Home / XALQARO YANGILIKLAR / “ZARAFSHON VOHASI TARIXI VA MADANIYATI” MAVZUSI DOIRASIDA YANA BIR SЕMINAR

“ZARAFSHON VOHASI TARIXI VA MADANIYATI” MAVZUSI DOIRASIDA YANA BIR SЕMINAR

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda oʻtkazilyotgan “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzusi doirasida qator ilmiy maʼruzalarni oʻzida mujassam etgan navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi.

Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari, yurtimizda faoliyat yuritayotgan ilmiy muassasalar vakillari, soha mutaxassislari va xorijiy davlatlar tadqiqotchi olimlari ishtirok etdi.

Bu galgi seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Milliy arxeologiya markazi Samarqand filiali ilmiy xodimi Dr. Anvar Ataxodjayevning “Markaziy Osiyoning numizmatik maʼlumotlar asosida shakllangan VIII-X asrlardagi siyosiy tarixi” mavzuidagi maʼruzasi tinglandi.

Maʼruzachi Markaziy Osiyoning xalifalikka qoʻshilish davridan boshlab X asrgacha boʻlgan davrdagi siyosiy tarixini numizmatik maʼlumotlar asosida yoritib, qoʻlyozma manbalarda nisbatan kam uchraydigan va tarix uchun muhim hisoblangan vaqt oraligʻidagi ixtiloflar hamda iqtisodiy jarayonlar haqida batafsil maʼlumot berdi.

Numizmatika – tangalar xaqidagi fan boʻlib, tangalardagi rasmlar, yozuvlar, ularning ogʻirligi, oʻlchami, metall sifati, kim tomonidan zarb etilgani, qachon va qayerda muomalada boʻlgani kabilarni oʻrganadi. Numizmatik maʼlumotlar oʻzining tarixiyligi, aniqligi,  ashyo sifatida yaxshi saqlanganligi bilan insoniyat tarixini yoritishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

Maʼruzada shuningdek, Movarounnahrda tohiriylar, somoniylar va qoraxoniylar hukmronligi davrida zarb etilgan tangalar, ularning nominal qiymatlari, emitent sifatida yuzaga kelgan siyosiy kuchlar, faoliyat yuritgan zarbxonalar toʻgʻrisidagi qimmatli va qiziqarli dalillar keltirildi.

Taʼkidlanishicha, taxt almashinuvlari, manfaatlar toʻqnashuvi, xususan qoʻzgʻolonlar va feodallarning oʻzaro adovatlarida ayirboshlash vositasi – pulning xarakterli jihatlari, hukmdorlar qudratining ustuvor xususiyatlari tarixiy voqelikni yoritishda numizmatik maʼlumotlar asos sifatida namoyon boʻladi.

“Numizmatika tarixni oʻrganishning muhim tarkibiy yoʻnalishlaridan biri sifatida boshqa anʼanaviy uslublardan oʻziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi va tarixning har bir bosqichini oʻzgacha nuqtai-nazar asosida baholash imkonini beradi. Bu borada Movarounnahrning boy tarixga ega ekani  eʼtirofga loyiq”, deya olim maʼruzasini yakunladi.

Seminar soʻngida maʼruzachi ishtirokchilarning savollariga atroflicha javob berdi.

“Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzusi doirasidagi turkum onlayn seminarlar davom etadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …