Home / FOTO LAVHALAR / “Ibn Sino ilmiy merosining zamonaviy tibbiyotdagi ahamiyati” nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi

“Ibn Sino ilmiy merosining zamonaviy tibbiyotdagi ahamiyati” nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi

24 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Samarqand davlat tibbiyot instituti hamkorligida “Ibn Sino ilmiy merosining zamonaviy tibbiyotdagi ahamiyati” nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda Markaz ilmiy xodimlari, Samarqand davlat tibbiyot instituti professor-oʻqituvchilari, Respublika Ibn Sino fondi xodimlari hamda talaba yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbirni Samarqand davlat tibbiyot instituti Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha  boʻlim boshligʻi S.Halimov ochib, Markaz va institut hamkorligi koʻp yillardan beri davom etib kelayotganini alohida taʼkidladi.

 

Markaz boʻlim boshligʻi T.Evadullayev buyuk bobokalonimiz Abu Ali Ibn Sino hayoti va ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish,  yurtimizdan yetishib chiqqan ulugʻ mutafakkir va allomalarning boy merosi, ularning jahon sivilizatsiyasi, ilm-fan taraqqiyoti rivojiga qoʻshgan bebaho hissasini chuqur tadqiq etish va keng targʻib qilish, yosh avlodni millatlar va dinlararo bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat, tinch-totuv hayotni qadrlash va mustahkamlash ruhida tarbiyalash, shuningdek, xalqaro miqyosdagi maʼnaviy-maʼrifiy muloqot va hamkorlikni kuchaytirish maqsadida yangi izlanishlar va tadqiqotlarga oid maʼlumotlarni aytib oʻtdi.

 

Tadbirda Markaz ilmiy xodimi B.Mahmudov, Samarqand davlat tibbiyot instituti Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi mudiri A.Mahmudova va Respublika Ibn Sino fondi Surxondaryo filiali rahbari J.Madiyevlar maʼruza qilib, yoshlarga Ibn Sino timsolini ibrat qilib koʻrsatish barobarida bobokalonimiz hayoti, ilmiy va falsafiy merosining ahamiyatli jihatlarini gapirib berdilar. Shuningdek, Ibn Sinoning islom bilimlari rivojiga qoʻshgan hissasi haqida ham soʻz yuritildi.

Tadbir ishtirokchilariga Markaz faoliyati va yutuqlari, ayni paytda olib borilayotgan tadqiqot yoʻnalishlari, shuningdek, rejalashtirilgan ilmiy loyihalar xususida hamda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollari yuzasidan batafsil maʼlumotlar berildi.

Tadbir soʻngida talaba yoshlar mavzu doirasida oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

Imom Buxoriy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …