan mashhur boʻlgan. Maqtovga sazovor tomonlaridan yana biri – uning tuprogʻida ulgʻaygan allomalardir, desak, xato boʻlmaydi. Tarixiy yozma manbalarda bu qishloqdan bir necha ulugʻ alloma yetishib chiqib, ilm-fanning turli sohalarida ijod qilgani qayd etilgan.

Jumladan, Sogʻarjdan chiqqan allomalar orasida eng mashhuri Shayx Burhonuddin ibn Alouddin Sogʻarjiydir. Manbalarda Burhonuddin Sogʻarjiy yashagan davr haqida turlicha maʼlumotlar keltirilgan. Ayrim manbalarda Burhonuddin Sogʻarjiy XIV asrda hayot kechirgani qayd etilgan boʻlsa[5], boshqalarida alloma XII-XIII asrda yashagan deyilgan[6].

Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida Sogʻarjdan bir qancha ulamolar chiqqan (masalan, xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhu naslidan boʻlgan yirik olimlardan shayx Burhonuddin Sogʻarjiy, XII asr deb, keltirilgan).

Islom ensiklopediyasida yozilishicha, Burhonuddin Sogʻarjiy X asr Somoniylar davrida yashab, avliyolikda Qutb pogʻonasiga koʻtarilgan zotdir. Amir Temur uni oʻziga maʼnaviy pir deb qabul qilgan. Sogʻarjiyning nasl-nasabi Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga borib taqaladi, deb keltirilgan[7]. Burhonuddin Sogʻarjiyni Amir Temur oʻzining maʼnaviy piri deb bilgani yaxshi maʼlum, lekin Sohibqiron u zotni koʻrmagan. Chunki, Amir Temur 1336-1405 yillarda Burhonuddin Sogʻarjiydan keyin hayot kechirgan. Shunga asoslanib, Burhonuddin Sogʻarjiy XII-XIII asrlarda yashagani haqiqatga yaqin, deyish mumkin.

Shayx Burhonuddin Sogʻarjiyning qabri Samarqandda Amir Temur maqbarasining shimol tomonida joylashgan. Qabr ustiga XIV asrning 80 yillarida Amir Temur chorqirra gumbazli, ulugʻvor maqbara qurdirgan. Xalq orasida bu ziyoratgoh Ruhobod nomi bilan mashhurdir.

Sogʻarjiy allomalaridan yana biri faqih Abu Nasr Sogʻarjiydir. Uning toʻliq ismi Abu Nasr Ahmad ibn Faraj ibn Abdulaziz ibn Abulhaysam Sogʻarjiy boʻlib, Abu Nasr uning kunyasi (laqabi)dir. Abu Nasr Sogʻarjiy faqih, fozil va solih kishi boʻlgan. Alloh taolo allomaga olim farzandlar ato etgan.

Abu Nasr Sogʻarjiy ustozi Yusuf ibn Solih Xatib va boshqa roviylardan hadislar rivoyat qilgan. Oʻz navbatida Abu Nasr Sogʻarjiydan uning oʻgʻli va bir qancha ulamolar hadis rivoyat qilgan.

Abu Nasr Sogʻarjiy hijriy 524/1130 yil rabiul-avval (fevral) oyida Samarqandda vafot etgan va Chokardiza qabristoniga dafn etilgan. [8]

Sogʻarjda tavallud topib, Sogʻarjiy nisbasi bilan mashhur boʻlgan allomalardan yana biri Abu Muhomid Sogʻarjiy boʻlib, uning toʻliq ismi Abu Muhomid Mahmud ibn Ahmad ibn Faraj ibn Abdulaziz Sogʻarjiy Sugʻdiy Samarqandiydir. Abu Muhomid  – uning kunyasi. Alloma 480/1087 yil jumodul-oxir (sentyabrda) oyida Sugʻd vohasidagi Sogʻarj qishlogʻida yuqorida nomi zikr etilgan Abu Nasr Ahmad ibn Faraj xonadonida tugʻilgan[9].

Abu Muhomid Sogʻarjiy 11 yoshidan boshlab hadis oʻrgana boshlagan. Allomaning quyidagi soʻzi bunga dalildir: “491 hijriy yilda menga hadisdan eng birinchi taʼlim bergan kishi otamning ustozi Imom Yusuf ibn Solih Xatibiydir”[10].

Abu Muhomid Sogʻarjiy Samarqandda Muhammad ibn Abu Bakr Attobiy[11], Abu Ali Hasan ibn Aʼto ibn Hamza Sugʻdiy, Abu Ibrohim Isʼhoq ibn Muhammad ibn Ibrohim Nuhiydan, Buxoroda “Tabsiratul adilla”, “Bahrul kalom” kabi bir qancha asarlar muallifi Abu Muin Makhul ibn Muhammad Nasafiy va Muhammad ibn Abu Bakr Attobiy[12], Abu Qosim Ali ibn Ahmad ibn Ismoil Kiloboziy hamda boshqa bir qancha allomalardan hadis tinglagan. U yerdagi olimlaridan fiqh ilmini mukammal oʻrgangan.

Abu Muhomid Sogʻarjiy oʻz zamonasining zukko, fozil imomi, zabardast, oʻtkir fikrli, hujjati kuchli notigʻi va tafsir, fiqh ilmlarining bilimdoni boʻlib, ixtilofli va muttafaq hadislarni ajrata bilgan. Samarqandda toʻgʻri soʻz, faqih va odil muftiy boʻlgani bois, shayxulislom darajasigacha koʻtarilgan. Shu bilan birga, xulqi chiroyliligi, qalbi musaffoligi, behuda soʻzlarni aytmasligi va ibodatu yaxshilikda bardavomligi bilan ahli ilm orasida yuksak hurmatga sazovor boʻlgan.

Samarqandda koʻplab tolibi ilmlar Abu Lays Samarqandiyning “Tanbehul gʻofilin” kitobi va boshqa asarlarni aynan Abu Muhomid Sogʻarjiydan oʻrgangani manbalarda qayd etilgan[13]. Abu Muhomid Sogʻarjiy 555/1160 yil vafot etgan.

Sogʻarjning dovrugʻini taratgan allomalardan yana biri Abu Fazl Sogʻarjiydir. Toʻliq ismi – Abu Fazl Abbos ibn Tayyib Sogʻarjiy Sugʻdiy. Abu Fazl Sogʻarjiy Ahmad ibn Hishom Ishtixoniy va bir qancha ulamolardan hadis rivoyat qilgan. Undan esa Abu Ahmad Hasan ibn Ali ibn Jabroil Sogʻarjiy kabi ulamolar hadis rivoyat qilgan.[14]

Abu Fazl Abbos ibn Tayyib Sogʻarjiy Ahmad ibn Hoshim Ishtixoniydan quyidagi hadisni rivoyat qilgan: Anas ibn Molik roziyallohu anhu bunday dedilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki biror namozini unutib, uni oʻz vaqtida oʻqiy olmay qolsa yoki uxlab qolib, uni qazo qilib qoʻysa, esiga tushgani hamon uni oʻqib olsin! Alloh taolo: “…va yod qilingiz Parvardigoringizni qachon unutsangiz…” deydi”, deb marhamat qilganlar”[15].

Sogʻarjiy nisbasi bilan tanilgan yana bir alloma Abu Ahmad Sogʻarjiydir. Uning toʻliq ismi Abu Ahmad Hasan ibn Ali ibn Jabroil Sogʻarjiy Dehqon (yer egasi, mulkdor maʼnosida)dir. Abu Ahmad Sogʻarjiy sohibi fazilat va faqih boʻlib, Hanafiy mazhabining yetuk olimlaridan hisoblangan.

Abu Ahmad Sogʻarjiy fiqh ilmini ona tomondan bobosi Abbos ibn Tayyib Sogʻarjiydan oʻrgangan. Ahmad ibn Hishom Ishtixoniydan esa “Kitobut tafsir”ni oʻqigan. Mazkur ustozlardan hadislar ham rivoyat qilgan. Manbalarda Abu Ahmad Sogʻarjiydan ham bir qancha ulamolar hadis rivoyat qilgani qayd etilgan. Abu Ahmad Sogʻarjiy 360/971 yildan keyin vafot etgan [16].

Sogʻarjiy allomalaridan yana biri Abu Yaʼqub Yusuf ibn Baxtiyor ibn Muhammad Sogʻarjiydir. Abu Yaʼqub Sogʻarjiy Samarqandning Gʻonfar toʻgʻoni (koʻprigi) boshidagi Solih mahallasida yashagan. Hoit Hayyon mahallasidagi madrasada tahsil olgan. Alloma koʻplab ulamolardan, undan esa boshqalar hadis rivoyat qilgan. Abu Yaʼqub Sogʻarjiy 502 yil safar oyining 3 kuni juma oqshomida (1108 yil 11 sentyabrda) vafot etgan. Gʻonfar toʻgʻonidagi maqbaraga dafn etilgan[17].

Sogʻarjiy nisbasi bilan tanilgan allomalardan yana biri Yusuf ibn Solih ibn Muhammad ibn Ubaydulloh Sogʻarjiy Xatibdir. Manbalarda Yusuf Sogʻarjiy oʻz zamonasining yetuk notigʻi boʻlgani qayd etilgan. U Abu Hasan Ali ibn Ahmad Sankabosiydan hadis rivoyat qilgan. Oʻz navbatida Yusuf Sogʻarjiydan tarixchi, faqih, tilshunos, muhaddis, mufassir olim, oʻndan ziyod kitoblar muallifi Abu Hafs Umar ibn Muhammad Nasafiy va boshqa koʻplab ulamolar hadis rivoyat qilgan. Yusuf Sogʻarjiy Samarqandda vafot etgan va “Imomul faroʼ” maqbarasida dafn etilgan[18].

Sogʻarjning dovrugʻini taratgan allomalardan yana biri Yaʼlo ibn Anas ibn Mojid Sogʻarjiydir. Mashhur olim Abu Saʼd Idrisiy bunday deydi: “Yaʼlo ibn Anas Sogʻarjiy yaqin doʻstim boʻlib, u biz bilan birga Abu Jaʼfar Muhammad ibn Ibrohim ibn Hasan Fargʻoniydan hadis tinglar edi”.

Bundan tashqari, Yaʼlo ibn Anas Sogʻarjiy ustozi Abu Yaʼlo Abdulmuin ibn Xollaf Nasafiydan va bir qancha ulamolardan hadis eshitgan va rivoyat qilgan. Abu Ahmad Sogʻarjiydan esa Muhammad ibn Abdulloh Mustalamiy va bir qancha allomalar hadis rivoyat qilgan[19].

Sogʻarjiy nisbasi bilan tanilgan roviylardan biri Abu Nazr Muhammad ibn Hotam ibn Said Sogʻarjiy Sugʻdiydir. Alloma dastlabki tahsilni otasidan olgan. Manbalarda Abu Nazr Sogʻarjiy bir qancha ulamolardan hadis rivoyat qilgani va oʻz navbatida undan Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh ibn Ibrohim Mustalamiy hadis rivoyat qilgani qayd etilgan[20].

 “Xoja Ahror tarixi” nomli risolada XV-XVII asrlarda yashab ijod qilgan Xoja Yahyo Sogʻarjiy, Najjor Sogʻarjiy, Amir Abu Bakr Sogʻarjiy, Hajriy Sogʻarjiy, Saʼdullo Sogʻarjiy, Boqir Muhammad Sogʻarjiy va Mirzo Qosim Sogʻarjiy kabi oʻnlab Sogʻarjiy nisbasi bilan tanilgan roviy, faqih, shoir, xattot va hunarmandlarning nomlari sanab oʻtilgan[21].

Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash lozimki, Oʻrta asrlarda Movarounnahrning yirik shaharlari qatori qishloqlarida ham ilm-fan yuksak darajada rivojlangan. Buni Sogʻarj qishlogʻi misolida koʻrish mumkin. Undan chiqqan oʻnlab allomalar, islom olamining taniqli olimlari tomonidan eʼtirof etilishi buning isbotidir. Sogʻarjdan chiqqan allomalar koʻp asrlar davomida ijtimoiy-siyosiy va ilmiy-madaniy hayotda katta iz qoldirib, tarix sahifalaridan munosib oʻrin egallagan. Ularning hayoti va bizga qoldirgan ulkan maʼnaviy merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganib, keng xalq ommasiga yetkazish bizning oldimizda turgan sharafli vazifalardan biridir.

Yoʻldoshxon ISAYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

[1] Yoqut Hamaviy. Moʻjamul buldon. J 3. –Bayrut. Dar Sadr. 1977. –B.171, 389; Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J 3. –Bayrut. 1988. –B.198, 509. Ansobda Ishtixon shahri va u yerdan chiqqan allomalar haqida koʻplab maʼlumotlarni topish mumkin. Jumladan, “Ishtixoniy” degan soʻz yigirma toʻrt oʻrinda, oʻn beshdan ortiq olim haqida maʼlumotlar keltirilgan.
[2] Qarang: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. –T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. –B.549. www.ziyouz.com kutubxonasi.
[3] Valixoʻjayev B. Xoja Ahror tarixi. –T.: Yozuvchi, 1994. –B. 54.
[4] Valixoʻjayev B. Xoja Ahror tarixi. –T.: Yozuvchi, 1994. –B. 53-54.
[5] Valixoʻjayev B. Xoja Ahror tarixi. –T.: Yozuvchi, 1994. –B.54.
[6] Suvonqulov I. Samarqand qadamjolari. –T.: Oʻzbekiston Respublikasi FA.“Fan” nashriyoti, 2007. –B.13.
[7] Islom ensiklopediyasi. –T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. 2004. –B.200.
[8] Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J 3. –Bayrut. 1988. –B. 198,199.
[9] Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J 3. –Bayrut. 1998. –B. 199; Qutbiddin Muhammad ibn Muhammad ibn Abdulloh Xayziriy. Iktisob fiy maʼrifatil ansob. J. 4. –Kuvayt. 2019. –B.2330.
[10] Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. Tarixul islom va vafoyootul mashahiri val aʼlom. J 38. –Bayrut. 1987. –B. 434
[11] Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J 3. –Bayrut. 1998. –B. 199;
[12] Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J 3. –Bayrut. 1988. –B.199.
[13] Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. Tarixul islom va vafoyootul mashahir val aʼlom. J 38. –Bayrut. 1987. –B.434; Abdulkarim Samʼoniy. Tajbir fil moʻjamil kabir J 2. –Bagʻdod. 1975. –B. 271-273;
[14] Yoqut Hamaviy. Moʻjamul buldon. J 3. –Bayrut. –B.389.
[15] Najmiddin Umar Nasafiy. Samarqandiya. –T:. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. 2001. –B.183.
[16] Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J 3. –Bayrut. 1988. –B. 509; Suyundik Mustafoyev. Xatirchilik tabarruk siymolar. –T.: Muharrir. 2010. –B.29.
[17] Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J 3. –Bayrut. 1988. –B. 199.
[18] Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J 3. –Bayrut. 1988. –B. 199.
[19] Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J 3. –Bayrut. 1988. –B. 198.
[20] Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J 3. –Bayrut. 1988. –B. 198.
[21] Valixoʻjayev B. Xoja Ahror tarixi. –T.: Yozuvchi, 1994. –B. 56.

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …