Home / MAQOLALAR / “SAHIHUL BUXORIY”NING HADIS TOʻPLAMLARI ORASIDAGI OʻRNI

“SAHIHUL BUXORIY”NING HADIS TOʻPLAMLARI ORASIDAGI OʻRNI

Ilm-fan va jahon tamadduni rivojida oʻchmas iz qoldirgan muhaddislar oʻz asarlarida Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning hadislari, sahobalarning soʻz va amallari va hatto tobeinlarning fatvolarini jamlagan.

Hadis ilmiga oid manbalarning koʻpayib borishi natijasida muhaddislar ularni mavzui, yozilish uslubi, sohasi va boshqa jihatlariga eʼtiboran guruhlarga ajratib chiqqan. Avval musnad uslubidagi hadis toʻplamlari paydo boʻlgan, keyin boshqa janrdagi hadis kitoblari yozilgan va vaqt oʻtgan sayin bu ish rivojlanib, yangi turdagi asarlar paydo boʻlgan.

Hijriy ikkinchi asrning ikkinchi yarmiga kelib, hadis toʻplamlari orasida musannaflar, yaʼni hadislarni oʻz mavzuiga oid sarlavhada yozishga asoslangan toʻplamlar paydo boʻlgan. Bu borada Abdurazzoq Sanʼoniy (vaf. 211/826 y.), Ibn Abu Shayba (vaf. 235/849 y.) oʻz kitoblarini yozgan. Bu asarlarda hadislarning sahihlik boʻyicha turli darajalari mavjud. Vaqt oʻtgani sayin muhaddislarning oldida muayyan turdagi hadislarni jamlash vazifasi paydo boʻlgan va bu ishga birinchi boʻlib Imom Buxoriy qoʻl urgan. U oʻz oldiga faqat sahih boʻlgan hadislarni jamlashni vazifa qilib olgan. Natijada uning “Sahihul Buxoriy” asari vujudga kelgan va Imom Buxoriy bu asarni “al-Jomeʼ al-musnad as-sahih al-muxtasar min umur Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) va sunanih va ayyamih” deb nomlagan.

Bu asar hadis ilmida va musulmonlar orasida qisqacha “al-Jomeʼ as-sahih” (“Ishonchli toʻplam”), aksar hollarda esa “Sahihul Buxoriy” nomi bilan mashhur ekani maʼlum.

Ishonchli hadislarni jamlagan olimlardan yana biri Imom Muslim boʻlib, u oʻz asarini “Sahih” deb nomlamagan. Shuning uchun olimlar bu kitobni nomlashda ixtilofga borgan. Koʻpchilik tafsir, hadis, fiqh va boshqa kitoblarda uni “Sahih” deb nomlagan[1]. Biroq Imom Muslim “Sahih”ni boshqa bir kitobida “Musnad” deb atagan.

Muhaddislar hadis toʻplamlarini mavzular va yozilish uslublariga qarab turlarga boʻlgan. “Sahihul Buxoriy” asari rivoyat ilmiga oiddir.

Barcha mavzularni oʻzida jamlagan asarlar “javomeʼ” (“jomeʼ”ning koʻpligi) deb yuritiladi. “Jomeʼ” lugʻatda “jamlovchi”, “qamrab oluvchi” maʼnolarida keladi. Istilohda esa, hadis mavzularining barchasini oʻzida mujassam etgan toʻplam hisoblanadi[2]. Hadis mavzulari deganda, aqoid, hukmlar, riqoq (nafosat)qa oid hadislar, yeyish-ichish, safar odoblari, shuningdek, tafsir, tarix va siyrat, fitnalar, manoqib (fazilatlar) va masolib (kamchiliklar) kabilar nazarda tutiladi. Imom Buxoriyning asari bularning barchasini qamrab olgani uchun ham “al-Jomeʼ as-sahih” deb nomlanadi.

Imom Muslimning “Sahih” toʻplami yuqorida zikr qilingan koʻplab ilmlarga oid hadislarni oʻz ichiga olsa-da, tafsir va qiroatga oid hadislar mavjud boʻlmagani bois u “Jomeʼ” deb atalmasligini Muborakfuriy “Tuhfa Ahvaziy” asarida qayd etib oʻtadi[3].

Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziyning “Sunan” nomi bilan mashhur boʻlgan “al-Jomeʼ al-muxtasar min as-sunan an Rasulillah (S.A.V.)” asari yuqorida koʻrsatilgan sakkiz mavzuning barchasini oʻz ichiga oladi. Shundan kelib chiqib, Imom Termiziyning asarini “sunan” deyishdan koʻra “Jomeʼ” degan maʼqul va bu qoidadan kelib chiqib, “Sunan”ni nashrga tayyorlagan olimlarning koʻpi uni “Jomeʼ” deb bergan.[4]. Bu asar shu jihatdan Imom Buxoriyning asariga oʻxshaydi.

Hadis toʻplamlarini asar nomlanishidan kelib chiqib ham turlarga ajratish mumkin. Masalan, “Sahih” kitoblar. Bunday toʻplamlarda asar nomida “sahih” soʻzi qoʻllangan. Imom Buxoriyning va Imom Muslimning asarlaridan tashqari, Ibn Xuzayma, Ibn Sakan, Ibn Hibbon va boshqalarning “Sahih”lari mavjud[5]. Biroq ularning sahihlik darajasi bilan olti ishonchli toʻplamga kirmagan. Boshqacha aytganda, “Sihohi sitta”dagi toʻplamlar orasida “Sunan”lar ham borki, ulardagi hadislar boshqalariga qaraganda ishonchli boʻlgani uchun shu darajaga koʻtarilgan.

Deyarli barcha toʻplamlardagi hadislar isnodlar bilan yozilgani uchun ularni “Musnad” deb atash oʻrinli boʻladi. Ammo sahihlardagi hadislarni jamlash isnodlar asosida emas, balki mavzuga koʻra tartiblangan. “Sahih”ning toʻliq nomi “al-Jomeʼ al-musnad as-sahih al-muxtasar min umur Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) va sunanih va ayyamih” boʻlgani uchun bu asardagi hadislar isnodlar bilan keltirilgan, ammo mavzular boʻyicha tartiblangan[6]. Keyingi davr muhaddislari oldingi asarlar ustida yangicha uslubda ish olib borgani sababli hadis isnodlarini tushirib qoldirgan.

Muhaddislar hadis toʻplamlarini ishonchlilik darajasiga qarab martabalarga ham ajratgan. Hadis asarlari har xil davrda va turli saviyadagi odamlar tomonidan taʼlif etilgani uchun saviyasi ham farqli. Shu nuqtai nazardan muhaddislar hadis toʻplamlarining ishonchlilik darajasini eʼtiborda olgan holda, ularni toʻrt tabaqaga boʻlgan va birinchi tabaqaga Imom Buxoriy va Imom Muslimning “Sahih”larini va Molikning “Muvatto”sini kiritgan[7]. Chunki ularda hadisning mutavotir, ohod va hasan qismlari mavjud.

Imom Muslim oʻz asarini boblarga boʻlib chiqqan, ammo ularga nom bermagan, Imom Buxoriy esa nom bergan. Hozirgi kunda Imom Muslimning asari nashrlarida boblarga nom berilgan boʻlib, bu Imom Navaviyga oid hisoblanadi.

Hokim Naysoburiy bunday taʼkidlagan: “Muhammad ibn Ismoil (Alloh uni rahmatiga olsin) usulni, yaʼni hadis ahkomlari asoslarini birinchilardan boʻlib taʼrif etib, islom olamiga bayon qilgan. Undan keyin bu borada asar yozganlar uning kitobidan foydalangan (misol uchun Imom Muslim ibn Hajjoj kabi)”[8].

Imom Doruqutniy: “Buxoriy boʻlmaganda, Imom Muslim shunday asar yozmagan boʻlardi”. Yana bir joyda u: “Imom Muslim nima qilgan boʻlsa, Imom Buxoriyning kitobidan olgan va undan foydalangan holda ayrim qoʻshimchalar qoʻshgan”, deb eʼtirof etadi[9].

Magʻriblik olimlar Imom Muslimning “Sahih”ini Imom Buxoriyning “Sahih”idan ustun qoʻygan. Imom Muslimning asari fiqhiy nafislik, nozik uslubiy iboralar, xilma-xil isnod va boshqa jihatlari bilan ajralib turadi. Bu haqda yuzlab kitoblar tasnif etilgan. Shu bilan birga, alloma Ibn Xaldun: “Uning sharhi islom ummati uchun eng afzal boʻlib qolmoqda”, deb yozgan[10].

Imom Jaloliddin Suyutiy “Tadrib ar-roviy” asarida: “Imom Buxoriyning asari (Imom Muslimnikidan) sahihroq va foydasi koʻproqdir. Baʼzilar Imom Muslimning asari sahihroq degan, ammo birinchi gap toʻgʻri”, degan[11]. Chunki Imom Muslim asarini Imom Buxoriyning asariga asoslanib yozgan. Uning asari baʼzi ziyodaliklarga ega boʻlsa-da, martabasi Imom Buxoriyning asariga yetmagan. Qolaversa, u Imom Buxoriyning shogirdi boʻlgan, buni oʻzi tan olib, ustozini “Sayyid al-muhaddisiyn” (“Muhaddislar sultoni”), deb atagan. Umuman, koʻp olimlar Imom Buxoriyning asarini Imom Muslimnikidan ishonchliroq deb bilgan[12].

Imom Buxoriydan keyin yashab oʻtgan muhaddislar “Sahih” asarini turli yoʻnalishdagi yangi tadqiqotlarda qoʻllagan. Masalan, “Mustadrak” (toʻldirish) yoʻnalishidagi asarlar[13]. Imom Buxoriyning “Sahih”iga Hokim Naysapuriy (vaf. 405/1014 y.) “Mustadrak” yozgan. Bunga Imom Muslimning “Sahih”i ham qoʻshilgan. Shuningdek, Abu Zarr Haraviy nomi bilan tanilgan Ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Ufayr Ansoriy (vaf. 434/1043 y.) “Mustadrak ala sahihayn” asarini yozgan. Imom Ali ibn Umar Abu Hasan Doraqutniy (vaf. 385/995 y.)ning “Ilzomot” asari ham mustadrak kabi boʻlib, ikki imomning sharti asosida yozilganini Kattoniy keltirgan.

Ziyo Maqdisiy nomi bilan tanilgan hofiz Muhammad ibn Abdulvohid ibn Ahmad Saʼdiy Dimashqiy (vaf. 643/1245 y.) “Muxtora” nomli asar yozgan. Uning ikkinchi nomi “al-Ahodis al-muxtora mimma lam yuxarrijhu al-Buxoriy va Muslim fi sahihima”dir. Bu asarda sharʼiy hukmlarda ehtiyoj sezilgan maqbul hadislarni keltirish shart qilib qoʻyiladi. Shu bilan birga, bu hadislar ikki sahih kitobda keltirilmagan. Asar musnad uslubida, sahobiylar alifbo tartibida, faqat asharai mubashsharani avval keltirgan holda tuzilgan. Shuningdek, agar biror hadisni boshqa muhaddislar keltirgan boʻlsa, ular ham koʻrsatib oʻtilgan[14].

Mustaxraj uslubida ham Imom Buxoriyning asaridan foydalanilgan[15]. Ahmad ibn Ibrohim Ismoiliy Jurjoniy Shofeiy (vaf. 371/981 y.), Muhammad ibn Abu Homid Gʻitrifiy (vaf. 377/987 y.), Ibn Abu Zuhl nomi bilan tanilgan Muhammad ibn Abbos Zibbiy Usmiy Haraviy (vaf. 378/988 y.), Ibn Marduvayh nomi bilan tanilgan Ahmad ibn Muso Isfahoniy (vaf. 416/1025 y.), Ahmad ibn Abdulloh Isfahoniy (vaf. 430/1039 y.) “Sahihul Buxoriy”ga mustaxraj yozgan.

Hadis toʻplamlarining yana bir turi “Zavoid”[16] boʻlib, Imom Buxoriyning “Sahih”i shu turkumga kiritilgan. Bunday toʻplamlar bir nechta asarni oʻz ichiga olgani bilan ajralib turadi. Ulardan biri sifatida Imom Mugʻlatoy Hanafiyning (vaf. 762/1361 y.) “Zavoid Ibn Hibbon ala as-sahihayn” asarini keltirish mumkin.

Shuningdek, “as-Sahih”ga “atrof”[17] tuzganlar ham uchraydi. Imom Buxoriyning asari boʻyicha Alloma Nuriddin Sindiy (vaf. 1138/1726 y.) yozgan asar “Atrof” deb nomlanadi. Shuningdek, Xalaf ibn Muhammad Vositiy (vaf. 400/1010 y.), Ibrohim ibn Muhammad Dimashqiy (vaf. 401/1011 y.), Ubaydulloh ibn Abu Ali Hasan Isfahoniy (vaf. 517/1123 y.) va hofiz Ibn Hajar Asqaloniy ikki sahihga “Atrof sahihayn” yozgan nomli asarlarini keltirish mumkin. Imom Buxoriyning asariga Imom Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy va boshqalar ham atrof yozgan[18].

Umuman olganda, Imom Buxoriyning “Sahih”idan boshqa turdagi toʻplamlarni yozishda ham foydalanilgan. Jumladan, baʼzilar “Sahih”ning roviylarini alohida kitobga jamlagan. Biroq koʻp oʻrinlarda, jumladan, Abu Ali Husayn ibn Muhammad Andalusiy (vaf. 498/1105 y.) tomonidan bu ish Imom Muslimning “Sahih”i bilan birga amalga oshirilgan.

Xulosa qilib aytganda, Imom Buxoriyning “Sahih”i hadis manbalari orasida eng yuqori oʻringa egadir. U avvalgi muhaddislar qoʻllamagan uslub bilan faqat sahih hadislarni jamlashga alohida eʼtibor berib va muayyan boblarni tuzib, asar yozgan. Har bir roviyga qoʻygan talablari boshqa muhaddislarning talabiga bilan oʻxshasa-da, ularning shartlaridan kuchliroq boʻlgan.

[1] Muhammad Nurstoniy. Al-Madxal ila sahih al-imom Muslim ibn Hajjoj. – al-Kuvayt: Maktaba shuun al-fanniyya, 2008. – B. 44.

[2] Sayyid Abdulmojid Gʻovriy. Al-Vajiz fi taʼrif kutub al-hadis. – Bayrut: Dor Ibn Kasir, 2009. – B. 19.

[3] Al-Muborakfuriy. Tuhfat al-Ahvaziy. Muqaddima. – Bayrut: Dor al-fikr. Nashr yili koʻrsatilmagan. – J. 1. – B. 64-66.

[4] Maʼmar ibn Roshid (vaf. 154/771 y.), Ibn Vahb Fihriy (vaf. 197/812 y.), Razin ibn Muoviya Sarqustiy (vaf. 535/1140 y.) kabi olimlar “Jomeʼ” yozganlar. Ibn Asir nomi bilan mashhur boʻlgan Muborak ibn Muhammad ibn Abdulkarim (vaf. 606/1209 y.), Ibn Dabiʼ nomi bilan mashhur boʻlgan Abdurahmon ibn Ali Shayboniy (vaf. 944/1537 y.), Shayx Alouddin Ali Muttaqiy Hindiy (vaf. 975/1567 y.), Muhammad ibn Sulaymon Rudoniy Magʻribiy (vaf. 1094/1683 y.) kabi olimlarning jomeʼ asarlari ham boʻlib, ularda muayyan olimning kitobiga (masalan, Buxoriy, Muslim) asoslanish tamoyili mavjud. Ular bir necha kitoblardagi hadislarni jamlagan, hadislar isnodlar bilan keltirilmagan hamda matnning oʻzi va rivoyat qilgan muhaddisi bilan berilgan va boshqalardan ajrab turadi.

[5] Sahih nomida asar yozgan olimlardan Imom Muhammad ibn Isʼhoq ibn Xuzayma ibn Mugʻiyra Abu Bakr Naysapuriy Shofeiy (vaf. 311/923 y.), Muhammad ibn Hibbon ibn Ahmad ibn Muoz Abu Hotam Tamimiy Dorimiy Bustiy (vaf. 354/965 y.), Hofiz Said ibn Usmon ibn Said ibn Sakan Abu Ali Bagʻdodiy Misriy (vaf. 353/964 y.), Ahmad ibn Ismoil Abu Bakr Ismoiliy Jurjoniy (vaf. 371/981 y.)larni keltirish mumkin. Ammo bularning asarlaridagi hadislar sahihlik darajasida unchalik kuchli emas.

[6] Hadis toʻplamlari orasida boblarga boʻlingani, alifbo tartibida jamlangani va boshqa turlar ham barchasi isnodli boʻlsa, ularni shu maʼnodan kelib chiqib musnad – sanadga asoslangan toʻplam deyish mumkin. Biroq uslubi jihatidan olib oʻrganiladigan boʻlsa, musnad faqat roviy asosida toʻplanadi, mavzularga va boshqalarga ajratilgan holda emas. Masalan, Imom Buxoriy asari kabi “Musnad Siroj” (vaf. 313/ y.) deb nomlangan toʻplam boblar asosida yozilgan. Bundan tashqari Imom Daylamiyning (vaf. 558/ y.) “Musnad Firdavs” asari esa, alifbo tartibida tuzilgan. Quzoiyning (vaf. 454/ y.) “Musnad ash-Shihob” asari soʻzlarga asoslanib tuzilgan. Biroq Baqi ibn Maxladning “Musnad”asari musannaf hisoblanadi. Chunki sahobalarning rivoyatdagi martabalari asosida tuzilgan. Avval asʼhob al-ulufdan (mingdan ortiq hadis rivoyat qilgan sahobalardan) boshlangan, oxiri vuhdonga (bitta hadis rivoyat qilgan sahobalar) kelib tugatgan va fiqhiy tartibni qoʻllagan. Ibn Hazm: Unda 1300 dan ortiq sahobadan rivoyat keltirgan. Musnad hisoblansada, fiqhiy boblarga boʻlgan va uning mislidek kitob yozilmagan, degan.

[7] Subhi Solih. Ulum al-hadis va mustalahuh. – Bayrut: Muassasa saqofa, 1984. – B. 116.
[8] Asqaloniy. Muqaddimat al-fath. – Bayrut: Dor ar-risola, 2013. – T. 1. – B. 24.
[9] Asqaloniy. Muqaddimat al-fath. – Bayrut: Dor ar-risola, 2013. – T. 1. – B. 24.
[10] Muborakfuriy. Siyrat al-imom al-Buxoriy. – Makka: Dor al-ilm al-favoid, 2001. – T. 1. – B. 354.
[11] Suyutiy. Tadrib ar-roviy. – Riyoz: Maktaba kavsar, 1994. – T. 1. – B. 91.
[12] Navaviy. Sharh sahih Muslim. – al-Qohira: Maktaba al-azhar, 1929. – B. 4.
[13] Bu uslubda bir muhaddis oʻzidan oldingi muhaddisning oʻz shartlariga koʻra kitobiga kiritmay qoldirgan hadislarni toʻplab, yangi asar yozadi. Boshqacha qilib aytganda, muhaddis oʻz sharti asosida emas, balki avvalgi muhaddisning shartiga binoan hadislar jamlagan toʻplamiga mustadrak deyiladi. Bu xuddi muhaddis oʻzidan oldin oʻtgan muhaddisning asarini toʻldirganga oʻxshaydi, ammo boshqa asarni yuzaga keltirgan boʻladi.
[14] Ziyouddin Maqdisiy. Al-Ahodis al-muxtora. – Bayrut: Dor Xizr, 2001. 1-13-jildlar.
[15] Mustaxraj soʻzi arab tilida chiqarib olmoq, topmoq maʼno­larini bildi­radi. Bu turdagi kitoblarda musannif boshqa, oʻzidan oldin oʻtgan muhaddisning, masalan, Imom Buxoriyning “Sahih” kitobidagi hadislarni oʻzi topgan isnod orqali keltiradi. Bunda avvalgi musannif bilan mustaxraj tuzuv­chining shayxi yoki undan yuqorida turgan shayxi tutashadi hamda Buxoriy qaysidir sahoba yoʻli bilan chiqargan hadisni oʻsha sahobaning oʻz yoʻli bilan chiqarish lozim boʻladi.
[16] Zavoid soʻzi arab tilida ziyodalik, ortiqchalik, bisyorlik maʼnolarini bildiradi. Ishonchli roviy boshqa ishonchli roviy rivoyatida kelgan hadisni ziyoda lafzlar bilan rivoyat qilishiga aytiladi. Ziyoda sanad va matnda boʻladi. Muhaddislar bunday hadislarni toʻplamlarga jamlaganlar. Shunday hadislar bir joyga toʻpgangan kitoblarga zavoid deyiladi.
[17] Atrof soʻzi taraflar maʼnosini bildiradi. Bu uslubda toʻplangan kitoblarda hadislarning faqat bir muayyan boʻlimi yozilib, toʻliq matni keltirilmaydi. Zikr etilgan qism qolgan qismga dalolat qiladi. Soʻngra hadisning barcha isnodlari atroflicha keltiriladi. Masalan, “Amallar faqatgina niyatlar bilan eʼtiborlidir va har bir kishi uchun uning niyat qilgan narsasigina beriladi. Bas, kimning hijrati Alloh va Rasuli uchun boʻlsa, uning hijrati Alloh va Rasuli uchun deb eʼtibor qilinadi. Kimning hijrati biron dunyo matohini qoʻlga kiritish yoki biron ayolni nikohlab olish uchun boʻlgan ekan, bas, uning hijrati nima uchun qilingan boʻlsa, oʻsha uchundir” degan hadisning bir qismi “Amallar niyatga qarab belgilanadi” yoki “Islom besh narsa ustiga barpo qilingan: Allohdan oʻzga iloh yoʻq va Muhammad sollallohu alayhi va sallam Allohning Rasuli, deb guvohlik berish; namozni ado etish; zakot berish; Baytullohni haj qilish; Ramazon oyida roʻza tutish” degan hadisning “Islom besh narsa ustiga qurilgan” qismi keltiriladi. Bundan soʻng hadisning isnodlari zikr qilinadi.
[18] Sayyid Abdulmojid Gʻovriy. Al-Vajiz fi taʼrif kutub al-hadis. – Bayrut: Dor Ibn Kasir, 2009. – B. 221-231.
Doniyor MURATOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti,
tarix fanlari nomzodi

Check Also

IMON VA ISLOM BITTADIR (“Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

Imon va islom bittadir. Lekin zohiriylar bunga xilof qilgan. Ular Alloh taoloning  ﴿قَالَتِ الْأَعْرَابُ آَمَنَّا …