Home / ALLOMALAR / MUHADDIS BUJAYRIYNING HADIS ILMIDA TUTGAN OʻRNI

MUHADDIS BUJAYRIYNING HADIS ILMIDA TUTGAN OʻRNI

IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri deb eʼtirof etilgan. Koʻplab manbalarda ayni oʻsha davrda Bujayriy nisbasi bilan tanilib, samarali ijod qilgan allomalar hayoti va ilmiy merosi haqidagi maʼlumotlarni uchratish mumkin. Ulardan biri Abu Hafs Bujayriy boʻlib, u zotning toʻliq ismi Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Bujayr ibn Hozim ibn Roshid Hamadoniy Xushufagʻoniy Samarqandiy Bujayriydir.

Tadqiqotlar natijasi shuni koʻrsatadiki, Bujayriy nisbasi biror joy yoki kasbga emas, Bujayr ismli shaxsga nisbatan berilgan. Bujayr Abu Hafsning bobosi Bujayr ibn Hozim ibn Roshid Hamadoniyning ismidir. Bujayrning avlodlari, yaʼni farzandu nabiralari ham oʻz zamonasining mashhur muhaddis roviylari boʻlgan. Ularga Bujayrning ismi nisbat qilib berilib, bu silsila tarix sahifalarida Bujayriy nisbasi bilan oʻrin olgan.

Misrlik tadqiqotchi olim Abdulloh Abdulhamid Saʼd tomonidan tuzilgan “Oʻrta Osiyo olimlari qomusi”da: “Bujayr” soʻzi “kichkina qorinchasi boʻlgan bobo” maʼnosini bildiradi[1], deyilgan. “Bujayr” soʻzi “kichik qorin”  degan maʼnoni ham anglatadi.

Manbalarda Abu Hafs Umar ibn Muhammad nomi  Soʻgʻdiy, Xushufagʻoniy, Samarqandiy, Bujayriy nisbalari bilan keltirilgan. Ayrim manbalarda esa “Buhayriy”[2] nisbasi bilan ham kelgan. Biroq aksar olimlar oʻz asarlarida Abu Hafs Bujayriy nisbasi bilan qayd etgan. Xalq orasida ham u aynan shu nisba bilan mashhur boʻlgan.

Muhaddis Abu Hafs Bujayriy 838 yili Samarqandning Soʻgʻdi muzofotidagi Ishtixon shahriga qarashli Xushufagʻon qishlogʻida ziyolilar oilasida tavallud topgan[3].  U 923 yili 85 yoshida vafot etgan[4].

Abdulkarim Samʼoniyning “Ansob” nomli kitobida keltirilishicha, bir kuni Abu Hafs Umar ibn Muhammad Soʻgʻdiy Xushufagʻon qishlogʻidagi hovlisida katta daraxt ostida doʻstlar davrasida suhbat qurib oʻtirib, doʻstlariga bunday deb soʻz qotibdi:

– Sizlar dunyoning eng koʻrkam va eng xushmanzara joyida oʻtiribsizlar.

– Nima uchun? – deb soʻrabdi doʻstlari.

Shunda Abu Hafs Bujayriy:

 – Chunki dunyoda Samarqandning Soʻgʻdi kabi koʻrkam, xushmanzara, bahavo joy topilmaydi. Soʻgʻdda Xushufagʻonga teng keladigan joy yoʻq. Xushufagʻonda mening bu bogʻimdan obodroq joy, bogʻimda esa bu daraxtning soyasiga teng keladigan sersoya va salqin joyning oʻzi yoʻq, – deb javob bergan ekan[5].

Abu Hafs Bujayriyning bolalik va yoshlik davri tugʻilib oʻsgan ona qishlogʻi Xushufagʻonda oʻtgan. U dastlabki taʼlimni otasi Abu Umar Bujayrdan olgan. Keyinchalik Abu Hafs Bujayriy ilm oʻrganish shijoati va Paygʻambarimiz sollalohu alayhi vasallamdan vorid boʻlgan hadislarni eshitish, oʻrganishga qiziqishi sababli oʻsha davrda ilm-fan oʻchogʻi boʻlgan Xuroson, Basra, Kufa, Shom, Misr, Hijoz kabi bir qancha shahar va mamlakatlarga ilmiy safarlar qilgan.

Alloma safari chogʻida Damashq shahriga borganini tarixchi olim Abulqosim Ali ibn Hasan ibn Hibatulloh ibn Abdulloh – Ibn Asokir “Tarixul madinati Dimashq va zikri fazliha va tasmiyati min hilliha minal amasil” (“Damashq shahrining tarixi, uning fazilati va undagi joylarning nomlanishiga misollar”) kitobida bunday keltiradi: “Hofiz Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Bujayr ibn Hozim ibn Roshid Hamadoniy Samarqandiy Bujayriy taʼlim olish va hadis jamlash niyatida Damashq shahriga borib, u yerda Ahmad ibn Abdulvohid ibn Uʼbud, Abu Omir Muso ibn Omir Mariy, Hishom ibn Xolid, Muhammad ibn Hoshim Baʼlabakkiy, Sulaymon Hamsiy, Ayub ibn Ali ibn Haysam Kanoniy kabi koʻplab taniqli olimlardan taʼlim olgan va hadislar tinglagan”[6]. Demak, Alloma Damashqqa borganida, u yerning koʻplab taniqli olimlari bilan uchrashgan, ular bilan ilmiy muloqotda boʻlgan.

Abu Hafs Bujayriy hadis boʻyicha asosiy taʼlimni Abu Mahmud Muhammad ibn Muoviya[7]https://www.bukhari.uz/?p=8262 — _ftn6, Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy Samarqandiy, Iso ibn Hammod Zugʻba Misriy, Isʼhoq ibn Shohin Vositiy, Abu Soib Silm ibn Jannoda Kufiy, Abd ibn Humayd Keshiy[8] va Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy kabi koʻplab mashhur muhaddis olimlardan tahsil olgan[9].

Imom Buxoriyning “Sahih” toʻplamiga yozilgan eng moʻtabar sharhlardan biri boʻlgan Ibn Hajar Asqaloniyning “Fathul boriy” (“Ijodkorning ochib bergan sharhi”) kitobining Muqaddimasida bunday keltiriladi: “Umar ibn Muhammad Bujayriy: “Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning: Men “Jomeʼus sahih” kitobimni Masjidul Haramda tasnif qildim. Bu kitobdagi har bir hadisni Alloh taolodan yaxshilik soʻrab, ikki rakat namoz oʻqib, uning sahihligiga ishonch hosil qilganimdan keyin kiritdim”, deb aytayotganini eshitdim”, deydi”[10].

Ushbu rivoyat orqali Abu Hafs Bujayriy hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlari bilan bir davrda yashaganini, ikkalasi bir biri bilan uchrashganini va Imom Buxoriyning mazkur soʻzini aynan oʻzidan eshitganini anglab olish mumkin.

Damashqlik olim Xayriddin ibn Mahmud ibn Muhammad Zirikliy “Aʼlom” asarida taniqli olim Zahabiyning: “Abu Hafs Bujayriy zamonasining tengi yoʻq allomasi edi. Men u zotdan oltmish mingdan ortiq hadis tinglaganman”[11], deb aytgan eʼtirofini keltirib oʻtgan. Alloma koʻp hadis yod bilgani, ularni jamlashga shijoati va taqvosi sababli “hofiz”[12]https://www.bukhari.uz/?p=8262 — _ftn11, “taqvodor muhaddis”, “imomul kabir”,[13] “shayx” kabi  sharafli nomlarga sazovor boʻlgan.

Abu Hafs Bujayriy hadis oʻrganish va toʻplash bilan birga, koʻplab shogirdlar ham yetishtirgan. Abu Bakr Muhammad ibn Abdulgʻaniy Bagʻdodiyning “Takmilatul ikmol” kitobida Muhammad ibn Sobir Buxoriy, Abu Nazr Muhammad ibn Bakr Dehqon Samarqandiy, Muhammad ibn Ahmad ibn Imron Shoshiy, Muʼtamar ibn Jibril Karminiy, Aʼyun ibn Jaʼfar Samarqandiy, Abu Jaʼfar Muhammad ibn Ali Muaddab Shoshiy va Iso ibn Muso Koshoniy kabi oʻz zamonasining mashhur muhaddis va roviylari Abu Hafs Bujayriydan hadis tinglagani va undan rivoyat qilgani qayd etilgan[14]. Bundan tashqari, Abu Hafs Bujayriydan uning oʻgʻli Abulhasan Muhammad ibn Umar, Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffol Shoshiy, Abu Yahyo Ahmad ibn Muhammad ibn Ibrohim ibn Isʼhoq ibn Hozim Samarqandiy, Muhammad ibn Hotam Koshoniy, Abulfazl Ahmad ibn Ismoil ibn Yahyo ibn Hozim Azdiy Samarqandiy va Ali ibn Bindor Sayrafiy kabi olimlar ham tahsil olgan va hadis rivoyat qilgan[15].

Shoshlik allomalarning hayoti va ilmiy merosini oʻrganish boʻyicha ulkan ishlarni amalga oshirgan t.f.d Neʼmatullo Muhammedov oʻzining “Shosh vohasi olimlarining ilmiy-maʼnaviy merosi” kitobida: “Abu Bakr Qaffol Shoshiy Xurosonga borib, Muhammad ibn Isʼhoq ibn Xuzayma, Muhammad ibn Isʼhoq Sarroj, Umar ibn Muhammad ibn Buxayr[16] Samarqandiy kabi yetuk olimlardan dars olgan va boshqa tabaqalardan hadislar tinglagan”, deb keltirib oʻtgan[17].

Yuqoridagi manbalardan koʻrinib turibdiki, Abu Hafs Bujayriy, fiqh, hadis, usul va tilshunoslik ilmlari boʻyicha tengi yoʻq olim deb eʼtirof etilgan Imom Abu Bakr Qaffol Shoshiy kabi bir qancha allomalarga ustozlik qilgan.

Abu Hafs Bujayriy ilm-fan hamjamiyatiga yetuk allomalarni yetkazib berish bilan kifoyalanib qolmasdan, oʻzining boy ilmiy ijodi bilan ham ulkan hissa qoʻshgan. Hadis va tafsir ilmi sohasida bir qancha asarlar yaratgan. Manbalarda keltirilishicha, u “Sahih” hadislar toʻplami va “Tafsir” kabi asarlarning muallifi hisoblanadi. “Sahih” toʻplamining qoʻlyozma nusxalari xorijiy mamlakatlarning kutubxonasida saqlanmoqda[18].

Allomaning “Kitobus safina” (“Kema kitobi”) nomli yana bir asari ham boʻlgan. Bu borada Abdulloh Abdulhamid Saʼd oʻzining “Oʻrta Osiyo olimlari qomusi” kitobida bunday keltiradi: “Abu Hafs Bujayriydan uning Ahmad ismli nabirasi “Jomeʼus sahih” (“Ishonchli toʻplam”) va “Kitobus safina” (“Kema kitobi”) kitoblarini oʻqib oʻrgangan. Ushbu kitoblarni Abu Hafsning oʻzi yozgan”[19]. Afsuski “Kitobus safina” bizning davrimizgacha yetib kelmagan.

Xayriddin Zirikliy  oʻzining “Aʼlom” kitobida Abu Hafs Bujayriy va “Sahih” toʻplamining qoʻlyozma nusxasi haqida bunday maʼlumot keltiradi: “Movarounnahrlik muhaddis, hofiz Abu Hafs Bujayriy “Sahih” va “Tafsir” asarlari muallifidir. U Samarqand yaqinidagi qishloqlardan birida yashab oʻtgan. Hozir bu joy “Raʼsul qontara” (“Toʻgʻonboshi”) deb ataladi[20]. Alloma ilm olish va hadis tinglash maqsadida Xuroson, Basra, Kufa, Shom, Misr va Hijoz kabi bir qancha shahar va mamlakatlarda boʻlgan. U kishining qalamiga mansub “Jomeʼul musnad” va “Tafsir” asarlarining qoʻlyozma nusxasi hozirgi kunda Damashq shahridagi Zohiriya kutubxonasida 1067-raqam ostida saqlanmoqda”[21]. Mazkur asarning elektron nusxasi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi elektron bazasida ham mavjud. U 124 varaqdan iborat boʻlib, “Jomeʼul musnad”ning oʻttizinchi – “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning betobliklari va vafotlari” bobini va “Tafsir” kitobining avvalgi qismini oʻz ichiga olgan.

Bu oʻrinda “Jomeʼul musnad”dagi birinchi hadisni keltirib oʻtishni lozim topdik:

Ummi Fazldan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eng oxirgi eshitgan narsam U zotning shom nomozida “Mursalat” surasini oʻqiganlari boʻldi”.

Abu Hafs Bujayriy oʻzining ulkan ilmiy faoliyati bilan ilm-fanning hadis va tafsir kabi sohalari rivojiga katta hissa qoʻshgan. Lekin shu choqqacha uning hayoti va ilmiy merosi boʻyicha keng koʻlamli tadqiqot oʻtkazilmagan. Markazda ushbu “Jomeʼul musnad” kitobini oʻrganish va tarjima qilish boʻyicha muayyan ishlar boshlab yuborilgan. Tadqiqotlar davomida allomaning hayoti va ilmiy merosiga oid yangi maʼlumotlar yueaga chiqadi, degan umiddamiz.

[1] Abdulloh Abdulhamid Saʼd. Oʻrta Osiyo olimlari qomusi. – T.: Imom Buxoriy respublika ilmiy-maʼrifiy markazi nashriyoti, 2007. – B. 53.
[2] Qarang: Ali ibn Hisomiddin Hindiy. Kanzul aʼmol. J. 2. – Bayrut, 1989. – B. 391; Abdulkarim ibn Muhammad Rofiʼiy Qazviniy. Tadvinu fi axbori Qazvin. J. 1. – Bayrut, 1987. – B. 154; Abdulloh Abdulhamid Saʼd. Oʻrta Osiyo olimlari qomusi. – T.: Imom Buxoriy respublika ilmiy-maʼrifiy markazi nashriyoti, 2007. – B. 145.
[3] Qarang: Xayriddin Zirikliy. Aʼlom. J. 5. Dorul ilm, 2002. – B. 60; Abu Abdulloh Yoqut Hamaviy. Muʼjamul buldon. J. 2. – Bayrut, 1979. – B. 374; Abu Bakr Muhammad ibn Abdulgʻaniy Bagʻdodiy. Takmilatul ikmol. J. 3. – Makka. Jomeʼa ummul quro, 1410/1990. – B. 327.
[4] Qarang: Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J. 2. – Bayrut, 1998. – B. 162; Abdulloh Abdulhamid Saʼd. Oʻrta Osiyo olimlari qomusi. – T.: Imom Buxoriy respublika ilmiy-maʼrifiy markazi nashriyoti, 2007. – B. 54.
[5] Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J. 2. – Bayrut, 1998. – B. 70.
[6] Abulqosim Ali ibn Hasan ibn Hibatulloh ibn Abdulloh Shofiʼ. Tarixul madinati Dimashq va zikri fazliha va tasmiyati min hilliha minal amasil. J. 45. – Bayrut, 1995. – B. 320. J. 69. – B. 119.
[7] Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiyning togʻasi.
[8] Abd ibn Humayd Keshiyning “Musnadi Keshiy” nomli kitobi boʻlib, u Imom Buxoriyning ustozlaridan hisoblanadi. Qarang: Umarov Sh. Oʻrta asrlarda yashagan keshlik allomalar. – Samarqand, Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2015.
[9] Qarang: Abu Bakr Muhammad ibn Abdulgʻaniy Bagʻdodiy, Takmilatul ikmol. J. 3. – Makka. Jomeʼa ummul quro, 1410/1990. – B. 327; Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul boriy. J. 2. – Misr: Miriy Kubro matbaasi, Muqaddimasi.1301/1884. – B. 490.
[10] Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul boriy. J. 2. – Misr. Miriy Kubro matbaasi. Muqaddimasi, 1301/1884. – B. 490.
[11] Xayriddin Zirikliy. Aʼlom. J. 5. Dorul ilm, 2002. – B. 60.
[12] Qurʼoni karim va koʻp hadislarni yoddan bilgan kishiga nisbatan aytiladi.
[13] Katta imom.
[14] Abu Bakr Muhammad ibn Abdulgʻaniy Bagʻdodiy, Takmilatul ikmol. J. 3.– Makka. Jomeʼa ummul quro, 1410/1990. – B. 327.
[15] Abulqosim Ali ibn Hasan ibn Hibatulloh ibn Abdulloh Shofeʼ. Tarixul madinati Dimashq va zikri fazliha va tasmiyati min hilliha minal amasil. J. 45. – Bayrut, 1995. – B. 37.
[16] Manbalarda turlicha “Bujayr”, “Buhayr” va “Buxayr” koʻrinishda kelgan.
[17] Qarang: Muhamedov N. Shosh vohasi olimlarining ilmiy-maʼnaviy merosi. – T.: TIU, 2007. – B. 52.
[18] Qarang; Xayriddin Zirikliy. Aʼlom. J. 5. Dorul ilm, 2002. – B. 60.; Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Tazkiratul huffoz. J. 2. – Bayrut, 1998. – B. 206.
[19] Qarang: Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J. 2. – Bayrut, 1998. – B. 370; Abdulloh Abdulhamid Saʼd. Oʻrta Osiyo olimlari qomusi. – T.: Imom Buxoriy respublika ilmiy-maʼrifiy markazi nashriyoti, 2007. – B. 145.
[20] Qarang: Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J. 8. – Bayrut, 1998. – B. 27; Abdulloh Abdulhamid Saʼd. Oʻrta Osiyo olimlari qomusi. – T.: Imom Buxoriy respublika ilmiy-maʼrifiy markazi nashriyoti, 2007. – B. 145.
[21] Qarang: Xayriddin Zirikliy. Aʼlom. J. 5. Dorul ilm. 2002. – B.60.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …